"Xazoyin ul-maoniy" kulliyoti


«Gʻaroyib us-sigʻar» devonida



Yüklə 22,71 Kb.
səhifə2/2
tarix10.06.2022
ölçüsü22,71 Kb.
#61161
1   2
2-seminar

«Gʻaroyib us-sigʻar» devonida

«Navodir ush-shabob» devonida

«Badoye’ ul-vasat» devonida

«Favoyid ul-kibar» devonida

Jami toʻrt devonda

1

Gʻazal

650 ta
(4975 bayt)

650 ta
(4998 bayt)

650 ta
(5001 bayt)

650 ta
(5029 bayt)

2600 ta
(20003 bayt)

2

Mustazod

1 ta
(7 bayt)

1 ta
(7 bayt)

1 ta
(7 bayt)

1 ta
(7 bayt)

4 ta
(28 bayt)

3

Muxammas

3 ta
(57,5 bayt)

3 ta
(52,5 bayt)

2 ta
(30 bayt)

2 ta
(37,5 bayt)

10 ta
(177,5 bayt)

4

Musaddas

1 ta
(27 bayt)

1 ta
(27 bayt)

2 ta
(42 bayt)

1 ta
(21 bayt)

5 ta
(117 bayt)

5

Musamman




1 ta
(28 bayt)

1 ta
(28 bayt)

6

Tarji’band

1 ta
(100 bayt)

1 ta
(103 bayt)

1 ta
(56 bayt)

1 ta
(110 bayt)

4 ta
(369 bayt)

7

Tarkibband


1 ta
(56 bayt)



1 ta
(56 bayt)

8

Masnaviy

1 ta
(148 bayt)




1 ta
(148 bayt)

9

Qasida



1 ta
(91 bayt)


1 ta
(91 bayt)

10

Soqiynoma




1 ta
(458 bayt)

1 ta
(458 bayt)

11

Qit’a

50 ta
(138 bayt)

50 ta
(126 bayt)

60 ta
(127 bayt)

50 ta
(112 bayt)

210 ta
(503 bayt)

12

Ruboiy

133 ta
(266 bayt)




133 ta
(266 bayt)

13

Muammo


52 ta
(54 bayt)



52 ta
(54 bayt)

14

Lugʻz



10 ta
(40 bayt)


10 ta
(40 bayt)

15

Tuyuq



13 ta
(26 bayt)


13 ta
(26 bayt)

16

Fard




86 ta
(86 bayt)

86 ta
(86 bayt)

Jami

840 ta (5718,5 bayt)

759 ta (5423,5 bayt)

740 ta (5420 bayt)

793 ta (5888,5 bayt)

3132 ta (22450,5 bayt)

Aslida, kulliyotdagi she’rlarning bunday taqsimlanishi nisbiy boʻlib, Navoiy oʻz she’rlarini devonlarga taqsimlaganda ularning haqiqiy xronologiyasiga emas, balki har bir she’rning ruhi, uslubiga koʻproq e’tibor qaratgan. Shuning uchun ham yoshlik davrida bitgan she’rlarining ba’zilari keyingi devonlarda, qarilik chogʻida yozgan she’rlari avvalgi uch devonga kirib qolganligini kuzatish mumkin. Shoirning turli davrda yozgan gʻazallari soni bir-biridan farq qilgan boʻlishi tabiiy. Navoiyning ilk lirikasini oʻrgangan olim Y.Is’hoqov «Ilk devon»dagi 434 ta she’r kulliyotdagi «Gʻaroyib us-sigʻar» (156 ta), «Badoye’ ul-vasat»(132 ta), «Favoyid ul-kibar» (146 ta) kabi uchta devoniga kiritilganligini aniqlagan boʻlsa, Hamid Sulaymonov «Xazoyin ul-maoniy» devonlaridagi she’rlarning nisbiy xronologiyasini belgilab chiqqan.
Shoir kulliyot uchun maxsus debocha ham yozgan. Debocha «Gʻaroyib us-sigʻar» devonining boshlanish qismidan oʻrin olgan boʻlib, unda an’anaviy hamd va na’t qismlaridan soʻng zamona hukmdori Husayn Boyqaro madh etiladi, uning ushbu kulliyotga tartib berish borasidagi ragʻbati va farmoni bayon qilinadi. Debochada kulliyotning yaratilish tarixi, tarkibidagi devonlar, ularning mazmun mohiyati, shoirning badiiy ijod bilan bogʻliq qarashlari hamda buyuk mutafakkirning muayyan tarzdagi hasbi holi oʻz ifodasini topgan. Shoir oʻz fikrlarini umumlashtirish, xulosalash paytida ruboiy janridan unumli foydalangan. Debochada jami 30 ta ruboiy keltirilgan boʻlib, ularning barchasi taronayi ruboiy shaklida.
Alisher Navoiy oʻzi ta’kidlab koʻrsatgan devon tuzish mezonlariga rioya etgan holda kulliyotning har bir devonini Allohning hamdi ila ochadi. Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, devonlardagi dastlabki besh gʻazal hamd yoʻnalishida: ularning toʻrttasi tavhid mavzusida boʻlsa, beshinchisi munojot mazmunidadir.
«Gʻaroyib us-sigʻar» devonidagi dastlabki gʻazal:
«Ashraqat min aksi shamsil ka’si anvor ul-hudo,
Yor aksin mayda koʻr deb jomdin chiqdi sado, ‒
matla’si bilan boshlanadi. Ushbu gʻazal Alibek Rustamov tomonidan fotiha (ochuvchi) gʻazal deb baholangan edi. Chunki gʻazalda aks etgan mazmun faqatgina «Gʻaroyib us-sigʻar» emas, balki butun kulliyotga xosdir. Boshqacha aytganda, bu gʻazalni «Xazoyin ul-maoniy»ga kirish yoʻli deb atashimiz mumkin. Gʻazalda ulugʻ shoir dunyoqarashining asosiy yoʻnalishi aks etgan va u keyingi she’rlarda ham davom ettirilgan. Shu ma’noda mazkur gʻazal Navoiy devonlaridagi boshqa gʻazallarni ham anglab yetishga yordam beradi va biz ushbu gʻazal orqali, umuman, Alisher Navoiy kulliyotining mazmuniy mundarijasini, gʻoyaviy yoʻnalishini, shoirning umumshe’riyatiga xos boʻlgan konseptual ildizni topamiz.
Gʻazalda insonning yaratilishi, uning hayotdagi vazifasi, borliq va yoʻqlikning hikmati, qisqacha aytganda, inson va Haq oʻrtasidagi abadiy muammo koʻtarilgan. Shoir gʻazal orqali insonning Haqqa bogʻlanishi, Unga tobeligi, Haqning marhamati bilan bogʻliq masalalar xususida soʻz yuritgan.
«Navodir ush-shabob» devonining ilk gʻazali:
Zihi zuhuri jamoling quyosh kibi paydo,
Yuzung quyoshigʻa zarroti kavn oʻlub shaydo, ‒
tarzida boshlanib, unda ishq hodisasi maxsus talqin qilinadi va Haqning husni mazohiriga oshiq boʻlishdek sirli va xos jarayonning bayoni beriladi.
«Badoye’ ul-vasat» devonidagi birinchi gʻazal esa mutlaq muhabbat mazharining «navbahori oraz»i tavsifi bilan boshlanib, unda shoir olamning goʻzalligi, tabiatdagi yaralish va ijod jarayonining asl ijodkoriga sano yoʻllashda eng nozik iboralar, eng chiroyli tashbihlarni qoʻllaydi:
Ey navbahori orazing subhiga jonparvar havo,
Andin gul-u bulbul topib yuz barg birla ming navo.
«Favoyid ul-kibar» devoni:
Ey, yetti manzar tarhigʻa me’mori sun’ingdin bino,
Masnu’lari foniy, vale maslub soni’dan fano, ‒
matla’li gʻazal bilan ochilgan.
Kulliyotdagi qolgan gʻazallar oshiqona, orifona, rindona kabi turlarga boʻlinsa-da, ular devonlar nomi va oʻrnidan kelib chiqib muayyan ruh bilan sugʻorilgan. Xususan, dastlabki devonlardan yoshlikka xos joʻshqinlik va shijoat ruhi yetakchi gʻazallar oʻrin olgan boʻlsa, «Favoyid ul-kibar»da ijtimoiy ruh yetakchi boʻlgan gʻazallar koʻpchilikni tashkil etadi. Murakkab hayot yoʻlini bosib oʻtgan shoir oʻzining uzoq kuzatish va mushohadalar natijasida hosil boʻlgan xulosalarini, davr ahli haqidagi achchiq mulohazalarini keksalik devonidagi gʻazallarida yuksak ehtiros bilan ifodalaydi:
Dahrda yoʻqtur karam, dahrning ahlida ham,
Qilmagʻasen, ey koʻngil, fikri muhol oʻzgacha (548-gʻazal).
Koʻringanidek, Navoiy devonlaridagi gʻazallarning taqsimlanishi xronologik jihatdan nisbiy boʻlsa-da, shoir ularning umumiy ruhiyatini devonlar tartibiga moslashtirishga harakat qilgan. Bu holat uning tabiat tasviri bilan bogʻliq gʻazallari tahlilida ham namoyon boʻladi. Navoiyning ushbu yoʻnalishdagi gʻazallarining deyarli barchasi bahor va bahordagi yomgʻirli tong payti tasviri bilan bogʻliq (Y.Is’hoqov). Ularda tabiat tasviri faqat estetik funksiyani bajaribgina qolmay, muhim ijtimoiy-axloqiy vazifani ham ado etadi. Har bir gʻazal oʻzining muayyan xarakterli belgilari bilan inson uchun ibrat sifatida xizmat qiladi. Agar yigitlik davri lirikasida bu yoʻnalishdagi gʻazallarda bahorga xos holat lirik qahramon kechinmalari va ruhiyati bilan qiyosan kontrast usuli vositasida tavsif etilsa («Navbahor ayyomi boʻlmish, men diyor-u yorsiz», «Gʻaroyib us-sigʻar», 204-gʻazal), «Badoye’ ul-vasat» devonidan oʻrin olgan gʻazallarda bahor faslining muvaqqat va gʻanimat ekanligi olam va odam umrining oʻtkinchiligiga bogʻliq holda falsafiy-ijtimoiy mohiyat kasb etadi («Pili gavharkashdurur har yon sahobi pilrang» deb boshlanuvchi gʻazal).
Navoiyshunoslikda shoir gʻazallarini tasniflashda shoirning «Favoyid ul-kibar» devonidagi qit’asiga diqqat qaratiladi. Navoiy ushbu qit’ada:
Gʻazalda uch kishi tavridur ul nav’
Kim, andin yaxshi yoʻq nazm ehtimoli, –
deb yozar ekan, Xusrav Dehlaviyning oshiqona, Hofiz Sheroziyning rindona va Abdurahmon Jomiyning orifona gʻazallaridan ruhlanganini e’tirof etadi. Kulliyotdagi har bir devonning soʻnggi gʻazallarini oʻzaro qiyosan oʻrganish asnosida e’tiborli bir holat koʻzga tashlanadi: «Gʻaroyib us-sigʻar»da Xusrav Dehlaviy, «Navodir ush-shabob»da Hofiz Sheroziy nomiga urgʻu qaratilgan boʻlsa, «Badoye’ ul-vasat» Abdurahmon Jomiy yodi bilan intiho topadi. «Favoyid ul-kibar»da Navoiy «toʻrt daftar», ya’ni devonlarni yakunlayotganiga ishora qilar ekan, oʻz soʻzini aynan Rasulluloh madhi bilan tugallamoqchi ekanligini alohida ta’kidlaydi:
Sening madoyihi na’tingda, yo Rasululloh,
Tamom boʻldi Navoiy takallumi poki.
Bu holat buyuk shoirning Rasululloh (s.a.v.)ga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbati, ul zotning shafoatiga muyassar boʻlish istagini ifodalaydi.
«Xazoyin ul-maoniy»ga kiritilgan toʻrtta mustazod ham mavzu jihatidan rang-barang. Shoir devonlardagi janrlarni qoʻllashda muayyan tartibga rioya qilganidek, she’rlarni mazmun-mavzusi asosida taqdim etishda ham muayyan izchillikni saqlab qoladi. Shu bois birinchi devon ‒ «Gʻaroyib us-sigʻar»ga hamd mazmunidagi mustazod (Ey husnunga zarroti jahon ichra tajalliy, mazhar sanga ashyo // Sen lutf bila kavn-u makon ichida mavliy, olam sanga mavlo), «Navodir ush-shabob»ga rindona (Din ofati bir mugʻbachayi mohliqodur, mayxora-vu bebok // Kim ishqidin oning vatanim dayri fanodur, sarmast-u yaqom chok), «Badoye’ ul-vasat»ga oshiqona (Ne voʻsma-vu ne kesmadur ul zulfi sumansoy, ne gʻamzayi jodu // Mashshota sanga zoli falakdur magar, ey oy, xurshid anga koʻzgu), soʻnggi devonga orifona mazmundagi (Bordim bu sahar dayri fano sori urub gom, maxmuri shabona, // Tortar edi har lahza sabuh ahli ichib jom, noqusi mugʻona) mustazodni kiritadi.
Kulliyotdan jami oʻnta muxammas oʻrin olgan boʻlib, ular asosan taxmis yoʻnalishida: uchta taxmis «malik ul-kalom» Lutfiy gʻazallarini beshlantirish asosida vujudga kelgan boʻlsa, qolgan yetti taxmis shoirning oʻz gʻazallariga bitilgan. Musaddas janridagi she’rlari misolida Navoiy oʻz zamondoshlari Lutfiy va Husayniy she’rlarini qayta jonlantirdi: kulliyotdagi beshta musaddasdan ikkitasi Lutfiy, bittasi Husayniy gʻazaliga bogʻlangan. Qolgan ikki musaddasdan biri oʻz gʻazaliga tasdis, ikkinchisi shoirning oʻz tab’ida yaratilgan musaddasidir. Navoiy oʻzigacha turkiy tilda faqat Yusuf Amiriy she’riyatida qoʻllanilgan janr – musammanga ham murojaat qildi. Har bir bandi sakkiz misradan iborat yetti bandlik, jami ellik olti misradan iborat bu musamman «Favoyid ul-kibar» devoniga kiritilgan. Devonlarning har biridan oʻrin olgan toʻrtta tarji’bandning dastlabki ikkitasi tasavvufiy-falsafiy, qolgan ikkitasi ishqiy mavzuda. «Gʻaroyib us-sigʻar»ga kiritilgan tarji’band «Ketur, soqiy, ul mayki, subhi alast» misrasi bilan boshlanib, hajman 10 band (har bandda 10 bayt), 100 baytni oʻz ichiga oladi. Kulliyotidan oʻrin olgan ikkinchi tarji’band «Jahon qasrigʻadur su uzra bunyod» misrasi bilan boshlanib, hajman 8 band (bandlar 11 – 12 baytli), 103 baytni oʻz ichiga oladi. «Badoye’ ul-vasat» devoniga kiritilgan tarji’band esa ishqiy mavzuda boʻlib, «Ey kirpiki nesh-u koʻzi xunxor» misrasi bilan boshlanadi. Hajman 7 band (har bir band 8 bayt), 56 baytdan iborat. Kulliyotdagi soʻnggi tarji’band «To xarobot aromen durdoshom» misrasi bilan boshlanadi. Hajman 10 band (har bandda 11 bayt), 110 baytdan iborat boʻlib, «Favoyid ul-kibar» devoniga kiritilgan.
Kulliyotda yagona hisoblangan, «Navodir ush-shabob»dan oʻrin olgan tarkibband Sayyid Hasan Ardasher xotirasiga bagʻishlangan boʻlib, marsiya yoʻnalishida. Hajman 7 band, 56 baytdan iborat bu tarkibband quyidagicha boshlanadi:
Dahr bogʻiki jafo shoriidur har chamani,
Juz vafo ahligʻa sonchilmadi aning tikani…
«Xazoyin ul-maoniy»dan oʻrin olgan bitta masnaviy ham Sayyid Hasan Ardasher nomi bilan bogʻliq. Masnaviy hajman 148 baytdan iborat boʻlib, yosh shoirning safar oldidan ustozi va doʻstiga yozgan she’riy maktubini oʻz ichiga oladi. Ushbu masnaviy-maktub shoirning yoshlik lirikasi mahsuli boʻlib, kulliyotning birinchi devoniga kiritilgan.
Kulliyotga kiritilgan yana bir yirik janr qasida boʻlib, hajman 91 baytdan iborat. Qasida 1469-yilning 14-aprelida ramazon hayiti kuni yozib tugallangan va Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda shohga taqdim etilgan. Qasida Navoiyning yoshlik lirikasi mahsuli boʻlsa-da, shoir kulliyotning shakliy jihatlarini hisobga olib uni uchinchi devoni ‒ «Badoye’ ul-vasat»ga kiritadi. Qasida shoirning avvalgi rasmiy devonlariga kiritilmaganligidan uni Navoiy keyinchalik qayta ishlagan va hozirgi tugal holatga keltirgan boʻlsa kerak degan taxmin kelib chiqadi. Qasidaning «Hiloliya» deb atalishiga sabab, shoir Husayn Boyqaroning taxtga oʻtirishini yangi chiqqan oy – hilolga qiyos qiladi.
