Shartli reflekslarning hosil bo’lish shart-sharontlari. Yuqoridagi misollardan ko’rinib turibdiki, shartli reflekslar ma’lum bir sharoitlarga yoki qonun- qoidalarga amal qilinsagina hosil bo’ladi. Bunga quyidagilarni kiritish mumkin:
1. Shartli signal sinaluvchi uchun farqsiz (indifferent) va dastlabki vaqtda mo’ljal refleksini vujudga keltiradigan bo’lishi.
2. Indifferent (hayotiy jihatdan muhim bo’lmagan) signal (yorug’lik, tovush va boshqalar) shartsiz-hayotiy muhim bo’lgan signal (oziq-ovqat, og’riq) bilan bir necha bor ketma-ket takrorlanib mustahkamlanishi lozim.
3. Indifferent signal shartsiz signaldan kuchli bo’lmasligi, uning biroz ilgariroq ta’sir ettirilishi,.
4. Shartli refleksii hosil qilishda organizmda boshqa kuchli faoliyatni chaqiruvchi ta’surotlarning bo’lmasligi, tinch muhitning yaratilishi. Shuning uchun I.P.Pavlov itlarda shartli reflekslarni hosil qilish uchun sokinlik minorasini qurgan.
5. Shartli refleksii hosil qilish uchun nerv tizimi fiziologik va morfologik jihatdan butun bo’lishi va u me’yoriy holda ishlaydigan bo’lishi zarur. Charchaganda, och qolganda, zaharlanganda va jarohatlanganda nerv tizimining ishi izdan chiqadi va shartli reflekslarni hosil bo’lish jarayoni qiyinlashadi.
Shartli ta’sirlovchi sifatida tashqaridagi har qanday signal-yorug’lik, qo’ng’iroq, narsalarning ko’rinishi va boshqalar xizmat qilishi mumkin. Shartsiz ta’sirlovchilar hayotiy jihatdan muhim bo’ladi va bunday ta’sirlovchilar sifatida ko’pincha oziq- ovqat va og’rituvchi vositalar qo’llaniladi. Kuchli shartsiz ta’sirlovchilarga rag’batlantirish va jazolash kiradi. Pedagogik faoliyatda bu ikkala omil kengroq tushuniladi, rag’batlantirish va jazolash orqali bolalarda turli malakalar hosil qilinadi. 3 yoshdagi bolalarda oziq-ovqat bilan mustahkamlash jarayonlari unumli bo’lsa, keyinroq so’z yordamida rag’batlantirish unumliroqdir. 5 yoshdan keyin maqtash bilan bolalar har qanday shartli refleksii ishlab chiqarish mumkin.
Shartli reflekslarning tasnifi.Shartli reflekslar juda ham ko’p bo’lganligi tufayli ularning tasniflari turlichadir.
Ta’sir etuvchi signalning tabiatiga qarab tabiiy va sun’iy shartli reflekslarni ajratish mumkin. Tabiiy reflekslarda signal sifatida shartsiz tabiiy signallar- ovqatning hidi, ko’rinishi ishtirok etsa, sun’iy reflekslarda signal xohlagan indifferent (befarq) ta’sirlagich, masalan, idishning ko’rinishi, elektr chirog’ining yorutligi va qo’ng’iroq ovozi bo’lishi mumkin. Tabiiy shartli reflekslar tez va oson hosil bo’ladi. Sun’iy shartli refleksii hosil qilish uchun ma’lum bir vaqt zarur.
Shartli reflekslar somatik va vegetativ reflekslarga ham bo’linadi. Somatik reflekslarda skelet muskullari va paylari ijrochi a’zolar bo’lib, ular tananing fazodagi harakatini ta’minlaydi. Vegetativ reflekslarda ijrochi a’zolar sifatida turli ichki a’zolar ishtirok etadi.
Shartli reflekslar biologik ahamiyatiga qarab ovqatlanish, himoya va jinsiy shartli reflekslarga bo’linadi.
Shartli reflekslar uning faoliyat natijasiga ko’ra, musbat va manfiy (tormozlovchi) shartli reflekslarga ham ajratiladi. Agar shartli refleksning ko’rinishi harakat yoki sekretor aktlari bilan bog’liq bo’lgan bo’lsa, bunday shartli reflekslar musbat deb nomlanadi. Agar refleksda hech qanday harakat aktlari kuzatilmasa, bunday reflekslar manfiy yoki tormozlovchi reflekslar deb nomlanadi. Musbat va manfiy reflekslarning o’zaro ta’siri bolanindg tashqi muhit bilan munosabatlarini o’rnatish uchun muhimdir. Masalan, intizom bilan bog’liq bo’lgan harakatlar ayni shu xildagi reflekslar shakllanishi bilan bog’liq. Jismoniy tarbiya darslarida turli gimnastik mashqlar bajarilganda bolalarda himoya manfiy reflekslar tormozlanib, musbat harakat reflekslari faollashadi.
Shartli reflekslar ishlab chiqarilganda mustahkamlovchi omil sifatida oldin ishlab chiqilgan reflekslar ham xizmat qilishi mumkin. Masalan, idishlarni ko’rgandan keyin so’lak ajralish refleksi (birinchi tartibli refleks)bor bolaga qo’shimcha shartli ta’sirlovchi (stolga idishlarni qo’yishdan oldin fartukni bog’lash) qo’llanilsa, bolada so’lakning ajralishi fartukni ko’rish bilan boshlanishi mumkin. Bunday reflekslar ikkinchi tartibli reflekslar deb nomlanadi. Uchinchi, to’rtinchi va oliy tartibli reflekslar ham ma’lum. It va maymunlarda to’rtinchi tartibli reflekslarni ishlab chiqarish mumkin. Odamda esa yigirmanchi tartibli reflekslarni ham ishlab chiqarish mumkin. Maktab yoshidagi bolalarda, odatda, oltinchi, yettinchi tartibdagi reflekslar kuzatiladi. Bolalarning so’zlashuvida va tushunchalarni hosil qilishida yuqori tartibdagi reflekslar yotadi.
Vaqt reflekslari ham muhim ahamiyatga ega. Bular doimo bir xil paytda bo’ladigan ta’sirlovchilarga nisbatan kuzatiladi. Masalan, doimo bir vaqtda ovqatlanish, uyquga ketish, uyg’onish va boshqa sodda reflekslarning kompleks va zanjirsimon tarzda kechishi vaqtga qarab ro’y berishi mumkin.
Tarbiyaviy ishlarida taqlid qilish reflekslari ham muhim ahamiyatga ega. Buni ishlab chiqarish uchun ma’lum bir harakatni kuzatish kifoyadir. Masalan, hayvonda bir refleks ikkinchi hayvonning ko’zi oldida ishlab chiqarilsa, ikkinchi hayvonda ham xuddi o’sha reflektor harakatlar paydo bo’ladi, Bolalarda taklid qilish reflekslari xulq-atvor, nutq va ijtimoiy harakatlarni shakllantirishda muhim rol o’ynaydi.