1. Barcha noaniqliklar – inson foydasiga Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda to‘liq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz.Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.
2. O‘qituvchilar alohida e’tirofda Konstitutsiyaga o‘qituvchilar haqida modda qo‘shildi. U ikki banddan iborat:
O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Konstitutsiyada nomi keltirilgan o‘qituvchilardan boshqa kasb egalarining barchasi – huquq sohasi vakillari (sudyalar, prokurorlar va advokatlar). Boshqa holatlarda kasb egalari emas, sohalar haqida gap ketgan (masalan, ommaviy axborot vositalari, turli jamoat birlashmalari).
3. Yer xususiy mulk bo‘lishi mumkin O‘zbekistonda 2022 yildan e’tiboran qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan. Shu bilan deyarli bir vaqtda, o‘tgan yili e’lon qilingan yangi konstitutsiya loyihasining birlamchi versiyasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligiga ishora qilingan edi. Yakuniy talqindan bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagicha shaklga keltirildi:
Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin. Bosh qomusning o‘tgan yili e’lon qilingan birinchi loyihasida unga quyidagicha jumlani kiritish taklif etilgan edi: “Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Yakunda bu boradagi normalar quyidagicha ko‘rinish oldi:
Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi. Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi. Hujjatning birlamchi loyihasida mavjud bo‘lgan: “Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi” degan normani konstitutsiyaga kiritmaslikka qaror qilindi. Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikda ham bunaqa qoida yo‘q.