Xiva xonligining asosiy savdo markazlari va tashqi savdo-tijorat aloqalari



Yüklə 479,93 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix04.06.2023
ölçüsü479,93 Kb.
#124712
Yusupova Laylo 385-389 JUSR



385 
“XIVA XONLIGINING ASOSIY SAVDO MARKAZLARI VA TASHQI 
SAVDO-TIJORAT ALOQALARI” 
 
Guliston davlat universiteti Ijtimoiy-iqtisodiy fakulteti Tarix yoʻnalishi 2- 
bosqich talabasi 
Yusupova Laylo 
Annotatsiya: Maqolada, Xiva xonligi ichki savdo aloqalari va bozor 
munosabatlari hamda tashqi savdodagi tijorat aloqalari haqida maʼlumot beriladi. Xiva 
xonligidagi bozorlarning iqtisodiy, savdo-tijorat, ijtimoiy-ma’naviy oʻrni, ular bilan 
bogʻliq hunarmandchilik turlari yetarli darajada tadqiq etilgan. Shuningdek, Xorazm 
oʻlkasi qadimdan oʻzining obod shaharlari va gavjum bozorlari bilan turli xalqlarni 
oʻziga jalb etib kelgan hudud hisoblanadi. 
Kalit soʻzlar: Yopiq bozor, Yangi Urganch, ichki bozor, M.Otajonov, Buxoro, 
Eron, savdo aloqalari. 
Bilamizki, Xiva xonligida yirik ichki, tashqi va tranzit savdo markazlari sifatida 
Xiva, Xonqa, Xozarasp, Yangi Urganch, Gurlan kabi shaharlarni koʻrsatishimiz 
mumkin. Bu shaharlardagi bozorlar bir necha asrlik anʼanalar asosida rivojlanib kelgan. 
Oʻrta Osiyo xonliklarining har bir shahri uchun ma’lum bozor kunlari mavjud boʻlib, 
bu holat uchala xonlikdagi barcha bozorlar uchun xos ummumiy xususiyat hisoblangan. 
Xonlikdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning bir qancha oʻziga xos xususiyatlari bor. Bunda 
bozor munosabatlari alohida ahamiyatga molik. Jumladan, aholi ehtiyoji uchun zaruriy 
boʻlgan barcha turdagi tovarlar bozorda mavjudligi aytishimiz joiz. Xonlikda bojxona 
faoliyati ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib uning vaziyafalari aniq belgilab qoʻyilgan. 
Manbalarga koʻra, Xiva xoni Muhammad Rahim I hukmronligi davri-da Xoʻja Mahram 
ismli saroy amaldori bojxona idorasi boshligʻi etibtayinlangan. Xivadagi Ichan-Qalʼa 
markazida 1839-yili Xoʻja Mahram rahbarli-gida bojxona ish boʻyicha mutaxassislarni 
tayyorlaydigan maxsus madrasa qurilgan. Ushbu madrasada bir vaqtning oʻzida 30 
kishi taʼlim olgan. Xonlikdagi bozorlarga toʻxtaladigan boʻlsak, A.Abdurasulov turli 
manbalarga tayanib Xiva shahridagi Polvon darvozasi ichkarisida yopiq bozor 
joylashgan boʻlib, 1835 yilda Ollaqulixon tomonidan maxsus karvonsaroy qurilmasdan 
oldin ham bu yerda savdo rastalari joylashganligi va ular karvonsaroy vazifasini 
oʻtaganligi maʼlum qiladi.(1) 1646-yilda barpo etilgan Yangi Urganch shahri 
xonlikning muhim savdo markazi hisoblangan. Jumladan, “ Xolo Urganch ul 


386 
mavzedir”- deb maʼlumot berilgan manbada. (2) Shaharning mavqeyi XVIII asrda 
yanada ortgan. 1753- yili Xiva xonligida boʻlgan rus savdogari D. Rukavkinning 
ta’kidlashicha, ham qirgʻiz-qaysoqlarga( qozoqlarga), ham Orenburg yaqin 
joylashganligi bois katta savdo asosan Urganch shahrida boʻlgan. M. Otajonovning 
esdaliklari orqali Xiva xonligida faoliyat yuritgan turli darajadagi savdogarlar va 
ularning qaysi davlatlar bilan savdo aloqalari olib borganliklari haqida maʼlumotga ega 
boʻlish mumkin. Jumladan muallif Ashxobod, Marv, Chorjoʻy, Buxoro va boshqa 
joylardan mollar olib kelib sotuvchi birinchi darajali savdogarlar, saroyda savdo 
qiluvchi ikkinchi darajali doʻkondorlar, har bir chorsilarda doʻkon ochgan uchinchi 
darajali, yoʻrgʻa otlarni minib uzoq bozorlarga boruvchi toʻrtinchi darajali, chorvachilik 
qiluvchi beshinchi darajali va har turli savdo ishlarini qiluvchi oltinchi darajali 
savdogarlar deb sanab oʻtilgan.(3) Shu tariqa bozor munosabatlari mustahkamlanib 
borgan. Ichki bozorning kuchli boʻlganligi bois, tashqi davlatlar bilan savdo 
munosabatlari ham ahamiyatga ega boʻlgan. Bunda, Buxoro, Eron, Orenburg bilan 
savdo-tijorat aloqalarini keltirishimiz mumkin Ayniqsa, u Rossiyaning Buxoro bilan 
savdo aloqalarida muhim o’rin egallagan. Xiva xonligi G’arb bilan Sharq o’rtasidagi 
savdoda faol qatnashgan. Xonlikning tashqi savdo aloqalaridagi keng ishtiroki uning 
hunarmandchilik taraqqiyoti bilan bog’liq. Xonlik poytaxti bo’lgan Xiva shahri 
hunarmandchiligi uzoq tarixiy ananalarga ega. O’rta asrlarda shahar hunarmandchiligi 
ixtisoslashtirilgan edi. Jumladan, Xivada gilam to’qish, yog’och o’ymakorligi, 
to’quvchilik va boshqa hunarmandchilik tarmoqlari mavjud bo’lgan. 1753-yil Xiva va 
Buxoroda bo’lgan rus savdogari D.Rukavkin paxta ekinining mo’lligi va 
hunarmandchilik korxonalari ochish uchun davlatning ma’lum tartib qoidalarining 
yo’qligini yozadi. Uning xabariga ko’ra, bu yerda hech qanday ruxsat olmasdan, 
xoxlagancha zavodlar, yani korxonalar ochish mumkin bo’lgan. Bu o’rinda albatta 
xivaliklarning xususiy korxonalarni ochishga davlat tomonidan to’siqning 
bo’lmaganligi etirof etiladi. XIX asrning 30-40-yillarida Xivada hunarmandchilik 
sohalarining eng muhimlaridan biri zargarlik hisoblangan. Zargarlar tilla buyumlar
taqinchoklar yasashda feruza, koral, marvarid, lal, zumrad, rangli shisha, sapfir kabi 
toshlardan ko’p foydalangan. XIX asrning ikkinchi yarmida saqlanib qolgan 
hunarmandlar va savdogarlar nomlari, Xiva bozorlarida tovarlar xilma-xilligi haqida 
tasavvur qilishga imkon beradi. Jumladan, pazachi-er haydash asboblari yasovchilar, 
xarrak-temirchilar, kuchanchi-buyincha yasovchi ustalar, misgar, zargar, 40 pichoqchi, 


387 
qinchi, bo’yoqchi, choponfurush, telpakdo’z, konchi, kovushdo’z, tavoqchi, qulfgar, 
kiyizfurush, juvozchi, sholikor-sholitegirmonida ishlovchi, qassob, tuzchi, kallapoz-
qo’y kallasi sotuvchilar, baliqchi, nonvoy, choy va tamaki sotuvchilar, baqqollar, 
yog’och furushlar, ko’mirchi, shamchi, sovunchi, sarrof, jarchi va boshqalar. 
Bozorlarda bazi hunarmandlarning do’konlari ham bo’lib, mahsulotni shu yerda ham 
tayyorlagan va ham sotgan. Demak, do’kon ham korxona, ham rasta vazifasini o’tagan. 
Masalan: temirchi, misgar, tunkachi, sandiqchi va boshqalar. Po’stindo’zlar, ipak mato 
to’quvchilar, etikchilar va boshqalar uylarida ishlaganlar, va bozor kunlari mahsulotni 
bozorga olib chiqib sotganlar. Xiva ananaviy metall buyumlar ishlab chikarish markazi 
bo’lib, XIX asrning o’rtalarida u yerda 38 misgar bo’lgan. Shunday qilib, Xorazmning 
hunarmandchiligi iqtisodiy hayotda muhim rol o’ynagan. Eng muhim badiiy buyumlar 
yasash ananalari Xorazm ustalaridan meros bo’lib kelgan. Mamlakatda 
hunarmandchilikning rivojlanishi bevosita iqtisodiy taraqqiyotga, ichki va tashqi savdo 
aloqalarining rivojlanishiga zamin yaratgan. Demak, serqirra hunarmandchilik 
tarmoqlarining mavjudligi Xivaning azaldan moddiy va ma’naviy madaniyat markazi 
bo’lib kelganligini, xivaliklarning boshqa davlatlar bilan iqtisodiy-savdo aloqalarini 
davom ettirib kelganligini XVI asrda ham kuzatish mumkin, degan xulosa qilishga 
imkoniyat beradi. Xiva xonligi XVI asrda Rossiya, Hindiston, Eron, Buxoro xonligi 
bilan savdo aloqalarida bo’lgan.Urganchlik savdogarlar Buxorodan viboyka, ip 
gazlama va rang-barang ipak matolari keltirishini, lekin, buxorolik savdogarlarning 
Xiva va Urganchga kam kelishini e’tirof etgan. Shu bilan birga I.Fedotov hindlar va 
balxliklar Xivaga kelishmaydi hamda Xivada hind omborlari ham yo’q, deb xabar 
beradi. Qizig’i shundaki, elchi Xiva bozorlarida sotilayotgan tovarlar narxini 
Astraxanda sotilish narxi bilan taqqoslab, bu tovarlarni Rossiyada sotishdan foyda 
chiqmaydi, deb hisoblagan. Oʻrta Osiyo savdo karvonlari, ularning tarkibida uzoq 
safarga chiqqan Xiva savdogarlari Eronning Kaspiy boʻyidagi savdo markazlari, 
jumladan Shemaxa bozorlariga paxta matolarini olib borganlar. 
XIX asr oxirida esa xonlik iqtisodiyoti shu tariqa Rossiyadan olib kelinadigan 
mahsulotlar bilan rivoj topib, bozorlar savdogarlarning savdo-pul munosabatlarida 
asosiy vosita makoni edi.Ayniqsa, Qo’ng’irot, Ko’hna Urganch, Chimboy va Xo’jayli 
singari bekliklarda har kuni bozor uyushtirish huquqi xon tomonidan berilgan bo’lib, 
poytaxt Xivada esa haftada ikki kun—dushanba va juma kunlari bozor bo’lardi.Ana 
shu bozorlarni mahsulotlar bilan to’ldirishda esa Xorazmlik savdogarlar tinim 


