Aktam HAITOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari Eskicha ishlash tarixga aylanyapti Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar negizida avvalo, xalqmizning farovon turmush tarzini yaratish, jahon hamjamiyatida Yangi O'zbekistonning nufuzini oshirish singari ustuvor vazifalar turganini inkor qilib bo'lmaydi.
Davlatimiz rahbarining “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri bilan suhbatda ayni shu jihatlarga ham e'tibor qaratilib, oxirgi besh yilda yurtimizda barcha sohalarda qilingan amaliy ishlar to'liq bayon qilingan.
Chunonchi, o'tgan davrda hududlarimizda amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Birgina joriy yilning o'zida barcha tuman va shaharlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so'mlik qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimi yo'lga qo'yilib, bu orqali har bir muhtoj insonga uning ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko'rsatilmoqda. endilikda ijtimoiy himoya tizimida saqlanib qolayotgan ayrim kamchilik va nuqsonlar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sog'lom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga yetkaziladi.
Bundan ko'rinib turibdiki, muhtoj fuqarolarni to'g'ridan-to'g'ri, aniq maqsad bilan moddiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy e'tibor aholining kam ta'minlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tug'dirishga qaratilmoqda.
Prezidentimiz keyingi yillarda erishilgan yutuqlar haqida to'xtalar ekan, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va g'allaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechilganini misol keltirdi.
Darhaqiqat, Toshkentga mamlakatning boshqa bir hududidan kelib ishga joylashish, yashash uchun kelganlardan avvalo, “propiska” so'ralardi. Shunday bo'lardiki, propiska sabab ishdan bo'shab ketganlar ham bo'ldi. Xorijga chiqib kelishda esa otangga bor, onagga bor qabilida byurokratik to'siqlar bo'lgani hamon yodimizda. Paxta yig'im terimi mavsumida o'quvchilarning terimga jalb etilishi uzoq yillar davom etgan yoqimsiz amaliyot edi. Natijasini ta'lim sifatining pasayishida va boshqa ko'plab jihatlarda ko'rish mumkin.
Sirasini aytganda, so'nggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, fuqarolarimiz ongu shuurida hayotdan roziliklarini ko'rayotganimiz bor gap.
Ma'lumki, O'zbekiston o'z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o'zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib bormoqda. Yangi O'zbekistonning zamonaviy tashqi siyosiy holati dunyoda va mintaqada shiddat bilan o'zgarayotgan vaziyat hamda mamlakat ichidagi keng ko'lamli o'zgarishlarga asoslanib shakllanmoqda.
Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy vazifalaridan biri 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan “2017–2021 yillarda O'zbekistonni yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ning “chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo'nalishlar”i belgilab berilgan 5.2-bandida o'z aksini topgan. Unga ko'ra, tashqi siyosat sohasiga oid quyidagi eng muhim ustuvor yo'nalishlar shakllantiriladi:
– davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning to'laqonli sub'ekti sifatida o'rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O'zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do'stona qo'shnichilik munosabatlar mintaqasini yaratish;
– O'zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, dunyo hamjamiyatiga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida ob'ektiv axborotni yetkazish;
– O'zbekiston tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining me'yoriy-huquqiy bazasini, shuningdek, xalqaro hamkorlikning shartnoma-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
– O'zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini tartibga solish.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, yangi O'zbekiston o'zining ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, samarali va konstruktiv siyosat yuritmoqda. Bu esa global miqyosda shiddatli o'zgarishlar yuz berayotgan hamda xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgan hozirgi davrda olib borilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
So'nggi yillarda O'zbekistonning iqtisodiy ochiqligi hamda investitsiyalar va biznes uchun jozibadorligi, aholining barcha muammoli masalalarni yakdillik, o'zaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilishi, mamlakatda mukammal huquqiy poydevorning yaratilishi, dunyo davlatlari bilan muvozanatli va o'zaro manfaatli aloqalar yuritilishi, siyosiy ishonch va xalqaro huquqqa rioya etilishi asosidagi o'zaro hamkorlikka intilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Bu esa o'zaro diplomatik aloqalarning yangi bosqichiga asos bo'lmoqda.
Shu bilan birga, tashqi siyosatni olib borishdagi asosiy e'tibor siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar va boshqa sohalarga, shuningdek, O'zbekiston atrofida tinch, barqaror hamda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari – bizning bevosita qo'shnilarimiz bilan do'stona, yaqin qo'shnichilik va o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashni asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
O'tgan qisqa davr mobaynida O'zbekiston “Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo'nalish” hamda “Markaziy Osiyo ruhi” kabi tamoyillar bilan o'z tashqi siyosatini olib bordi.
O'zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida so'nggi besh yilda mintaqaning barcha mamlakatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashinuvi amalga oshirildi. Mintaqa davlatlarining yetakchilari o'rtasidagi o'zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqot doimiylik kasb etdi. Bunday aloqalar natijasida Markaziy Osiyo davlatlarini qiziqtiradigan xavfsizlik, chegaraviy masalalar, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sog'liqni saqlash va ekologiyaga oid o'zaro, mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim qo'shma qarorlar qabul qilindi.
Ushbu sa'y-harakatlar samarasi o'laroq, O'zbekistonning mintaqadagi barcha davlatlar bilan munosabatlari tubdan yaxshilandi, xususan, o'zaro bordi-keldi rishtalari qaytadan yo'lga qo'yildi hamda chegaralar ochildi. Bu esa qo'shnichilik aloqalarini yanada kuchaytirdi, shuningdek, xalq diplomatiyasi, gumanitar yordam va madaniy hamkorlikning qaytadan jonlanishiga turtki bo'ldi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy sohalardagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda. O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi dinamikasini tahlil qiladigan bo'lsak, 2016 yilda 2,5 mlrd dollar, 2017 yilda 2,7 mlrd dollar, 2018 yilda 4,0 mlrd dollar, 2019 yilda 5,2 mlrddollar va pandemiya sharoitiga qaramasdan, 2020 yilda 5,0 mlrd dollarni tashkil qilgan. Dinamik jadvalga e'tibor beradigan bo'lsak, 2016 yildan2020 yilgacha tashqi savdo hajmi ikki barvarga oshdi. Bu esa hukumatning faol tashqi siyosati mahsulidir.
O'zbekiston tashqi siyosatining zamonaviy ustuvor yo'nalishlari haqida gapirganda, mamlakatimizning etakchi xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik aloqalari rivojlanib borayotganiga alohida to'xtalib o'tish lozim.
Xususan, yetakchi davlatlar bilan “Markaziy Osiyo + Rossiya Federatsiyasi”, “Markaziy Osiyo + Xitoy Xalq Respublikasi”, “S5 + 1” (AQSH), Markaziy Osiyo + Hindiston, “Markaziy Osiyo + Yaponiya”, “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi”, “Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi” hamkorligi doirasida mintaqaviy muloqotning turli formatlarini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoning etakchi xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarining tizimli ravishda olib borilayotganini ko'rsatmoqda.
O'zbekistonning zamonaviy tashqi siyosiy holati dunyoda va mintaqada o'zgarib borayotgan vaziyat hamda mamlakat ichidagi keng ko'lamli o'zgarishlarga asoslanib shakllanmoqda. Bu esa qisqa fursatlarda mamlakatimizning xalqaro indekslardagi mavqei mustahkamlanishiga hissa qo'shmoqda.
O'zbekiston Jahon banki “Biznes yuritish” reytingida 7 ta pozitsiyaga ko'tarildi va biznesni ro'yxatdan o'tkazish ko'rsatkichi bo'yicha 190 ta davlat orasida 8-o'rinni egalladi, eng yaxshi islohotchi mamlakatlar safiga kiritildi.
