Jigarning tuzilishi. Jigar odam organizmidagi eng katta bеz bo’lib, massasi o’rtacha 1500 g. U qorin bo’shlig’i o’ng tomonining yuqori qismida, ya'ni o’ng qovurg’alar yoyi ostida joylashgan. Rangi qizg‘ish - qo‘ng‘ir, o‘ng bo‘lagi kattaroq, chap bo‘lagi esa kichikroq bo’ladi. O‘rta qismining pastki yuzasidagi ko‘ndalang chuqurcha jigar darvozasi yoki qopqasi deb ataladi. Shu joydan jigarga arteriya, darvoza (qopqa) venasi, nervlar kiradi va jigarning o‘t yo‘li, jigar venasi chiqadi. Bu o‘t yo‘li o‘t pufagidan chiqqan yo‘lga qo‘shilib, o‘n ikki barmoq ichakka quyiladigan umumiy o‘t yo‘lini hosil qiladi. U ikki bo’lakdan iborat: o’ng bo’lagi o’ng qovurg’a yoyi ostida, chap bo’lagi qorinning yuqori qismida, ya'ni to’sh suyagi ostida joylashgan. Jigar to’qimasi biriktiruvchi to’qima pardasi yordamida juda ko’p mayda bo’lakchalarga bo’lingan. Bu bo’lakchalarning soni 500 mingga yaqin. Har bir bo’lakcha tarkibida bir nеchtadan jigar hujayralari bo’lib, ular gеpatotsit dеb ataladi.
Jigar organizmning markaziy biokimyoviy laboratoriyasi bo‘lib, turli-tuman funksiyalarni bajaradi. Jumladan: - bir sutkada 600-700g o‘t suyuqligini ishlab chiqarib, ovqat hazm bo‘lishida va oziq moddalarning ichakdan qonga so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi;
- jigarga qon bilan keladigan zararli moddalar zararsizlantirilib, himoya funksiyasini bajaradi;
- jigar oqsillar, yog‘lar va uglevodlar almashinuvida qatnashadi;
- jigarning maxsus yulduzsimon hujayralari antitelolar hosil qiladi;
- jigarda gemoglobin yemiriladi va bilirubin hosil bo‘lib, eriydigan holga keladi.
- yog‘simon moddalar ishlab chiqiladi va qon bilan boshqa a'zo, to‘qimalarga borib, moddalar almashinuvida qatnashadi.
- xolesterin, protrombin va geparin sintezlanadi.
- hazm sistemasidan qonga o‘tgan hamma moddalar jigarga kelib, qisman murakkab moddalar tuzilishiga sarf bo‘ladi, (aminokislotalardan albuminlar, globulinlar hosil bo‘ladi)
- jigarda sintezlanadigan qon plazmasi oqsili bolgan protrombindan trombin hosil bo‘ladi;
- umri bitgan eritrotsitlar avvalo jigar va taloqda gemolizlanib uzluksiz parchalanib turadi;
- jigar qon deposidir, chunki, venalarining yirik tarmoqlaridagi sfinkterlar torayib jigardan qonning oqib chiqib ketishi qiyinlashadi;
- oqsillar parchalanishidan hosil bo‘ladigan ammiak, siydik kislota kabilar jigarda mochevinaga aylanib, organizmdan siydik bilan chiqib ketadi;
- qondagi qand ko‘payib ketganda jigar va muskullarda undan polisaxarid— glikogen sintezlanadi, bu modda hujayralarda to‘planadi;
- qondagi qand kamayganda, glikogen jigar va muskullarda parchalanib, uzum shakari hosil bo‘ladi, bu modda qonga o‘tadi.
- jigardan oqib ketuvchi limfa suyuqligidagi oqsillar miqdori oyoq va qo‘llardan keladigan limfanikiga qaraganda ko‘proq bo’ladi;
- glikogen jigar hujayralarida zaxirada turadi va organizm ko‘proq energiya sarflayotgan vaqtda glyukozaga aylanib, qonga o‘tadi.
- pigmentlar almashinuvida qatnashadi;
- embrional davrda qonning shaklli elementlari va gemoglobin hosil qilishda ishtirok etadi.
Organizmdagi jami qonning 1/5 qismi jigar tomirlariga sig‘ishi mumkin. Qondagi ortiqcha suv qisman jigarda ajralib chiqib, o‘t va limfa hosil bo‘lishiga ketadi.
Jigar o‘tni uzluksiz ishlab, o‘zining o‘t yo‘li orqali chiqaradi, o‘n ikki barmoq ichakka o‘t kirishi ovqatlanish vaqtida boshlanib, me'da ovqatdan bo‘shamaguncha davom etadi. Boshqa vaqtda esa umumiy o‘t yo‘lining halqasimon muskuli (sfinkteri) qisqarib, shu yo‘lning teshigini berkitib turadi. Jigarda hosil bo‘ladigan o‘t pufagiga kirgach, quyulib qorayadi, chunki undagi suv va qisman boshqa ba'zi moddalar o‘t pufagi devoridan qonga o‘tadi.
Organizmda zararli moddalar ko‘plab paydo bo‘lganda (masalan, hazm a'zolarining surunkali kasalligida, alkogolizmda) jigar funksiyalari buziladi, bu esa og‘ir kasalliklarga olib keladi. Jigar kasalliklaridan o‘tkir va surunkali yallig‘lanish jarayonlari, shuningdek, parazitar kasalliklar uchraydi.