Ma’muriy-huquqiy munosabatlar mazmun-mohiyatini qanday munosabatlar tashkil etadi? Ma’muriy-huquqiy munosabatlar – bu ma’muriy huquq normalari
asosida vujudga keladigan munosabatlardir.
Yodda tuting!!!
Ma’muriy-huquqiy munosabatlar o’zining tuzilishiga ko’ra
munosabat subyekti, obyekti va mazmuniga ega.
Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning subyekti unda ishtirok
etuvchi tomonlar, ya’ni boshqaruv jarayonida ma’lum bir vakolatga
ega bo’lgan (davlat boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar) yoki
boshqacha ma’muriy-huquqiy maqomga ega bo’lgan shaxslar
(fuqarolar, jamoat birlashmalari) hisoblanadi.
Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning obyekti ma’muriy huquq
subyektlarining harakatlari (qarorlari), ularning ijobiy yoki salbiy
xulq-atvori hisoblanadi. Har qanday huquqiy munosabat ma’lum bir
jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan muayyan bir vazifani
bajaradi. Shu sababli obyektsiz huquqiy munosabat bo’lishi mumkin
emas.
Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning mazmunini ma’muriy
huquq subyektlarining huquqlari, majburiyatlari, javobgarligi,
taqiqlar, cheklovlar tashkil etadi.