YOG‘-MOY MAHSULOTLARINING XAVFSIZLIGI TO‘G‘RISIDAGI UMUMIY TEXNIK REGLAMENTNI TASDIQLASH HAQIDA
“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi yuzasidan qo‘shimcha talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yog‘-moy mahsulotlari xavfsizligiga nisbatan qo‘yiladigan talablar, shu jumladan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyenik normativlar, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamg‘alash, saqlash, tashish, qaytarib olish va utilizatsiya qilish (qayta ishlash), muomalaga chiqarish, sotish, namuna olish, identifikatsiya qilish va muvofiqligini baholash hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha talablarni nazarda tutuvchi Yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament (keyingi o‘rinlarda — Texnik reglament) va uni joriy etish sxemasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Texnik reglament rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach amalga kiritilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2017-yil 19-iyuldagi 520-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda aholi, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda tadbirkorlik subyektlari Texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i zimmasiga yuklansin.