Xix asr ikkinchi yarmi XX asr boshlarida samarqand viloyati maorifi holati va muammolari



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə24/27
tarix10.05.2022
ölçüsü1,22 Mb.
#56991
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   27
2 bob bo‘yicha

Musulmon dunyosida nufuz topgan Samarqand madrasalarining mustamlaka sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy holati va davlat siyosatining mohiyati, jumladan, madrasalarni boshqarishda “maxsus yo‘riqnomalar”ning ishlab chiqilishi (“bosh mudarris” faoliyati, inspeksiya nazorati va b.) va buning natijasi ayrim tartiblarni o‘rnatilishi bilan kechganligi, shuningdek, hukumatning vaqf mulkiga oid siyosati natijasi esa, mudarris va talabalar ijtimoiy hamda moddiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan holatlari aniqlangan;

Rus ta'lim dargohlarida ham muammolar ko‘p bo‘lgan. Ushbu ta'lim dargohlarining moliyalashtirish masalalari harbiy ma'muriyatning aralashuvi bilan amalga oshirilgan. Turkiston o‘lkasida ta'lim siyosatining muvaffaqiyatsizlikka uchrashining asosiy sabablaridan biri o‘quv muasasalarini yetarli darajada va vaqtida hukumat tomonidan moliyalashtirilmaganligida edi. Chunki hukumat to‘liq moliyalashtirish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmagan. Ko‘pincha ta'lim muasasalarining moliyaviy ehtiyojini qondirish turli sabablarga ko‘ra rad etilgan yoki kechiktirilgan. Natijada ushbu xarajatlar o‘lkaning mahalliy mablag‘lari hissobidan undirilar, amalda harbiy vazirlikka xarajatlar smetasi kiritilar yoki bevosita o‘lka aholisi zimmasiga yuklanardi.

Samarqandda dastlabki rus maktabi 1870 yil 14 yanvarda ochildi. Maktab tashkil etish uchun 900 rubl' ajratilgan. Zarafshon okrugi generel K. Abramovning buyrug‘iga asosan, mahalliy til va yozuvni yaxshi bilgan kapitan Greben 1870 yil 24 martda rus ma'muriyatining ana shu o‘quv yurtidagi alohida vakili etib tayinlandi. Maktabda 20-30 ta o‘quvchi bo‘lib, maktabning o‘quv jarayonida rus tilini o‘rganishdan tashqari bolalarga hunar va qishloq xo‘jalik ishlarini o‘rgatish ham ko‘zda tutilgan edi. Buning uchun kichkina xo‘jalik fermasi tashkil qilindi va yer uchastkasi ajratib berildi. 1876 yili bu maktabda 111 ta o‘quvchi bo‘lib, ular orasida turli millat vakillari, jumladan, o‘zbeklar, tojiklar, yahudiylar va hindlar bo‘lgan. 1874 yili Samarqandga xizmat safariga yuborilgan Toshkent o‘quv rahbariyati vakilining hisobotiga ko‘ra, mazkur maktabda musulmon qonunshunosligi o‘qitiladigan alohida sinf mavjud bo‘lgan. Samarqand maktabida rus va mahalliy maktab xususiyatlari mujassamlashgan edi. Biz bu maktabni keyinchalik ochilgan rus-tuzem nomi bilan ommalashgan maktabining dastlabkisi deb olsak bo‘ladi. Aynan Abramov dastlabki yillardanoq maktab ta'limining shunday ko‘rinishi asosida olib borishga harakat qilganligi ma'lum bo‘lmoqda. 1879 yilda bu maktab o‘g‘il bolalar va qizlar maktablariga ajratildi. 1882–1883 o‘quv yilida bu maktablar uch sinfli o‘g‘il bolalar va qizlar bilim yurtiga aylantiriladi.

