Yozma nutqni rivojlantirish og„zaki nutqqa qaraganda ancha murakkab jarayon sanaladi. Chunki u o„quvchilardan grammatik va mazmun jihatidan to„g„ri jumla qurishni, har bir so„zni o„z o„rnida to„g„ri qo„llashni,fikrni ixcham, izchil, ifodali, uslub jihatidan sodda va ravon ifodalashni, bayon qilingan fikrlar sosida xulosalar chiqarishni talab etadi. Bu nutqning murakkab tabiati yana shundaki, u imlo, tinish belgilari va uslub bilan bog„liq. So„zni to„g„ri yozish, tinish belgilarini o„rinli qo„llash, fikrni uslub talabiga muvofiq bayon qilish o„quvchidan katta mas'uliyatni talab etadi. Shu sababli nutqning bu turi ancha sekin va murakkab kechadi. Yozma nutqning o„ziga xos xususiyatlaridan yana biri uni tekshirish, tuzatish, takomillashtirish mumkinligidir. Bu jihatdan u og„zaki nutqqa qaraganda ancha qulay imkoniyatlarga ega. O„quvchi yozma nutqdagi xato va kamchiliklar ustida ishlaydi, ularni bartaraf etadi, keyingi ishlarida bu xato va kamchiliklarga yo„l qo„ymaslikka intiladi. Ona tili darslarida o„qituvchi shuni ham unutmaslik lozimki, ko„pincha o„quvchilar yozma ishlarda imlo va tinish belgilariga katta e'tibor berib, matnning mazmuni ustida yetarli ish olib bormaydilar. Matnlarda ko„pincha mavzuga aloqasi bo„lmagan fikrlar ustunlik qilib, asosiy fikr e'tibordan chetda qoladi. Shuning uchun ona tili mashg„ulotlarida o„quvchilar diqqati faqat imlo va tinish belgilariga emas, balki bayon qilinayotgan fikrning asosli dalillarga ega bo„lishi, materialning to„g„ri joylashtirilishi, fikrning nutq sharoitiga mos holda to„g„ri bayon qilinishiga ham qaratilishi lozim. Ona tili mashg„ulotlarida shunday holatni vujudga keltirish lozimki, o„quvchi yaratgan matnidan qoniqish hosil qilsin. Bu uni o„z nutqini takomillashtirib borishga ilhomlantiradi. O„quvchilar mustaqil ravishda ijodiy fikrlasalar fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og„zaki, yozma shakllarda to„g„ri, ravon ifodalay olsalar, demak, ona tili mashg„ulotlari samarali o„tgan bo„ladi. Ona tili mashg„ulotlarida o„quvchilar nutqining rivojlanishini qiyinlashtirayotgan omillardan yana biri o„quvchilarning uyda, ko„chada yoki sinfdan tashqari paytlarda tojik, turkman, qirg„iz yoki boshqa (sheva) tilda so„zlashib, maktabda o„zbek tilida o„qishidir. Etnografik ma'lumotlar shuni ko„rsatadiki, jumhuriyatimiz hududida juda ko„p tojiklar, turkmanlar, qirg„izlar, qozoqlar yashaydi. Ularning ko„pchiligi uyda tojik, qirg„iz va hokazo tilda so„zlashib, maktabda o„zbek tilida o„qishdi. Bu hol, shubhasiz, o„quvchilarda tilning boy imkoniyatlaridan foydalangan holda o„z fikrini erkin bayon qilish imkoniyatini chegaralaydi. Yuqorida sanab o„tilgan salbiy omillardan tashqari ona tilimizdan sinfdan va maktabdan tashqari olib boriladigan ishlarning mundarija va mazmun jihatdan bo„shligi, yagona nutq rejimiga hamisha ham rioya qilmaslik, ota-onalarning bola nutqi ustida yetarli ishlamasligi kabi o„quvchilarning og„zaki va yozma nutqini rivojlantirishga salbiy ta'sir qiladi. Tilni amalda o„zlashtirish ona tilining barcha tovush birliklarini (tovush – bo„g„in – ibora - matn) tinglab ajratib olish va ularni to„g„ri talaffuz qilishni nazarda tutadi, shuning uchun maktabgacha yoshdagi bolada tovushni talaffuz qilishni shakllantirish borasidagi ishlar muntazam ravishda olib borilishi lozim. Ohang, tembr, pauza, urg„ulashning turli xillari tovush ifodaliligining muhim vositalari hisoblanadi. O„quvchiga intonatsiyadan to„g„ri foydalanishni, bildirilayotgan fikrning nafaqat mazmuniy ahamiyatini, balki emotsional xususiyatlarini ham bergan holda, uning intonatsion tasvirini qurishni o„rgatish juda muhim. SHu bilan parallel ravishda, vaziyatdan kelib chiqqan holda, talaffuz tempi, past-balandligini to„g„ri qo„llash, tovushlar, so„zlar, iboralar, gaplarni aniq talaffuz qilish (diksiya) qobiliyatini shakllantirish ishlari ham olib borilishi lozim. O„quvchilarda nutqning intonatsion jihatiga diqqat-e‟tibor qaratishni tarbiyalar ekan, katta yoshli odam (pedagog) uning nutqni tinglash qobiliyatini, tembr (har bir tovushning o„ziga xos bo„lgan sifati) va vaznni his qilish, tovush kuchini sezishni rivojlantiradi, bu esa kelgusida musiqa tinglash qobiliyatini rivojlantirishga ham ta‟sir ko„rsatadi. Nutq intonatsiyasi, tovushning ifodaliligi ustidagi ishlar bolalarning bildirilayotgan fikrga nisbatan, matndan kelib chiqqan holda, ovozini balandlatib yoki pasaytirib, talaffuz qilinayotgan matnga mantiqiy va emotsional urg„u berish orqali o„z munosabatini bildirishni o„rganishlari uchun zarur. Buning uchun pedagog tegishli topshiriqlardan ko„proq foydalanishi lozim. Aynan ushbu qobiliyatlar o„quvchiga turlicha intonatsion ifodalashni talab qiluvchi turli xildagi ravon fikrlarni tuzish – hikoya qilish, tasvirlash, mulohaza yuritish uchun zarur bo’ladi.