Xii-xv asrlarda O’rta Osiyoda falsafiy fikrlar



Yüklə 41,7 Kb.
tarix15.04.2023
ölçüsü41,7 Kb.
#98374
XII-XV asrlarda O’rta Osiyoda falsafiy fikrlar


XII-XV asrlarda O’rta Osiyoda falsafiy fikrlar

Feodal tuzumga qarshi qaratilgan harakat sifatida ma'rifatparvarlikning kelib chiqishining umumiy qonuniyati turli xalqlarda turli tarixiy davrlarda o‘z xususiyatlariga ega. Shunday bo‘lsa ham, har bir xalqning ma'rifatparvarligi umumiy tarixiy jarayonning ifodasidir. Ovrupoda bo‘lgani kabi, Markaziy Osiyoda ham ma'rifatparvarlik feodal munosabatlar, eskilik, qoloqlik va an'analarga qarshi qaratilgan oqim sifatida o‘zini namoyon qildi. Uning shakllanishi va rivoji ovrupo madaniyatining ta'siri, feodal holatdagi Markaziy Osiyo va sarmoyadorlikka o‘tgan Rossiya o‘rtasidagi mavjud qarama-qarshilik bilan bog‘langan edi.


Turkistonda ma'rifatparvarlik uzoq tarixiy ildizga ega. XIX asrda ma'rifatparvarlik falsafasining kuchayishi XVI asrda Buyuk ipak yo‘lining o‘z faoliyatini to‘xtatishi, dengiz yo‘llarining ochilishi hamda XVIII-XIX asrlarda yevropa mamlakatlarida sodir bo‘lgan shiddatli texnologik rivojlanish natijasida O‘rta Osiyo xonliklarining ob'ektiv sabablarga ko‘ra taraqqiyotdan orqada qolishi bilan bog‘liqligi hyech kimga sir emas. Xalq xo‘jaligi va umumiy taraqqiyotga katta zarar yetkazgan ichki o‘zaro urushlar esa bu qoloqlikning sub'ektiv sabablari hisoblanadi. Shunday sharoitda ilg‘or ziyolilar mazkur qoloqlik sabablarini teran tahlil qilib, taraqqiyotga erishish yo‘llarini izlay boshladilar va keng xalq ommasini ma'rifatli qilishni bu yo‘ldagi birlamchi vazifa deb bildilar. Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinib, Buxoro va Xivaning unga tobe' bo‘lishi mintaqani markazning xom ashyo manbaiga aylantirib, vaziyatni yanada chuqurlashtirdi. Shu bilan birga, bir tomondan - bank sarmoyasi, ikkinchi tomondan - yevropa va Osiyodan demokratik g‘oyalarning kirib kelishi dunyo bilan iqtisodiy aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini namoyon etdi, mintaqada hurfikrlilikning rivojlanishiga imkon yaratdi. Bu asosiy maqsadlaridan biri ma'rifatparvarlik bo‘lgan milliy ozodlik falsafasining shakllanishidagi ilk qadamlar edi. Uning tarafdorlari mintaqaning turli burchaklarida ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlarini boshqarish, tashkil qilish yoki qo‘llab-quvvatlashdan hali uzoq bo‘lsalar-da, lekin ularning kelib chiqish sabablarini yaxshi anglar edilar va bu toifaning mavjud tuzumga tanqidiy munosabati, islohot o‘tkazish zarurligini tushunishi -o‘sha davr uchun katta yutuq edi. Taniqli olim Ahmad Donish islohotlar o‘tkazishning eng faol tarafdorlaridan biri edi. Keyinchalik Muqimiy, Furqat, Hamza, Berdaq, Zavqiy, Bayoniy, Avaz O‘tar kabi shoirlar o‘z she'rlarida xalqni ilm va ma'rifatga chaqirdilar. Abay, Cho‘qon Valixonov kabi taniqli arboblar demokratik g‘oyalar bilan qurollangan bo‘lib, ular bu mushkul ahvoldan chiqishning yo‘lini nafaqat ma'rifatda, balki turkiy xalqlarning birlashuvida ko‘rar edilar. Xuddi shu zaminda ma'rifatparvarlikdan siyosiy talablarni ko‘tarib chiqishga qadar yuksalgan jadidchilik o‘sib chiqdi.
Islohotchilik va ma'rifatparvarlik yangi falsafasining shakllanishida qomusiy bilim sohibi, tabiiy va aniq fanlarni chuqur bilishi tufayli muhandis deb ulug‘langan Ahmad Donish (1827-1897) (To‘liq ismi - Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Hanafiy as-Siddiqiy al-Buxoriy) alohida o‘rin tutadi. U astronomiya va kosmologiya sohalaridagina tadqiqotlar olib borib qolmay, falsafa, tarix, adabiyot, musiqa san'ati va xattotlik fanlarida ham yetuk edi. Uning nafaqat davlatchilik tarixi haqidagi bilimlar va masalaning falsafiy jihatlari, balki amaliy tajribaga ham asoslangan davlatning qanday bo‘lishi to‘g‘risidagi falsafiy xulosalari jamiyatga kuchli ta'sir ko‘rsatdi. XIX asr 50-yillarining o‘rtalarida Amir Nasrullo saroyiga bosh xattot va musavvir sifatida xizmatga kirgan Ahmad Donish bu yerdagi muhit uning adolatli davlat tuzumi haqidagi tasavvurlariga to‘g‘ri kelmagani uchun o‘z ixtiyori bilan saroy xizmatini tark etadi. Qo‘shin va hukmdorlarga xizmatda tartibning yo‘qligi menga og‘ir va samarasiz tuyuldi, deb yozadi u, shuning uchun meni taklif etganlari va ta'na qilganlariga qaramay, quruq nonga qanoat qilib, madrasaga o‘rnashib oldim1. Chuqur bilimini hisobga olib, Buxoro amirlari uni uch marta (1857, 1869, 1874) Rossiyaga jo‘natilgan elchilar tarkibiga qo‘shadilar. O‘sha vaqtda Buxoroga qaraganda rivojlangan mamlakatga qilingan safarlar uning hukmron doiralarga bo‘lgan munosabatini yanada keskinlashtirdi - chunki u boshqaruv shakllarining eskirganligi va qoloqligi sabablarini anglab yetdi. Donishning umumiy tenglik to‘g‘risidagi «Franklar nazariyasi» bilan tanishligini taxmin qilish mumkin. 1869 yili Peterburgda bo‘lganida u rus olimlari, jumladan, N.G. Chernishevskiy, N.A.Dobrolyubov va Rossiyaning demokratik kayfiyatdagi boshqa ziyolilari bilan aloqada bo‘lgan mashhur sayyoh P.I.Pashino bilan uchrashadi2. Ehtimol, bu nazariya bilan u ana shu uchrashuvda tanishgandir.
Donishning siyosiy, ijtimoiy va falsafiy qarashlari uning «Navodir ul-vaqoe» («Nodir voqyealar») kitobida o‘zining nisbatan to‘liq ifodasini topgan*. Risolada u falsafa, axloq, ijtimoiy hayotning turli masalalari, davlat qurilishi va odamlarning o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida mulohaza yuritadi, mavjud idora usulini tanqid qilib, Buxoro xonligining davlat boshqaruvini isloh qilishni taklif etadi. «Risolai muxtasare - tarixi saltanati xonadoni tarixi mang‘itiya» («Mang‘itlar sulolasi saltanati tarixi haqida muxtasar risola») asarida mamlakatdagi vaziyat, boshqaruv tizimi, xalqning ahvoli shuningdek, Rossiya bilan urush o‘zining yorqin ifodasini topgan3.
«Ular, - deb yozadi u Buxoro amirlari (Doniyoldan tortib Abdulahadgacha, faqat Shohmurod bundan mustasno - D.A.) haqida, - nimaiki topmasinlar, o‘zlariga olishadi - bevalar chirog‘idagi alangadan tortib vaqf omborlaridagi nongacha o‘g‘irladilar va bularning barchasi o‘z qursoqlari va aysh-ishratlari uchun... jabr-zulm, xo‘rlik, aminona, vakilona singari turli soliqlarning ko‘pligidan dehqon va hunarmandlarning na sabr qilishga ham, na kurashishga imkoniyati qolgan edi»4.
Ahmad Donish ma'rifatparvarlik yo‘nalishidagi islohotlar tarafdorigina emas edi. Amaldorlarning shaxsiy manfaati yo‘lida o‘z mansabini suiiste'mol qilishi, hukmdorlarning ochko‘zligi va shariat qonunlarini o‘z foydasiga xizmat qildirishi, sxolastikaga asoslangan ta'limning ahvoli, davlat mustaqilligini saqlashga yo‘naltirilgan tashqi siyosat tizimining mavjud emasligi, umumiy dushmanga qarshi kuchlarni birlashtirish o‘rniga, mintaqadagi yangi yerlarni bosib olishga qaratilgan nihoyatda cheklangan biryoqlama intilishlar - bularning barchasini ko‘rib, u nafaqat tanqidchi faylasuf bo‘lib yetishdi, balki Vatanining qashshoq ahvolini idrok etishday zalvorli yuk uning chekiga tushdi. U rivojlangan mamlakatlar to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega edi va bir kuni xalq bu holatni yorib chiqishiga hamda u ilg‘or tashabbuslar shaklida namoyon bo‘lishiga ishonar edi. A.Donishning o‘zi davlat qurilishini isloh qilishning batafsil loyihasini tuzadi. Unda irrigatsiya, jumladan, Amudaryodan Buxorogacha bo‘lgan katta sug‘orish kanalini qazish, hunarmandchilik, fan va maorifni rivojlantirishga katta ahamiyat berilgan edi.
O‘sha davr Misr islohotchilari kabi Ahmad Donish fatalizmga qarshi chiqdi. U inson hamma narsa faqat yaratgandan deb o‘tirmay, o‘z ahvolini yaxshilash uchun faol harakat qilishi kerakligi g‘oyasini ilgari surib, har bir kishi o‘z taqdirini o‘zi xal qilish mumkinligini va Alloh tomonidan bunga katta imkoniyat berilishini uqtirdi. Uning fikricha, davlat bir to‘da kishilarning emas, balki xalqning manfaatlarini qondirishga xizmat qilishi kerak, davlat rahbarlari esa, mamlakat va jamiyat farovonligi to‘g‘risida qayg‘urishi lozim. Ahmad Donishning aholisining dini va milliy mansubligidan qat'i nazar ilg‘or mamlakatlardan ibrat olish kerakligi haqidagi nuqtai nazari ham jadidchilik ta'limotining asosiga aylandi. Ahmad Donish g‘oyalari tarixnavislikda ham tub to‘ntarish yasadi, tarixda ilmiy xolislik falsafasining shakllanishiga yordam berdi.
Amir saroyida nufuzli mansablarni egallagan Mirzo Muhammad Abdulaziz Somiy Bo‘stoniy (1835-1907) va Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahim (1850-1930) kabi uning yosh izdoshlari ham o‘zlarining «Tarixi salotini mang‘itiya dorussaltanati Buxoroi sharif» va «Tarixi Salimiy» nomli asarlarida Rossiya tomonidan O‘rta Osiyo xonliklarining bosib olinishi, mamlakatning boshqarilishi, o‘z shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab shariat qonunlari va islom falsafasi asoslarining qasddan buzilishi singari hodisa va dalillar tahlili asosida xalqning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli to‘g‘risida to‘liq tasavvur beradilar.
Ahmad Donishdan keyin ular Sharq tarixnavisligida qaror topgan hodisalarga baho berishda hukmron sulolalar va hukmdorlar bilan bog‘liq ravishda ko‘tarinki uslubda yondashish an'analaridan voz kechish bilan tarixda ilmiy xolislik tamoyilini rivojlantirdilar.
Qozoq yozma adabiyoti va she'riyatining asoschisi, ma'rifatparvar va faylasuf Abay (Ibrohim Qo‘nonboev) (1845-1904) Sa'diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Nodira kabi Sharq mumtoz so‘z san'atkorlari she'rlari ruhida tarbiyalandi va ta'lim oldi. U Alisher Navoiyni o‘zining ustozi hisoblar edi. 1886-1895 yillar uning ijodiy takomilida ayniqsa samarali bo‘ldi5. U o‘z asarlarida Sharq falsafasining ma'naviy negizlarini, muhabbat, do‘stlik, insonning insonga hurmatini targ‘ib etdi. «Mening elim - qozog‘im», «Adashganning oldi yo‘q», «Ilm topmay maqtanma», «Yoshlikda ilm deb o‘yladim», «Boylar yurar molin ardoqlab» va boshqa she'rlarida yosh avlodni ilm olish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishga chaqirdi.
Abay 300 ga yaqin she'riy asarlar muallifi bo‘lib, ularning barchasida xalqni ilm-ma'rifat, insoniylik, halollik, sevgi-sadoqatga da'vat etish g‘oyalari asosiy o‘rin tutadi.
Rus adabiyoti va o‘sha davrda Semipalatinskka surgun qilingan I.I.Dolgopolov, ye.P.Mixaelis va boshqa Rossiyaning demokratik kayfiyatdagi ilg‘or ziyolilari bilan tanishishi Abayga katta ta'sir ko‘rsatdi. Abayning nafaqat adib, balki ijtimoiy shaxs sifatidagi siymosi butun turkiy dunyo ilg‘or ziyolilari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki uning hamjihatlik, do‘stlik va birodarlikka qilgan da'vatlari istiqlol va mustaqillik uchun siyosiy harakatlar pishib yetilgan barcha joylarga borib yetdi.
Ma'rifatparvar va demokrat Cho‘qon Valixonov (1835-1865)ning asl ismi Muhammad Hanaviya bo‘lib, serqirra tarixchi olim, etnograf, folklorshunos, geograf va, ayni paytda, musavvir ham edi. Qozog‘istonning Kustonoy viloyatida tug‘ilgan, harbiy bo‘lish maqsadida Omskdagi Kadet korpusini tugatgan bu inson Sankt-Peterburg universitetining tarix-filologiya fakultetida ma'ruzalar tinglaydi va xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plab, butun Markaziy Osiyoni o‘rganadi. U tarix, geografiya, etnografiya, siyosiy iqtisod, arxeologiya, folklorshunoslik sohalarida ilmiy asarlar yaratadi. Uning «Jung‘ariya tarixi», «Qo‘lja safari kundaligi», «Qashg‘ar safari kundaligidan», «Qirg‘izlar», «Xon Abiloy», «Xitoy imperiyasining g‘arbiy o‘lkasi va G‘ulja shahri», «Ko‘kitoy xonning oshi», «Dala musulmonligi», «Qozoqlar haqida yozmalar», «Sud reformasi haqida», «Qozoq shajarasi» kabi asarlari Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, G‘arbiy Xitoy, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur kabi xalqlarning etnografiyasi, turmushi, madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo xalqlar hayoti, turmushi bilan bevosita tanishish, shuningdek, yevropa va butun dunyoda kechayotgan jarayonlar to‘g‘risida mulohaza yuritish uning demokratik qarashlarining o‘sishiga yordam berdi. Ma'rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilar ekan, u ko‘chmanchi xalqlarni o‘troq bo‘lib yashash, rus madaniyati va Rossiya fanining yutuqlari bilan tanishishga da'vat etdi. Cho‘qon Valixonov D.I.Mendeleev, P.P.Semyonov-Tyanshanskiy, G.N.Potanin kabi rus olimlari bilan shaxsan tanish edi. U siyosiy-falsafiy tafakkurda realizm an'analarining tarafdori edi va bu boradagi qarashlari o‘z tadqiqotlari va 150 ga yaqin tasviriy san'atga oid asarlarida davom ettirdi.
O‘z ta'biricha, «taraqqiyotning qandaydir g‘ayritabiiy inqirozi»6 namunasi bo‘lgan Markaziy Osiyoning qayg‘uli ahvolini chuqur idrok etgan Cho‘qon Valixonov buning sabablarini nafaqat qoloqlikda, ayni paytda, mahalliy xalqlarning siyosiy faolligi kuchayishidan cho‘chib, ularni ma'rifatli qilishdan manfaatdor bo‘lmagan Rossiya imperiyaparast ma'muriyatining o‘lkani mustamlaka sifatida boshqarishida ham ko‘radi.
Sud jarayonlarini isloh qilishga tayyorgarlik ko‘rish davrida Cho‘qon Valixonov Rossiya ma'muriyati oldiga Turkistonning mahalliy xalqlari manfaatlarini hisobga olgan holda, bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirish taklifini qo‘ydi. U yozadi: «Hozirgi davrda xalq uchun eng muhim va yaqini bevosita xalqning zarur ehtiyojlariga taalluqli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni o‘tkazish hisoblanadi... Shu nuqtai nazardan faqat kishilar turmushini yaxshilashga yordam beradigan islohotlargina foydali bo‘lib, bu maqsadga erishishga biror sabab bilan xalaqit beradiganlari zararlidir»7.
Cho‘qon Valixonov mavjud tuzumni tubdan o‘zgartirish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan emas, uning fikricha, xalqning ahvoli uni kim boshqarishi, rahbarning qanchalik ma'rifatliligiga bog‘liq. Lekin u hukmron tabaqalar siyosiy hokimiyatining cheklanishini xalqning erkin rivojlanishining zarur sharti deb hisoblardi. Ma'rifat hamda yashash va mehnat qilish uchun yaxshi sharoit va dono hukmdorlar - mana Valixonovning demokratik intilishlarining asosi.