1872 yil 31 mayda Shahar bilim yurtlarini tashkil etish nizomi chiqariladi. Bu yerda ziyoli va nisbatan ta'minlangan aholi farzandlari ta'lim olishlari nazarda tutilgan edi. Ularning maqsadi rus va mahalliy aholi ichidan hukumat idoralariga xizmat qiluvchi vakillarni tarbiyalash bo‘lgan. 1873 yilda “Uezd maktablari o‘quv dasturi” tasdiqlangach, ta'lim muassasalarida dunyoviy darslar ko‘paygan. Bu dargohlarda o‘qish muddati 4 yil davom etgan. Faqat keyinchalik o‘qituvchilik qilmoqchi bo‘lganlar 5 yil ta'lim olgan va beshinchi yil amaliyot o‘tagan. Demak 1873 yilgacha rus ta'lim tizimida ham diniy ilmlar yetakchilik qilgan, ammo bu dasturda ham dunyoviy fanlar kiritilgan bo‘lsada, diniy fanlarning yetakchi bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin.

1878 yil 5 iyuldagi o‘lka o‘quv ishlari inspektorining hisobotida Samarqanddagi rus o‘quv yurtlari holati xalq ta'limi boshqarmasi talablariga javob bermasligi ta'kidlanadi. Buning asosiy sababi, bu turli xildagi maktablarga mahalliy aholining ishonchsizligi va ulardagi ta'lim jarayonining samarasizligi bo‘lgan.

1899 yil 1 iyuldan boshlab Samarqanddagi Marian xotin-qizlar bilim yurti gimnaziyaga aylantiriladi. Gimnaziyalarda o‘qish pullik bo‘lib, bir yilda o‘quvchilardan 40-60 rublgacha olingan. 1905 yili Samarqand qizlar gimnaziyasi Abramov bul'varida qad ko‘targan yangi binoga ko‘chirilgan. Ma'lumotlar, davlat manfaatlariga zid fikrlar yozilgan kitoblarni aniqlash va o‘qituvchilarning mafkuraviy dunyoqarashini nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan. Imperiya hududida ta'lim berish bilan shug‘ullanishning o‘ziga xos talablari, shartlari va tartib-qoidalari bo‘lgan. Ushbu qoidalarga munosib bo‘lmagan va muvofiq kelmagan o‘qituvchi ish topa olmagan yoki hujjati bo‘lmagan kishini ishga qabul qilgan ma'muriyat vakili, ya'ni ish beruvchi qonun oldida javobgar bo‘lgan.

1899 yilda Samarqandda A.S. Pushkin nomli shahar diniy bilim yurti (72 nafar o‘quvchisi bor edi) ochiladi. Samarqandda erkaklar gimnaziyasi ham faoliyat ko‘rsatgan. 1913 yildagi taftish natijalariga ko‘ra, Samarqanddagi erkaklar gimnaziyasining ahvoli talabga javob bermagan. Gimnaziya eski, tor va noqulay binoda joylashgan. Bu o‘quvchilar soniga salbiy ta'sir qilgan. Samarqand erkaklar gimnaziyasida bir yilda har bir o‘quvchiga o‘rtacha 186 rubl' 71 kopeeyk sarflangan. Shundan 50 rubli o‘quvchining o‘zidan, qolgani davlat hisobidan sarflangan. Gimnaziyalar qoshida o‘quvchilarni jazolash uchun maxsus karserlar bo‘lgan. Gimnaziyalar faoliyati davomida o‘quvchilarning bir necha marotaba o‘z joniga qasd qilish holatlari uchragan. Demak rus ta'lim tizimidagi jazo turlari mahalliy maktablardagidan bir necha barobar qattiq bo‘lgan.

Samarqand viloyatida xususiy rus ta'lim dargohlari ham faoliyat ko‘rsatib, ularda rus bilim yurtini imtihon topshirib bitirganlargagina dars o‘tishga ruxsat berilgan. Bu yerda asosan rus, tatar, yahudiy va boshqa millat vakillari rus tilidan dars bergan. Xususiy ta'lim berishni istagan shaxs hokim yoki inspektor nomiga yozma ariza bilan murojat qilishi an'anaga kiritilgan. Ruxsat olgan mutaxassis xususiy dars berish, maktab ochish huquqi yoki imkoniyatiga ega bo‘lgan. Arxiv hujjatlariga ko‘ra “Uy o‘qituvchisi” guvohnomasini olganlar Samarqandda bir qancha xususiy maktabni o‘z uyida yoki birovning uyida ijarachi sifatida ochishgan. Bunda maktabdor shaxs inspektorga maktabi joylashgan uyning manzili haqida ma'lumot taqdim etishi talab qilingan. Xususiy rus maktablari ko‘pincha harbiylarning, mahalliy ma'muriyatda mas'ul lavozimlarda ishlagan mashhur shaxslarning turmush o‘rtog‘i, qizi va boshqa yaqinlari tomonidan ochilgan. Bu maktablar muntazam va uzoq faoliyat ko‘rsata olmagan. Harbiylar va mas'ul shaxslarning tez-tez boshqa joyga jo‘natilib turilishi ayrim hududlardagi maktablar faoliyatining to‘xtab qolishiga yoki tugatilishiga olib kelgan. Ushbu holat ham ta'lim tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan omillardan biri hisoblangan. Shunga qaramay, tegishli diplomga ega mutaxassisning uy o‘qituvchisi lavozimida xususiy maktab tashkil etishi mumkinligi bo‘yicha alohida qonunning mavjudligi o‘sha davr uchun ancha ilg‘or hodisa sanaladi.

Bu davrda yetuk bilimli, sanoat, temir yo‘l ishlarini biluvchi ishchilarga talab ortadi. Natijada hunar ta'limiga ham e'tibor beriladi. 1898 yilda Samarqandda 2 yillik erkaklar (68 ta o‘quvchi) va qizlar (49 ta tinglovchi) temir yo‘l o‘quv yurti ochiladi. Ruscha muomala qilishni o‘rganib olishgach, talabalar, rus tilida ariza, telegramma va boshqa xatlarni pul evaziga yozib berganlar. Maktabni bitirganlar ma'muriy idoralarda, banklarda, polisiya nazoratlarida ishlashgan, rus savdogarlari bilan yaqin aloqa o‘rnatishgan.

Umuman Turkistonda rus ta'lim muassasalari soni hududiy jihatdan nomutanosib taqsimlangan. Butun o‘lkadagi rus o‘quv yurtlarining 71,6 foiz va o‘quvchilarning 77,6 foizi Sirdaryo viloyatida, 11,9 foiz o‘quv yurtlar va 11,4 foiz o‘quvchilar Samarqand viloyatida, 15 foiz o‘quv yurtlari va 33,2 foiz o‘quvchilar Toshkentda, eng kam qismi Farg‘ona viloyatida joylashgan. Bu albatta hududlardagi rus aholining soni va mahalliy aholining rus ta'lim dargohlariga munosabatidan kelib chiqqan edi. Turkistonda 1909 yildagi ma'lumotlarga ko‘ra, rus o‘quv yurtlarida 30,6 foiz qizlar va 69,4 foiz o‘g‘il bolalar ta'lim olishgan.

Samarqand viloyatidagi rus ta'lim muassasalarining 1911 yildagi, 1914 yildagi, 1915 yildagi va 1916 yildagi holatini solishtirganda bu ta'lim dargohlardagi o‘quvchilar soni ba'zida kamayganini ba'zida ortib borganini ko‘rish mumkin. Bu maktablarda musulmon aholisi vakillari soni avvalgi yillarga nisbatan ko‘paygan bo‘lsada, lekin aholi soni jihatidan ko‘p bo‘lmagan.

Turkiston general gubernatori N.O. Rozenbax (1835/36 – 1901) mahalliy xalq farzandlari uchun ruscha boshlang‘ich maktablar faoliyatini tashkil qilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, mahalliy xalq orasidan hukumat uchun tarjimon va mutaxassislarni tayorlashdan iborat bo‘lgan. Bu maktablarda rus tilini o‘qitish uslubi 1884 – 1897 yillarda tarjima usulida va 1897 – 1917 yillar davomida ko‘rsatmali uslubda olib borilgan.

1887 – 1895 yillarda ushbu maktablarga mahalliy aholining qiziqishlari past bo‘lib, o‘quvchilar soni kam bo‘lgan. Buning sababi, dastlab rus-tuzem maktablari rus tilini o‘rganishga ehtiyoj bo‘lmagan chekka hududlarda ochilgan. Dastlabki vaqtlarda rus tilini bor yo‘g‘i 2 soat, unda ham tarjima usulida o‘rganishga qaratilgan. Mahalliy aholiga moslashtirilgan darsliklar kam bo‘lganligi va arifmetikani o‘rgatishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan (mahalliy aholi dastlab asosan matematikani o‘rganish uchun rus-tuzem maktablariga borgan. – M.S.). Mahalliy xalq o‘z farzandlarini tarjimon sifatida ishlashlariga ham qarshi bo‘lishgan. Ular bu kasbga past nazar bilan qarashgan.

1886 yilgacha Turkistonda 22 ta rus-tuzem maktablari faoliyat ko‘rsatib, ulardan sakkiztasi Sirdaryo viloyatida, 1 tasi Toshkent shahrida, 7 tasi qishloq va ovullarda, 5 tasi Farg‘ona viloyatining eski Marg‘ilon shahrida, Andijon, O‘sh, Qo‘qon, Namangan kabi dahalarida, 1 tasi Samarqand viloyatinig Jizzax shahrida joylashtirilgan.

1887 yilda Samarqand rus-tuzem maktabi huzurida kechki kurslar ochiladi. Bu kurslarga asosan til bilish zaruratga aylangan savdogarlar qatnashgan. Rus tilini o‘rgatish bo‘yicha kechki kurslar asta-sekin barcha rus-tuzem maktablarida tashkil etildi.

1892 yilga kelib Sirdaryo viloyat xalq o‘quv yurtlari inspektori S.M. Grameniskiy rus-tuzem maktablaridagi o‘qitish usullarini isloh qilishga harakat qiladi. U N. Il'minskining maktablarda o‘qitishdagi turkiy so‘zlarni ruscha transkripsiyada berishga asoslangan tarjima metodining mahalliy xalqga to‘g‘ri kelmasligini ta'kidlaydi.

Bu maktablar kutilgan natija bermagach, 1895 yilda barcha rus-tuzem maktablari uchun yagona dars jadvali tuziladi. Unga ko‘ra kuniga to‘rt soatdan dars o‘tilgan, mashg‘ulotlar soat ertalab 9 dan boshlanib, kunduzi 13:30da tugagan. Rus-tuzem maktablarida o‘qish kuni ikkiga bo‘lingan. Birinchi 2 soatda rus tili, grammatikasi, o‘qish va arifmetikadan rus o‘qituvchisi darslarni o‘tgan. Keyingi 2 soatda esa arab grammatikasi, islom asoslarini musulmon o‘qituvchisi o‘tgan.

Ta'lim muddati 1 sentyabrdan boshlanib, 20 mayga qadar davom etgan. 1898 yildan boshlab F.M. Kerenskiy topshirig‘i binoan S. Grameniskiy ushbu maktablari uchun maxsus birinchi “Pervaya kniga dlya chteniya”, “Vtoraya kniga dlya chteniya”, “Tret'ya kniga dlya chteniya” darsliklarini nashr qiladi. Bu darsliklar asosida rus-tuzem maktablarida dastur joriy qilinadi. To‘rt yillik ta'lim tugagach, maktabni bitiruv imtihoni ham o‘tkazilgan.

Lekin, rus-tuzem maktablarining mahalliy guruhlari uchun darsliklar masalasi muammoligicha qolgan. Faqatgina 1902 yilga Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval” alifbo darsligi nashr ettirilgan. Albatta bu shunchaki tasodif emas, balki rus hukumatining puxta o‘ylagan rejasi edi.

Hukumat, hatto rus ziyolilari ham mahalliy aholini ma'naviyat va ma'rifatdan yiroq tutish lozim deb hisoblagan. Rus-tuzem maktablari mustamlaka mohiyatini ko‘zlab shakllantirilganligini rus ma'murlari ham tan olishgan.

Islohotlar natijasida Samarqand viloyatida ham rus-tuzem maktablari soni ortgan. Masalan, 1896 yili Samarqand shahrida 4 ta, Kattaqo‘rg‘onda 2 ta, Jizzaxda 1 ta rus-tuzem maktabi faoliyat olib borgan bo‘lsa, 1908 yilgi statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida 15 ta maktabda o‘rtacha 13 tadan jami 273 o‘quvchi ta'lim olgan. Shunga qaramay, Samarqand viloyatidagi bu ko‘rsatkich o‘lkaning boshqa viloyatlariga qaraganda eng past bo‘lgan.

Arxiv hujjatlarida Samarqand viloyatidagi rus-tuzem maktablarining soni, ulardagi o‘quvchilar haqida doimiy tarzda ma'lumotlar keltirilgan. 1914 yildagi ma'lumot asosida rus-tuzem maktablaridagi o‘quvchilarni aholi soniga nisbatan ko‘rsatkichi aniqlandi. Unga ko‘ra, viloyatda 519893ta erkak va 444587 ta ayol jami 964480 nafar musulmon aholisi bo‘lgan. Agar faqat o‘g‘il bolalar rus-tuzem maktabiga borganligi hisobga olinsa, aholining 0,1 foizi rus-tuzem maktablariga, 0,05 foiz shu maktablar qoshidagi kechki kurslarga qatnashgan. Bu albatta juda oz bo‘lib qanchalik harakat qilinmasin aholi o‘rtasida rus-tuzem maktablariga nisbatan ishonch va qiziqish ortmagan. Samarqand shahrida yahudiylar 6408 nafar erkak 5822 nafar ayol jami 12230 nafarni tashkil qilgan holda, ularning 0,6 foizi kunduzgi maktablarga, 0,6 foizi kechki kurslarga qatnagan.

Xulosa qilib aytganda, Rossiya imperiyasi hukumati har qancha harakat qilmasin rus-tuzem maktablari mahalliy xalq hayotiga singib ketmadi. Keyinchalik yangi usul maktablari faoliyati bilan unga bo‘lgan ehtiyoj ham tugadi. Buning asosiy sababi bu maktablarning mahalliy aholi tili, dini, boy madaniyati va tarixini yo‘qotishga qaratilganligida edi. Bu maktablarda zamonaviy fanlarni o‘qitilishini ham tan olgan holda, ularning eng katta kamchiligi mustamlaka ruhida bo‘lganligini aytish mumkin.

Samarqandda rus o‘quv yurtlari boshqa viloyatlarga qaraganda sal kechroq ochilgan. Buning sababi, avvalo Samarqand hududi keyinroq imperiya hududiga qo‘shib olinishi va rus ma'murlari hamda xizmatchilarining kelib muqim yashashi ham sekin sodir bo‘lganligida edi. Ta'lim muassasalarining bir-biridan uzoq joylashganligi o‘quv faoliyatini nazorat qilishda qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.

Behbudiy shunday yozadi: ”Hukumat maktablarig‘a xalqni adam muhabbatini sababi mazkur maktablarg‘a dini islom va adabiyoti islomiya muallimlari yo‘qligidur. Mazkur maktablarg‘a dini islom va lisoni mahalliya muallimlari tayin bo‘lsa, albatta aholi mayl etar”. Alloma rus ta'lim dargohlarini isloh qilinishining tarafdori bo‘lgan.

Samarqand viloyatida imperiya hukumati tomonidan tashkil etilgan rus ta'lim dargohlarining ijtimoiy-siyosiy hayotdagi (ruslashtirish, xo‘jalik sohalari va b.) o‘rni hamda ularning mahalliy aholi hayotida jumladan, til, g‘arb madaniyatining yoyilishi singari ijobiy omillari bilan birgalikda, imperiya manfaatlariga xizmat qiluvchi “kadrlar” siyosatiga qaratilgan ayrim salbiy omillari yoritib berilgan;

XIX asr oxiriga kelib Rossiya imperiyasining turkiy xalqlari musulmon maktabalarida islohotlarni jadallashtirdilar. Turkiston o‘lkasida esa ta'limdagi islohotlar kech va ancha sust kechayotgan edi. Jadidchilik harakati O‘rta Osiyoga Qrim, Kavkaz va Volgabo‘yi turkiy tilli xalqlar ziyolilari ta'sirida kirib keldi. Bu hududlar O‘rta Osiyoga nisbatan ancha oldin Rossiya tarkibiga kirgan bo‘lib, aholisiga rus va Yevropa madaniyati ta'siri Turkiston aholisiga nisbatan ancha oldin singib borgan. Turkistondan tashqarida musulmon davlatlarida ta'limda kechayotgan islohotlar mintaqa hayoti va maktablari faoliyatiga ta'sir etmay qolmadi. Xususan, Turkistondagi jadidchilik oqimi jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy ehtiyoj natijasida vujudga keldi. O‘sha davrning ilg‘or taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Imperiya hukumatining ruslashtirish siyosati mahalliy ziyolilarning o‘z xalqi manfaatlari uchun kurashini kuchaytiradi. Ular Rossiya va Yevropa xalqlarining harbiy va sanoat sohasidagi yutuqlari va madaniy taraqqiyoti sabablarini ta'limni rivojlantirishda ekanligini angladilar. Shu sababli an'anaviy ta'lim sohasini isloh qilish jadidchilik harakatining bosh maqsadi bo‘lgan.

Imperiya ma'muriyati graf K.K. Palen (1861 – 1923) taftishigacha jadid maktablariga katta e'tibor berishmagan. Bu maktablarni o‘rgangan K.I. Palen shunday ma'lumot beradi: “Bu maktablarning dasturlari ko‘pincha musulmonlarning 1905 – 1906 yillardagi s'ezdlari programmasidan kelib chiqqan. Maktab o‘qituvchilari asosan tatarlardir. Darslik va adabiyotlar asosan Qozon va Istanbulda nashr qilingan. Ta'limning asosi o‘quvchiga islomning buyukligini uqtirish, ularni qalblarida musulmonlarning birlashish va yuksalish g‘oyalarini uyg‘otishdir. Hozirgi kunda bunday maktablar Turkistonda juda ko‘p. Ammo, ko‘pchiligi hukumat tomonidan ro‘yxatga olinmaganligi sababli, ularning sonini aniq aytish imkonsizdir. Taftish davrida shunday maktablardan Toshkentda 12 tasi, Qo‘qonda 14 tasi, Andijonda 5 tasi, Samarqandda 4 tasi tekshirildi. Aholi bunday maktablarga bolalarini katta qiziqish bilan berayapti. Masalan, Samarqandning 4 ta yangi usul maktabida 200 dan ortiq bola, Andijondagi 5 ta shunday maktabda 230 bola o‘qimoqda”.

Yangi usul maktabida xat-savod bolalarning ona tilida tovush usuli – usuli savtiyaga o‘rgatilgan. Maktablar asosan 1-4 sinfdan iborat boshlang‘ich maktablar bo‘lgan. 1913-14 o‘quv yilidan ayrim joylarda 2 bosqichli tizim joriy qilina boshlandi. Bu tizimdagi maktablar namuna maktablari deb atalib, ularning 1-bosqichi tahziriy (boshlang‘ich) sinflar, 2-bosqichi rushdiy (yuqori) sinflar deyilgan. Xususan, M.Abdurashidxonovning namuna maktabi, A. Shakuriyning Samarqanddagi va A.Ibodievnint Qo‘qondagi maktabida rushdiy (yuqori) sinflar (5-6-sinf) ham ish boshlaganligi sohani jadallashtirish sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.

Ta'kidlash joizki, yangi usul maktablari uchun maxsus binolar qurilmagan. Ular xususiy bo‘lib, ko‘p hollarda maktab uchun muallimning o‘z uyidan yoki biron bo‘sh turar joy binolaridan hamda ba'zi shaxslarning tashqi hovlilaridan foydalanilgan. Imperiya hukumati amaddorlari bunday maktablar milliy madaniyatning o‘sishiga yordam berishidan cho‘chib, podsho hokimiyati uchun xatarli deb hisoblashgan. Shuning uchun ularning faoliyatini to‘xtatishga qaratilgan turli tadbirlar ishlab chiqildi. Xususan, 1911 yilda mahalliy millat maktablarida (rus-tuzem maktablaridan tashqari) o‘quvchilar qaysi millatdan bo‘lsa, muallimlar ham shu millatdan bo‘lishlari lozim, degan qaror qabul qilindi. Shu qaror asosida tatar muallimlari ishdan bo‘shatilib, bir necha o‘nlab yangi usul maktablari yopib qo‘yildi (dastlab butun o‘lka bo‘ylab jadid maktablarida tatar millatiga mansub o‘qituvchilar dars bergan). Yangi usul maktablarining biron joyda rasmiy tasdiqlangan yagona o‘quv rejasi, dasturi bo‘lmagan. Darslar muayyan maktab rahbari va muallimlari tomonidan tuzilgan o‘quv rejasi va darsliklar asosida olib borilgan. Bu rejalar Ismoil G‘aspirali dasturi asosida bo‘lsada, barcha jadid maktablari qat'iy bu rejalarga tayanmagan. Bu esa jadid maktablaridagi eng katta muammolardan biri edi.

Gaspirinskiy dasturi bo‘yicha yangi usul maktablarida quyidagilarga rioya qilinishi lozim edi: 1. Sinfda (maktabda) bolalar soni o‘ttiztadan oshmasin; 2. Bolalarni faqat ikki daf'a - yoz va qish boshlaridagina qabul qilish mumkin;3. Har qabul necha bo‘lishidan qat'i nazar bir sinf bo‘lsin; 4. Har bir muallimda ko‘pi bilan 3-4 sinf bo‘lsin; 5. Agar maktab uch sinfdan iborat bo‘lsa, darslar ketma-ket, ma'lum uyg‘unlikda qo‘yilmog‘i lozim; 6. 7-9 yoshlardagi bola 7-8 soat uzluksiz o‘qiy olmaydi. Uning uchun 5 soat kifoya. Har darsdan so‘ng 10 daqiqa tanaffus lozim;7. Juma va bayram kunlari dam olinadi; 8. O‘n oy o‘qishdan so‘ng yozning issiq kunlarida ta'til bo‘lishi maqsadga muvofiq; 9. Dars zeriktirmasligi lozim. Besh soatda besh soat turli fandan dars boqmoq og‘ir dagildir, lekin besh soat yolg‘iz bir dars ila o‘grashmoq zehnni buzar; 10. Shogirdlari urmiya, so‘kmiya hojat yo‘qdir; 11. Har hafta nihoyatinda shogirda haftalik tazkira verilmalidir. Hafta bo‘yu darslarina diqqatli o‘lub, bildigi ishorat edilib, ofarin yozilmalidir; 12. Maktabning panjaralari (terazalari) buyuk va ichi ziyoli va oydin o‘lmasina bik diqqat emalidir. Sovuq xonada dars vermak, ilm o‘rgatmak og‘ir dagildir, begunoh sibyona jazo vermakdir.."

Yangi usul maktablariga hukumat hech qanday yordam bermagan. Maktablar bolalarning ota-onalaridan har oyda olinadigan mablag‘ hisobiga ishlagan, muallimlarga ham shu hisobdan maosh to‘langan. Maktabdorlar fidoyiliklari va ko‘plab jadidlar shaxsiy mablag‘lari hisobidan maktab ishlari ta'minlangan. Jadid maktablarida may oyi oxirlarida ota-onalar va mehmonlar ishtirokida imtihonlar o‘tkazilgan. Imtihonda bolalar Qur'on suralarini yod aytishni, ona tilidan o‘qish va yozishni, hisobdan to‘rt amalni o‘rganganliklarini namoyish qilganlar. Yangi usul maktablari zamonaviy milliy maktablarining ilk bosqichi bo‘lgan. Bu maktablar tajribasi asosida faqat alifbe va o‘qish kitoblarigina emas, ona tilining qonun-qoidalari yoritilgan “Turkiy qoida” va “Imlo” kabi dastlabki o‘quv qo‘llanmalari yaratilgan.

Samarqandda yangi usul maktablari Abulqodir Shakuriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin, Siddiqiy Ajziy va boshqalar tomonidan tashkil etildi. Samarqand viloyatida o‘quv ishlari mahkamasi 5 ta jadid maktabini ro‘yxatga olgan. Soha inspektori bunday maktablarning Kattaqo‘rg‘onda ham borligini o‘z raportida qayd etgan. Jizzaxda qizlar uchun jadid maktabi ham faoliyat ko‘rsatgan.


Yüklə 1,22 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   27




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin