O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar: 1. Pedagogika nimani o‘rganadi va u qachon paydo bo‘lgan?
2. Pedagogikaning lug‘aviy ma’nosi nimani anglatadi?
3. Pedagogikaning asosiy tushuncha (kategoriya)lariga nimalar kiradi?
4. Ta’lim va tarbiya deganda nimani tushunasiz?
5. Pedagogika fanlar tizimiga qanday tarmoqlari kiradi?
6. Pedagogikaning ilmiy tadqiqot metodlari nimalardan iborat?
7. Maxsus pedagogika deganda nimani tushunasiz?
8. Pedagogika tarixi nimani o‘rgatadi?
9. Kuzatish va eksperiment usullarini izohlab bering?
10. Ta’lim-tarbiyadan ko‘zlangan maqsad nima?
3 - Ma’ruza: Shaxsning rivojlanishi, tarbiyasi va ijtimoiylashuvi.
Reja:
3. 1. Shaxs shakllanishi va rivojlanishi to‘g‘risida tushuncha. 3. 2. Shaxs rivojlanishiga ta'sir etuvchi omillar. 3. 3. Inson kamolotida irsiyat va muhitning ta'siri. 3. 4. Shaxsni kamol toptirishda ta'lim-tarbiya va rivojlanishning o‘zaro bog‘liqligi.
Adabiyotlar: 7, 13, 15, 16, 26 Tayanch iboralar: shaxs, rivojlanish, irsiyat, muhit, ta'lim-tarbiya, shaxs faolligi, inson kamoloti, aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik, mehnat, iqtisodiy tarbiya, pedagogik jarayon;
3. 1. Shaxs shakllanishi va rivojlanishi to‘g‘risida tushuncha. Inson, odam, shaxs ko‘plab fanlarning o‘rganish ob'ekti hisoblanadi. Shaxs deganda muayyan jamiyatning a'zosi tushuniladi. Ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchi, ongi yuksak taraqqiy etgan, ijtimoiy taraqqiyotda ishtirok etuvchi odamgina shaxs deyiladi. Shaxsning eng asosiy belgisi-uning ongli faoliyat egasi ekanligidir. Ma'lumki kishi ongi faqat jamiyatda, boshqalar bilan o‘zaro munosabatda til yordamida ijtimoiy tajribani o‘zlashtirishda shakllanadi. Binobarin shaxs ham faqat jamiyatdagina shaxsga aylanishi mumkin.
Odamning ijtimoiy mavjudot sifatida shaxs nomini olishi uchun unga ijtimoiy-iqtisodiy hayot va tarbiya kerak. Shu boisdan pedagogika fani bolaning shaxs sifatida rivojlanishi, uning har tomonlama kamolga etish qonuniyatlarini, unga ta'sir etuvchi ob'ektiv va sub'ektiv omillarni, rivojlanish jarayoniga aloqador davrlarni aniqlashi kerak. Odamning mukammal inson bo‘lib etishuvida o‘zining maqsad asosidagi xatti-harakati, iroda sifatlarining kamol topishi natijasida ayrim nuqsonlarini bartaraf etishi, qiyinchiliklarni engib chiqishi mumkinligini bilishimiz zarur. Demak, inson hayot faoliyati davomida o‘zgarib, shakllanib, rivojlanib boradi. Bolalik, o‘smirlik va o‘spirinlik davrida rivojlanish nihoyatda kuchli bo‘ladi.
Shaxsning kamol topishida va uning xulqida ijtimoiy va biologik omillarning ta'sir kuchi hamisha ham bir xil bo‘lavermaydi. Chunki uning xulqiga, munosabatlariga, aloqalariga, yoshi, bilimi, odatlari, tajribasi va vaziyat ham ta'sir etadi. Masalan, bir xildagi ta'sirlarga turli bola turlicha munosabatda bo‘ladi, bu ayni paytda, bolaning ehtiyoji qandayligiga ham bog‘liqdir. Shaxs ijtimoiy tajribani faol ravishda tahlil qiladi, o‘zlashtiradi, o‘zi uchun o‘zgartiradi-bu jarayon davomida o‘zi xam shaxs sifatida shakllanadi. Shaxs shakllanib borgan sayin tashqi ta'sirlar, shu jumladan ijtimoiy ta'sirlar ham uning ichki dunyosi, psixologiyasiga qarab turli odamlarga turlicha ta'sir qiladilar. Masalan, bir xil baho turli o‘quvchilarga turlicha ta'sir qiladi.
Odam atrofni, ob'ektiv borliqni ko‘proq bilgani sari onglilik darajasi o‘sadi, fikrlash doirasi kengayadi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallaydi, yangi qiziqish va ehtiyojlar vujudga keladi. Demak, shaxsning kamolga etishi jamiyat rivojiga chambarchas bog‘liqdir.