Nutqning qisqaligi. Aytilayotgan fikrning qisqa shaklda bayon etilishi ham muhim. Haddan ziyod uzun shaklda tuzilgan gaplar ba’zan mantiqan chalkashliklarga olib keladi. Shuningdek, o‘quvchi yoki tinglovchini toliqtirish bois zerikarli bo‘ladi. Nutq qisqa bo‘lsa, tegishli fikr aniq sodda shaklda ifodalansa, ko‘pincha maqsadga muvofiq bo‘ladi. aforizmlardan foydalanish ham nutqiy qisqalik namunasi hisoblanadi.
Nutqning ifodaliligi (ifodali nutq) Nutqning bu xususiyati uning ta’sirchanligi va samaradorligini oshiruvchi vositadir. Bunda nutqqa ifodalilik va obrazlilik baxsh etuvchi turli tasviriy vositalar (o‘xshatish, epitet, metonimiya, metafora, sinekdoxa, allegoriya va b.) bilan birgalikda kontekstual nutqiy vositalar (nutqning tovush tomonidan muvofiqligi, ifodali intonatsiya, nutqni dialoglashtirish va intimlashtirish; intonasion va psixologik pauza) kabilarga e’tibor qaratiladi.