Turkiy adabiyotga soqiynoma janri ham Navoiy ijodi bilan birga kirib keldi. «Favoyid ul-kibar» devonidagi kichik dostonga qiyoslash mumkin boʻlgan soqiynoma hajman 458 baytdan iborat boʻlib, Navoiy yashagan davrdagi tarixiy shaxslar, davr muammolari, eng avvalo, Navoiy shaxsi bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni oʻzida aks ettirganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Kulliyotdan 210 ta qit’a ham oʻrin olgan boʻlib, «Badoye’ ul-vasat»ga 60 ta, qolgan devonlarga 50 tadan qit’alar joylashtirilgan. Kulliyot devonlaridagi qit’alar ham an’anaviy hamd va na’t mavzusi bilan boshlanib, ijtimoiy hayot masalalari, muayyan davr voqea-hodisalari hamda u yoki bu guruh vakillari faoliyati haqidagi mazmun bilan davom etadi.
«Xazoyin ul-maoniy» kulliyotidagi barcha devonlar muayyan kichik lirik janrlar bilan ziynatlangan. «Gʻaroyib us-sigʻar»da bu holat ruboiy janri vositasida namoyon qilingan boʻlsa, «Navodir ush-shabob» muammo, «Badoye’ ul-vasat» lugʻz va tuyuq janrlari joylashtirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi, «Favoyid ul-kibar» esa xulosalovchi janr hisoblanmish fard bilan yakunlangan. Bu holat faqat shakliy xususiyat kasb etmay, devonlarning nomlanishi va mohiyati bilan ham aloqador. Kichik lirik janrga mansub she’rlar oʻzaro boshqa devonlarda uchramaydi, ya’ni ruboiylar «Navodir ush-shabob»da, fardlar esa «Gʻaroyib us-sigʻar»da yoʻq. Alisher Navoiy bu janrlarni devonlarga taqsimlar ekan, mantiqiylikka ham rioya qilgan. Masalan, ruboiyda fikr va tuygʻuni loʻnda tarzda ifodalash imkoni mavjud va aksar ruboiylarda asosan ishq mavzusi yetakchilik qilgan. Bu esa aynan insonning ulgʻayish jarayonidagi holatlarini oʻzida aks ettirayotgandek. Muammo esa kishidan zehn, diqqat va aqliy mehnat talab qiladi. Yigitlikda insonning aqli charxlanib boradi. Shu bois «Navodir ush-shabob»da muammolarning kelishi ayni shu holatning ifodasi deyish mumkin. Qolaversa, «Xazoyin ul-maoniy»ga qadar yaratilgan «Badoye’ ul-bidoya» devoniga kiritilgan muammolarning barchasi «Navodir ush-shabob»ga koʻchib oʻtgan. Demak, shoir turkiy tildagi barcha muammolarini qirq yoshiga qadar yozib boʻlgan.
«Badoye’ ul-vasat»da kelgan lugʻz janriga oid she’rlar topqirlikni, tuyuqlar esa hassoslikni, sezgirlikni talab qiladi. Oʻrta yoshlarda inson, odatda, hayot haqiqatlarini toʻla bir shaklda tushunadi, qalbidan oʻtkazadi. Bu janrga mansub she’rlar esa ayni shu holatga mos keladi. Alisher Navoiy devonni tartiblashda bu holatga ham diqqat qaratgan, nazarimizda. Fard, asosan, pandnoma ruhida yoziladi. Unda hayotiy xulosalar quyma misralarda aks ettiriladi. Keksalik donishmandlik va mutafakkirlik maqomidir. Bu maqomdan turib hayotiy tajribalarni oʻzida mujassam qilgan chuqur mazmunli fardlarni yaratish tabiiy. Shuning uchun Alisher Navoiyning fardlari «Favoyid ul-kibar» devonidan oʻrin olishi zamirida ushbu oʻziga xoslikni payqash mumkin. Qolaversa, yoshligida doʻstlari va yaqinlari koʻp boʻlgan inson keksayganda, oʻzi istasa-istamasa, fardlikka – yolgʻizlikka yuz tutishi kuzatiladi. Fardlarning faqat «Favoyid ul-kibar»da keltirilishi ushbu haqiqatning tasdigʻi ham boʻlishi mumkin. Bu holatlar Alisher Navoiy she’rlarni oʻz kulliyotiga joylashtirishda janrlarning nafaqat shakli, balki mohiyatiga ham diqqat qaratganini asoslaydi.
Olim H.Sulaymonovning izlanishlari shuni koʻrsatadiki, Navoiy «Xazoyin ul-maoniy» kulliyotini tuzish ustida bir necha yil tinimsiz mehnat qilgan va 1498- yildagina uni hozirgi holatda tugal tarzda yakunlagan. Navoiy kulliyot devonlarini oʻzaro ichki mustahkam bogʻliq holda va qat’iy mutanosiblikda tuzadiki, ularga keyinchalik birorta gʻazal kiritish yoki devonlar tarkibidan tushirib qoldirish, hatto ichki oʻrnini almashtirish ham mumkin boʻlmagan.
Yüklə 22,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin