Yarim o’tkazgich materiallaridagi nuqsonlar Metallardan farqli holda nuqsonlar yarim o‘tkazgich materiallarining barcha
fizik xossalariga juda katta ta‘sir ko‘rsatadi. Shuning uchun nuqsonlar tabiatiga va
konsentratsiyasiga qarab, yarim o‘tkazgich materiallarining xossalarini maqsadli
boshqarish mumkin. Yarim o‘tkazgich materiallaridagi nuqsonlar o‘lchamlariga
qarab, xuddi boshqa qattiq jismlar kabi nuqtaviy, chiziqli va hajmli nuqsonlarga
bo‘linadi. Bundan tashqari yarim o‘tkazgich materiallarda nuqsonlar elektrfaol yoki
elektr neytral holatda bo‘lishi mumkin. Elektr faol nuqson deganda, kristall panjara
nuqsonlari paydo bo‘lishi bilan undagi tok tashuvchilar miqdori o‘zgaradi, ya‘ni
elektronlar va kovaklar konsentratsiyasini oshishi yoki kamayishi mumkin.Natijada
yarim o‘tkazgich materiallarining o‘tkazuvchanligi o‘zgaradi. Bu metallarda
uchramaydigan hodisadir. Agar nuqsonlar yarim o‘tkazgich materiallarida elektron va
kovaklarning o‘zgarishiga ta‘sir etmasa bunday nuqsonlarni elektroneytral nuqsonlar
deb ataladi.
Elektr faol nuqsonlarga erkin elektronlar va kovaklarni hosil qiluvchi kirishma
atomlar, vakansiyalar va radiyatsion nuqsonlar kiradi. Erkin elektronlar va
kovaklarning nuqson bo‘lishiga sabab, erkin elektronlar kovalent bog‘lanishni uzishi
hisobiga paydo bo‘lganligi sababli bog‘lanishi buzilgan atom musbat zaryadlangan
ion holiga o‘tadi. Kovak esa, kovalent bog‘lanishi buzilishi hisobiga musbat ionga
aylangan yarim o‘tkazgich materiallining asosiy atom holidir. Shuni ham ta‘kidlash
zarurki, kirishma atomlarining hammasi ham elektr faol nuqsonlar bo‘lolmaydi. Agar
kirishma atomlarining valent elektronlari soni, yarim o‘tkazgich materiallining asosiy
atom valent elektronlari soniga mos kelsa, bunday atom kovalent bog‘lanishini to‘la
ta‘minlagani uchun, qo‘shimcha erkin elektronlar va kovaklar hosil qilmaydi.
Chiziqli nuqsonlarga-Dislokatsiya kiradi. Dislokatsiya ham elektr faol nuqson
holatlarda uchraydi. Yarim o‘tkazgichlarda nuqsonlarni o‘z tabiatiga ko‘ra
muvozanatdagi, nomuvozanatdagi va kvazi muvozanatdagi nuqsonlarga bo‘lish
mumkin. Muvozanatdagi nuqsonlarga berilgan tempratura energiyasi kT, mos
keladigan kristall panjara nuqsonlariga aytiladi. Kristall o‘stirilayotganda diffuziya
yo‘li bilan kiritilgan barcha kirishma atomlarining holati, o‘stirilayotgan yoki
diffuziya qilinayotgan haroratdan past hamma haroratlarda nomuvozanat holatda
bo‘ladi. Bunday nuqsonlar albatta vaqt o‘tishi bilan asta-sekin o‘z muvozanat
holatiga qaytishi mumkin. Eksiton deb-o‘zaro bog‘langan va doimo birlashib harakat
qiladigan elektron va kovaklar juftiga aytiladi. Eksiton o‘ta past haroratlarda mavjud
bo‘ladi. Eksitonlar elektr faol nuqsonlar emasdir. Yarim o‘tkazgich materiallarida
kirishma atomlar holati yuqorida ko‘rsatilgandek kirishma atomlari elektr faol va
neytral holatlarda bo‘lishi mumkin. Elektr faol kirishma atomlar o‘z tabiatiga ko‘ra 3
xil vaziyatda uchraydi. Agarda kirishma atomlardagi valent elektronlar soni yarim
o‘tkazgichdagi asosiy atomlarni valent elektronlaridan ko‘p bo‘lsa, ularda
qo‘shimcha erkin elektronlar paydo bo‘ladi. Bunday atomlar-donor kirishma atomlari
deb ataladi. Agar kirishma atomlarning valent elektronlarni soni yarim o‘tkazgich
materiali asosiy atomlarini valent elektronlari sonidan kam bo‘lsa, kovaklar paydo
qiladi. Bunday kirishma atomlar-akseptor kirishma atomlari deb ataladi. Ba‘zi bir
kirishma atomlar yarim o‘tkazgich kristall panjarasida elektronlarni kovaklarni ham
o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, bunday kirishma atomlar amfoter kirishma atomlar
deyiladi.