Ch.Valixonov tabiatni tadqiq etish usulini ijtimoiy taraqqiyot qonunlarini o‘rganishga joriy etishni taklif qildi. «Sibir boshqarmasi qirg‘izlari sud reformasi haqida yozmalar»ida u turli islohotlarni hayotga joriy etish qishloq xo‘jaligida ekinlarni yetishtirishda qo‘llanadigan usullarga asoslanishi, ya'ni, avvalo ekinning o‘zini o‘rganish, uning qanday tuproqda o‘sishi, qancha yorug‘lik, issiqlik va boshqalarni talab qilishini bilish kerak, - deb yozadi. «Bu nazariya­ning mohiyati ekinga u muhtoj bo‘lgan narsani berish, uning o‘sishiga xalaqit beradigan barcha narsalarni bartaraf etishga asoslanadi»8. Jamiyatga munosabatda ham xuddi shunday yo‘l tutish, ya'ni ekinning hayoti kabi jamiyat hayotini ham fanniy bilimlar yordamida boshqarish lozim. Ch.Valixonov tomonidan ilgari surilgan bu qoidalar ilg‘or ijtimoiy fikrlar rivojiga nihoyatda qimmatli hissa bo‘lib qo‘shildi9.
Mashhur o‘zbek ma'rifatparvari, diniy arbob, sharqshunos Sattorxon Abdulg‘afforov (Abdusattorxon Abdulg‘affor o‘g‘li) (1846-1901) o‘z dunyoqarashida islom, sharq va g‘arb qadriyatlarini ajoyib bir tarzda uyg‘unlashtirgan nodir siymo sifatida namoyon bo‘ladi. U hayoti davomida Chimkent va Qo‘qonda mufti va qozi, «Turkiston viloyatining gazeti»da tarjimon, Toshkentdagi o‘qituvchilar seminariyasida sharq tillari muallimi kabi vazifalarda xizmat qiladi. Uning, ayniqsa sharqshunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi, ilmiy izlanishlari, jumladan, Qo‘qon xonligi tarixi bo‘yicha ocherki, islom fiqhshunosligiga oid «Al-hidoya» nomli mashhur to‘plamning rus tiliga tarjima qilinishidagi ishtiroki olimlar tomonidan yuksak baholangan.
Sovet tarixnavisligida Sattorxon Abdulg‘afforovning faoliyati uning rusparastligi sifatida baholangan, Turkistonning Rossiyaga «qo‘shilishi»ning ijobiy tomonlari to‘g‘risidagi fikrlari mafkuraviy qoliplarda talqin qilingan. Bunday nuqtai nazar moskvalik sharqshunoslar o‘rtasida hozir ham mavjud10. Holbuki, bunday biryoqlama baho uning har jihatdan turli-tuman bo‘lgan ikki qarama-qarshi tomonni kelishtirishga asoslangan falsafasining mohiyatini tushunmaslik bilan izohlanadi. Sattarxon faqat Rus ma'muriyati tomonidan islom imperiyadagi rasmiy dinlardan biri sifatida qabul qilingan sharoitdagina bunday kelishish mumkin, deb hisoblaydi. 1883 yilning 27 dekabrida hukumat tomonidan turkistonliklarga, xususan, ta'lim sohasi va diniy e'tiqod masalasida yon berishni so‘rab Turkiston o‘lkasi bo‘yicha o‘quv ishlari bosh noziriga yo‘llagan, mazmunidan Turkiston general-gubernatori M.G.Chernyaev ham xabardor bo‘lgan maktubida u «xalq maktablari» (ya'ni, rus - tuzem - D.A.)da islom dinini o‘qitish (jumadan tashqari)ga ruxsat berishni so‘raydi. «Rus alifbosi bilan birga, mahalliy alifbo ham o‘rgatilishi», ayni paytda, milliy kiyimlarni yevropacha liboslar bilan almashtirilishini talab qilmaslik kerak hamda Turkiston mahalliy xalqining milliy an'analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish shart, deb yozadi u.
«Islom dinini o‘qitish sira ham asosiy ishimizga ziyon yetkazmaydi ... , - deb yozadi u, - islom go‘yo musulmon tamadduniga to‘siq bo‘ladi degan qarashlarga javoban shuni aytmoqchimanki, dindoshlarimiz bo‘lgan arablarda Muhammad payg‘ambar davridan boshlab tamaddun gullab-yashnagan edi. Muhammaddan keyin ham uning xalifalari zamonida taraqqiyot yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solindi. Agarda islom taraqqiyotga to‘siq bo‘lsa, Muhammad hyech qachon olimlarga homiylik qilmas, xalifalar tamaddunni rivojlantirishga intilmas, Qur'onning birgina so‘zi bilan unga qarshi chiqar edilar».
Aynan Qur'onni va din tarixini chuqur bilishi uning islom qonunchiligi me'yorlari bilan hisoblashishni istamaydigan konservativ ulamolarning harakatlarini salbiy baholashiga imkon berdi. Lekin dindorlar tomonidan vaqflar taqsimotida sodir bo‘layotgan adolatsizliklar va vaqf mulklarining talon-toroj qilinishi haqida mulohaza yuritar ekan, Sattorxon faqat chor amaldorlari tartib o‘rnatishi mumkin, buning uchun esa, qozilar, ellikboshilar va boshqa amaldorlarning saylab qo‘yilishini bekor qilib, uning o‘rniga hukumat tomonidan ularni tayinlash tizimini joriy etish kerak deb, metropoliyaning davlat tizimini ideallashtiradi.
Shunday qilib, Sattorxonning qarashlari romantik xususiyatga ega edi: tushunadigan, o‘zi bosib olgan xalq haqida qayg‘uradigan muruvvatli mustamlaka hukumat, va o‘z navbatida, tinchlikni hamda har jihatdan rivojlangan Rossiyaning yutuqlarini o‘zlashtirishning foydasini anglaydigan xalq.
Bularning barchasiga qaramay, Sattorxon Abdulg‘afforov kabi ma'rifatli kishilarning bunday qarashlari hukumat doiralarining turli qarorlar qabul qilishlarida real ta'sir ko‘rsatish maqsadiga yo‘naltirilgan edi.
Ayni paytda, o‘ziga zamondosh bo‘lgan ko‘plab ma'rifatparvarlar kabi, u taqdirning oldindan belgilab qo‘yilishi tarafdori bo‘lmay, yaratuvchi insonni birinchi navbatda bilim orqali o‘zini-o‘zi kamolotga yetkazishi uchun katta imkoniyatlar bergan, deb hisoblaydi.
Muhammad Rahimxon II - Feruz (1844-1910) - Xiva xonligi hukmdori edi. Uning ma'rifatparvarlik faoliyati va she'riyat, davlat boshlig‘i sifatida fan, madaniyat va adabiyotga homiyligi ijtimoiy fikr taraqqiyotiga kuchli ta'sir ko‘rsatdi va katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
XIX asrda Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Bayoniy, Hamzalarning zamonaviy she'rlari keng tarqalib, og‘izdan-og‘izga o‘tib, aytib yurilgan. Bu insonlar ham ma'rifatning qizg‘in tarafdorlari bo‘lib, faqat bu boradagi qarashlarini she'riy shaklda ifodalaganlar. She'ru g‘azallar aholi o‘rtasida tez tarqalishi jihatidan katta ahamiyat kasb etar, xususan yoshlar ma'rifat targ‘ibotining eng ta'sirchan shakli edi.
Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy (1850-1903) va Zokirjon Furqat (1859-1909) kabi shoirlar turkistonliklarning og‘ir iqtisodiy ahvolidan qayg‘uradilar va o‘z ijodlari orqali mustamlakachilikka qarshi kayfiyatning kuchayishiga yordam berdilar. Lirik va satirik bo‘lgan Muqimiy insof, adolat va odamiylik hukmronlik qiladigan erkin jamiyat to‘g‘risida orzu qiladi, ayni paytda, o‘zining idealidan uzoq bo‘lgan tuzum, mutaassib din namoyandalarini hajv tig‘i bilan fosh etadi. «Turkiston viloyatining gazeti»da 1903 yili bosilgan she'rlaridan birida jamiyatni ko‘zda tutib:
Ey tabib, aylanma dardim bedavolardan biri,
Rangi zardim ko‘ru-ko‘rma kahrabolardan biri,
deb yozadi.
Shoirning «Veksel», «Urug‘», «Dar mazammati zamona», «Lyaxtin», «To‘y» va boshqa siyosiy va ijtimoiy masalalar (masalan, saylov)ga bag‘ishlangan hajviyalari jamiyatda u obrazli tarzda «Dunyo qurilg‘on dor ekan!» deb ta'riflagan mavjud tuzumga nisbatan tanqidiy munosabatni kuchaytiradi»11.
Zokirjon Furqatning ma'rifatparvarlik qarashlari uning «Ilm xosiyati», «Aql majlisi xususida», «Vistavka xususida» va boshqa mashhur she'rlarida o‘z ifodasini topgan. U madaniyatning otashin targ‘ibotchisi edi. yevropa madaniyatiga katta ahamiyat berib, ilg‘or xalqlar safidan joy olish uchun yoshlarni bilim egallashga chaqiradi:
Jahon bastu kushodi - ilm birla!
Nadur dilni murodi - ilm birla!
Ko‘ngullarni sururi - ilmdandir!
Ko‘rar ko‘zlarni nuri- ilmdandir!
Kerak har ilmdan bo‘lmak xabardor!
Bo‘lur har qaysi o‘z vaqtida darkor!
Hamza Hakimzoda Niyoziy va Qoraqalpoq shoiri Berdimurod Berdaq (1827-1900) lar ijodida nafaqat xalqni ma'rifatli qilish masalalari, shu bilan birga, hurriyat va adolatga intilish, Vatanga muhabbat, ma'naviy-axloqiy mavzular ham o‘z aksini topdi.
Xullas, XIX-XX asr boshlaridagi ilg‘or shoirlar, yozuvchilar, tarixchilar va jamoat arboblarining ijodi komil inson, erkin jamiyat haqidagi g‘oyalarni rivojlantirdi va mustamlakachilikka qarshi kurash g‘oyasi yo‘lidagi ilg‘or milliy tafakkurning shakllanishida falsafiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Jadidchilik - XIX asr oxiri - XX asr boshidagi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi milliy-taraqqiyparvar ziyolilarning islohotchilik harakati. Bu harakat O‘rta Osiyo xalqlarining madaniy, milliy-siyosiy jihatdan rivojlanishi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. "Jadidlar" degan nomning o‘zi "usuli jadid" ("Yangi usullar") tushunchasi asosida kelib chiqqan. Bu atama ostida o‘qitishning yangi usullari tushunilar, yangi usuldagi maktablar shu asosda qurilgan edi. Jadidchilik harakatining vazifalari kengayishiga muvofiq ravishda keyinchalik mazkur atamaning mazmuni ham kengaydi. Ma'rifatparvarlik bilan bir qatorda, jadidlar ijtimoiy va siyosiy huquqiy holatlarning eski tizimini taraqqiyotning ilg‘or usullari bilan almashtirmoqchi bo‘ldilar. Jadidlar harakati XIX asr oxiri - XX asr boshlaridagi siyosiy kuchlar murakkab bir tarzda chigallashib ketgan Turkiston jamiyatining eng ilg‘or yo‘nalishi qarashlarini o‘zida aks ettirdi. U dunyo ahamiyatiga molik insonparvarlik va milliy qadriyatlarga asoslanib, jamiyat taraqqiyotining yetilgan ehtiyojlari va o‘lkaning tub aholisi manfaatlariga javob berdi. M.Behbudiy, A.Fitrat, U.Asadullaxo‘jaev, Munavvar Qori, A.Avloniy, S.Ayniy, F.Xo‘jaev, T.Norbo‘taev va boshqa mashhur nomlar ushbu harakat bilan bog‘liq.
Jadidchilik ma'rifatparvarlikdan siyosiy harakatgacha bo‘l­gan murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Keng xalq ommasining iqtisodiy og‘ir ahvoli, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlardan orqada qolishi, tafakkur turg‘unligi jadidlarni Turkistonni bu tushkun holatdan olib chiqishning amaliy vositalarini izlab topishga undadi.
Jadidlarga avvaliga yog‘ilgan va yetilgan masalalarni ma'rifat­par­varlik yo‘li bilan hal qilish mumkinday bo‘lib tuyuldi. Shuning uchun harakatning birinchi bosqichida musulmon maktablaridagi o‘qitish ishlarini isloh qilish jadidlarning diqqat markazida turdi. Ular bunday islohotlarni o‘tkazish zarurligini nazariy jihatdan asoslabgina qolmay, ayni paytda, yangi usuldagi maktablar, kutubxonalar, o‘quv zallari barpo etish, darsliklar nashr qilish bilan o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun katta sa'y-harakat ko‘rsatdilar.
1905 yili Rossiyada, 1908 yili Turkiyada va 1905-1911 yillarda Eronda bo‘lib o‘tgan inqiloblar jadidchilikka katta ta'sir ko‘rsatdi. Birinchi jahon urushi jadidlar tafakkurida keskin o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Ular parlamentga asoslangan monarxiya to‘g‘risida yozishdi, fuqarolarning boshqarish, davlat organlarini shakllantirish, qonunchilikda ishtirok etish tartiblarini ishlab chiqdilar. Fevral inqilobi davriga kelib, jadidlarning radikal qismi («taraqqiyparvarlar») qator siyosiy talablarni ilgari surdilar. Ular orasida o‘lka boshqaruvini mahalliy aholining haq-huquqlarini kengaytirish tomonga isloh qilish, Davlat Dumasida unga o‘rin ajratish, demokratik erkinliklar va birinchi navbatda, milliy matbuot erkinligi, samoderjavie (mustabid hokimiyat)ni konstitutsiyaviy tuzum bilan almashtirish bor edi. Lekin fevral inqilobidan keyin jadidlar Muvaqqat hukumat Turkistondagi mustamlakachilik siyosatini eskicha qoldirish tarafdori ekanligini tushunib yetdilar. Shundan keyin jadidchilik harakati mustaqillik va Turkistonga Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat berishni talab qilish uchun kurash yo‘liga kirdi.
Bu davrga oid dasturiy hujjatlarda asosiy e'tibor milliy-hududiy muxtoriyat (hukumat, boshqaruv, sud, qonun chiqaruvchi organ­lar va boshqalar) prinsiplarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratildi. Siyosiy model (andoza) sifatida demokratik respublika tanlandi.
Lekin Turkistondagi Oktyabr voqyealari va hokimiyatning bolsheviklar tomonidan egallab olinishi ularga o‘z maqsadlarini oxirigacha amalga oshirish imkonini bermadi. Shunga qaramay, bolsheviklar hokimiyatining millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash haqidagi deklaratsiyasidan foydalanib, mustaqil avtonom respublika-markazi Qo‘qon bo‘lgan Turkiston muxtoriyatini e'lon qildilar. Uch oy faoliyat ko‘rsatgan mazkur respublika Qizil armiya tomonidan qonga bostirilib yo‘q qilindi. Jadidlarni ko‘pchiligi 1937 yilga kelib hisbga olinib qatl qilinganlar. Shuningdek ularning bir qismi sovetlar tomoniga o‘tib xalq maorifi va madaniyat soxalarida ishlaganlar.
Jadidchilikning o‘ziga xos fenomen, nodir hodisa ekanligi nimada ko‘rinadi? Bu birinchi navbatda, jadidlarning nafaqat Sharq, balki G‘arb madaniyatini ham egallash asosida shakllangan yuksak aqliy-ma'naviy zakovatida namoyon bo‘ladi. Ularning deyarli barchasi oliy diniy ma'lumot olib, Navoiy Jomiy, Fuzuliyning yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan asarlari, o‘rta asr Sharq mutafakkirlarining falsafiy qarashlariningta'siri ostida tarbiyalanib, o‘z intellektini xorij – ham Sharq, ham G‘arb madaniyati yutuqlari bilan boyitdilar. Bu jadidlar falsafiy dunyoqarashining o‘ziga xos xususiyatini belgilab berdi.
Jadidlar islom falsafasi nuqtai nazari asosida ish tutganlar. Mavzuning hozirgi tadqiqotchilari yozganidek: «Islom va fan, islom va ilg‘or taraqqiyot - XIX asr ikkinchi yarmida musulmon mamlakatlaridagi intellektual va ijtimoiy-siyosiy islohotlar o‘tkazish yo‘lidagi izlanishlarning falsafiy asosi hisoblanadi»12. Shuning uchun ham jadidlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri islomni modernizatsiyalash, uni bid'atlardan tozalash, fan yutuqlari va ilg‘or texnologiyalarni egallashdan iborat edi. Birinchi navbatda, ular islomning mohiyatini o‘z manfaatlariga moslab olgan din namoyandalarini qattiq tanqid ostiga oldilar hamda dinni qurol qilib olgan siyosiy o‘yinlar qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib berdilar.
Madaniy merosni o‘zlashtirish va xalqning milliy o‘zini o‘zi anglashini kuchaytirish - jadidlarning diqqat markazida turgan eng muhim masalalardan edi. Ular o‘zlari nashr qilgan gazeta va jurnallarida o‘quvchilarga Turkiston xalqi qanday ulkan madaniy va ilmiy merosning vorisi ekanligini eslatdilar. Forobiy, Ibn Sino, Ulug‘bek - bular axir Markaziy Osiyodagi ijtimoiy va ilmiy islohotlarning asoschilaridir. Jadidlarning fikricha, ularning asarlarini o‘rganish o‘lka taraqqiyotini yuksaltiradi, xalqning o‘zini o‘zi anglashini kuchaytiradi. «Sayha» («Na'ra») she'rida Fitrat Sharq mutafakkirlarining o‘tmishdagi buyukliklarini qaytadan tiklashga chaqiradi;

