Yangi konstitutsiya-taraqqiyot poydevori



Yüklə 56,5 Kb.
tarix24.12.2023
ölçüsü56,5 Kb.
#193660
B.Pardayeva


Pardayeva Barchinoy
Bank-moliya akademiyasi
Bank hisobi auditi va nazorati yo‘nalishi 1-kurs magistri
Tel: (90) 006-96-36


YANGI KONSTITUTSIYA–TARAQQIYOT POYDEVORI
НОВАЯ КОНСТИТУЦИЯ–ФОНД РАЗВИТИЯ
NEW CONSTITUTION–FOUNDATION OF DEVELOPMENT


Annotatsiya. Mazkur maqolada Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning roli va ahamiyati, davlat va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida batafsil yoritilgan. Yangi Konstitutsiya taraqqiyot va rivojlanish asosi ekanligi chuqur tahlil etilgan. Yangi Konstitutsiya mohiyati nuqtayi nazardan taklif, tavsiya va xulosalar berilgan.
Kalit so‘zlar: Yangi O‘zbekiston, Konstitutsiya, ta’lim, taraqqiyot, yoshlar, milliy institut, paradigma.
Аннотация. В данной статье подробно описаны роль и значение новой Конституции в создании Нового Узбекистана, ее роль в развитии государства и общества. Глубоко проанализировано, что новая Конституция является основой развития и прогресса. Предложения, рекомендации и выводы даны с точки зрения характера новой Конституции.
Ключевые слова: Новый Узбекистан, Конституция, образование, развитие, молодежь, национальный институт, парадигма.
Annatation: This article describes in detail the role and importance of the new Constitution in the creation of New Uzbekistan, its role in the development of the state and society. It is deeply analyzed that the new Constitution is the basis of development and progress. Proposals, recommendations and conclusions are given from the point of view of the nature of the new Constitution.
Key words: New Uzbekistan, Constitution, education, development, youth, national institute, paradigm.
Konstitutsiya har qanday davlatning asosiy qonunidir. U jamiyat uchun ishlashi, uning talab va ehtiyojlarini qondirishi kerak. Konstitutsiyaning mazmuni — mamlakatning davlat, ijtimoiy va siyosiy hayotining barcha asoslarini belgilashdan iborat. Boshqacha aytganda, u huquq tizimining asosi va poydevori bo‘lib, boshqa barcha qonunlar uning asosida quriladi. Mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida modernizatsiyalash va liberallashtirishga oid islohotlar natijasida har tomonlama rivojlanayotgan davlatimiz uchun yangi Konstitutsiya – tabiiy zarurat edi. Har bir davlatning Konstitutsiyasida davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan kafolatlar bevosita davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatlarini belgilab beradi.
Xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar asosida tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi Oʻzbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadr-qimmati va sha’nini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Yangilangan Konstitutsiyaning moddalari soni 128tadan 155taga, normalari soni 275tadan 434taga oshirildi, 65 foiz matni xalq takliflari asosida yangilandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bagʼishlangan uchrashuvda “Yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor” [2] deya alohida ta’kidladilar. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirildi. Konstitutsiyamizda ilk bor Oʼzbekistonga huquqiy davlat degan taʼrif berildi. Bu, albatta, yangi Konstitutsiyada inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirilganligining asosidir. Har qanday huquqiy demokratik davlatning eng asosiy prinsiplaridan biri - bu qonun ustuvorligidir. Bosh qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiya - yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni tarkib toptirish, xalqimiz uchun farovon hayot barpo etish, mamlakatimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallab turishda xizmat qiladigan mustahkam poydevor sanaladi. Yangi Konstitutsiya barcha sohada qonun ustuvorligini taʼminlashda huquqiy asos bo‘ldi. Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar ham inson foydasiga hal bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi chinakam xalqchil va demokratik konstitutsiya bo‘lib, u tarixan sinalgan umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etadi. O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi, fuqarolar o‘rtasida totuvlik, milliy va ijtimoiy hamjihatlik, shaxs erkinligi va saylov erkinligi, siyosiy barqarorlik, farovonlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, davlatning inson va fuqarolar oldidagi o‘z burchini bajarishiga yo‘naltirilgan. Asosiy Qonunimiz mazmunida tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi umuminsoniy g‘oyalar ham mujassamdir. O‘zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasi xalqimizning maʼnaviy, madaniy meros, milliy tafakkur, muqaddas islomiy qadriyatlar va ko‘p asrlik o‘zbek davlatchiligi tajribasi hamda huquqiy anʼanalariga asoslangan va bu ijobiy yutuqlarni o‘zida aks ettiradi.
Yangi Konstitutsiya taraqqiyotning poydevori bo‘lib, unda rivojlanish paradigmalari o‘zgardi. Yangi Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga asoslandi, chunki unda barcha toifalar — yoshlar, ayollar, nogironlar, o‘qituvchilar va hatto jinoyatchilarning huquq va manfaatlari o‘z ifodasini topgani bilan amaliy ahamiyatga ega. Yangi Konstitutsiyamizda milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish va milliy institutlarning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari va vositalarini to‘ldirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishi, inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishida ko‘maklashishi belgilab qo‘yildi.
Yangi Konstitutsiya taraqqiyotga erishish istiqbolida o‘qituvchilar va yoshlarning huquqlarini ham o‘zida ilk bor namoyon etdi. Yangi Konstitutsiyaning 52-moddasiga ko‘ra:
“O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”[1]–deya belgilab qo‘yildi. Darhaqiqat, taraqqiyotga erishishda har tomonloma rivojlangan, huquqiy jihatdan himoya qilingan o‘qituvchi kadrlarni tayyorlash asosiy vazifa sanaladi. Bundan tashqari, yoshlarning ham jamiyat va davlat faoliyatida faol ishtirokini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish maqsadida alohida modda kiritilganligi bu biz yoshlarga qilingan eng oliy g‘amxo‘rlikdir. Yangi Konstitusiyamizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga ishoradir. Xususan, Yangi Konstitutsiyaning o‘zgarishida berilgan takliflarning 60 foizi aynan yoshlardan kelib tushgani bunga yaqqol dalildir. Albatta, har bir yosh o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi va mamlakat hayotiga, kelajagiga befarq emas. Yangi Konstitutsiyaning 79-moddasida:
“Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, [1]– deya norma belgilandi. Yangi Konstitutsiyada yoshlarning o‘z huquqlarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha majburiyatini belgilash, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshiradi, katta hayotga dadil qadam qo‘yishga undaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-sentabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi” to‘g‘risidagi PF-158-sonli Farmonida ham yoshlarning huquqiy manfaatlari o‘z aksini topgan. Mazkur strategiyada 2030-yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilgan. Ushbu strategiyaning 31-maqsadi “Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish” deb nomlanib “Ilmiy va innovatsion faoliyat, intellektual o‘yinlar hamda chet tillarini o‘rganishga jalb etish orqali kamida 2 million nafar yoshlarning iqtidorini rivojlantirish”[3] istiqbolli maqsadi belgilab qo‘yildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o‘rinda turishi shart!”[2]–deya ta’kidlarida ham xalqning manfaati e’tirof etildi.
Afsuski, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarga qaramasdan korrupsiya, monopoliya, masʼuliyatsizlik, layoqatsizlik, beparvolik kabi illatlar xalqimiz farovonligiga, butun davlatning barqaror rivojlanishiga jiddiy taʼsir ko‘rsatayotganini bugun ochiq tan olish zarur. Bu kabi muammolarni bartaraf etish mustahkam taraqqiyot va rivojlanishga asos bo‘la oladi. Xususan, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va inson barkamolligini ta’minlash yo‘lida huquqiy ta’sir choralarni kuchaytirish uchun quyidagi taklif va tavsiyalar o‘rinlidir:
– inson va fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, o‘z huquq va majburiyatlarini o‘rganish va tahlil etishlari uchun turli tanlovlar va musobaqalar o‘tkazish;
– yurt taraqqiyotida Konstitutsiyaning amaliy ahamiyatini anglagan holda, xalq orasida yangi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yorituvchi targ‘ibot va tashviqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yish;
– huquqiy islohotlarning istiqboli bevosita zamonaviy fikrlaydigan, mustaqil va tezkorlik bilan qarorlar qabul qila oladigan, yuridik hujjatlar loyihalarini yarata oladigan, huquqshunos kadrlarga bog‘liqligi nuqtayi nazardan malakali huquqshunos kadrlarni ko‘paytirish lozim.
Konstitutsiya davlatchilikning o‘zagi va mazmuni ekanini inobatga olib, uning barqarorligini ta’minlash zarur. Dunyodagi mavjud tahdidlar va vaziyatni sinchiklab tahlil qilib, davlat birligimizni mustahkamlash, fuqarolarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan islohotlarning naqadar muhim ekanligini xalqimizga yetkazish zarur.
Xulosa qilib aytganda, Yangi Konstitutsiyamizda har bir modda barchaga tushunarli, aniq va lo‘nda bayon etilganligiga guvoh bo‘lamiz. Yangi Konstitutsiyadagi o‘zgarish va qo‘shimchalar O‘zbekistonni yanada barqaror rivojlantirish, turli tahdidlarga qarshi tura oladigan salohiyatlarni mustahkamlashga qaratilgandir. Biz qurayotgan jamiyatda inson omili muhim ahamiyatga ega, bu esa ,albatta, inson huquqlarining va manfaatlarining ustuvorligiga asoslanadi.


Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 01.05.2023.
2. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv. 08.05.2023.
3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi PF-158-sonli Farmoni. 12.09.2023.
Yüklə 56,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin