Mag‘rur oqqush Bir kuni o‘rmondagi ko‘lga chiroyli oppoq qush uchib keldi. Uning qanotlari qordek oq bo‘lib, bo‘yni uzun edi. U qanotlarini yozganda atrofga suvning mayda zarrachalari sochilar va xuddi ertaklardagidek manzara paydo bo‘lar edi.
Qushni birinchi bo‘lib quyoncha ko‘rdi. Uning go‘zalligidan lol qolib anchagacha yoniga kela olmay uzoqdan tomosha qildi. Nihoyat yurak yutib ko‘l yoniga keldi va qushga dedi:
— Salom, mening ismim Quyonvoy, sen kimsan?
Qush unga bir nazar soldiyu, indamay sohildan uzoqroqqa suzdi.
— Men senga yomonlik qilmayman, — dedi quyoncha. Lekin qush unga qaramadi ham.
Quyoncha qushning bunday harakatidan xafa bo‘ldi va sekingina: «Chiroyli bo‘lganing bilan tarbiyasiz ekansan», dedi.
Shu payt shoxdan-shoxga sakrab olmaxon keldi. U ham ko‘ldagi oqqushning chiroyiga mahliyo bo‘ldi.
— Salom, go‘zal qush, o‘rmonimizga xush kelibsan, — dedi.
Qush esa indamay suvda suzar, u go‘yo olmaxon bilan quyonchani ko‘rmas edi.
— Men sen bilan do‘stlashmoqchiman, kel tanishamiz, — dedi unga yaqinroq borib olmaxon. Oqqush esa orqasini o‘girib nariga suzib ketdi. Buni ko‘rib olmaxon yelkasini qisdi.
Ignalariga qo‘ziqorin va qurigan mevalarni sanchib olgan tipratikan ularning yonidan o‘tib ketayotgan edi. Olmaxon va quyonchani ko‘rib, ularni mevalari bilan mehmon qildi. Ko‘lda suzib yurgan oqqushga havas bilan tikildi.
— Bunday chiroyli qushning do‘stlari ham ko‘p bo‘lsa kerak. Men unga hatto gapirishga uyalaman, chunki ko‘rimsizgina hayvonman, — dedi.
Bilasanmi, kirpivoy, sening tashqi ko‘rinishing xunuk bo‘lgani bilan, qalbing chiroyli, shuning uchun do‘stlaring ham ko‘p. Bu qushning esa chiroyini tomosha qilib to‘ydik, chunki unda hyech qanday iliqlik yo‘q ekan, afsus, — dedi olmaxon.
— Yuringlar, ketdik, — dedi quyoncha va hammalari mag‘rur qushni yolg‘iz qoldirib o‘rmonga kirib ketishdi.
Qiziqarli va ibratli ertaklar TABIAT haqida
Tomchi haqida ertak
Qishloq chekkasida, baland tepalik ustida bir tup o’rik bor ekan. U har yil odamlarga ko’p-ko’p meva berarkan. Ammo atrofida boshqa daraxtlar bo’lmagani uchun juda zerikar ekan. Bir kuni ertalab o’rik uyg’onsa, yaprog’ida bir narsa yaraq-yaraq qilib turganmish.
— Sen qanaqa qushsan? — debdi o’rik hayron bo’lib.
— Men qush emasman. Men — Tomchiman, — debdi boyagi yaraqlab turgan narsa.
— Kel, o’rtoq bo’lamiz, — debdi o’rik.
— Bo’pti.
— Ammo ketib qolmaysan, — debdi o’rik. — Bo’lmasa, qushlardan ham o’rtoqlarim ko’p-u, hammasi kuz kelishi bilan qochib ketishadi.
— Mayli, — debdi Tomchi. — Men eng qiyin paytda doim sening yoningda
bo’laman.
O’rik juda suyunib ketibdi. Ikki o’rtoq kun bo’yi maza qilib o’ynashibdi. Lekin o’rikning quvonchi uzoqqa bormabdi. Ertasiga ertalab uyg’onsa, Tomchi yo’q emish.
«Tomchi meni aldabdi» deb o’ylabdi o’rik xafa bo’lib. Endi shundoq deb turgan ekan, birov uni chaqiribdi.
— O’rikjon! Hoy, o’rikjon! O’rik quloq solsa, tovush osmondan kelayotganmish. Osmonga qarasa, do’mboqqina, oppoq bulut suzib ketayotganmish.
— Meni kim chaqiryapti?! — debdi o’rik shoxlarini silkitib.
— Men, sening do’stingman! — debdi bulut borgan sayin pastlab. — Men — Tomchiman.
O’rik hayron bo’libdi:
— Qandoq qilib chiqib olding?
— Meni oftob bobo bulutga chiqarib qo’ydi.
— Meniyam obket, — debdi o’rik havasi kelib.
— Yo’q, sen odamlarga meva berishing kerak. Qo’rqma, men ham yaqinda qaytib kelaman.
Tomchi shunday debdi-da, bulutga minib, olisolislarga ketib qolibdi. O’rik yana zerika boshlabdi. «O’rtog’im endi kelmaydi, — deb o’ylabdi xafa bo’lib. — Osmonga chiqib, meni unutib yubordi».
Kunlar borgan sayin isib, o’rikning rosayam suv ichgisi kelibdi. Chanqaganidan yaproqlari shalpayib qolibdi. Suv ichay desa, yaqin-orada bittayam ariq yo’q emish. Oxiri u shundoq chanqabdiki, hushidan ketib qolibdi.
Bir mahal birov uning yaproqlarini silagandek bo’libdi. O’rik ko’zini ochib qarasa, yaproq ustida Tomchi turgan emish.
— Men senga yordam bergani keldim, — debdi Tomchi. U shunaqa ko’p o’rtoqlarini boshlab kelgan ekanki, o’rikning chanqog’i birpasda bosilib, yayrab-yashnab ketibdi. Ikkala do’st rosa o’ynabdilar.
Kundan-kun, oydan-oy o’tib, kuz kelibdi, o’rikning yaproqlari to’kilib, yalang’och bo’lib qolibdi. Bu ham kamlik qilganday, birdan izg’irin shamol esibdi, o’rikning a’zoyi badani muzlay boshlabdi.
— Tomchi bolganida yordam berardi, — deb o’ylabdi o’rik afsuslanib. Shundoq deyishi bilan osmonda bir vaqtlar Tomchini ko’tarib yurgandaqa bulutlar paydo bo’libdi. Bulutlar quyuqlashaveribdi, quyuqlashaveribdi, oxiri qor yog’ib yuboribdi. Qor uning shoxlarini ko’rpadek o’rab olibdi.
— Qalay, isib qoldingmi, o’rikvoy?
O’rik Tomchining tovushini darrov tanibdi. Ammo o’zini ko’rmabdi.
— Qayerdasan, Tomchi? — debdi shoxlarini silkitib.
— Qorning ichidaman, — debdi Tomchi kulib. — Qarasam, sovuqqotib qolibsan, qorni boshlab keldim.
— Endi ketib qolmaysan-a? — debdi o’rik yalinib.
— Yo’q, bahorgacha sening yoningda qolaman.
O’shandan beri o’rik odamlarga ko’p mevalar beribdi. Tomchi ko’p ellarni kezibdi. Ammo qayerda bo’lmasin, qiyin va zarur paytda do’sti — o’rikning yoniga yetib kelarkan.
(- O‘tkir Hoshimov)