4 ekspertlar xulosalariga tayanadi. Bu esa, o'z navbatida, respublika miqyosida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy
sohadagi islohotlar va ularning natijalaridan mahalliy aholi va tadbirkorlar qay darajada xabardor ekanini
ko'rsatib beradi.
— Hozirgi kunda mamlakatimiz qaysi reyting va indekslarda quyi pog'onalarda qolmoqda va buning asosiy
sabablari nimalardan iborat?
— Asosan, siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda mamlakatimiz o'rinlari nisbatan quyi pog'onalarda.
Masalan, So'z erkinligi va hisobdorlik indeksida 191-o'rinda, Normativ sifat indeksida 184-o'rinda,
Korruptsiyani nazorat qilish indeksida 183-o'rinda, Qonun ustuvorligi indeksida 182-o'rinda, Jahon matbuot
erkinligi indeksida 156-o'rinda turibmiz. Albatta, so'nggi 3-4 yil mobaynida ushbu sohalarni tartibga
soluvchi ko'plab qonun hujjatlari qabul qilindi, turli institutsional o'zgarishlar ro'y berdi.
Xususan, mamlakatimizda so'z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to'siqlarsiz
faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng
sharoit yaratish va ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida
Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Korruptsiyaga qarshi
kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Bu boradagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga
oshirilishini tashkil etish, turli organlar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, jamiyatda
korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurashish
milliy kengashi tashkil etildi. Korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat
siyosatini yurituvchi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
Qator sohalardagi o'zgarishlar bilan bog'liq qonunchilikning jadal rivojlanishi ayrim hollarda amaldagi
qonun hujjatlariga zid bo'lgan ko'plab normalarning vujudga kelishiga sabab bo'ldi. SHuning uchun ham
qonunchilikni tubdan qayta ko'rib chiqish, uni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va
qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, ijrosi monitoringini takomillashtirish maqsadida Norma ijodkorligi
faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasi ishlab chiqildi.
Biroq shuncha ishlarga qaramay, indekslardagi ko'rsatkichlar bu borada hali kamchiliklarimiz borligini
ko'rsatib turibdi. SHu bois, qator muhim vazifalarni belgilab olganmiz. eng avvalo, O'zbekiston
Respublikasining korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqishimiz
zarur bo'ladi.
SHuningdek, davlat organlarida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholash tartibini belgilash va
davlat boshqaruvi sohasida korruptsiyaning oldini olish bo'yicha reytingini shakllantirishni yo'lga
qo'ymoqchimiz.
SHu bilan birga, mamlakatimizning Korruptsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GREKO) xalqaro tashkilotiga a'zo
bo'lishi va bu tashkilotning korruptsiyaga qarshi tegishli konventsiyalari talablarini milliy qonunchiligimizga
implementatsiya qilish masalasini ham o'rganib chiqishimiz lozim.
Ommaviy axborot vositalari, fikrlar xilma-xilligi va so'z erkinligini ta'minlashning tashkiliy-huquqiy
asoslarini yanada mustahkamlashimiz zarur. Ayniqsa, jurnalistning qonuniy professional faoliyatiga
to'sqinlik qilishga oid huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlikni belgilashimiz kerak.
Respublikaning siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda quyi pog'onalardan joy olganligining sabablaridan
yana biri mazkur reyting va indekslar, asosan, jamoatchilik fikri va xalqaro ekspertlar xulosasi asosida
shakllantirilishidadir. Qolaversa, indeks yurituvchi tashkilotlar so'rovnomalari faqatgina mustaqil fuqarolik
jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bilan hamkorlikda o'tkazilishini inobatga olib, respublika
miqyosida bunday tashkilotlar kamligi hamda ular tomonidan tadqiqot ishlarini amalga oshirish salohiyati
cheklanganligi kabi omillar ham bunga sabab bo'lishi mumkin.