Biz zamonlarni zamonlarga bog‘lovchi ko‘prik edik,


Biz qomusiy allomalar edik.
Jahon donishmandlari davrasida
E'tiborimiz yuksak va hurmat ehtiromda edik . . .
Qani bizning o‘sha ilmlarimiz, o‘sha donishmandligimiz?
Qani bizning o‘sha ustuvorligimiz va ulug‘vorligimiz?
Fursat yetdi! G‘aflat uyqusidan uyg‘oning!
Bir butun to‘lqin bo‘lib ko‘tariling,
O‘z loqaydligingizdan voz keching!13
«Sharq va G‘arb» mavzusi - jadidlarning dunyoqarashini aniqlash bilan bog‘liq muhim masala hisoblanadi. Jadidlar O‘rta Osiyoning G‘arbiy yevropa bilan tarixiy aloqalarining bugungi kun bilan bog‘lab xulosalar chiqarishga moyil edilar. Ular haqli ravishda aynan islom madaniyati yevropa uchun Aflotun va Arastuni qutqarib qoldi deb hisoblardilar, o‘zlarini esa ular falsafiy g‘oyalarining muxlislarigina emas, balki muayyan darajada ularning targ‘ibotchilari deb bilardilar. Chunonchi, M.Behbudiy - O.Kant, A.Fitrat - Sh.Senobos, A.Avloniy - Aflotun, Suqrot va Arastularning merosi bilan qiziqdilar, ularning ma'rifat, ta'lim va tarbiya to‘g‘risidagi qarashlariga asosiy e'tiborni qaratdilar. Ularni g‘arbparastlikda ayblab qilingan ta'nalar asossiz edi, chunki ular g‘arb falsafasiga tanlagan holda yondashib, faqat milliy g‘oya negizlari bilan birga yashay oladigan muhim unsurlarnigina undan olgan edilar. Jadidlarning nazariy qarashlari chuqur genetik asosga ega bo‘lib, ular nafaqat Sharq, balki G‘arb faylasuflari va ma'rifatpar­varlarining ham ilmiy merosidan xabardor edilar. Ular mamlakat taraqqiyotining asosini Sharq va G‘arb madaniyatining uyg‘unligida, ulardan har birining yutuqlaridan foydalanishda deb bildilar. Sharq va G‘arb falsafasi va tarixi sohasidagi chuqur bilimlar ularga o‘z xalqini jahon tamadduni yutuqlariga daxldor hisoblagan holda, o‘zlarining milliy tajribaga asoslangan davlatni rivojlantirish bo‘yicha nazariyalarini mafkuraviy va metodologik jihatdan asoslash imkonini yaratdi. Shu bilan birga, ular marksistik falsafani xayoliy va turkistonliklar uchun yaroqsiz hisoblab, mutlaqo qabul qilmadilar. M.Behbudiy o‘zining «Xayr - ul umuri avsatuho» maqolasida birinchi navbatda, xususiy mulkchilikni inkor qilgani va dinsizlikni targ‘ib etgani uchun marksizm va sotsializmga salbiy ta'rif beradi14.
O‘zlarining rivojlangan davlat qurish haqidagi g‘oyalarini amalga oshirish uchun jadidlarga keng ildiz otgan qoloqlik, jaholat, mutaassiblik, loqaydlik bilan kurashishga asosiy e'tibor qaratishlariga to‘g‘ri keldi. O‘z asarlarida Sharq va G‘arbning bir-biriga ta'siri g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan jadidlar hamisha yevropa davlatlarining ilg‘or yutuqlariga tarixdan misollar keltiradilar. Ularning fikricha, Uyg‘onish davri o‘rta asrlarga to‘g‘ri kelgan yevropa fan va maorif sohasida Sharqdan ko‘p narsani o‘rganib, ijobiy natijalarga erishgan. Endi, yozadi A.Fitrat, yevropaliklardan o‘rganish navbati keldi: ishlab chiqarish madaniyati, savdo, boshqaruv va jamiyatning boshqa sohalarini yuksaltirish uchun yevropa tamadduni, uning texnikasi va fani yutuqlaridan foydalanish kerak. Chunonchi, Buxoroda, qayd etadi u, chiroyli matolar va hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqariladi, lekin ular mashina va texnika vositasida yaratilgan xorijiy tovarlar tomonidan bozorlardan siqib chiqariladi. A.Fitrat o‘z qarashlarida o‘zga dinga e'tiqod qilgani uchungina boshqa xalqlar erishgan yutuqlardan foydalanishni rad etishni qo‘llab-quvvatlamaydigan Qur'on amrlariga asoslanadi15.
Turli tillarni (nafaqat Sharq, balki G‘arb tillarini ham) o‘rganish, fan va texnikani rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratib, ayni paytda, Turkistonning o‘tmishdagi va o‘sha davrdagi holatini hisobga olib, ular o‘lka istiqbolini quyidagicha rejalashtirdilar: xususiy mulkning daxlsizligi, bank sarmoyasining erkinligi prinsiplariga asoslangan, kuchli dunyoviy hokimiyatga ega bo‘lgan ozod va mustaqil davlat. U islomga hurmatni saqlagan holda, madaniyat barcha yo‘nalishlarining erkin rivojlanishini, agrar masalani hal qilishni, jahon miqyosiga chiqishni, nafaqat Osiyo, balki yevropa mamlakatlari bilan ham iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ta'minlashi kerak. Jadid­chilikning boshqalardan ajralib turadigan jihati uning nafaqat diniy, balki xalqaro munosabatlarda ham bag‘ri kengligi edi.
Turkistonni taraqqiyot yo‘liga olib chiqish borasida jadidlar iqtisodni rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratdilar, shu bilan birga, ular milliy matbuot va xalq ta'limini yuksaltirishni bundan ham yuqori o‘ringa qo‘ydilar. Ulardan biri yozgani kabi «milliy matbuoti bo‘lmagan xalqning o‘zi ham bo‘lmaydi»16.
Taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan sabablar qatoriga jadidlar turkistonliklarning kundalik turmushida keng tarqalgan, aslida esa musulmonchilik qonun-qoidalariga yot, odamlarning shundoq ham yengil bo‘lmagan hayotini battar og‘irlashtiradigan keraksiz va zararli an'analar (ortiqcha rasm-rusumlar, dabdabali to‘y va dafn marosimlari)ni ham kiritadilar.
Jadidlar Rossiya ma'muriyatining Turkistondagi mustamlakachilikka asoslangan boshqaruv tizimi nafaqat milliy talablarga javob bermasligi, shu bilan birga, mamlakatga juda katta ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazayotganligini tushunib yetgan edilar. Shuning uchun ham ularning yangi usuldagi dunyoviy ta'lim, milliy o‘ziga xoslikning eng yaxshi jihatlarini mustahkamlash, madaniyatni jadal rivojlantirish yo‘lida olib borgan kurashlari oxir-oqibatda siyosiy mustaqillik va boshqaruvning demokratik shakllari uchun kurashga aylanib ketdi.
Jadidlar musulmon dunyosining bir qismi bo‘lgan, ayni paytda, jahon tarixida o‘zini nodir mustaqil hodisa sifatida namoyon etadigan Turkiston XX asr ochib bergan murakkab va ziddiyatlarga to‘la istiqbolda o‘zining munosib o‘rnini topishiga qa'iy ishonganlar.
Ma'rifatparvar, adabiyotshunos, dramaturg, faylasuf, siyosiy arbob madaniyatshunoslik nazariyotchisi va amaliyotchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy (1874-1919) jadidchilik harakatining yirik rahnamo va nazariyotchilaridan biri edi. "O‘sha davr Turkiston jadidlaridan birortasi siyosiy, ijtimoiy faoliyati hamda bilim doirasining keng va chuqurligi jihatidan unga tenglasha olmas edi"17, - deb yozgan edi. F.Xo‘jaev. Keksa sharqshunos L.Azizzoda esa ham 1926 yildayoq uni Sharqning eng buyuk gumanistlari va mutafakkirlari bilan bir qatorga qo‘ygan edi: "Agar O‘zbekistonda fan va madaniyat sohasida Ulug‘bek va Navoiydan keyin uchinchi bir shaxsning nomini abadiylashtirish kerak bo‘lsa, bu shubhasiz Behbudiyga o‘rnatilgan yodgorlik bo‘lishi kerak"18.
