3. Himoya qilish (advokatlik). Mijozni mahalliy jamiyatga (qonun-qoidalardan xabardorlik) kiritish prinsipi, mijozga imkoniyatlar yaratib berish Ijtimoiy ish xodimi mijozlarga turli xizmatlarni taqdim etadi. U alohida mijozlar uchun maslahat berishdan to terapevtik xizmat ko‘rsatish, oila, guruh, tashkilot va jiddiy ijtimoiy aksiyalarda ishtirok etish va tashkillashtirish vazifalarini amalga oshirish bilan tugaydi. Ijtimoiy ishning amaliy faoliyati, juda keng ko‘lamli bo‘lib, ular turli tashkilotlar: maktab, psixologik maslahat, uyda tajovuzga duch kelgan insonlar, uy-joy masalalari bo‘limi, qamoqxona, bolalar joylashtiriladigan muassasalar bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi. Ijtimoiy ish xodim bevosita o‘z mijozining himoyachi-advokat ham sanaladi.
“Ijtimoiy himoya: atamalar izohli lug‘ati”da advokatga quyidagicha ta’rif keltirilgan. Advokat(lot. ‒ yordamga chaqirish) ‒ oliy ma’lumotli huquqshunos-yurist, maslahat yoki advokatlar hay’atining a’zosi, sudda himoya qilish orqali malakali yuridik yordam ko‘rsatuvchi385. Advokat maslahatlar va yuridik masalalar bo‘yicha tushuntirishlar beradi:
- qonunchilik bo‘yicha og‘zaki va yozma ma’lumot;
- huquqiy tavsifdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlar tuzish;
- himoyachi; jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vochining, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida jinoiy ishlar bo‘yicha sudda va dastlabki tergov jarayonida ishtirok etish;
- sudda, hakamlar sudida va boshqa davlat idoralarida fuqarolik ishlari hamda ma’muriy qonunbuzarliklar bo‘yicha ishlarda vakillikni amalga oshiradi. Vakil yoki himoyachi sifatida namoyon bo‘lar ekan advokat quyidagilarga huquqli hisoblanadi:
- tegishli masalalarni hal etishga vakolatli bo‘lgan barcha davlat va jamoatchilik tashkilotlarida yuridik yordam so‘rab murojaat etgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yoqlaydi;
- yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan zaruriy ma’lumotlar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni yuridik maslahat orqali davlat va jamoatchilik tashkilotlaridan talab qiladi, bu tashkilotlar belgilangan tartibda talab etilgan hujjatlarni yoki ularning nusxalarini berishga majburdir386.
Advokat o‘z faoliyatida amaldagi qonunchilik talablariga og‘ishmay va aniq amal qilishi, o‘ziga yuridik yordam so‘rab murojaat etgan fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi, qonunda ko‘zda tutilgan vositalar va usullarning barchasidan foydalanishi kerak. Advokatning, agar u muayyan ish bo‘yicha manfaatlari ish olib borish haqida iltimos bilan murojat etgan, manfaatlariga zid bo‘lgan shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatishi kerak bo‘lsa yoki avval yordam ko‘rsatgan bo‘lsa yoxud sudya, prokuror, tergovchi, iqrorlantirishni amalga oshirgan shaxs, ekspert, mutaxassis, tarjimon, guvoh, shuningdek, ishni tekshirish yoki ko‘rib chiqishda advokat bilan qarindoshlik munosabatidagi lavozimdor shaxs qatnashadigan hollarda yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi topshiriqni olishga haqi yo‘q.
Iste’molchilarning muhim huquqlaridan biri tovar(ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqidir. Tovar(ish, xizmat)ning xavfsizligi deganda, avvalo, ushbu tovar (ish, xizmat)dan foydalanish natijasida iste’molchiga hech qanday zarar (moddiy ziyon, ma’naviy zarar) yetmasligi kerakligi tushuniladi. Bu huquq bir qancha xalqaro hujjatlarda, jumladan, BMTning iste’molchilar huquqlari himoyasiga oid Rezolyutsiyasida Yevropa Kengashi (Soveti) tomonidan qabul qilingan. Iste’molchilar haquqlari Xartiyasida, 1975-yil 14-aprel va 1981-yil 19-maydagi Iste’molchilar huquqlarining himoyasi va Informatsion (ma’lumot) siyosatga oid Dastlabki (Birinchi) va Ikkinchi dasturlarida ham o‘z aksini topgan. Tovar (ish, xizmat)lar ulardan mo‘ljallangan maqsadda foydalanishga muvofiq va boshqa maqsadda foydalanishda xavfsiz bo‘lishi lozim. Davlat standartlar va majburiy qoidalar orqali iste’molchining bu huquqini kafolatlaydi.
Iste’molchiga sotilgan tovar, ko‘rsatilgan ish (xizmat) natijasi undan oddiy sharoitlarda foydalanganda, saqlanganda, tashilganda hamda yo‘q qilinganda uning hayoti, sog‘ligi hamda atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishi va uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligi iste’molchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqining asosini tashkil etadi. Tovar (ish, xizmat) xavfsizligi deganda, zarar yetkazilishi mumkin degan xavfga yo‘l qo‘yilmaslik holatiga aytiladi. Tovar (ish, xizmat)dan xavfsiz foydalanish, saqlash, tashish va yo‘q qilish qoidalari iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqishi va maksimal tarzda o‘rganilishi lozim. Hozirgi davrga kelib, Iste’molchilar masalalari bo‘yicha standartlashtirish xalqaro tashkilotining qo‘mitasi ushbu masala bilan maxsus shug‘ullanmoqda. Mazkur qo‘mita nafaqat iste’molchilarning o‘ziga, balki ularning mol-mulklari hamda atrof-muhitga ham yetkaziladigan zararlarning oldini olish va ularni bartaraf etish borasida juda katta ishlarni amalga oshirmoqda.
Qonun iste’molchilarning hayoti, sog‘ligi, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi tovar ishlab chiqargan (ish bajargan, xizmat ko‘rsatgan) ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bilan bir qatorda, normativ hujjatlarni tasdiqlagan, muvofiqlik sertifikati bergan, sog‘liqni saqlash, tabiatni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovar (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar ham javobgar bo‘lishlarini belgilagan. Tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi ta’minlanmaganligi oqibatida iste’molchining hayoti, soqligi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar to‘liq hajmda qoplanadi (Qonunning 20-moddasi). Qonunning 12-moddasi 6-qismiga ko‘ra, agar tovar (ish, xizmat)dan xavfsiz foydalanish yoki uni shu tarzda tashish va saqlash uchun maxsus qoidalarga rioya etish zarur bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bunday qoidalarni ishlab chiqishi, sotuvchi (ijrochi) esa, ularni iste’molchilar e’tiboriga yetkazishi shartligi belgilangan. Bu qoidalar ommaviy qoidalar emas, balki alohida, maxsus qoidalar bo‘lib hisoblanadi. Shuni alohida e’tirof etib o‘tish lozimki, bu yerda juda ham muhim holat, ya’ni ishlab chiqaruvchi (ijrochi) esa uni iste’molchiga yetkazishi o‘z ifodasini topgan. Demak, maxsus qoidalar ishlab chiqil-maganligi, tegishli tartibda tasdiqlanmaganligi, iste’molchiga yetkazilmaganligi yoki yetarli bo‘lmaganligi javobgar shaxsni aniqlashda hamda davlat organi, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) va sotuvchilar o‘rtasidagi majburiyatni taqsimlashda muhim ahamiyat kasb etganligi uchun uni alohida e’tirof etish lozim. Agar tovardan foyda-lanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilish ish(xizmat)i natijalari iste’molchining hayoti, sog‘ligi, mol-mulkiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazayotganligi yoxud zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) zarar keltiruvchi sabablar bartaraf etulgunga qadar ularni ishlab chiqarishni (bajarishni, realizatsiya qilishni) darhol to‘xtatishi, muomaladan chiqarish va iste’molchilardan qaytarib olish choralarini ko‘rishi shart. Zararning sabablarini bartaraf etish mumkin bo‘lmagan taqdirda ham ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bunday tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlashga, ishni bajarishni va xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishga majbur. Shu bilan birga oziq-ovqat mahsuloti sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan albatta, utilizatsiya qilinishi kerak. Bu majburiyatlar ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, ishni bajarishni va xizmat ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘yish, muomaladan chiqarish va iste’molchilardan qaytarib olish tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi va sifati ustidan nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organlirining ko‘rsatmasi bilan amalga oshiriladi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasida “iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlariga qonun hujjatlari asosida savdo, maishiy xizmat va xizmat ko‘rsatishning boshqa turlari bo‘yicha imtiyozlar va afzalliklar berilishi mumkin”ligini alohida e’tirof etadi. Masalan, yoqilg‘i quyish shahobchalarida urush qatnashchilari va 1-guruh nogironlari avtomashinalariga bepul xizmat ko‘rsatish amalga oshirilishi, umumiy transportlarda yosh bolalarga, nogironlarga maxsus o‘rindiqlar ajratilishi, savdo korxonalarida qariyalarga, nogironlarga tovarlar navbatsiz va ayrim hollarda imtiyozli narxlarda sotilishini misol qilib keltirish mumkin.
Iste’molchilarning yuqorida ko‘rib o‘tilgan asosiy huquqlarini amalga oshirish avvalo, har bir iste’molchining o‘ziga bog‘liqdir. Amaliyotda, ya’ni savdo-sotiq, ishlar, xizmatlar soxalarida qonunning barcha talablariga amal qilinishi va iste’molchilarning ushbu qonunda mustahkamlangan huquqlarining ta’minlanishi iste’molchilarning huquqiy madaniyati, o‘z huquqlarini bilishi hamda ularni talab qilishida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston ijtimoiy yo‘naltirilgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Bunday mamlakatlarda davlat jamiyat hayotidagi ishtiroki ancha muhim bo‘lib, u o‘z fuqarolari oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini keng ko‘lamda amalga oshirilishini nazarda tutadi. Bu esa jamiyatning ijtimoiy zaif qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Kuchli ijtimoiy siyosat degani davlat institutlari tomonidan ijtimoiy ne’matlarni jamiyatning eng kam himoyalangan va eng zaif a’zolari foydasiga taqsimlash demakdir. O‘tgan-yillar davomida O‘zbekistonda boshqa ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq, kuchli ijtimoiy siyosat amalga oshirilgani shubha ostiga olinmay kelinmoqda. Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonda haqiqatan ham ijtimoiy adolat tushunchasiga mos keladigan davlat siyosati modeli tanlanganini ta’kidlash mumkin.
Ming-yillar davomida xalqimiz yashab turgan zaminimizda odamlar bir-biriga yordam berishi, og‘ir hayotiy vaziyatlarda qolgan qashshoq va zaif aholi qo‘ni-qo‘shni, mahalla va jamiyatdan madad olishi lozim, degan an’anaviy dunyoqarash shakllangan. O‘zbekistonda ijtimoiy shartnoma ijtimoiy axloqning ko‘p asrlik tamoyillariga asoslangan.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining xalq qabulxonalari ochilgach, fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, diqqat bilan tahlil etilgach, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasining yetarli darajada samarali faoliyat ko‘rsatmayotgani va chuqur islohotga muhtojligi sezildi.
Xalq qabulxonalari faoliyat yuritib boshlagan kundan bugungi kungacha 3,6 milliondan ortiq fuqarolarning prezidentga murojaatlari qabul qilinib, ularda turmush darajasi, aholi bandligi, uy-joy, sifatli davlat xizmatlari, sog‘liqni saqlash va ta’lim bilan bog‘liq ko‘plab muammolar bayon qilingan.
Ko‘tarilgan masalalarning aksariyati fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimidagi kamchiliklar, aholining kam ta’minlangan va zaif qatlamlariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lib, bu borada fuqarolardan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan.
Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki, moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmi hali ham Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom” bilan belgilanadi. Ushbu qoidaga muvofiq, bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga vakolatli mahalla fuqarolar yig‘ini yoki komissiyaga belgilangan. Komissiya fuqarolar yig‘ini raisi boshchiligida fuqarolar yig‘ini tomonidan saylanib kelgan. Komissiya a’zolari 2-yil muddatga, fuqarolar yig‘ini raisi esa – o‘z vakolatlarining butun muddati davomida saylangan. Ushbu komissiya a’zolarining soni kamida 15 kishini tashkil etishi lozim.
Mazkur mexanizm, komissiya a’zolari o‘zlari yashayotgan mahallalarda qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj aholini bilgan holda obyektiv qarorlar qabul qilishni nazarda tutadi. Ammo, boshqa tomondan, jamoaviy qaror qabul qilishning bunday mexanizmi juda murakkab, yetarlicha shaffof emasligi va berilgan vakolatlar suiiste’mol qilinishini istisno qilmaydi, ayniqsa, ko‘plab jarayonlar ortiqcha hujjatlar va sertifikatlar taqdim etilishini talab qiladi. Balki shuning uchundir, ijtimoiy yordam ajratish mexanizmidagi qiyinchiliklar va kamchiliklar ta’sirida Prezident qabulxonalariga samarasiz yoki hatto adolatsiz moddiy yordam ajratish amaliyotlar haqida murojaatlar soni oshib ketishiga olib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida xalq Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlash, ularga yechim topishga qaratilgan tizim joriy qilindi.
Xalq orasida “Temir daftar” deb nomlangan kambag‘al oilalar reyestrini tuzishda kambag‘al oilalarni uyma-uy o‘rganish asosida, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari muammolari ham hisobga olinmoqda. Mazkur reyestr kambag‘allikni kamaytirish va sektorlar kesimida aholi farovonligini oshirish bo‘yicha maqsadli dasturga asos bo‘ldi. Aholi uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mahalliy darajada hal qilinmagan muammolar viloyat yoki respublika darajalariga o‘tkazildi.
2019-yilda butun mamlakat bo‘ylab 6,1 milliondan ortiq xonadonda aholining muammolarini o‘rganish uchun tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida hal qilinishini talab etiladigan 935,6 mingta muammo aniqlanib, ularning aksariyati hal qilindi. Aholi uchun eng og‘riqli muammolar orasida: suyultirilgan gaz ta’minoti (respondent-larning 18,9 foizi), bandlik (11 foiz), sog‘liqni saqlash (8,5 foiz), elektr energiyasi ta’minoti (8,1 foiz), bank kreditlari (7 foiz), moddiy yordam (5,7 foiz), ichimlik suvi (5,5 foiz), kadastr masalalari (5,3 foiz), uy-joy (4,4 foiz), tabiiy gaz (3,4 foiz), ko‘mir ta’minoti (2.3 foiz), pasport nazorati (2,1 foiz) va maktabgacha ta’limga oid masalalar (1,5 foiz) o‘rin olgan387.
2020-yilda, pandemiya bilan bog‘liq qator cheklovlar natijasida aholi turmush darajasi sohasida vaziyat yanada murakkablashdi. Shu bois ijtimoiy muammolarni aniqlash ishlari yanada muhim ahamiyat kasb etib, faol davom ettirilmoqda. 2020-yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha murojaatlar soni o‘tgan-yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘paydi. Shuningdek, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni olish uchun arizalar soni ijtimoiy himoyaga murojaat etuvchilarning umumiy sonining 48 foizini tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,9 baravar ko‘p.
Shu bilan bir qatorda, fuqarolarning pensiya yoki nafaqalarni bekor qilish to‘g‘risidagi so‘rovlari 4 foizga kamayganini ta’kidlash lozim. Nafaqa darajasining kamligi bilan bog‘liq murojaatlar soni 52 foizga kamaydi. Tibbiy ehtiyojlar uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha arizalar soni 19 foizga, nogironlik uchun imtiyozlar bo‘yicha esa 14 foizga kamaydi.
Bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida murojaatlar soni 37 foizga, reabilitat-siya markazlariga murojaat qilish 29 foizga, nogironlarni protez-ortopediya buyum-lari va reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlashga oid murojaatlar 64 foizga kamaydi.
Shu bilan birga, keksa va nogironligi bor shaxslar tomonidan tibbiy yordam va dori-darmonlar uchun yordam so‘rash holatlari soni keskin oshdi (20 foiz). Karantin cheklovlari davrida ularning uy izolyatsiyasida bo‘lgani hisobga olinsa, mazkur vaziyat mantiqiy tus oladi388.
Pandemiya bilan bog‘liq so‘rovlarning yangi toifalari ham ishlatila boshlandi. Karantin davrida fuqarolarni moddiy yordam, oziq-ovqat va himoya vositalari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi murojaatlar umumiy murojaatlar sonining 16 foizini, oziq-ovqat va asosiy ehtiyojlarning narxi va tanqisligi to‘g‘risidagi murojaatlar esa 8 foizni tashkil etdi. Mazkur murojaatlarning asosiy qismi ijobiy hal etilgani ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari ancha muvaffaqiyatli o‘tganini ko‘rsatadi.
Sektorlar tomonidan uyma-uy yurish orqali o‘tkazilgan o‘rganishlar ijtimoiy xizmat tizimini rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib berdi. Xususan, moliyaviy yordam oluvchilarning aksariyati nochor ahvolda emas, balki zamonaviy ta’mirlan-gan, mebel va boshqa buyumlar bilan jihozlangan xonadonlarda istiqomat qilishi, shuningdek, avtomobil va bank hisobraqamlariga ega ekani aniqlangan bo‘lsa, kam ta’minlangan oilalarning aksariyati moddiy yordam olish uchun ro‘yxatga kiritilmagani kuzatildi. Ushbu holat, aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini, xususan ushbu yordamni belgilash mezonlarini tubdan o‘zgartirish lozimligini ko‘rsatdi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, oxirgi 2-3-yilda aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimida o‘tgan-yillar davomida to‘plangan mavjud muammolarni sektorlar tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida qo‘l rejimida tezkor hal etish o‘zining samarasini ko‘rsatdi. Ammo tan olish lozimki, ko‘p hollarda «inson omiliga» haddan tashqari bog‘liqlik muammolarni yechishda boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi va tadqiqot jarayonida aniqlangan kamchiliklar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish lozimligini ko‘rsatmoqda. Ayrim yordam turlarini ajratishning aniq mezonlari bo‘lishi, unga muvofiqlikni aniqlash mustaqil axborot manbalariga asoslanishi lozim. Yordam ajratish mezonlari va tartiblari, ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq va butunlay shaffof bo‘lishi lozim. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini qo‘lda boshqarishdan aniq va ravshan integratsiyalashgan tizimga o‘tkazish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, o‘tgan-yilidan boshlab mamlakatimizda bu borada muhim qadamlar qo‘yildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi 308-son qaroriga muvofiq, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, bu oilalar ehtiyoji va talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiqligi darajasini oshkora, real vaqtda baholashni ta’minlaydi.
Ehtiyoj darajasi oila a’zolarining daromadlari, mol-mulk, bank hisobvaraqlari, olingan kreditlar, turli idoralarning tegishli ma’lumotlar bazalarida mavjud bo‘lgan avtomobillar haqidagi ma’lumotlarni hisobga olish yo‘li bilan aniqlanadi. Ushbu hisob-kitoblarga asosan ijtimoiy xizmatlar, yordamga muhtoj aholi va oluvchilarning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Mazkur tizimni sinovdan o‘tkazish uchun Sirdaryo viloyatida 2019-yilning 1-oktyabridan boshlab pilot loyiha sifatida sinab ko‘rildi.
Ushbu tizim faoliyatini samarali amalga oshirish uchun aholiga ko‘rsatilayotgan yordam to‘g‘risidagi obyektiv ma’lumotlar «Ijtimoiy himoya yagona reyestriga» kiritib borilishi kerak. Ushbu vazifa xonadonlarni o‘rganish jarayonida ham amalga oshiriladi. Mazkur ma’lumotlar asosida va ayrim oilalarning turmush darajasiga karantin cheklovlarining salbiy ta’sirini hisobga olgan holda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul idoralar tomonidan joriy-yilda moliyaviy yordam va ko‘makka muhtojlar ro‘yxati tuzildi.
Ushbu ro‘yxatlardan kam ta’minlanganlar; imkoniyati cheklangan fuqarolar; ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar; yolg‘iz keksalar; doimiy ishsiz fuqarolar; karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar; epidemiologik jihatdan nochor hududlardan qaytgan fuqarolar o‘rin olishgan.
Jami mazkur ro‘yxatlarga 1,7 milliondan ortiq a’zosi bo‘lgan 400 mingdan ortiq oila kiritildi. Ushbu oilalarga bir martalik ko‘mak berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020-yil 30-iyuldagi PF-6038-son Farmoni bilan respublika budjetidan 380 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Moddiy ko‘mak miqdori har bir oila a’zosi uchun 220 ming so‘m miqdorida etib belgilandi389.
Bu yo‘nalishda keyingi muhim qadam 2020-yilning 4-avgust kuni O‘zbe-kiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yor-dam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi. Qarorda joriy yilning 1-sentabrdan boshlab ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari “Elektron hukumat” tizimining ajralmas qismi bo‘lgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilib, joriy-yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu tizimni joriy etishning asosiy maqsadlari – aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratishdan iborat.
2021-yilning 1-yanvaridan boshlab, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordami-ni taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotlar fuqarolardan talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi. FHDY bo‘limlari arxivlarida qog‘ozda saqlanadigan hujjatlarning elektron ma’lumotlar bazalarini shakllan-tirish maqsadida 30 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi390.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish O‘zbekis-tonda kambag‘allikni bartaraf etish jarayonida muhim vosita bo‘ladigan aholining kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy va oshkora tizimini yaratishga xizmat qilishi lozim.
Koronavirus COVID-19 pandemiyasi ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tar-moqlarini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda. Shu bilan birga, pandemiya davrida “Buyuk yopilish” atamasi bilan kirib kelgan iqtisodiy inqiroz xalqaro xo‘jalik aloqalarida “qiymat zanjirlari”ni uzilishi bilan birga xizmat ko‘rsatish va servis tarmoqlariga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatib Jahon iqtisodiyotining retsessiyasini boshlab berdi391.
Bu inqirozning o‘ziga xos tomoni shundaki – unda ham talab, ham taklif inqirozi bilan birga tarixdagi eng katta ishsizlik muammosi kuzatilmoqda.