1921-yilda Buxoroda Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan birinchi “Sharq musiqa maktabi” ochildi. Ma’lum vaqtgacha Fitrat o‘zi rahbarlik lavozimida faoliyat olib bordi. Ko‘p asrlik milliy musiqa merosimizni saqlab qolish, iste’dodli yoshlardan yetuk mutaxassislarni tayyorlashdek oliy maqsad ila maktabga “Shashmaqom”dan saboq berish uchun Ota Jalol Nosirov, Domla Halim Ibodov, Ota G‘iyos Abdug‘ani, Abduraxmon Umarov kabi ustozlarni ishga taklif qildi. 1925-yili yangi o‘quv yilidan boshlab “Buxoro davlat Sharq musiqa maktabi”ning o‘quv dasturiga Yevropa nota yozuvi, solfedjio, musiqa nazariyasi, musiqa tarixi kabi yangi fanlar hamda Yevropa cholg‘ularida ijro etishni o‘rgatish kabi o‘zgartirishlar kiritildi.
1924-yili Toshkent davlat birinchi musiqa – internat texnikum tashkil topdi. Toshkent xalq konservatoriyasida ishlagan ko‘p pedagoglar ushbu texnikumga ishga o‘tdilar. Mazkur o‘quv dargohi respublikamizning musiqiy hayotida va o‘rta ma’lumotli san’atkorlarni tarbiyalashda samarali hizmat qilganligini ta’kidlash lozim. 1930-yili ushbu musiqa texnikumida o‘zbek xalq musiqa merosini o‘rganish, notaga yozish bo‘limlari ham ochiladi. Mualliflik ishlariga Shorahim Shoumarov, notaga yozish ishlariga esa Viktor Uspenskiy rahbarlik qildilar.
Dostları ilə paylaş: |