M.Behbudiy falsafada faqat islomiy an'analarning bilimdoni emas edi. U o‘z asarlarida tez-tez O.Kant merosiga murojaat qiladi, pozitivizm, neokantchilik, neoxegelchilik, maxizm kabi yevropa falsafasining yangi oqimlari bilan jiddiy qiziqadi.
Behbudiyning maorif masalasidan tortib mustaqillik mavzuigacha bo‘lgan barcha asarlari - Turkistonning taqdirini belgilaydigan muhim muammolarga bag‘ishlangan. Uning barcha fikrlarini jamiyat va mamlakatni rivojlantirishning izchil nazariy konsepsiyasi sifatida kurish mumkin. Albatta, u quruq nazariya bilan cheklanmay, yangiliklarni hayotga joriy etishning amaliy usullarini ham ishlab chiqqan.
Islomiy bilim berishga yo‘naltirilgan an'anaviy ta'lim tizimi sharoitida M.Behbudiy o‘zi «aqlli ilmlar» («intellektual ilmlar») tushunchasi ostida birlashtirgan tabiiy va ijtimoiy fanlarning keng majmuini o‘zlashtirishni ham o‘quv dasturiga kiritishni qattiq turib talab qiladi. Bu bilan u ratsionalizm an'anasini qayta tiklashga intiladi. Mutafakkir, xususan, tarix va geografiyani o‘rganish zarurligiga katta e'tibor qaratadi. Uning fikricha, tarix hamma narsani, jumladan, davlatlarning taraqqiyoti va tanazzuli, odamlar e'tiqodining darajasi, musulmonchilik inqirozining ildizlari, islomni muqaddas negizlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi sabablarini tushuntirib beradi. Tarixni o‘rganmay turib, biror fanni mukammal o‘zlashtirib bo‘lmaydi. O‘zi tomonidan asos solingan «Oyna» jurnalida e'lon qilingan «Tarix va geografiya» maqolasida M.Behbudiy yozadi: «Hayotga ishonish uchun, komil va odil inson bo‘lish uchun tarixni o‘rganish va uni bilish lozim». Davom etib yozadi: «Ilohiy va dunyoviy hayot to‘g‘risida bilim hosil qilmoqchi bo‘lgan har bir kishi tarixni o‘rganishi kerak, chunki butun mavjudotning ibtidosi va kelib chiqishi tarix orqali idrok etiladi»19.
Behbudiy o‘z xalqining ravnaqini nafaqat ta'lim-tarbiya, ayni paytda, mustaqillik tufayli uning siyosiy maqomidagi tub o‘zgarishlar bilan bog‘laydi. O‘zining ko‘plab maqolalari va qizg‘in faoliyati orqali u Rossiya imperiyasi va muvaqqat hukumatning mustamlakachilik siyosatini fosh etdi, ularning mahalliy aholining ahvolini og‘irlashtirgan qonunlarini tanqid qildi. Lekin, Behbudiyning qat'iy ishonchiga ko‘ra, mustaqillikni kurashsiz qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. «Shuni bilish kerakki, - yozadi u, - haq olinur, berilmas. Har bir millat va mamlakat xalqi o‘zining diniy va siyosiy haq-huquqlarini kurash orqali qo‘lga kiritadi»20
. Lekin Behbudiy mustamlakachilikka qarshi qon to‘kmasdan kurashish tarafdori edi. U Duma faoliyatini diqqat-e'tibor bilan kuzatib borardi va parlament kurashi orqali ko‘p narsaga erishish mumkin deb hisoblardi. Turkiston muxtoriyatining qat'iy tarafdori sifatida u taraqqiyotni olg‘a siljitishning evolyusion (tadrijiy) shakllarini ma'qullar edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tasavvurida Turkistonning siyosiy tuzilmasi o‘z ichiga davlat saylov organlari (Markaz va Majlis), qoziylik sudlari tizimini bekor qilish va ularning o‘rniga davlat sudlarini joriy etish, apellyasiya (shikoyat) komissiyalari va Oliy sud palatasini olishi kerak edi.
M.Behbudiy ko‘targan masalalar ko‘lami juda keng. Ular orasida maorif masalalari, siyosiy muammolar, ma'naviyat va axloq-odob ham, nikoh va jinsiy tarbiya masalalari, tarixiy-geografik mavzular ham, til siyosati masalalari, etnografiya muammolari va boshqalar ham bor.
M.Behbudiy faoliyatining asosiy samarasi, shubhasiz, u tomonidan 1913 yilda asos solingan, jadidlarning jarchisiga aylangan va tez fursatda ommalashib ketgan "Oyna" jurnali edi. Jurnal materiallari mavzusi va janriga ko‘ra ilmiy-ma'rifiy, adabiy maqolalarga ajratilardi. Jurnal jamiyatning madaniy va ijtimoiy hayotidagi yangi jarayonlarni keng yoritdi; unda, shuningdek, kino, teatr, yangi kutubxona va o‘quv zallari haqidagi xabarlar berib borilgan. Jamiyat tartib-intizomi to‘g‘risidagi ilmiy maqolalar asosiy o‘rin tutgan. Yaponiyadan tortib Amerikagacha bo‘lgan xorijiy mamlakatlar hayotini yoritishga ham katta e'tibor berilgan.
Jadidchilikning yana bir yorqin namoyandasi M.Behbudiyning kichik zamondoshi Abdurauf Fitrat (1886-1937) edi. Forobiy, Beruniy va Ibn Sino an'analarini davom ettirib, A.Fitrat islom dinini dunyoviy fanlar yutuqlari bilan mustahkamlash g‘oyasiga asoslangan holda, ilmlar tasnifini ishlab chiqdi. Olim barcha ilmlarni nazariy va tajribaga asoslangan ilmlarga bo‘ladi. Diniy va dunyoviy fanlarni u alohida tasnif qiladi. Diniy ilmlarga u Muhammad alayhissalom hadislari, hadislar talqini, fiqh va ilohiyotni kiritadi. Dunyoviy fanlarga esa falsafa, fizika, mexanika, algebra, optika, musiqa, astronomiya, geometriya, tibbiyot, geografiya, tarix va tilshunoslikni qo‘shadi. Falsafa fanining predmeti haqida fikr yuritar ekan, Fitrat ong, axloq, ilohiyot va tafakkurni bilishni uning asosiy vazifasi sifatida qayd etadi.
Fitrat ilk ijodining markaziy g‘oyalaridan biri bu – «hayot» g‘oyasi. Hayot - butun Koinotning asosi. Hayot bo‘lmasa, hyech narsa bo‘lmas edi. Xo‘sh, hayot nima? Fitrat uni Alloh tomonidan yaratilganligini ta'riflash bilan birga uni sezgi va harakatlarning namoyon bo‘lishi tarzida baholaydi. Hayot oddiy, hayvoniy shakllardan to oliy, insoniy hayotgacha tadrijiy ravishda o‘sib boradi. Mukammal «hayot g‘oyasi» dinda mujassam. Fitrat nuqtai nazaricha, jamiyat evolyusiyasi Xudo tomonidan rejalashtirilgan. Har bir muayyan jamiyat uchun Xudo payg‘ambar va din yuboradi. Shu tariqa, to islomga qadar buyurilgan diniy ta'limotga binoan jamiyatlarning belgilab qo‘yilgan holatida o‘zgarish sodir bo‘ladi. Lekin Fitrat misrlik islohotchilar raqnamosi Muhammad Abdo kabi fatalizm (taqdirga ishonish)ga qarshi: u hamma narsaning, jumladan, inson taqdirining ham oldindan belgilab qo‘yilganligi haqidagi aqidani qabul qilmaydi. Uning fikricha, Xudo insonga kamolot kasb etishi, birinchi navbatda, aqliy qobiliyatini o‘stirishi uchun katta imkoniyatlar beradi. Insonning vazifasi - oldindan belgilab qo‘yilgan ko‘rsatmalarni shunchaki bajarishdan emas, balki o‘z yeri, o‘z taqdirining sohibi bo‘lishdan iborat. Muqaddas kitobni talqin qilar ekan, Fitrat yozadi: «Inson Qur'oni karimning hukmi bilan ham oliy maxluqotdir, u yeru osmonga amr beruvchidir. Agar tog‘u osmon, temiru mumning insonning iqtidorli panjasining ostida farqi yo‘q bo‘lsa ... nega turmush tarzini o‘z hokimlaridan o‘rganar ekan?» Bu kabi falsafiy masalalarni u Qur'on oyatlari bilan dalillaydi, ularning mazmunini taqdirga bo‘ysunishga da'vat tarzida emas, balki kishilarning o‘z taqdirini o‘zi yaratishiga undash atrofiga birlashtiradi; «Laysa-ili-sani illa ma ma'y» - «Insonlar har nima topmasinlar, o‘z intilishlaridan topadilar, intilmas, harakat qilmas ekansiz, hyech narsaga erisha olmaysiz»21.
A.Fitrat qarashlari islomning mohiyatini yangicha talqin qilish, dunyoning tuzilishini to‘g‘ri tushunish va insonning bu dunyodagi roliga baho berishning yorqin namoyon bo‘lishi edi. Dinni talqin qilishda A.Fitrat diniy murosasizlikka qarshi chiqib, bag‘ri kenglik va insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashadi. O‘zining mashhur «Rahbari najot» («Najot yo‘li») asarida u yozadi: «hyech shak-shubha yo‘qki, garchi kishilar turli dinlarga e'tiqod qilib, turli mamlakatlarda yashasalar-da, turli qabila va millatlarga mansub bo‘lsalar-da, ularning barchasi yagona otaning farzandlari hisoblanadilar va yagona insoniyatga taalluqlidirlar. Boshqacha aytganda, ular - og‘a-ini. Shunday ekan, ular bir-birlarini sevishlari va umumiy birodarlik ittifoqini tuzishlari kerak. Dunyoviy hayot muvaffaqiyati umumiy birodarliksiz mumkin emas»22.
Odob-axloq masalalari Sharq falsafasida hamisha asosiy o‘rin tutib kelgan. Ular jadidchilik doirasida ishlab chiqilgan shaklda Abdulla Avloniy (1878-1934) ijodi, birinchi navbatda, uning «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida23 o‘z aksini topdi.
Avloniy uchun axloq hammadan avval amaliy-pedagogik yo‘nalishni kasb etadi. U «Insonlarni yaxshilikg‘a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur». Bu ilm «Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar» yordamida ifodalashga asoslanishi kerak24.
Avloniy yorqin kelajakni yaxshi xulqli insonni tarbiyalab yetishtirishdan ayri holda tasavvur qilolmasdi. Shuning uchun ham, insoniy faoliyatning turli ko‘rinishlari va inson fe'l-atvorining belgilarini axloqiy mezonlar nuqtai nazaridan qarab chiqadi. Jumladan, bilish va bilmaslik uning uchun shunchaki bilish faolligi va bilish nazariyasi tushunchasi hodisalaridan iborat emas. Ilm «bizga yaxshini yomondan, ezgulikni yovuzlikdan, joizni nojoizdan, pokni nopokdan xatosiz farqlash imkonini beradi, ayni paytda, nodonlik - yomon xulqlar, xudbinlik va yovuzlikning ibtidosi»25.
A.Avloniy bu xulosalarga qadimgi yunon falsafasi (Suqrot, Arastu va Aflotun), shuningdek, Ibn Sino, Rumiy, Bedil asarlariga tayangan holda keladi. Bir qaraganda, bu narsalarga asosiy qoidasi itoat qilish bo‘lgan musulmoncha maslak bilan yevropacha erkin qarash o‘rtasida biror-bir mushtaraklik yo‘qday tuyuladi. Lekin Avloniy bu manbalarning to‘g‘riligini Qur'on vositasida isbotlab bera oldi va shu asosda musulmonlar uchun ilg‘or axloq qoidalarini ishlab chiqdi. U umuminsoniy insonparvarlik axloqi asosida shakllanishi, amaliy yo‘nalishga ega bo‘lishi va taraqqiyotga oqilona xizmat qilishi kerak. Avloniy «sabr», «sadoqat», «olihimmatlilik», «hilm», «intizom», «vijdon», «adolat», «anoniyat» (xudbinlik) «rahovat» (dangasalik) «atolat» (yalqovlik) kabi insonning axloqiy-ruhiy tavsifini beradi. Shu bilan birga, ushbu kategoriyalar tahlili asar muallifi tomonidan jamiyat talablariga javob beradigan yosh avlodni tarbiyalash masalalari orqali amalga oshiriladi. Chunonchi, intizom to‘g‘risida gapirar ekan, A.Avloniy uni alohida bir kishining xususiyati emas, balki birmuncha keng-jamiyatdagi ishlarning ahvoli nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. U «har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay, tartibi ila yuritmakg‘a bog‘lidur»26.
Avloniy shaxsning shakllanishida tarbiya yetakchi rol o‘ynashiga alohida urg‘u beradi. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, inson iste'dodli va iqtidorli, ezgulik va yovuzlikni farqlashga layoqatli qilib yaratilgan, lekin bu xususiyatlar tarbiya jarayonida rivojlanadi va bunda axloq muhim rol o‘ynaydi.
Shunday qilib, ma'naviyat va axloq masalalari jadidlarning diqqat markazida turadi. Ular ushbu masalalarni ilgari surish bilan birga, o‘zlari ham bu sohada dunyo tajribasi unsurlarini o‘ziga singdirgan «yangi musulmon axloqi»ning namoyandalari edilar.
Sovet davrida - 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab jadidchilik mafkuraviy tanqid nishoniga aylandi. Buxorodagi jadidchilik harakatining rahbarlaridan biri, keyinchalik esa O‘z SSR hukumatining birinchi raisi (1924-1937) bo‘lgan Fayzulla Xo‘jaev ushbu harakatning bevosita ishtirokchisi sifatida uning tarixini yoritib, jadidchilikka xolis baho bergan. O‘zining «Buxoro inqilobining tarixiga materiallar» tadqiqoti uchun u 1927 yilda partiya s'ezdi minbaridan turib «jadidchilikni ideallashtirish»da ayblanadi. Xususan, uning quyidagi so‘zlari Kompartiya rahbariyati uchun kechirilmas bo‘ldi: «O‘rta Osiyoda milliy-inqilobiy harakatni boshqarishga qodir kadrlarni yetishtirib bergani uchun biz aynan jadidlardan minnatdormiz»27. Jadidchilik go‘yoki «omma ongini millatchilik g‘oyalari bilan zaharlash va uni inqilobiy kurashdan chetga toritish» maqsadida tashkil etilgan reaksion burjua-millatchilik yo‘nalishi deb e'lon qilindi, jadidlarning o‘zlari esa qatag‘on qilindi28 va mahv etildi. Jadidchilik bolsheviklar tomonidan shuning uchun yo‘q qilindiki, ular ishlab chiqqan milliy-davlatchilik qurilishi va jamiyatni mustamlakachilikning boshi berk ko‘chasidan olib chiqish konsepsiyasi mustabid sovet tuzumi uchun jiddiy muqobil edi va unga halokat xavfini tug‘dirardi. O‘zining fojiali yakuniga qaramay, jadidlar tomonidan asos solingan milliy-taraqqiyparvarlik harakati milliy o‘zini o‘zi anglashning o‘sishiga imkon yaratdi, milliy-ozodlik mafkurasining vujudga kelishi va rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.



