Shu ma’noda jinoyatchi shaxsi – individ sodir etgan muayyan turdagi jinoiy qilmishni keltirib chiqargan uning tipologik xislatlari majmui. Jinoyat sodir etgan shaxsni o’rganishda unda ustunlik qiluvchi, uning qadriyatlari, hayotfaoliyatining mazmuni, mayllari va qarashlarini aniqlash zarur.
Chunki, jinoyatchilar o’zlarining g’ayriijtimoiy xatti harakatlarining asl mohiyatini ko’proq yoki kamroq darajada anglagan holda, o’zlarini oqlaydigan motivlar, bahonalar tizimini axtaradilar va jinoiy maqsadlariga erishishlariga xalal beruvchi qadriyatlarni rad etadilar. O’z harakatlarini oqlash maqsadida javobgarlikdan bo’yin tovlash, o’zini ruhiy jihatdan himoyalash aksariyat jinoyatchilarga xos bo’lgan psixologik xususiyatdir.
1 Qarang: Vasilyev V. L. Yuridicheskaya psixologiya. – M., 1999. – S. 222–224.
2 A. R. Ratinov, K. Ye. Igoshev, V. V. Glazirin, A. V. Dulov, V. L. Vasilyev kabi olimlarning asarlariga qarang.
Oldindan rejalashtirilgan va sodir etilgan jinoyatni oqlash turli usullar bilan amalga oshiriladi:
jinoyat qurbonining aybdorligini bo’rttirib ko’rsatish;
ijtimoiy va huquqiy normalarni g’ayriijtimoiy guruhlar (banda, o’g’rilar to’dasi)ning qoidalariga qarshi qo’yib qadrsizlantirish;
javobgarlikni boshqalarning gardaniga qo’yish, yuzaga kelgan vaziyat bilan o’zini oqlash va sh.k.
Ijtimoiy qadriyatlardan begonalashgani bois jinoyatchi ruhiy dekompensasiyalar (ichki ruhiy muvozanat hosil qiluvchi soxta «o’rinbosar»lardan foydalanish) asosida o’zining jinoiy xulqi sabablarini ichki salbiy xislatlarida emas, balki tashqi vaziyatlar, boshqa odamlarning xatti-harakatlaridan axtaradi.
Jinoyat motivlari jinoyatchining shaxsiy salbiy xislatlari
g’araz, kek saqlash, rashk, shuhratparastlik, yolg’on qarashlar tizimi (burch, o’rtoqlik kabi xislatlarni noto’g’ri tushunish) orqali shakllanadi.
Aksariyat jinoyatchilar ko’p narsaga da’vogar bo’ladilar, ammo buni amalga oshirish imkoniyatlari juda kam bo’ladi. Ushbu holat deyarli barcha jinoyatchilarning ichki shaxsiy nizolari asosida yuzaga keladi.
Ko’pchilik holatlarda jinoyatchi shaxslarning qadriyatlar va normalar tizimi buzilganini, ya’ni voqyelikni noto’g’ri idrok etishini kuzatish mumkin.
Ularning xulqini bir daqiqalik, muayyan vaziyat bilan bog’liq mayllar, eng quyi darajadagi ehtiyojlar egallab turadi.