TOSHKAND USTIDA QONLIQ BULUTLAR Bu kunlarda Marg‘ilonda shunday xabar chiqib qoldi. «Toshkand hokimi bo‘lg‘an
Azizbek Qo‘qong‘a qarshi bosh ko‘targan. Xon tomonidan xiroj (zakot, soliq) uchun
yuborilg‘an devon beklarini o‘ldirgan!» Ikkinchi kun bu xabar tag‘i ham boshqacha to‘n
kiydi: «Musulmonqul Normuhammad qushbegiga besh ming sipoh qo‘shib, Toshkand
ustiga jo‘natqan!»
Bu xabarlar xalq tomonidan juda oddiy, ortiqcha sovuqqonliq bilan qarshi olindilar. Bu
voqi’aga hech kim ajabsinmadi va bunda favquloddaliq ko‘rmadi. Xalq bunga haqli edi,
chunki, bunday tinchsizliklarni endi ko‘ra-ko‘ra juda ham o‘rganib qolg‘an, bu kun
bo‘lmasa ertaga o‘zining botir boshisining, oftobachasining, xullas, kim bo‘lsa ham
beklaridan birining shunday tinchsizlik chiqarishig‘a «mumkin va bo‘ladirg‘an ish» deb
qarar edi. Ammo biz Otabekni bu to‘g‘rida xalq bilan birgalashtira olmaymiz. Chunki ul
bu xabarga sovuqqonliq bilan qaray olmas edi va qaray olmadi. Bu xabarni eshitar ekan,
yeb turgani og‘zida, yutkani bo‘g‘zida qoldi: bunday o‘zboshimchalik orqasidan o‘zining
ochiq ko‘zi, o‘tkir zehni orqaliq mudhish, falokatlik manzaralar ko‘rar, millatini — xalqini
— musulmonini qo‘rqunch jar, tegsiz jahannam yoqasida, yiqilish oldida topar edi-da,
seskanib «o‘zing saqla tangrim!» der edi. Bu xabarni eshitkandan so‘ng gangib esini
yo‘qotdi. Yarasi yangilandi:
— Oq bilan qorani ajratolmag‘an fuqaroning bir necha g‘arazgo‘ mustabidlar kayfi
yo‘lida bir-birisining qonig‘a tashna bo‘lishlari va natijada istiqbolning vahim ko‘rinishlari!
Shunday qayg‘ular ichida bo‘kib o‘lturar ekan, Hasanali qo‘lida bir maktub bilan
hujraga kirdi. Maktubni Otabekka uzatib — «Toshkanddan emish, otangizdan bo‘lsa
kerak» dedi. Otabek xatni ochdi: katta qog‘ozda, yo‘g‘on qalam bilan yozilg‘an uzun bir
maktub edi. O‘qudi (aynan):
«Huvalboriy ...ko‘zimizning nuri, belimizning quvvati, hayotimizning mevasi o‘g‘limiz
mulla Otabekka yetib ma’lum va ravshan bo‘lg‘aykim, alhamdulilloh biz duogo‘y
padaringiz, mushtipar onangiz va yaqin do‘stlaringiz munda Xaq taoloning hifzi
himoyatida sihhat va salomat bo‘lib ko‘z nurimizning duoyi jonini subhi shom, balki
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com kutubxonasi 18
aladdavom rabbulolamindan rajo va tamanno etmakdamiz. Janobi Haq bod fursatlarda,
yaqin va sa’id soatlarda to‘kis-tugallik birlan diydor ko‘rishmakka nasib va ro‘zi qilsin,
omin yorabbulolamin. Ba’dab so‘zimiz: o‘g‘lim, Marg‘ilong‘a sihhat va salomat yetish
maktubingni olib haq taolog‘a shukurlar qildik. Bizning Toshkanddan ahvol so‘rasang,
balki Marg‘ilong‘a ham eshitilgandir, munda Azizbek qandog‘dir bir kuchka tayanib
Qo‘qong‘a isyon etdi. Xazina hisobini olish uchun kelg‘an devon beklarini o‘ldirib o‘rda
darbozasiga osdi, bunga qarshi Qo‘qon ham tinch yotmag‘an bo‘lsa kerak. Bu kun
Kirovchidan besh ming sipoh ila Normuhammad qushbegini Toshkand ustiga
buyurilg‘anlig‘in eshitdik. Fuqaroning tag‘in qandog‘ ko‘rguliklari bor ekan, o‘g‘lim!
Kechagina qonliq qilichini fuqaro ustida yurguzib turg‘an Azizbekka uning tig‘i zulmi
bilan qora qonig‘a belanilgan o‘g‘lining, otasining, onasining, og‘asining mazlum gavdasi
tuproq ostida hali chirib bitmay turib bu kun xalq yana Azizbekka, o‘sha qonxo‘rg‘a o‘z
qoni bilan yamin etdi; Azizbekni to o‘zining bir tomchi qoni qolg‘unchaliq himoya
qilmoqqa ond ichdi. Azizbekning buyrug‘i bilan kecha o‘rda tegiga barcha Toshkand xalqi
yig‘ilg‘an, bu yig‘inda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir
sinfidan ham hozir edi. Azizbek o‘rda qorovulxonasidan turib fuqarog‘a salom qildi.
Azizbekning salomiga musharraf bo‘lg‘unchilarning ko‘z-laridan yoshlar oqmoqda edi.
O‘g‘lim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozg‘anlarimni diqqat bilan o‘qi.
Azizbek o‘rda darbozasig‘a osilg‘an ikki gavdani ko‘rsatib so‘radi:
«Fuqaro! Ko‘rasizmi bu ikki gunohkorni, nima uchun bu jazog‘a mustahiq bo‘ldilar?»
Xalq:
«Bilmaymiz, taqsir».
Azizbekning o‘zi javob berdi:
«Bular Musulmon cho‘loqni sarkardalaridan, qip-choqlarning yo‘lboshchilaridan va
qora choponning dushmanlaridan bo‘lgan ikki to‘ng‘izning gavdalari! Men bularni siz qora
chopon fuqarom tomonidan o‘ch uchun o‘ldirdim, siz qora chopon og‘aynilarning qipchoq
qo‘lida shahid bo‘lg‘an qarindoshlaringizning ruhlarini shodlandirmoq uchun o‘ldirdim!
Yoki bu harakatim adolatdan emasmi, fuqaro!»
Xalq javob berdi:
«Adolat! Xo‘b qilg‘ansiz, taqsir! Qipchoqlarning ja-zolari shunday bo‘lmog‘i kerak!»
Azizbek maqsadg‘a ko‘chdi:
«Siz qora choponliqlarg‘a xolisona qilg‘an bu xizmatimga qarshi albatta qipchoqlar
qasdimg‘a tusharlar, meni Toshkand hokimligidan azl etmakchi va qo‘llaridan kelsa hatto
o‘ldirmakchi bo‘lurlar! Siz bu ehtimolga qandog‘ qaraysizlar?!»
Xalq o‘zining quyidag‘i javobi bilan ko‘kni ko‘tardi:
«Bir tomchi qonimiz qolg‘uncha yo‘lingizda jon beramiz! Qipchoqlarda had
bo‘lg‘aymiki, biz tirik turg‘an joyda sizning bir tola mo‘yingizni xam qilsinlar!»
Azizbek xalqqa tashakkur aytib yarasini yordi:
«Rahmat fuqaro! Eshitamanki, qipchoqlar Normu-hammad qushbegi qo‘l ostida
Toshkand ustiga harakat boshlag‘an emishlar. Bunga qarshi bizning hozirlanishimiz
kerakmi, yo‘qmi fuqaro?!»
Xalq:
«Kerak, albatta kerak, taqsir! Agar ruxsat bersangiz, bu kundan boshlab qo‘rg‘onlarni
tuzata beramiz!»
Azizbek:
«Rahmat fuqaro! Orqamda sizningdek fuqarom turg‘anda menga hech bir qayg‘u
yo‘qdir!»
Xalq:
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com kutubxonasi 19
«Siz omon bo‘lib osoyish o‘ltirsangiz, qipchoqqa yo‘l bermaymiz, taqsir! Qo‘rg‘on
tuzatishka fotiha beringiz, taqsir!»
Azizbek fotiha berdi. Xalq urush hozirlig‘ig‘a kirishdi. Ana, o‘g‘lim, bizning xalqning
holiga yig‘lashni ham bilmaysan, kulishni ham! Har holda Toshkand ustiga yana qonliq
bulutlar chiqdi, ishning oxiri nima bilan tinchlanar— bu bir xudog‘ag‘ina ma’lumdir.
Boshqa so‘zlardan ham ortiqroq esingga shuni solib o‘tayki, siyosat to‘g‘rila-rida
o‘ylanibroq so‘zla!
Arzimagan sabablar bilan talaf bo‘lgan jonlarni hamisha ko‘z oldingda tut! Sen bilan
manim ko‘ngillari-mizdagi yaratg‘uchig‘ag‘ina ma’lum bo‘lib, ammo Farg‘onada meni
Azizbekning sherikidir, deb o‘ylashlari va seni bir fitnachining o‘g‘li, deb tanishlari
ehtimoldan yiroq emasdir, shu jihatlarni mulohaza qilib oyog‘ bos! Bu tinchsizlik vaqtida
sen bilan manim hayotimizning tahlika ostida bo‘lg‘anlig‘ini unutma! Shuni ham aytib
qo‘yayki, bu tinchliksiz bosilmag‘uncha Toshkandga kelmasliging maslahatdir. Toshkand
tinchlangandan keyin (agar salomat bo‘lsam) o‘zim xabar yuborurman. Munda barcha
yoru do‘st salomat, mendan Hasanaliga salom ayt! Addoi otang Yusufbek hoji. Toshkand,
27-dalv oyida 1264-yilda yozildi».
Otabek maktubni tugatib, tushunmay o‘tkan jumlalarini qayta ko‘zdan kechirar ekan,
Azizbek voqi’asi ustiga kelganda ixtiyorsiz «tulki» deb yubordi.
«...bosilmag‘uncha Toshkandka kelmasliging masla-hatdir!» — bu jumlani o‘qug‘anda,
— undog‘ bo‘lsa sira tinchimangiz, — dedi-da, yovoshg‘ina iljayib qo‘ydi...
Quyidagi so`zlarga izoh bering.
Qushbegi
Sipoh
Oftabachi
Devon
Fuzalo
Quyidagi matnda “huvalboriy” so`zi qanday ma`noni bildiradi?
Otabek maktubni tugatib, tushunmay o‘tkan jumlalarini qayta ko‘zdan kechirar ekan,
Azizbek voqi’asi ustiga kelganda ixtiyorsiz «tulki» deb yubordi. Quyidagi gapda tulki so`zi orqali nima ifodalangan?
Moslashtiring.