Introretseptorlar: esa ichki organlarda joylashgan bo`lib, ular organizmning o`zida hosil bo`ladigan ta'sirni qabul qiladi.
Properioretseptorlar: muskullar, paylar va bo`g`imlarda joylashgan retseptorlardir.
O'tkazuvchi qism. Qo'zg'alishni reseptordan bosh miya yarimsharlari-ga o'tkazadigan markazga intiluvchi neyronlardan tashkil topadi.
Markaziy qism. Bosh miya yarim sharlarining ma'lum reseptorlardan ta'sirni qabul qilib oluvchi qismlarini o'z ichiga oladi.
Analizatorning barcha qismlari bir butun holda ishlaydi, agar biror qismi shikastlansa butun analizator funksiyasining buzilishiga olib keladi.
Ko`rish analizatorining tuzilishi va yoshga xos xususiyatlari. Ko`rish organi ko`z bo`lib, insoniyat ko`zi orqali dunyodagi barcha narsalarning rang-barangligini uning o`simlik va hayvonot dunyosini o`rganish bilan birga o`qishni, yozishni va mehnatning boshqa turlarini o`rganadi. Ko`zning bevosita ta'sirlovchisi yorug`lik bo`lib, yorug`lik ko`z retseptorlariga ta'sir etib ko`ruv sezgisini hosil qiladi. Ko`ruv organi bolaning 11- 12 yoshigacha rivojlanib boradi.
Ko`zning tuzilishi. Ko`z bosh suyagining ko`z kosachasida joylashgan bo`lib, ko`z soqqasi va uni o`rab turgan apparatdan ya'ni ko`z soqqasini harakatga keltiruvchi muskullar, qovoq kipriklar, ko`z yoshi bezlari, qon tomirlari kabilardan iborat. Ko`z soqqasi sharga o`xshash bo`lib, oldingi va orqa qutblarga bo`linadi. Ko`z soqqasi tashqi va ichki qismlardan iborat.
Tashqi qismi uch qavatdan ya'ni tashqi - oqsil parda (sklera), o`rta-tomirli parda va ichki - to`r pardadan iborat. Ichki qismiga ko`z ichi suyuqligi, gavhar va shishasimon tana kiradi. Ko`z soqqasi hajmi chaqoloqlarda 16 mm, kattalardla esa 24 chamasida bo`ladi. Ko`z soqqasining o`sishi va rivojlanishi 5 yoshgacha tez ya'ni intensiv kechadi. 9-12 yoshda sustlasha boshlaydi. Sklera yoki oqsil pardaning qalinligi 1 mm chamasida bo`lib rangi oq bir qismi qovoqlar ostidan ko`rinib turadi. Skleraning orqa qismida teshikcha bo`lib undan nerv o`tadi. Skleraning 1/5 qismi shox pardaga 4/5 qismi orqa oqsil pardaga to`g`ri keladi. Shox pardada qon tomirlar bo`lmaydi. Tashqi pardaning ichki qismida tomirli parda bor. Bu pardada qon tomirlar va pigment ko`p pigment miqdori har xil bo`ladi. Tomirli parda oldingi rangdor, o`rta kipriksimon tana va orqa xususiy tomirli qismga bo`linadi. Tomirli parda qon tomirlarga boy bo`lib, ko`z to`qimalarini oziq moddalar va kislorod bilan ta'minlaydi. Bu qavatning oldingi qismi rangli parda deb atalib hammada har xil (qora, ko`k, sarg`imtir va x.k.) bo`ladi. Bu pardaning o`rtasida yumoldoq teshikcha bo`lib u ko`z qorachig`idir.Rangdor pardada radial va xalqa shaklidagi sillik muskullar joylashgan bo`lib, xalqa muskullari qisqarganda ko`z qorachig`i torayadi, radial muskullar qisqarganda ko`z qorachig`i kengayadi. Rangdor pardaning orqasida tiniq ikki tomoni qavariq linza-gavhar joylashgan. Gavhar yarim suyuq modda bo`lib, yupqa tiniq kapsula ichida joylashgan. Unda qon tomirlari bo`lmaydi. Shox parda bilan rangdor pardaning o`rtasida kichkina bo`shliq bo`lib, bunga ko`zning oldingi kamerasi deyiladi. Rangdor parda bilan gavharning o`rtasida ham bo`shliq bo`lib bunga ko`zning orqadagi kamerasi deb ataladi. Har bir ko`ruv nervida 1 mln. ga yaqin nerv tolalari bor.
Ko`z soqqasining ichki ya'ni to`rsimon pardasi ayniqsa muhim ahamiyatga ega bo`lib, uning orqa qismida yorug`likni, ranglarni qabul qiluvchi retseptorlar joylashgan. Ular maxsus nerv hujayralari bo`lib, tayyoqcha va kolbacha shaklidadir. Ko`z soqqasining to`rsimon pardasida 130 mln ga yaqin tayyoqchasimon retseptorlar bo`lib, ular yorug`lik kamayganda yoki tun vaqtida qo`zg`aladi.
Kolbachasimon retseptorlar to`r pardada 7 mln ga yaqin bo`lib, yorug`lik etarli bo`lganda qo`zg`alib, ko`zning kunduzi ko`rish qobiliyatini ta'minlaydi. Kolbachasimon retseptolar funktsiyasiga ko`ra uch xil: ko`k, yashil va qizil ranglarni qabul qiluvchi bo`ladi. Uchalasining baravar qo`zg`alishi esa oq rangni ko`rishga imqon beradi chunki to`r pardaning kolbachasimon retseptolarida ranglarni sezuvchi retseptorlar yoki nervlar bo`ladi. Tayyoqchasimon retseptorlarda esa bu kabi ranglarni sezuvchi retseptor yoki nervlar bo`lmaydi, shuning uchun kechasi qorong`u bo`lib ko`rinadi.