Xorazmda Pahlavon Mahmud ( 1247-1326) dek dong qozongan polvon, mohir po’stindo’z, faylasuf shoirni Polvonpir deya hanuzgacha ulug’lashadi, e’zozlashadi
Xorazmda Pahlavon Mahmud ( 1247-1326) dek dong qozongan polvon, mohir po’stindo’z, faylasuf shoirni Polvonpir deya hanuzgacha ulug’lashadi, e’zozlashadi.Ichan-Qa’ladagi uning qabri ustiga barpo etilgan maqbara ana shu e’zozning o’ziga xos namunasi.Garchi oddiy insonlar uning nafis she’riyatini, javonmardiylik tariqatining yirik namoyondasi ekanligini to’la anglamagan bo’lsalarda, polvonligi bilan bog’liq rivoyatlarni yaxshi bilishadi. Pahlavon Mahmud “Qitoliy” taxallusi bilan devon bitganligi, “Kanz-ul haqoyiq” nomli masnaviy asari mavjudligi to’g’risida nufuzli manbalardan ma’lum. Shoirning to’rt yuz elliktacha ruboiysi bizga qadar yetib kelgan. Ruboiylarda insoniy fazilatlar sharofati bilan Haqqa yetish ta’limoti – javonmardiylik g’oyalari tarannum etiladi. Bu ruboiylar javonmardiylik sulukiga oid boshqa yozma obidalar singari, o’ziga xos hayot qomusi, tirikchilik dasturilamallari, ilohiy va insoniy tuyg’ular musaffoligi zaruratining targ’ibotnomalaridir.Atoqli shoir Matnazar Abdulhakimning Pahlavon Mahmudga ixlos qo’yishiga asosiy sabablardan biri , shoirning Polvonpir kabi polvon , yoshligida kurash bo’yicha respublika chempioni, sport ustasi bo’lganligidir ehtimol.Qolaversa, Matnazar akaning yuksak iqtidori ham Pahlavon Mahmud bilan ruhan yaqinlikka sababchi bo’lgandir.Shuning uchun ham forsiy tilni egallagan Matnazar Abdulhakim Qitoliy ruboiylari tarjimasiga qo’l urgandi.Bundan tashqari Matnazar aka suhbatlari chog’ida ko’pincha Pahlavon Mahmud she’riyatidan, hayotidan misollar keltirar edilar.Polvonpirga ixlos bois ham Matnazar Abdulhakim Yahyo G’ulomov,To’xtasin Jalolov, Hamidjon Homidiylar an’anasini davom etdirib, shoir hayoti va ijodini tadqiq qildi, targ’ibetdi.“Tabarruk tashrif”, “Kim agar ozoddir” to’plamlariga Qitoliy ruboyilaridan 332 tasini jamlagan bo’lsa, “Iymon tuhfasi”, “Tafakkur chorrahalarida” tadqiqot kitoblarida shoir she’rlarini ilmiy jihatdan talqin qilgandi. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan ruboiylar yuqoridagi to’plamlarga kiritilmagan, hali shu paytgacha biron tarjimonning qo’li tegmagan she’riyat durdonalaridir.Ushbu ruboiylar Xivadagi Ichan Qa’la Davlat muzey qo’riqxonasida saqlanayotgan majmua asosida o’girilgandi.Tarix fanlari nomzodi Komiljon Xudoyberganov fikrlariga ko’ra, “Ichan qa’ladagi bu majmua, ayrim manbalarda ta’kidlanganidek, Xiva xoni Feruzxonning o’z qo’li bilan ko’chirilgan deya taxmin qilinadi.Matnazar Abdulhakimning sa’yi-harakati, intilish va ixlosi bois mashaqqatli mehnat yakuniga yetkaziladi-Qitoliy ijod namunalari o’zbekchaga o’ziga xos tarzda tarjima etiladi”. Sharqshunos Abdulla Ahmedovning aytishicha, “Ruboiylarda Matnazar Abdulhakimga xos tarjima yuzaga kelgani yaqqol ko’rinib turibdi.Unda Pahlavon Mahmud hazratlarining otashin misralaridagi muborak ohanglar o’quvchining yuragida sado berishi shubhasiz.Bularning bari tarjimonning forsiyni chuqur egallaganini ko’rsatadi”.O’ylaymizki, Pahlavon Mahmud ruboiylarining Matnazar Abdulhakim tomonidan qilingan yangi tarjimasi sizga ham manzur bo’ladi.