Yoshga qarab basketbol o‘yiniga o‘rgatish uslubiyatining xususiyatlari
Kichik yoshdagi basketbolchilar bilan ishlash uslubiyatlari 11-12 yoshlilar. Bu yoshdagi bolalar uchun ularning tana a'zolari va tizimlari rivojlanishida nisbatan mo‘tadillik kuzatiladi. Bu yoshda markaziy asab tizimi plastik ekanligi, yurak-tomir tizimi qisqa muddatli, uzoq davom etmaydigan tezlik zo‘riqishlariga chidamliligi, jismoniy sifatlarni rivojlanishi lozim darajada ekanligi tufayli bolalarda zarur ko‘nikmalarini shakllantirish uchun qulay sharoit mavjud bo‘ladi.
Shuni esda tutish kerakki, bu yoshda hali skelet suyaklari yetarli darajada mustahkam bo‘lmaydi, paylar egiluvchan va cho‘ziluvchan bo‘ladi. Mushaklar nisbatan sust rivojlangan: yirik mushaklar yaxshiroq rivojlangan va mayda mushaklar kam rivojlangan bo‘ladi. Bunday vaziyat hisobga olinmasa (ya‘ni mashg‘ulotlar noto‘g‘ri tashkil etilsa va mashqlar noto‘g‘ri tanlansa), ko‘krak qafasi va umurtqa pag‘onasi shaklini o‘zgarishiga uchrashi, gavda rasoligi buzilishi mumkin.
Bu yoshdan o‘pka hali yetarli darajada rivojlanmaganligi sababli nafas olish apparatining funksional imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. Yuklanish kuchayib borgan sari tomir urishi va nafas olish ancha tezlashib ketib, asta-sekinlik bilan asliga qaytadi. Bu yoshdagi bolalarning funksional imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi.
Mashg‘ulotlarda har tamonlama jismoniy tayyorgarlikka alohida e'tibor beriladi. Shu maqsadda xilma-xil vositalardan foydalaniladi. Bu vositalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, qo‘yilgan vazifalar shunchalik muvaffaqiyatli bajariladi. Murakkabligi turlicha bo‘lgan har xil ko‘nikmalarining ko‘p hosil qilinishi yana yangi-yangi ko‘nikmalarini shakllantirish vazifasini osonlashtiradi.
Bolalarning yosh xususiyatlariga qarab vujudga keltiriladigan qulay sharoitlarining yana biri bu yoshdan egiluvchanlik-bukiluvchanlik hamda chaqqonlik-epchillik mashqlarining kuchli ta'sir qilishidir. Shuning uchun akrobatik mashqlarga e'tibor berish kerak. Bu mashqlarni uloqtirish mashqlari bilan, to‘pni turli yo‘nalishlar bo‘ylab uzatish mashqlari bilan qo‘shib bajarish lozim.
To‘siqlardan oshib o’tish mashqlari yaxshi natija beradi. Ularda har xil murakkab mashqlar qo‘llash, turli anjomlardan foydalanish lozim. Shunday mashqlar tufayli harakatlar muvofiqligi yaxshilanadi, turli murakkab sharoitlarda (tayanib turilgan va tayanch bo‘lmagan hollarda) o‘z gavdasini boshqara olish mahorati ortib boradi.
Kuch ko‘rsatkichlari 11-12 yoshli bolalarda hali juda kichik bo‘ladi. Shuning uchun, avval, boshdaniq mashg’ulotlarga tezlik-kuch tavsifidagi mashqlar, sakrash mashqlari kiritilishi lozim (dastlab, turgan joydan sakrash mashqlari bajariladi, keyinchalik, harakat qilib turib buyumlarsiz sakrash mashqlariga o‘tiladi, so‘ngra ip bilan sakraladi, va, nihoyat, alohida-yakka to’siqlardan sakrab o‘tish mashqlari yopiladi). Bu mashqlar tez charchatib qo‘yishini hisobga olib, bolalarga oz-ozdan mashq qildiriladi, mashqlar orasida faol dam olish daqiqalari uyushtiriladi.
Mashq texnikasini o‘rganish vaqtida asosiy vazifa usullar tizilmasini to‘g‘ri o‘zlashtirishdan iborat bo‘ladi. Bu yoshda usullar qismlarini va ularning aniq bajarilishini talab qilib bo‘lmaydi.
Har bir usul avvaliga alohida-alohida o‘rnaladi. Buning uchun maxsus tarzda vujudga keltirilgan sharoitlar ishga solinadi. Mashqlar aniq o‘ziga xoslik kasb etishi kerak. Buning uchun sheriklarni turli shaklda safga turg‘izib, ularga bitta usulning o‘zini turli holatlarda bajarish taklif qilinadi. Mashqni bajarayotgan vaqtda o‘quvchidan o‘z joyini, ko‘rib xotirlab mo‘ljal olish talab qilinadigan har xil qo‘shimcha harakatlar ham bajariladi.
Taktik ko’nikmalarini shakllantirish vaqtida, dastlab, uni hal qilish usullari ko‘rsatib beriladi. Faqat oradan ancha vaqt o‘tgach, o‘quvchi o‘ziga ko‘rsatib beradigan dastlabki vazifalarni uddalay olganidan keyingina, unga taktik topshiriq tanlash, bu ishda o‘z tashabbusini ko‘rsatish huquqi beriladi.