388 
bilishmagan. Ular endi oldingidek Orenburgga emas, Rossiyaning ichki shaharlariga 
ham bevosita o’zlari mahsulotlar olib borishgan.Masalan, 1880 yilning o’zida 
Xorazmlik savdogarlardan etti nafari 9900 pud paxta, 1210 pud chorvachilik 
mahsulotlari va 240 pud hunarmandlar yasagan turli buyumlarni olib borib 
sotishganlar.Ayniqsa, 
Xorazmlik 
savdogarlardan 
Xivalik 
og’a-ini 
Xudoyberganovlarning tashqi savdo aylanma pullari 270 ming, Polvonqoriniki esa 90 
ming, Madrimovniki 54 ming rublni tashkil qilardi. Shuningdek, Yangi Urganchlik 
Polvon sag’irchining savdodagi aylanma puli miqdori 400 ming, Vaisboboniki 200 
ming, Haji misgarniki 200 ming, Boboovulniki esa 100 ming, Muhammad Sharifniki 
bo’lsa 70 ming, Bobojon cho’loq laqabli savdogarniki 70 ming, Eshonqoraning 
savdodagi aylanma puli esa 50 ming rublni tashkil etardi. O’sha vaqtda bu pul miqdori 
katta hisoblangan.Aynan rus tilini bilganidan Moskva, Nijno’y Novgorod singari 
shaharlardan borib mahsulot keltiradigan Vais baqqol, og’a-ini Xudoyberganovlar, 
Polvonqora hamda Gavdonboylarning esa xonlikda obro’si g’oyat katta bo’lgan. Ushbu 
savdogarlar Rossiyadan movut, qimmatbaho choponlar uchun parchalar hamda 
chitlarni keltirishgan. Xivalik Polvonqora degan savdogarning bir o’zi esa har yili 15 
ming rubllik parchani Rossiyadan olib kelardi.1880-85 yillarga kelganda bevosita 
Rossiyaga savdo qilib borgan savdogarlar soni tobora oshib bordi va 1890 yilda ular 
soni 30 tani tashkil etgan. Salimjonov, Odamov, Mustafoev va Ibragimov singari Yangi 
Urganch va Xivalik ayrim savdogarlar, hattoki Rossiya fuqaroligiga ham o’tishgan, ular 
Nijno’y Novgorod, Moskva shaharlaridan uy sotib olib, mahsulotlarni karvonboshilar 
orqali yubortirib, tijoratni o’sha yoqda turganicha boshqarib ham turishgan.Rossiyaga 
borish uchun XIX asrda Xorazmlik savdogarlar Xiva—Ko’hna Urganch-Sariqamish—
Ilonli-Qo’ng’irot va u erdan qoraqalpoq cho’llari hamda qozoq dashtlari bo’ylab 
Orenburggacha bir yarim oy ot, tuyalarda yo’l yurishgan. N.Muravyovning «Xiva 
xonligiga va Turkmaniyaga sayoxat» asarida yozilishicha, «Xiva xonligi ushbu 
yo’llardagi 15 joyda 500 navkarni karvonlarni qo’riqlash uchun ajratardi.Bundan 
tashqari Kavkazga borish, dengizga chiqadigan Xiva-Qo’ng’irot-O’likqo’ltiq-
Mang’ishloq degan 450 km.lik, Xiva-Toshhovuz-Ashxabod bo’ylab 447 km.lik va 
Xiva-Ko’hna Urganch-Krasnovodsk bo’yicha esa 600 km.lik savdo yo’llari bo’lib, 
karvondagi savdogarlar o’zlari istagan, ko’nikkan va yo’ldagi aholi joylaridayam savdo 
qilib boradigan manzillar bor edi.XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib Xorazmning 
savdosida karvon yo’llaridan ko’ra, Amudaryo orqali safarga chiqish ancha arzonga 


389 
tushar, natijada bu borada suv yo’llari rivojlantirilgan.Bu paytda ayniqsa bevosita 
Rossiyadan kelgan va shu erda o’z firma, aktsionerlik jamiyatlarini ochayotgan 
savdogar hamda fabrikantlar ko’paya boshlashdi. Bu borada Ryazanov, Lyashin, 
Ananov, Kotin, Tretyakov, Malyutin singari millioner rus savdogarlari Xiva xonligida 
o’z firmalarini tashkil etganlar. Bunga asos sifatida 1874 yilda Moskva 
savdogarlarining «Savdo-sanoat» shirkati katta rol o’ynagandi. 
Xulosa qilib aytganda, Xiva xonligi ichki bozorning mavjudligi va ularning 
tartibli yoʻlga qoʻyilganligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, Xiva, Gurlan, Xonqa, 
Urganch, Kat, Xoʻjayli, Shoxobod kabi shaharlarda bozorlarning ish tartibi yaxshi 
yoʻlga qoʻyilganligini aytishimiz joiz. Xiva xonligi tashqi iqtisodiy va savdo-tijorat 
aloqalarini qoʻshni davlatlar bilan olib borganligi va ularning mahsulotlarni xonlikka 
olib kelib savdo qilganliklari haqida koʻplab manbalar guvohlik beradi 
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 
1.Allayeva N.A. Xiva xonligi diplomatiyasi (XVI-XIX asrlar). — Toshkent: 
Adabiyot uchqunlari, 2018. — 272 b. 
2.Allayeva N.A. Xiva xonligi diplomatiyasi va savdo aloqalari (XVI-XIX asrlar) 
/ Toʻldirilgan va qayta ishlangan nashr. — Toshkent: Akademnashr, 2019. 496 b 
3. A. Abdurasulov “ Xiva tarixiy etnografik ocherklar” – Toshkent , 1997.- 
B.29,32 
4.Allayeva N.A. Xiva — Eron oʻzaro aloqalarining etnomadaniy jarayonlarga 
taʼsiri (XVI — XIX asrlar)
5. https://uz.m.wikipedia. 
 

Yüklə 479,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin