Quyonchaning uychasi Bir bor ekan, bir yoq ekan, bir tulki bilan quyon bo’lgan ekan. Tulkining uychasi — muzdan, quyonniki — daraxtning postlog’idan qurilgan ekan. Bahor kelib, kunlar iligach, tulkining uychasi erib ketibdi. Boshpanasiz qolgan tulki tunashga joy berishni so’rab quyonning oldiga bordi-yu, uning uychasini egallab olib, o’zini haydab yubordi.
Quyoncha yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan kuchukcha chiqib qoldi:
— Vov, vov, vov! Hoy quyoncha, nega yig’layapsan?
— Qanday qilib yig’lamay? Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni xaydab yubordi.
— Qo’y, yig’lama, quyoncha! — dedi kuchukcha.
— Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Kuchukcha vovillab dedi:
— Vov,vov,vov! Hoy tulki, qani, buyoqqa chiq-chi!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
— Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan kuchukcha juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yana yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan ayiq chiqib qoldi:
— Ha, quyoncha, nima uchun yig’layapsan? — deb so’radi.
— Qanday qilib yig’lamay? — dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
— Qo’y, yig’lama, quyoncha! — yupatdi uni ayiq. — Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Ayiq bor ovozi bilan baqirdi:
— Hoy tulki, qani buyoqqa chiq!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
— Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan ayiq juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yo’lda avvalgidan ham qattiqroq yig’lab borar edi. Oldidan xo’roz chiqib qolibdi.
— Qu-qu-qu-qu-u-uq!- dedi qichqirib. — Hoy, quyoncha, nega yig’layapsan?
— Qanday qilib yig’lamay? — dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
— Ketdik, — dedi xo’roz. — Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
— Yoq, xo’roz, qo’lingdan kelmaydi. Kuchukcha haydamoqchi bo’ldi — haydolmadi, ayiq haydamoqchi bo’ldi — haydolmadi. sen ham haydolmaysan.
— Men hayday olaman!
Ular birgalikda quyonchaning uychasiga kelishdi. Xo’roz etiklari bilan yerni tepib, qanotlarini qoqdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Xo’rozning qichqirig’ini eshitib, tulki qo’rqib ketdi va ovoz berdi:
— Hozir etigimni kiyib olay…
Xo’roz yana qichqirdi:
— Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki yana ovoz berdi:
— Hozir! Kiyimimni kiyib olay…
Xo’roz uchinchi marta qichqirdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki lip etib uychadan chiqdi-yu, o’zini o’rmonning ichiga urdi.
Shundan keyin quyoncha yana o’zining daraxt po’stlog’idan qurilgan uychasida tinch-osoyishta yashay boshlabdi.
Bulbul
Qadim zamonda boy savdogar bo‘lib, uning turli mamlakatlardan keltirgan qimmatbaho buyumlari juda ko‘p edi. U qayerga bormasin, esdalik uchun biror yaxshi narsa olib qaytardi-da. Savdogarning uyida bir bulbul bor edi. U kumushdan yasalgan katta va chiroyli qafasda yashardi. Savdogar undan hech narsani ayamasdi. Xizmatkor bulbulga har kuni – tongda, tushlikda va oqshomda sadaf idishda suv va eng sara donlardan olib kelardi. Bulbul g‘am-tashvishsiz, farovon yashardi. Kuylashda unga yetadigani yo‘q edi. Savdogar uning quvnoq sayrashini eshitib, “U erkinlikdan ko‘ra mening uyimda baxtliroq yashayapti”, deb o‘ylardi.
Bir kuni savdogar boshqa mamlakatga safarga otlanibdi. Bundan xabar topgan bulbul savdogardan iltimos qilibdi:
– Xo‘jayin, mendan doim yaxshiligingizni ayamadingiz. Yana bir iltimosimni bajarsangiz. Siz hozir mening yurtimga ketyapsiz. U yerdagi anor bog‘ida qarindosh-urug‘larim yashaydi. Ularga salomimni yetkazib, hech narsadan nolimasdan sog‘-salomat yashayotganim haqida xabar bersangiz.
– Yaxshi, aytganingdek qilaman, – dedi savdogar va yo‘lga tushdi.
U manzilga yetib kelib, mollarini sotib bo‘lgach bulbul aytgan bog‘ni izlashga tushdi. Uzoq yo‘l yurib, nihoyat, g‘oyatda chiroyli bir boqqa duch keldi. Bog‘da son-sanoqsiz gullar ochilib yotardi. Yon-atrofdan esa yoqimli, muattar hid taralardi. Qayerga qaramang, hamma joyda – hatto daraxtlarning har bir shoxiga qo‘nib olgan bulbullar jarangdor ovoz bilan qo‘shiq kuylashardi. Ulardan biri shunday nola bilan sayrardiki, befarq tinglay olmasdi.
– Men izlayotgan qushlar shular bo‘lsa kerak, – deb o‘yladi savdogar va daraxtga yaqinlashib qichqirdi:
– Hoy, bulbul! Mening uyimda sening ukang yashaydi. U senga va barcha yaqinlariga salom yo‘llashimni, o‘zining sog‘-salomat, betashvish yashayotganini aytib qo‘yishimni so‘radi.
Bu so‘zlarni eshitgan bulbul xuddi o‘q yeganday yerga tappa quladi. Savdogar nima qilishini bilmay qoldi. Qush qanotlarini keng yoyib, og‘zini ochgancha qimir etmay yotardi. “Eh, bekor unga ukasi haqida eslatdim, – o‘yladi savdogar. – Ukasini sog‘inib, kuyunib yotganga o‘xshaydi… Endi pushaymondan foyda yo‘q”. Savdogar yerda o‘lib yotgan qushni olib uzoqroqdagi maysaning ustiga irg‘itdi. Bulbul esa yerga tushgan zahoti tirilib, pir etib uchib daraxtga qo‘ndi-da, shoxdan-shoxga o‘tib sayraganicha, bog‘ ichiga kirib ketdi.
– To‘xta, qayerga ketyapsan? – qichqirdi savdogar. – Axir, ukang sendan xabar kelishini kutyapti!
Lekin bulbul uning gapiga quloq solmadi, sho‘xchan kuylagancha qalin barglar orasida g‘oyib bo‘ldi. Savdogar uyga xafa bo‘lib qaytdi.
– Xo‘jayin, yaqinlarimdan biror xabar keltirdingizmi? – so‘radi undan bulbul.
– Qarindoshlaringga sen haqingda hamma gapni aytdim, lekin ulardan hech qanday xabar keltirolmadim. Aftidan, ular sen haqingda eshitishni istashmadi. Akangga sen to‘g‘ringda so‘zlab berdim, u esa quloq ham solmadi va o‘zini shunday o‘lganga solib oldiki, men uning o‘lganiga paqqos ishondim. Uni yerdan olib, maysazorga irg‘itdim. Shunda u to‘satdan tirilib, uzoqlarga uchib ketdi. Buni eshitgan bulbul chuqur qayg‘uga cho‘mdi. Kun bo‘yi hech narsa yemadi, ichmadi, hatto ovoz ham chiqarmadi. Savdogar uni qutqarib qolish uchun ko‘p harakat qildi. Lekin foydasi bo‘lmadi. Ertalab yemish olib kelgan xizmatkor bulbulning qafasda o‘lib yotganini ko‘rdi. Savdogar sayroqi qushidan ayrilganiga qattiq kuyindi. Afsuslanishdan foyda yo‘qligini sezib, xizmatkorni chaqirdi va qushni uydan uzoqroqqa tashlab kelishni buyurdi. Xizmatkor uni olib devor tashqarisiga olib chiqdi va axlatxonaga irg‘itib yubordi. Bulbul yerga tushib ulgurmasdan jonlandi va quvnoq qo‘shig‘ini kuylab bog‘ ustida aylana boshladi. – Menga ajoyib maslahat olib kelganingiz uchun rahmat, xo‘jayin! – deb qichqirdi va o‘z vatani tomon uchib ketdi.