1 Епифанова Л.М. Рукописные источники по истории Средней Азии периода присоединения ее к России. Бухара-Ташкент, 1965. 14-б.

2 Историография общественных наук в Узбекистане. Библиографические очерки. Составитель Б.В. Лунин. Ташкент, 1974. 165-б.
* 1875-1881 йилларда ёзилган ҳамда Бухоро ва Туркистоннинг илғор зиёлилари орасида машқур бўлган бу асарнинг бир неча муаллиф нусхалари мавжуд. Тарихчи Б.В. Луниннинг ёзишича; «асарнинг қўлёзма нусхалари қўлдан-қўлга ўтиб, ўша давр ижтимоий ҳаётининг ўқувчиларни тўлқинлантирган кўплаб масалаларга жавоб берган ва уларнинг дунёқарашини кенгайтирган» (Историография общественных наук в Узбекистане. Био-библиографические очерки. Ташкент, 1974. С.104.)

3 ЎзР ФА Шарқшунослик институти қўлёзмалари фонди. Инв. № 1387.

4 Епифанова Л.М. Кўрсатилган аср. 15-б.

5 Қаранг: Маънавият юлдузлари.-Тошкент, 2001. 347-349-бетлар.

6 Валихонов Ч. Избранные сочинения. Москва, 1982. С.83.

7 Қаранг: Бекмахонов Е. Очерки истории Казахстана XIX в Алма-Ата, 1966. С.141.

8 Валихонов Ч. Статьи. Переписка. Алма-Ата, 1947 С. 42.

9 Сегизбаев О. Мировоззрение Чокана Валихонова. Алма-Ата, 1959. С.46.

10 Қаранг: Арапов Д.Ю. Необходимо ... заняться образованием края (Саттархон Абдулгафаров о задачах русской политики в Средней Азии // Вестник Евразии. Москва, 2004, №1, С.169-184.

11 Қаранг: Маънавият юлдузлари. Тошкент, 2001. 355-360-б.

12 Прилуцкий Е.А. Запад и Восток в философских и теоретических концепциях джадидов // Жадидчилик: ислоқот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. Тошкент, 1999. 58-бет.

13 Шеър тожик тилида бўлиб, бу ерда унинг насрий таржимаси келтирилди.

14 «Хуршид», 1906, 11 октябрь.

15 Фитрат А. Ҳинд сайёқининг қиссаси // Шарқ юлдузи, 1991 йил, 8-сон, 15-б.

16 Ризобадли Т.Идорага мактублар // «Садои Туркистон», 1915 йил, 64-сон, 4-б.

17 Хўжаев Ф. Уч жилдлик. 1-жилд. Тошкент, 1996йил, 78-б.

18 Лазиззода Л. Беҳбудий // «Маориф ва ўқитувчи», 1926 йил, 2-сон.

19«Ойна», 1914 йил, 27-сон, 503-504-бетлар.

20 Беҳбудий. Баёни қақиқат //«Улуғ Туркистон», 1917 йил, 12 июн.

21 Фитрат А. Ҳинд сайёҳининг қиссаси// "Шарқ юлдузи", 1991 йил, 8-сон, 15-б.

22 Фитрат А. Нажот йўли (Рақбари нажот). Тошкент, 2001. 159-б.

23 Авлоний А. Туркий Гулистон ёхуд ахлоқ // Танланган асарлар. Тошкент, 1998. 34-бет.

24 Ўша ерда. 34-бет.

25 Ўша ерда. 184-185-бетлар.

26 Авлоний А. Туркий Гулистон ёхуд ахлоқ. 52-б.

27 Хўжаев Ф. Жадидчилик // Очерки революционного движения в Средней Азии. Москва, 1926.

28 История философии в 6-томах. Т.5. М., 1961. 385-б. Қуйидаги парча совет даврида жадидчиликка берилган баҳоларнинг типик намунаси бўлиб хизмат қилиши мумкин: "Жадидчилик демократик мафкуранинг Қозоғистон ва Ўрта Осиёнинг ижтимоий-иқтисодий қолоқлиги туфайли ушбу буржуа-миллатчилик мафкурасининг синфий моҳиятини тушуниб етмаган кўпчилик намояндаларига зарарли таъсир кўрсатиб, Қозоғистон ва Ўрта Осиёнинг илғор ижтимоий фикри тараққиётига катта зиён етказди" (Ўша ерда. 386-б).

Yüklə 41,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin