Yozuv,uning paydo bo’lishi,taraqqiyoti va yozuv vositalari



Yüklə 286 Kb.
səhifə1/3
tarix14.10.2023
ölçüsü286 Kb.
#155302
  1   2   3
Akmeografik yondashuv


Akmeografik yondashuv


Kishilik jamiyati o`z tarixining ko`proq qismini Yozuvsiz o`tkazgan. U Yozuvga etib kelguncha uzoq yo`lni bosib o`tgan va nutqni yozib olish uchun bir necha ming yil ilgarigina belgilar qo`llanila boshlagan. Bu qariyb olti ming yil ilgari, eramizdan oldingi to`rtinchi ming yillikda sodir bo`lgan, deb hisoblaniladi. Biroq 1901 yili Transilvaniyada, Terteriya posyolkasi (Ruminiya) yaqinida arxeologlar juda ham ko`p sirli rasm-belgilar chizilgan uchta sopol taxtacha topishdi. Bular deyarli etti ming yillik o`tmishga ega yozma yodgorliklar edi.
Odamning tajribasi va bilimi orta borgan sari unda bilganlarini yodda tutish va boshqalarga berish zarurati tug`ildi. Zamonaviy til bilan aytganda, axborotni saqlash va uzatish problemasi kelib chiqdi.
Bevosita aloqa bog`lash yo`li bilan buni amalga oshirish qiyin emas edi, biroq bu holda inson xotirasining mukammal emasligi tufayli ko`p axborotlar esdan chiqib qolgan, yo`qolgan. Bunga fazo hamda vaqt asosiy to`sik bo`lib, yozilgan so`zgina ulardan ustun kela olardi.
Buyumlardan dastlab mnemonika vositalari yoki «eslatuvchi» vositalar sifatida foydalanish zamonaviy Yozuvga olib keluvchi mashaqqatli uzoq yo`ldagi birinchi qadam bo`ldi. Bu vositalar fikrni uzatmas, balki uni faqat eslatardi. Biror narsani eslab qolish uchun ro`molning uchini tugish odati shundan qolgan.
So`ngra buyumlarga konkret ma`no berila boshlagan. Ular oldindan kelishib olingan narsalarni bildiruvchi o`ziga xos signallar, shartli belgilar bo`lib hisoblangan. Cho`pxatga yoki daraxt tanasiga kertib belgi solish, tugunlar, tizimchalar, urush e`lon qilish vaqtida esa kamon o`qi va boshqa buyumlar Shunday shartli belgi vazifasini o`tagan. Buyumga ma`no birkitib qo`yishning bu usuli «buyumli Yozuv» deb atalgan.
Son, raqamlarni bildirish uchun, masalan, taxtachalarga kertib shartli belgilar o`yilgan. Bu xatcho`plardan har xil shartnomalar tuzishda foydalanilgan. SHartnoma tuzishda xatcho`pni bo`yiga qoq o`rtasidan bo`lib, yarmi bir tomonga, ikkinchi yarmi ikkinchi tomonga berilgan. Xatcho`p bo`lakchalari birlashtirilganda kertiklar bir-biriga mos kelgan. Xatcho`plar kalendar sifatida ham qo`llanilgan (unga kunlar, haftalar soni va xakazolar o`yilgan). Ular qarz shartnomalarida tilxat o`rnida ham xizmat qilgan. Xotirada uzoq vaqt saqlab turilishi lozim bo`lgan voqealar to`g`risidagi unutilmas ma`lumotlar ro`yxati sifatida ham xatcho`plardan foydalanilgan.
To`g`ri hisob-kitob uchun hisoblash tizimchalari qo`llanilgan. Ular perulik cho`ponlarda, Latin Amerikasi va Afrikaning boshqa ba`zi xalqlarida hozir ham bor. Bir tizimcha ho`kizlarni, boshqa tizimcha sigirlarni sanash uchun xizmat qiladi; bu tizimcha ikki tutamga ajratiladi - bir tutami bilan sog`im sigirlar va boshqa tutami bilan bo`g`oz sigirlar sanaladi. Uchinchi tizimcha buzoqlarni sanash uchun ishlatiladi. Tizimchadagi tugunlar soni shu cho`ponning podasida necha bosh mol borligini bildiradi.
Qadimgi xitoylar ham hisob-kitob va yodda saqlash uchun tizimchalardagi tugunlardan foydalanganlar. Qadimgi xalqlarda vaqt hisobi ham ko`pincha tutunlar bilan olib borilgan. Eramizdan oldingi V asrda yashagan qadimgi Yunon mashhur tarixchisi Gerodot hikoya qilgan Doro kalendari bunga misol bo`la oladi.
Gerodotning ta`kidlashicha, Eron shohi Doro I Skifiyaga yurish qilganida Dunay daryosiga maxsus qurilgan ko`prikdan o`tgan. Ko`prikni saqlash, qo`riqlash uchun Doro o`z ittifoqchisi bo`lmish ioniyaliklarni qoldirgan. Ularga oltmish tugunli kamar berib, bunday degan: «...Bu kamarni olinglar: endi gapimga quloq solinglar: mening skiflarga qarshi chiqqanimni ko`rishingiz bilanoq, shu vaqtdan boshlab har kuni bitta tugunni echaveringlar. Agar tugunlar bilan ko`rsatilgandagi kunlar tugasa-yu men shu vaqt ichida qaytmasam, o`z vatanlaringizga jo`nayveringlar. Hozircha ko`prikni qo`riqlanglar va uni mumkin qadar but saqlashga harakat qilinglar. Bu bilan menga katta yordam ko`rsatgan bo`lasizlar».
Tugunlardan iborat kalendardan Sibir, Gvineya, Polineziya, SHarqiy Afrika xalqlari ham foydalangan.
«Axborot hassalari» ham o`ziga xos buyum-maktub vazifasini o`tagan. Ular Qadimgi Evropada, Qadimgi Xitoyda, avstriyalik va afrikalik qabilalar o`rtasida mashhur bo`lgan. Boshqa qabilaning elchisi olib kelgan hassa tashrif buyurgan shaxsning vakolatini tasdiqlovchi o`ziga xos hujjat hisoblangan. Hassaga kertib belgilar va xotira nishonlari tushirilgan. Elchi ularga qarab o`ziga qancha topshiriq berilganini eslagan. Kertik-belgilarning joylashishi, ehtimol, ma`lum faktlarni ifoda etgandir.
«Vampum» kamari (po`tasi) SHimoliy Amerika hindularining buyumli Yozuvi bo`lib, shakli juda ajoyibdir. «Vampum» kamari rang barang chig`anoqlar qo`shib to`kilgan bo`ladi yoki chig`anoqlar unga tegishlicha osib qo`yiladi. CHig`anoqlarning o`zaro joylashuvi, soni va rangi muayyan ma`noni anglatadi. Ba`zan kamarga xabarning mazmunini aniqlashtiruvchi rasmlar ham chizilgan bo`ladi.


Penna kamari (maktub)
XVII asr oxirida muhim siyosiy hujjat hisoblangan vampum ham bizga ma`lum. Penna vampumi deb ataluvchi, o`rtasiga ikkita qora shakl (kishi shakli) tushirilgan bu oq kamarni lenilenape qabilasidan bo`lgan hindular o`rtasidagi tinchlik va hamkorlik garovi sifatida taqdim qilganlar.
Hozirgi Peruning azalgi aholisi inklarning tugunlardan iborat maktubi – kipu - buyumli Yozuvning ajoyib namunasi bo`lib hisoblanadi. Bunda buyumli Yozuvning hamma imkoniyatlari ochib berilgan, deb sanaladi. Kipu chalkash-chulkash bog`langan, tugilgan tizimchalar osilgan yo`g`on arqon yoki tayoqchadan iborat maktubdir. Tizimchalar va tugunlarning soni, ularning katta-kichikligi, joylashishi va rangi turli ma`noni anglatgan. Kipuning og`irligi ba`zan to`rt kilogrammcha kelgan. Bo`yalmagan tizimchalar sonli hisob uchun va muhim

voqea-hodisalarni yodlab qolish uchun, rang-barang tizimchalar esa ancha murakkab xabarlar uchun qo`llanilgan.
Hindlarda har bir rang muayyan ma`noni: qora rang - baxtsizlikni, o`limni, binafsharang - xavf-xatafni yoki dushmanlikni, qizil rang - urushni, oq rang - tinchlikni, sariq rang - oltinni, yashil rang - don-dunni bildirgan. Hindlar turli ranglarni va tugunlarni turlicha qo`shib ishlatib har xil xabarlarni bildirish imkoniyatiga ega bo`lganlar. Ba`zi olimlar, kipuga qonunlar majmui, xronikalar, xatto she`rlar yozilgan bo`lishi mumkin, degan fikrni aytmokdalar. Boshqa olimlar esa murakkab Yozuvlarni tugunlar va rangba-rang tizimcha yordamida amalga oshirish mumkin emas demoqdalar.
Hozirgi vaqtda ham ishlatish qulay bo`lgan joylarda signalizatsiya uchun buyumli Yozuv printsipidan foydalanilmoqda; masalan, suv yo`llarida xatarli joylarni ko`rsatib turadigan suzg`ich - bakenlar, mayoqlar va signal bayroqchalari - dengizda, svetofor va semaforlar - quruqlikdagi yo`llarda, signal lampochkalari - xar xil priborlarda qo`llaniladi. Bularing hammasi «axborot hassalari» va perulik cho`ponlarning tizimchalariga «qarindosh»dir.
Buyumli Yozuv o`zining asosiy vazifasini bajara olmadi: insoniyatniig to`plangan bilimlarni saqlab, yodlab qoladigan o`ziga xos xotirasiga aylana olmadi. Ijtimoiy turmush murakkablashgan sari bunga ehtiyoj tobora ortib borardi. Urf-odatlar, an`analar shakllandi, ularni yangi avlodga etkazish lozim edi. Mehnat taqsimoti va mol ayirboshlash aniq hisob yuritishni talab qilardi. Qabila boshliqlari va kohinlar ajralib chiqdilar, ularning faoliyatini abadiylashtirish zarur edi.
Piktografiya yoki rasmlardan iborat Yozuv zamonaviy Yozuvga olib boradigan yo`ldagi navbatdagi bosqich bo`ldi. Uning xususiyati axborot uzatish bilan belgilanar edi. Rasmlardan iborat Yozuvning xususiyati shuki, buida fikr ayrim tushunchalarga ajratib emas. balki to`la ifodalanadi. Piktogrammaning eng mayda parchalari (fragmentlari) ham, zamonaviy Yozuvdagi jumlalar singari, mazmunan tugaldir. Jumla tarkibiy qismlarga bo`linadi, ammo piktogramma bo`linmaydi. Piktogramma harakatni, voqea-hodisani tasvirlaydi, lekin og`zaki tilni, buyumlarning nomlarini mutlaqo aks ettirmaydi. Piktogramma nimani tasvirlasa o`shani ifodalaydi, unda simvolika yo`q. SHuning uchun piktogrammani har bir kishi, qanday tilda gapirishdan qat`i nazar, sharhlab berishi mumkin.
Piktogrammalar ov haqidagi ma`lumotlarni, ro`zg`or ishlari bilan bog`lik, Yozuvlarni, jangovar yurishlar, bosqinchiliklar, to`qnashuvlar to`g`risidagi xabarlarni, kuf-suflarni (ular ayniqsa SHimoliy Amerika hindulari o`rtasida, shuningdek Indoneziyada ko`p tarqalgan), siyosiy shartnomalarni, arznomalarni, ultimatumlar va sevgi maktublarini o`z ichiga olgan.
Piktogrammalarni izohlash uchun eng qulayi she`riy formadir. Erliklardan biri qiroat bilan o`qigan bunday she`rning har satri ayrim rasmni ifodalaydi.
Piktografiya ibtidoiy san`at quchog`ida vujudga keldi. Olimlar insonlarning bundan 40—10 ming yil ilgari qadimgi paleolit davrida chizgan rasmlarini topishgan. Qadimgi odam toshni o`yib naqsh solgan, suyakka belgilar o`ygan, g`or devorlariga hayvonlar: bizon, mamont, ohular, karkidon, otlar, bug`ular yoki odamlar tasvirini bo`yoqlar bilan chizgan. Bu bilan u go`yo dunyoni bilib olgan va tasvirlagan.
Evropada eramizdan oldingi to`qqizinchi-oltinchi ming yillik deb sana qo`yilgan mezolit davrida umumiy mazmunga birlashtirilgan murakkab tasviriy kompozitsiyalar yanada ko`proq tarqalgan. Ular rasmlar bilan ifodalangan tugal hikoyaga o`xshaydi.
Tevarak-atrofimizdagi olamni bilish yo`lidagi bu yangi qadam voqea-hodisalarni, voqelikni ifodalashga intilish edi. Ibtidoiy odam tafakkuri konkret faktlarni qamrab olish bilan birga mavxum tushunchalarii ifodalashga ham harakat qilgan. Rasmlarda ramziy elementlar va shartli belgilar tez-tez uchrab turadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, piktografik Yozuv neolit davrida, tarqoq urug`dosh guruhlar qabilaga birlasha boshlagan vaqtda uzil-kesil shakllangan.
Piktografik belgilar hozirda ham keng qo`llaniladi. Magazin va ustaxonalarning viveskalaridagi mollar tasviri, ko`cha harakatini tartibga solib turuvchi belgilar, zaharli moddalar solingan idishlar devoridagi bosh suyagi, chalishtirilgan suyaklar tasviri va yo`nalishni ko`rsatuvchi qo`l yoki strelkalar rasmi va hokazo shular jumlasidandir. Masalan, SHimoliy Osetiyada marhumning fazilatlari yoki iste`dodini bildiruvchi piktografik belgi chizish odati saqlanib qolgan: mohir chavandozning qabr toshida - ot yoki egar, olimning qabr toshida - kitob, mohir tikuvchi qabr toshida esa tikuv mashinasi tasvirlanadi.
Tadqiqotchilar piktografiyani fikrni Yozuv bilan ifodalashning dastlabki usuli deb hisoblaydilar. Piktografiya yaqqolligi tufayli hammabop bo`lgan-u, biroq ma`no, mazmunni ixtiyoriy sharhlashga yo`l qo`ygan. Rasm fikrni aniq ifodalashga imkon beradigan,ko`p joyni egallaydigan vosita bo`lganligidan mavhum tushunchalarni rasm yordamida anglatish juda qiyin edi.
Bir xildagi buyumning tasviri turli piktogrammalarda turlicha chiqqanligi, harakatlar, voqealar ham har xil tasvirlanganligi sababli bayon qilinayotgan ma`lumotlarning aniqligi buzilgan. Masalan, «qurol» bir joyda nayza ko`rinishida chizilgan bo`lsa, boshqa joyda kamon va o`q, yana bir joyda to`qmoq shaklida tasvirlangan.
Yozuv biladiganlar nihoyat darajada kam bo`lganligidan va Yozuvdan tasodifiy hollardagina foydalanilganligidan piktografik Yozuvning kamchiliklari ko`zga tashlanmagan. Lekin davlat tuzumi rivojlanib, yozishmalar kundalik ishga aylana borgan sari Yozuvga ehtiyoj ortavergan, Yozuv kundalik hayotda zaruratga aylangan. YOzishni tezlashtirishga ehtiyoj tug`ilgan. Har bir tasvirdagi rasm asta-sekin soddalashib borishi va ularning hammasi aniq grafik belgilarga ajralib ketishi qonuniydir. Muayyan rasm buyumning nomi bilan atalgan, buyum tasvirlovchi bo`lib qolgan.
Yozuv bitiladigan material belgi-rasmlarning shakliga jiddiy ta`sir ko`rsatgan. Masalan, Old Osiyoda to`g`ri burchakli yoki cho`zinchoq doira shaklidagi sopol taxtachalarga belgilar chizilgan. Loyning qovushqoqligi taxtachalarga aylana chiziqlar chizishni qiyinlashtirgan, shuning uchun pona shaklidagi belgilar - mixxat ishlab chiqilgan. Misrda asosiy Yozuv materiali sifatida papirusdan foydalanilgan; papirus - xat yozish uchun maxsus tayyorlangan birinchi materialdir. Misr Yozuvlari tasviriyligi bilan ajralib turadi. Xususan toshga o`yib yozilgan xatlar ko`zga yaqqol tashlanadi. Ular ko`pincha naqsh bilan mohirona uyg`unlashtirilgan.
YOzma yodgorliklarning but holda saqlanishi ham uning qanday materialga bitilganiga bog`liq bo`lgan. Tez yirtiladigan, uvalanadigan, mo`rt materialga bitilgan xatlar yo`q bo`lib ketgan, pishiq, mustahkam asosga bitilgan Yozuvlar esa zamonamizgacha saklanib qolgan. Uzoq o`tmish sadolarini bizga ayni shu Yozuvlar etkazmoqda. Eron podshohi Doro I ning toshga o`yib yozilgan quyidagi dabdabali ogohlantirishi Shunday Yozuvlardan biridir: «Doro, shahonshoh deydi: Sen, kelgusida mening buyrug`im bilan qoyaga o`yilgan mana shu Yozuvni yoki ana shu tasvirlarni ko`rasan, - Ularni vayron qilma! Qudrating etar ekan, ularni ehtiyot qil».
Yozuvning rivojlanishi haqidagi hikoyamizga qaytaylik. Zamonavny Yozuvga olib keladigan yo`ldagi navbatdagi bosqich jumlalarning ayrim tushunchalarga, so`ngra so`zlarga bo`linishidan iborat bo`ldi. Piktogramma ayrim elementlarga (gap bo`laklariga) bo`linmasdan fakat tugallangan fikrnigina ifodalar edi, endi har bir tushunchaga va konkret buyumga belgi-rasm birkitib qo`yildi. Ulardan, o`z navbatida, Yozuv paydo bo`ldi. Bunday belgilar sistemasi – ideografiya - boshqarish, hisob yurgizish, konunlarni yozish va shu kabi boshqa ishlar uchun barqaror, aniq Yozuvga ehgiyoj sezgan davlat ko`lamida tartibga solingan. Bir qancha mamlakatlarda (Misr, SHumsr, Xitoy, Krit oroli) ideografiya jamiyat taraqkiyotining o`sha bir xil bosqichida, qulchilik davlati bilan birga paydo bo`lib, uning bag`rida kamolotga erishgan - yuksak darajada tarqqiy qilgan.
Ideografik Yozuv axborot mazmunini bayoi qilishi bilan birga, tilning lug`aviy tarkibini ham belgilab bergan. Belgi rasmlarning izchilligi endi manzaraning injiqligiga bog`liq bo`lgan, u tilning o`ziga xos sintaktik tuzilishini aks ettirgan.
Ma`nosi aniq va tasvirlanishi oson bo`lgan so`zlar uchun belgi-ideogrammalar yaratilishi grafik shakllarni soddalashtirish yo`lidan borgan. Masalan:

Krit Yozuvida


Xitoy Yozuvida


Mavhum va murakkab tushunchalarni bayon qilish ancha qiyin bo`lgan. Biroq bu qiyinchilik xam bartaraf etilgan. Mirzalarning barcha qiyinchiliklarni chetlab o`tishdagi ijodkorligi kishini hayratda qoldiradi. Masalan, kadimgi misr Yozuvlarida tasviriy-ramziy printsip mohirona qo`llanilgan. Jangchi so`zi ikki qo`l shaklida tasvirlangan: bir ko`lga qalqon va ikkinchi qo`lga nayza ushlatilgan. Bu ideogramma jang, jang qilish tushunchalarini ham anglatgan. YUrmoq fe`li qadam tashlayotgan ikki oyoq, ko`rmoq fe`li - ikki ko`z shaklida tasvirlangan. Xasislik, ochko`zlik so`zlari - timsoh tasviri orqali, salkin, sovuk so`zlari esa suv oqib chiqayotgan idish tasviri bilan ifodalangan.
Aniq buyum bilan mavhum tushuncha o`rtasidagi bog`lanish ba`zan bexabar odam ishonadigan rivoyat yoki e`tiqodga asosan ifodalangan. Masalan, Qadimgi Misrda tuyaqush qanotidagi hamma patlarning uzunligi bir xil bo`ladi deb, shunga qat`iy ishonishgan, shunga asosan haqqoniylik so`zi tuya qush pati tasviri bilan ifodalangan. Yil so`zi esa palma daraxti shoxi bilan tasvirlangan, chunki misrliklar palma daraxtida bir yilda faqat 12 ta novda o`sib chiqadi deb o`ylar ekan.
Shumer Yozuvlarida quyoshni tasvirlovchi belgi - nur, kun, oqlik degan so`zlarni anglatish uchun, yulduz belgisi - osmon, xudo degan so`zlarni, chigirtka tasviri esa yo`q so`zini ifodalash uchun ishlatilgan.
Xitoy tilida belgilar shakli yoki vaziyati o`zgarishi bilan yangi ma`no kasb etganlar. Masalan, odam degan so`zni anglatuvchi ieroglif birmuncha o`zgartirilganidan (yangi chiziqlar qo`shilganidan) keyin tana, qo`l degan ma`noni anglatgan. Xitoy mirzalari sonlarni va fazoviy munosabatlarni bildirish uchun maxsus shartli-ramziy ierogliflarni qo`llanganlar.Ko`pincha murakkab va mavhum tushunchalar ikki ideogrammani bir belgida uyg`unlashtirish, birlashtirish yo`li bilan bayon qilingan. Masalan, Shumer tilida quyidagi birikmalar ishlatilgan:



Yüklə 286 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin