Etioplastlar o'simliklarni qorong'ulikda o'stirganda shakllanadi. Yorug'lik ta'sirida esa xloroplastlarga aylanadi.
Xloroplastlar. Ularning rangi yashil, uzunligi 5-10 mkm, diametri 2-3 mkm atrofida bo'lib bargning bitta hujayrasida 15-20 dona yoki undan ko'proq miqdorda bo'lishi mumkin. Ularning tarkibida xlorofill va karotanoid pigmentlari bo'lib fotosintezda faol ishtirok etadi. Boshqa plastidalar kabi xloroplastlar ham tashqi va ichki membranalar bilan o'ralgandir. Xloroplastning ichki gomogen muhiti stroma deyiladi. Xloroplastning ichki membranasi tilakoidlarni hosil qiladi. Agarda tilakoidlar bir necha qavat bo'lib joylashsa, gran tilakoidlari deyiladi. Granlarni bir-biri bilan tutashtiruvchi talakoidlar stromalar talakoidlari deyiladi (I.12-rasm).
Tilakoidlar membranasida yashil (xlorofill), sariq va qizil (karotanoidlar) pigmentlar va boshqa yorug'lik energiyasini yutilishini va foydalanilishini ta'minlovchi komponentlar (redoks zanjirli N+-nasoslari) joylashgandir. Uglevodlarning biokimyoviy sintezi va o'zlashtirilishi stromada ro'y beradi hamda ularda kraxmal yig'iladi.
Xromoplastlar-sariq, qizil va qo'ng'ir rangda bo'lib, o'simlikning turli xil organoidlarida xususan guli va mevalarida ko'p uchraydi. Masalan, pomidor va boshqa ko'pchilik mevalarning rangi xromoplastlar tarkibidagi karotanoidlarga bog'liq. Ularda karotin- C40H56, lyutein- C40H56O2, violoksantin- C40H56O4 pigmentlari bo'ladi. Ularni shakli xilma-xildir (dumaloq, uchburchak, ignasimon va h.k.). Xromoplastlar tufayli gullarning turli xil rangi hasharotlarni jalb qilishda va chetdan changlanishda katta ahamiyatga ega.
Hujayraning o'sishi davomida xloro- va xromoplastlar bo'linib ko'payadi. Ayrim hollarda bo'rtib ko'payishi ham mumkin. Ularning bo'linishi har 6-20 soatda ro'y berishi mumkin va ushbu jarayon nurlarning tarkibiga ham bog'liq. Masalan, qizil nurlar (660 nm), bo'linishni kuchaytirsa, uzun qizil nurlar (730 nm) va past harorat ushbu jarayonni sekinlashtirish va to'xtatishi mumkin.