Xususan, so'nggi yillarda Rossiya bilan strategik sheriklik va hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. 2021 yilning yanvar–sentyabr oylarida Rossiyaning mamlakatimiz umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi (18,1%) yoki 5,2 mlrd dollarni tashkil qildi. O'zbekiston Rossiyaning turli mintaqalariga to'qimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni etkazib berishni keskin oshirdi. Iqtisodiy rivojlanishning ustuvor sohalarida qator yirik loyihalar va dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shuni ta'kidlash lozimki, O'zbekiston bugun o'zining uzoqni ko'zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. BMT, Parlamentlararo Ittifoq, EI, EXHT, ShHT, MDH, IHT kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik yanada mustahkamlandi.
O'zbekiston tashabbusi va taklifi bilan BMTning Orolbo'yi mintaqasida inson xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ko'p tomonlama Trast fondi tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Ma'rifat va diniy bag'rikenglik, Barqaror turizm va barqaror rivojlanish, Orolbo'yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish bo'yicha qator muhim rezolyutsiyalari qabul qilindi. Ushbu amaliy harakatlar O'zbekistonning yanada shaxdamlik qadamlar bilan oldinga intilishi uchun xizmat qilmoqda.
2017 yildan buyon O'zbekiston va AQSH o'rtasidagi munosabatlar tarixida ilk bor AQSHning yuqori martabali iqtisodiy delegatsiyalari — savdo vaziri U. Ross, Missisipi shtati gubernatori F. Brayant, AQSHning sertifikatlangan savdo missiyasi (2019 yil) tashriflari amalga oshirildi. 2021 yil yanvar–sentyabr oralig'idagi AQSHning mamlakatimiz bilan tashqi savdo aylanmasi 339,4 mln dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun keltirib o'tish mumkinki, 2020 yil yanvar–sentyabr holatiga ko'ra, bu ko'rsatkich 213,0 mln dollarni tashkil qilgan.
O'zbekistonning Yevropa mamlakatlari va Evropa Ittifoqi bilan munosabatlari barcha sohalarda sezilarli darajada rivojlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiya (2018 y.), Germaniya (2019 y.) va Turkiyaga (2017y. va 2020 y.) samarali rasmiy tashriflari bo'lib o'tdi.
Turkiya bilan aloqalar, an'anaga ko'ra, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Mazkur tashriflar natijasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda natijador kelishuvlarga erishildi. 2021 yil yanvar–sentyabr holatiga ko'ra, Turkiyaning mamlakatimiz umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 8,6% ni tashkil qildi. Bu esa mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro aloqalarning rivojlanib borayotganidan dalolat beradi, desak, hech mubolag'a bo'lmaydi.
Germaniya Prezidenti F. Shtaynmayer (2019 y.) va Turkiya Prezidenti R. Erdo'g'onning (2018 y.) yurtimizga javob tashriflari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 2019 yil may oyida Yevropa kengashi Prezidenti D. Tusk O'zbekistonga birinchi marotaba tashrif buyurdi. 2017 va 2018 yillarda Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha oliy vakil F. Mogerini yurtimizga keldi. Evropa bilan iqtisodiyot, savdo, innovatsiya, investitsiya, transport, fan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi o'zaro hamkorliklar salmoqli tarzda olib borilmoqda. Pandemiyaga qaramay, 2020 yil yakuni bo'yicha O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o'rtasidagi savdo hajmi 4 milliard dollarni tashkil etdi. O'zbekiston mahsulotlarini Evropaga eksport qilish 420 million dollardan oshdi. Yevropa bilan ko'p tomonlama munosabatlarda ham muhim natijalarga erishildi.
O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi, xususan, Afg'onistondagi vaziyatni yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni ilgari surish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtiruvchi transort yo'lagini barpo etish yo'nalishida dastlabki qadamlar qo'yilganligini ham alohida ta'kidlashimiz mumkin.
Darhaqiqat, O'zbekiston Afg'onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afg'oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlik mustahkamlanishida ko'prik bo'lmog'i lozim. Chunki O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan transafg'on transport-kommunikatsiya loyihalari Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha taqdim etilgan dastur uzoq muddatli istiqbolga mo'ljallanganligi bilan ahamiyatlidir.
Afg'oniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bo'lgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish nafaqat O'zbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga to'liq mos kelishi bilan e'tiborga molikdir.
Hozirgi vaqtda Afg'onistondagi vaziyatning og'irligi bois donor davlatlarning yordami juda ham muhimdir. Ushbu mamlakat kun sayin og'ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda. Ushbu vaziyatni yumshatish maqsadida xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qo'shnilar afg'on xalqiga gumanitar yordam bermog'i lozim. Bu yo'nalishda O'zbekistonning dastlabki qadamlari qo'yilgan, xususan, o'zbek-afg'on chegarasi ochilib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur bo'lgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berilishi qayta tiklandi.
O'zbekiston Afg'onistondagi yangi vaziyatga Preventiv diplomatiya usullari hamda xalqaro miqyosda siyosiy-diplomatik mexanizmlari bilan to'g'ri va samarali hamda tizimli aloqalarni muntazam ravishda olib bormoqda. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad, afg'on xalqining tinch va faravon yashashidir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Harakatlar strategiyasi yangi O'zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor vazifalari bajarilishida muhim ahamiyatga ega bo'ldi, shuningdek, O'zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarda o'z o'rnini yanada mustahkamlab borayotganligi hamda ular tomonidan keng e'tirof etilayotganligi buning yorqin dalilidir.
Oʻzbekiston va Yaponiya yengil sanoat sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqchi
Xalqaro hamkorlik30 Dekabr 20213938
Oʻzbekiston va Yaponiya mamlakatimizda brend sport kiyimlari va poyabzal mahsulotlarini hamkorlikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qilyapti.
Oʻzbekiston diplomatlari Yaponiyaning “ASICS Corporation” boshqaruvchi ijrochi menejeri Kodama Koichiro bilan mamlakatimizda brend sport kiyimlari va poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida muzokaralar oʻtkazdi.
Tadbirda Oʻzbekistonning investitsiya salohiyati, toʻqimachilik va charm sanoatini rivojlantirish holati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalariga qarashli korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati taqdim etildi. Bundan tashqari, Kodama Koichiro toʻqimachilik sanoatida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar, shuningdek, charm sanoatida xalqaro eʼtirof etilgan brendlar nomi ostida mahsulotlar ishlab chiqarish klasterlari faoliyati bilan tanishtirildi.
Oʻzbekiston vakillari tegishli ishlab chiqarish quvvatlarning mavjudligi, logistika va boshqa infratuzilmalar, mavjud ishchi kuchi, taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar, keng jugʻrofiy qamrov va mahsulotlarni boshqa davlatlarga, shu jumladan GSP+ doirasida Yevropa mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlarini hisobga olgan holda mamlakatimizda “ASICS” brendi ostida sport mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“ASICS Corporation” — sport anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan transmilliy korporatsiyadir. Soʻnggi yillarda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan krossovkalar bozorda eng yaxshilari sifatida baholangan. “ASICS” brendi ostida ishlab chiqarilgan va sotiladigan mahsulotlarga poyabzal, kiyim-kechak va aksessuarlar kiradi.
Yangi O‘zbekiston - yangi qo‘shnichilik
Markaziy Osiyo, jumladan Afg‘oniston, doimo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan. Biroq 2016 yil oxiridan boshlab mintaqaga yondashuv va munosabat tubdan o‘zgardi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganidan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikning yangi davri boshlandi. U qisqa muddat ichida mintaqaviy aloqalarni faollashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlana boshladi.
2017 yil avgust oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi” nomli xalqaro forumni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyoning mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani davlatimizning yaqin qo‘shnilar bilan do‘stlik, o‘zaro manfaat va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlar o‘rnatishga samimiy intilishi ekanini alohida ta’kidladi.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega O‘zbekiston, shubhasiz, mintaqani barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirishdan manfaatdor. Mamlakatimiz taraqqiyotining chegaralarimiz xavfsizligidan tortib suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish mintaqamiz bilan chambarchas bog‘liq. Iqtisodiy jihatdan taraqqiy topgan, xavfsizligi ta’minlangan Markaziy Osiyo O‘zbekiston uchun eng asosiy maqsaddir. Transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilmasdan, ularning yuksak darajada integratsiyalashuvini ta’minlamasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonning besh yillik davri mobaynida, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlatlar o‘rtasidagi ishonch darajasini oshirish va Markaziy Osiyoda mintaqaviylikni mustahkamlash borasida ulkan yutuqlarga erishdi. U davlat rahbari bo‘lganining birinchi yilidanoq Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik darajasini ko‘tarishga yordam beruvchi yirik ishlarni amalga oshirdi. Xususan, 2017 yilda O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari rahbarlari bilan 15 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuv va telefon orqali suhbatlar o‘tkazdi, shuningdek, uchta davlat tashrifi (Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) va ikkita ishchi tashrifni (Qozog‘iston va Turkmanistonga) amalga oshirdi.
Uzoq tanaffusdan so‘ng, qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi chegarani belgilash kabi murakkab jarayon tezlasha boshladi. Bundan tashqari, Prezident turli madaniy-gumanitar uchrashuvlar, ikki tomonlama biznes-forumlar va hamkorlikning yangi formatlari tashabbusi bilan chiqdi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida havo va avtobus xizmatlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi, viza olish tartibi soddalashtirildi. O‘zbekiston rahbarining amaliy harakatlari uning qo‘shnilarimiz o‘rtasida ishonchli munosabatlarni o‘rnatish niyati haqiqiyligini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi yangi yondashuvi tufayli, qo‘shnilar bilan iqtisodiy hamkorlikda sezilarli yutuqlarga yerishildi. Xususan, mamlakatimizning 2017-2019 yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘rtacha yillik savdo aylanmasi 50% dan oshib 5,2 mlrd. dollarni tashkil etdi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, global pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi 5 mlrd. dollarga yetdi. Jumladan, O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 2019 yildagi 12,4% dan 2020 yilda 13,6% ga oshdi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan uzviy bog‘liqdir. Afg‘oniston doimo Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonni umumiy tarix, din, madaniyat va urf-odatlar hamda xavfsizlikni ta’minlash va o‘zaro savdoni rivojlantirish kabi manfaatlar birlashtiradi. Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlariga Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘l bilan chiqish imkoniyatini yaratib, Janubiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bog‘lashi mumkin. Ushbu omillarni inobatga olgan holda, yangi O‘zbekiston Afg‘onistonga mintaqaviy muammolar, tahdidlar va qiyinchiliklar manbai sifatida emas, balki Yevroosiyo makonida keng trans-mintaqaviy aloqalarning rivojlanishiga tubdan yangi turtki beradigan noyob strategik imkoniyat sifatida qaray boshladi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida so‘nggi yillarda erishilgan siyosiy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining mustahkamlanishi mintaqaning zamonaviy tarixida ijobiy burilish nuqtasini anglatadi.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitidagi mintaqaviy faollik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro foydali hamkorlik va yordam berish borasidagi harakatlar uzoqni ko‘zlagan tashqi siyosat strategiyasining yaqqol tasdig‘ini topdi. Transport va logistika masalalarini o‘z vaqtida hal qilish, fuqarolarni qaytarish va gumanitar yordam ko‘rsatish O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ochiq va konstruktiv siyosatining natijasi bo‘ldi.
Yuqoridagilarni hisobga olib, O‘zbekistonning har bir Markaziy Osiyo davlati bilan ikki tomonlama munosabatlariga e’tibor qaratmoqchiman.