Yadro chamadoni” nima? Yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlarning rahbarlari strategik mudofaa tizimini faollashtirish uchun portativ qurilmaga ega. Uni “yadro chamadoni” ham deyishadi.
1945 avgust oyida Yaponiya shaharlariga uyushtirilgan yadro hujumlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh prezidenti Trumen ishtirokida amalga oshmagan. U yadro zarbalari rejalashtirilgani haqida xabardor bo‘lsa-da, harbiylar buni o‘zlari amalga oshirishgan. Trumen Xirosimaga tushgan bomba haqida yadroviy zarbadan 16 soat o‘tganidan keyin xabar topgan, deyiladi ayrim manbalarda.
“Yadro chamadoni” g‘oyasi 1950 yillarda AQShda tug‘ilgan . Karib dengizi inqirozi natijasida prezident Jon Kennedi yadro arsenalini shaxsan oliy qo‘mondon tomonidan nazorat qilinishini shubha ostiga qo‘yadi va bunday xavfli qurol ishonchsiz amaldor qo‘liga o‘tib qolishidan qo‘rqadi. Kennedi yadroviy zarba berish haqidagi buyruq uning ruxsatisiz berilishi mumkinligidan, bundan tashqari, qo‘mondonlik punktida bo‘lmasdan turib, bunday buyruq bera olmasligidan hadiksiragani aytiladi. Natijada AQSh yadro arsenalini boshqarish tizimi qayta ko‘rib chiqildi va “yadro chamadoni” yaratildi.
2020 yilgi hujjatga ko‘ra, Rossiyada yadroviy qurollarni faollashtirish bo‘yicha qarorni mamlakat prezidenti qabul qiladi.
“Cheget” deb nomlanuvchi chamadon doimo prezident yaqinida bo‘ladi va u davlat rahbarini Rossiya strategik yadro qurollarini boshqarish va nazorat qilish tarmog‘iga ulaydi. “Cheget"da yadro raketalarini uchirish tugmachasi yo‘q, u faqatgina raketalarni ishga tushirish bo‘yicha buyruqni Bosh shtabga uzatadi.
Rossiya Bosh shtabi rahbari raketalarni ishga tushirish kodlariga ega va ularni ikkita yo‘l bilan faollashtirishi mumkin. U har bir yadroviy qurol qo‘mondoniga avtorizatsiya kodini yuborishi mumkin, ular esa buyruqni olgach, raketalarni ishga tushiradi. Bundan tashqari, Bosh shtab rahbari “Perimetr” tizimi orqali yerda joylashgan raketalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi faollashtirishi mumkin.
AQSh prezidentining yadro chamadoni (inglizcha umumiy nomlari: Nuclear Football, President’s Emergency Satchel, The Button) — bu AQSh prezidentiga yadro qurolidan foydalanishga buyruq berish imkoniyatini beruvchi asboblar va ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus sumka. “Sumka” prezident qo‘mondonlik postlaridan uzoqda bo‘lgan vaziyatda Pentagon bilan bog‘lanishga mo‘ljallangan.
Oq uyning sobiq harbiy idorasi direktori Bill Gullining “Qopqoqni buzish” kitobiga ko‘ra, prezidentning favqulodda vaziyat “sumka"si, rasmiy ravishda aytilganidek, to‘rtta narsani o‘z ichiga oladi. Ular — zarbalar variantlari ro‘yxati bo‘lgan qora kitob, prezident shaxsini tasdiqlash uchun autentifikatsiya kodlari yozilgan karta, prezident yashirinishi mumkin bo‘lgan xavfsiz bunkerlar ro‘yxati va favqulodda ogohlantirish tizimidan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalardir.
AQShda bunday “sumka"lardan 3 ta bor, ular AQSh prezidenti, vitse-prezidenti va Oq uyda bo‘ladi. Yana bir manbada aytilishicha, mudofaa vaziri o‘rinbosarida ham “sumka” bor. Bunga sabab esa prezident va mudofaa vaziri yo‘q qilingan taqdirda yadro hujumlariga javob qaytarish hisoblanadi. Shunga ko‘ra, to‘rtta faol “sumka” mavjud bo‘lib, yadro qurolini ishga tushirish uchun kamida ikkitasi kerak bo‘ladi.