Qo’shimcha xarajatlarni hisobga olish. Korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) turlari o’rtasida bilvosita xarajatlarni oqilona taqsimlash muhim ahamiyatga ega bo’lib, mahsulotlarning texnologik turlari bo’yicha tannarxini to’g’ri aniqlash imkonini beradi. Bu holat ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bahosini shakllantirish bo’yicha korxona hisob siyosatini ishlab chiqishda ijobiy samara beradi.
Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish va uni boshqarish xarajatlarini quyidagicha tasniflash mumkin:
1) mashina va uskunalarni asrash va ishlatish xarajatlari;
2) umumishlab chiqarish xarajatlari;
3) davr xarajatlari.
Yuqoridagi birinchi va ikkinchi bandlardagi xarajatlar taqsimot bazasiga mutanosib ravishda mahsulotning ishlab chiqarish tannarxiga qo’shiladi. Davr xarajatlari esa korxonaning moliyaviy natijalari hisobidan qoplanadi.
Ushbu xarajatlar umumiy xususiyatta ega bo’lishi bilan birgalikda, ularning xususiy jihatlari ham mavjud: mashina va uskunalarni ishlatish va asrash xarajatlari shartli-o’zgaruvchan bo’lib, ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga bog’liq. Umumishlab chiqarish va davr xarajatlari esa shartli-doimiy xarajatlar hisoblanib, ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga bog’liq bo’lmaydi.
Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish va uni boshqarish xarajatlarini mahsulotlar tannarxina kiritish orqali tannarx aniqlashning ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarini umumkorxona miqyosida va bo’linmalar darajasida taqsimlash kabi usullari mavjud.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarini umumkorxona miqyosida taqsimlash usulining mohiyati shundaki, bunda mazkur xarajatlar 2510 – “Umumishlab chiqarish xarajatlari” hisobvarag’ining debetida yig’ib boriladi hamda hisobot davri oxirida ular yagona taqsimot bazasi asosida mahsulot turlari bo’yicha taqsimlanadi.
Shuningdek, bu usulning afzalligi uning soddaligi va kam mehnattalabligida bo’lsa, asosiy kamchiligi esa, mahsulotlarning xilma-xil turlari haqiqiy tannarxini aniqlash paytida jiddiy xatoliklarga olib kelishidir.
Odatda, boshqaruv hisobi tizimida hisobot davri ichida umumishlab chiqarish xarajatlari smetasi tuzilib, unga asosan smetadagi xarajatlar haqiqatda erishilgan mahsulot hajmi va haqiqiy xarajatlar bilan taqqoslanib, tuzatilib boriladi.
Umumishlab chiqarish xarajatlari O’zR 21-sonli BHMSga binoan tasdiqlangan xarajat moddalariga bo’lib hisobga olib boriladi va korxonada qabul qilingan hisob siyosatiga muvofiq alohida hisob ob’ektlari o’rtasida taqsimlanadi.
“Mahsulot (ish va xizmat)lar tannarxiga kiritiladigan, mahsulot (ish va xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risida”gi Nizomga ko’ra umumishlab chiqarish xarajatlari quyidagilardan iborat:
- mashina va uskunalarni asrash va ishlatish xarajatlari;
- ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan asosiy vositalarva nomoddiy aktivlarnint amortizatsiya ajratmalari;
- ishlab chiqarishga tayinlangan asosiy vositalarni ta’mirlash xarajatlari;
- ishlab chiqarishdagi mulklarni sug’urtalash xarajatlari;
- isitish, yoritish va ishlab chiqarish binolarini asrash xarajatlari;
- ishlab chiqarishda foydalaniladigan binolar, mashina va uskunalar, ijaraga olingan boshqa mulklarning ijara to’lovlari;
- ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatishda band bo’lgan xodimlarning mehnat haqi;
- ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar.
Umumishlab chiqarish xarajatlarini taqsimlash jarayonida xarajatlarni hisobdan chiqariladigan obektlar tanlanib, aniq tsex, mahsulot, shartnoma turiga tegishli xarajatlar tanlab olinadi va yig’iladi. Bu sharoitda umumishlab chiqarish xarajatlarini taqsimot bazasini tanlab olish muhimdir.
Bo’linmalar darajasida ishlab chiqarishning bilvosita xarajatlarini taqsimlash usuli ancha mehnattalabdir, biroq u oldingi usulga nisbatan mahsulotlar alohida turlari bo’yicha tannarxni to’liqroq aniqlash imkonini beradi. Bu usulda mazkur xarajatlar alohida hisobvaraqlar ochish yo’li bilan bo’linmalar darajasida hisobga olinadi.
Korxonalarda hisobot davri yakunida mahsulotlar alohida turlari bo’yicha ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarining taqsimoti har bir sintetik va analitik hisobvaraq uchun amalga oshiriladi. Bunda har bir hisobvaraqga bo’linma texnologik jarayoni xususiyatini ifodalovchi o’z taqsimot bazasi mos keladi. Masalan, korxona avtomatlashtirilgan bo’linmasining ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari bo’yicha asbob-uskunalar ish soatlariga binoan, qo’lda yig’ish tsexining ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari esa mehnatning bevosita xarajatlariga ko’ra taqsimlanadi.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarini hisobga olishda bu usulni qo’llab, xatoliklarni batamom bartaraf etib bo’lmaydi, chunki, birinchidan, umumkorxona ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotida, ikkinchidan, alohida bo’linma ichidagi turli ishlab chiqarish tizimlari bo’yicha ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotida xatolar bo’lishi mumkin.
Korxona alohida bo’linmalari, tsexlarining texnologik jarayonlari mehnat, kapital va material sig’imligi darajalari bilan farq qiladi.
Agar bo’linma faoliyati xarajatlari ichida ish haqining hissasi yuqori bo’lsa, shu bo’linma, tsex, brigadaning umumishlab chiqarish xarajatlarini mehnat resurslarini iste’mol qilish bilan bog’liq ko’rsatkichlarni asos qilib olinib, ular mahsulot turlari bo’yicha taqsimlanadi. Faraz qilaylik, “MBA” AJning yillik umumishlab chiqarish xarajatlari 416 209 ming so’m. Taqsimlash bazasi sifatida asosiy ishlab chiqarish xodimlarining ish haqi xarajatlari belgilangan, bu xarajatlar hisobot davrida 49 667 ming so’mni tashkil qildi. Birinchidan, har bir mahsulotga ketgan mehnat haqi ulushini aniqlaymiz, “A” mahsuloti uchun 27,76% (13786/49667*100), “B” mahsuloti uchun 14,21% (7059/49667*100) va boshqalar. Ikkinchidan, har bir mahsulot uchun aniqlangan ulushni umumishlab chiqarish xarajatlarini umumiy summasiga ko’paytirib har bir mahsulotga to’g’ri keladigan umumishlab chiqarish summasini aniqlaymiz, “A” mahsuloti uchun 115 527 ming so’m (416209*27,76%) va boshqalar (1-jadval).
1-jadval
“MBA”AJning 2019 yil uchun umumishlab chiqarish xarajatlarini taqsimlash
Mahsulot turlari
Asosiy ishlab chiqarish xodimlarining mehnat haqi xarajatlari
Ushbu jadvaldan kelib chiqib, bilvosita xarajatlar taqsimotining asosi sifatida quyidagilardan foydalanish mumkin:
- asosiy ishlab chiqarish xodimlarining mehnat haqi xarajatlari;
- mehnatning bevosita me’yoriy xarajatlari;
- korxonadagi muayyan texnologik jarayonda qatnashuvchi xodimlar soni.
Agar bo’linma faoliyati kapital sig’imli bo’lsa, umumishlab chiqarish xarajatlarini asosiy vositalardan foydalanish bilan bog’liq ko’rsatkichlari asos qilib olinib taqsimlanadi. Bunda ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimoti bazasi sifatida asbob-uskunalarning haqiqiy ish soatlari, mahsulot turlari bo’yicha amortizatsiya ajratmalari yoki ma’lum texnik jarayonda foydalanilgan asosiy vositalarning qoldiq qiymati olinadi.
Korxona bo’linmasi faoliyati materialtalab bo’lsa, ya’ni, unda mahsulotlar tannarxiga qo’shiladigan xarajatlarning asosiy qismini xomashyo va materiallar xarajatlari tashkil qilsa, taqsimot bazasiga xomashyo va materiallarning haqiqiy bevosita xarajatlari hamda ularning rejali tannarxi kiritiladi.
Agar bo’linma faoliyati natijasi qandayligini (mehnattalab, kapitaltalab yoki materialtalab) aniq belgilash imkoni bo’lmasa, taqsimotning aralash bazasidan foydalaniladi. Bunda taqsimot bazasi to’liq bevosita moddiy xarajatlar (xomashyo, materiallar va asosiy vositalar mahsulotlarning ishlab chiqarish tannarxida katta salmoqqa ega bo’lsa)dan iborat bo’ladi.
Taqsimot bazalari korxona funktsional xizmatlari, ya’ni, boshqaruv apparati uchun ham ishlab chiqiladi. Bunda taqsimotning asosiy bazalari quyidagilardan iborat bo’ladi:
- ombor xo’jaligi uchun bir birlik mahsulotni bir kun saqlashning normativ xarajatlari ombordagi mahsulotlarning o’rtacha qoldig’iga ko’paytirilgani;
- dispetcherlik xizmati uchun tashib ketiladigan tayyor mahsulotlar tonna-kilometrda;
- yuklarni jo’natish bo’limi uchun tayyor mahsulotlarni yuklab jo’natish bo’yicha shartnomalar miqdori.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarining eng mos taqsimlash bazasini hisoblash uchun ma’lum joriy xarajatlar talab qilinadi. Shu sababli, korxonalarda uncha mehnattalab bo’lmagan boshqa qo’shimcha taqsimot bazalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ularga mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish hajmi, ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulotlar tannarxi, xomashyo va materiallarni sotib olish tannarxi, marjinal daromad, xodimlarning o’rtacha ro’yxatdagi soni kabilarni kiritish mumkin.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotining samarali tizimini tatbiq etish masalalariga e’tiborsizlik ko’p hollarda ishlab chiqarish dasturi, sotishlar va korxona baho siyosatida jiddiy xatoliklarga sabab bo’ladi, bu esa o’z navbatida, korxona moliyaviy faoliyatini salbiy natijalariga olib keladi.