Axloqiy madaniyat- insonning jamiyat axloqiy tajribalarini egallashi hamda bu tajribalardan o’zga insonlar bilan bo’lgan munosabatlarida foydalanishi, o’z-o’zini doimiy takomillashtirib borishi kabi jihatlarni o’z ichiga oladi. Axloqiy madaniyatning eng muhim unsurlaridan biri – muomala odobi. U, mohiyatan, o’zaro hamkorlikning shakllaridan biri. Inson zoti bir–biri bilan hamkorlik qilmasdan, o’zaro tajriba almashmasdan, bir–biriga ta’sir ko’rsatmasdan rasmana yashashi mumkin emas. Muomala odam uchun ehtiyoj, zarurat, sog’lom kishi usiz ruhan qiynaladi, kayfiyati tushib boradi. Buni deyarli har birimiz o’z shaxsiy hayotimizda boshimizdan kechirganmiz… Muomala odobi boshqa kishilar qadr–qimmatini, izzatini joyiga qo’yishni, an’anaviy axloqiy–me’yoriy talablarni bajarishni taqozo etadi. SHuning barobarida, u insondagi yaxshi jihatlarni namoyon etishi, ko’zga ko’rsatishi bilan ham ajralib turadi. Uning eng yorqin, eng sermazmun va eng ifodali namoyon bo’lishi so’z, nutq vositasida ro’y beradi. So’zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. SHu bois muomala odobi o’zini, eng avvalo, shirinsuxanlilik, kamsuqumlik, bosiqlik, xushfe’llilik singari axloqiy me’yorlarda namoyon qiladi. Darhaqiqat, muomala odobida muloqotning asosi bo’lmish til katta ahamiyatga ega. Zero, odamlar bir–birlarini til orqali tushunadilar, til vositasida o’z fikrini o’zgaga yetkazish ma’lum ma’noda san’at. Zarur so’zni topish, muayyan holatga mos keladigan ifodaviy vositalarni qo’llash, fikrni jumlaviy jihatdan to’g’ri ifodalash, aniq, bosiq, salobat bilan so’zlash hamsuhbatingiz yoki tinglovchining diqqatini tortishda muhim rol o’ynaydi, so’zlovchining nutq madaniyati darajasini ko’taradi. Muomala odobida tilning sofligi masalasi ham muhim. Til sofligi buzilishining asosiy uch xil ko’rinishi mavjud: birinchisi – bir tilda so’zlashayotib, ikkinchi tilga o’tib ketish, to’g’rirog’i, birvarakay «ikki tilda» so’zlashish, misol qilib, ikki talabaning so’zlashayotganda o’zbek tilida rus tiliga, rus tilidan o’zbekchaga muntazam o’tib turishini olish mumkin, bu ba’zilar uchun odatiy hol bo’lib qolgan. Ikkinchisi – bir tilda so’zlashayotib, ikkinchi tildagi so’zlarni, ayniqsa jargonlarni ishlatish. M., «davay», «koroche», v.h. Til sofligining uchinchi buzilishi esa bir tilda so’zlashgan holda o’sha tildagi «parazit» so’zlarni qo’llashda ko’rinadi. M., «anaqa» «haliginday» v.h. Muomaladagi bunday til sofligining buzilishlari hamsuhbatlarga bilinmasa ham, chetdan kuzatgan odamga nihoyatda xunuk ko’rinadi. Muomala odobida «siz» va «sen»ning o’z o’rnida qo’llanilishi ham ahamiyatga ega. Xususan, ota–ona, aka–opa yoki boshqa yoshi katta odamlar uchinchi shaxs bo’lganida ularga nisban birlikdagi «u» olmoshini emas, hurmatni anglatuvchi «ular» yoki «u kishi» shaklini qo’llash odobdan. M., «Otam shunday dedi» emas, «Otam shunday dedilar», «U kishi shuni xohlayaptilar» v.h. Suhbat paytida tinimsiz harakatda bo’lib turish, qo’lni paxsa qilib gapirish yoki suxbatdoshining yoshini nazarga olmay, uni oyoqni chalkashtirib o’tirgan holda tinglash, birov jon kuydirib so’zlayotganda esnash v.b. shunga o’xshash holatlar ham muomaladagi odobsizlikni bildiradi. Muomala odobining yana bir «ko’zgusi», bu – insoniy qarash, nigoh, so’zsiz – noverbal harakatlar. Ma’lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo’l harakatlarida uning qay sabablardandir tilga chiqmagan, so’zga aylanmagan hissiyoti, talablari o’z aksini topadi. CHunonchi, suhbatdoshining gapini oxirigacha eshitmay, qo’l siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba’zan qarab qo’yishning o’zi so’zdan ham kuchliroq ta’sir ko’rsatadi... Pantomimik ifodalash usuli… Umuman olganda, muomala odobi kishilarning nasihat qilmasdan va odob o’rgatmasdan bir–biriga ta’siri, tarbiya va o’z–o’zini tarbiya vositasi sifatida diqqatga sazovor. SHu sababli yoshlarimizda muomala odobini shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan. Bunda ota–onaning, mahalla–ko’yning ta’siri katta. Undan foydalana bilish kerak. Zero, axloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi.