3. Oddiy va murakkab mulohazalar va ularning turlari.
Hukmlarning asosiy vazifasi predmetlarning xususiyat va munosabatlarini
ko‘rsatish, predmet va hodisalarga xususiyatning xosligini qayd qilishdir. Biz
predmet va hodisalarning oddiy, tashqi xususiyatlari bilan birga, ularning ichki
zaruriy bog‘lanishlarini, munosabatlarini bilib boramiz. Predmet va
hodisalarning xususiyatlarini ketma-ket o‘rganib, ular haqida turli abstraksiyalar
hosil qilamiz. Bu abstraksiyalar hukmlar yordamida ifodalanadi. Hukmlar orqali
narsalar va hodisalar haqida bilimlar aks etadi. Ular haqida bilimlarimiz turlicha
bo‘lgani uchun ularni ifodalaydigan hukmlar ham har xil bo‘ladi. Ba’zi hukmlar
aniq, tekshirilgan bilimlarni ifodalsa, ba’zilarda esa xususiyatning predmetga
xosligi ehtimol qilinadi, demak noaniq bilimlar ifodalanadi.
Hukmlar predmet va hodisalarning hamma tomoni haqida fikrni ifodalaydi. Ular
nisbatan tugallangan fikrdir. Hukmlar predmetlar va hodisalar o‘rtasidagi
ma’lum munosabatlarni ifodalaydi. SHuning uchun ular chin yoki xato bo‘ladi.
Ob’ektiv voqelikka mos kelgan, uni to‘g‘ri ifodalagan fikrlar chin bo‘ladi, aks
holda xato bo‘ladi.
Hukmlarni ifodalash uchun til vositalari talab qilinadi. Hukmlar gaplar orqali
ifodalanadi. Ular mantiqiy kategoriya bo‘lsa, gaplar grammatik kategoriyadir.
Mantiqning vazifasi hukmlarni turli tomondan o‘rganishdir. Hukmlar predmet
va hodisalarga ma’lum bir xususiyatning xosligi yoki xos emasligini
ifodalaydigan tafakkur shaklidir.
Hukmlarni o‘rganishni ularning tuzilishini o‘rganishdan boshlaymiz. O‘rganish
qulay bo‘lishi uchun dastlab ularni oddiy va murakkab turlarga bo‘lib olamiz.
Bunda biz hukm atamalarining miqdoriga, soniga e’tibor beramiz. Hukmning
sub’ekt va predikati uning atamalari deb ataladi. Agar hukm terminlari bittadan
bo‘lsa oddiy hukm, birdan ortiq bo‘lsa, murakkab hukm deyiladi. Sub’ekt (S)
fikr qilinadigan predmet va hodisani bildiradi. Predikat (R) esa predmetga xos
xususiyatni, munosabatni bildiradi. Ya’ni predmet haqidagi yangi bilimni
bildiradi. Predikatda ifodalangan bilimlar hisobiga sub’ekt haqidagi tasavvur
boyitiladi. Hukmning uchinchi zaruriy elementi mantiqiy bog‘lamadir. U subekt
va predikatni bir-biri bilan bog‘laydi, natijada hukm hosil bo‘ladi.
Hukmlarning turlari. Predikatning mazmuniga qarab hukm turlari. Ular
quyidagilardan iborat: atributiv hukmlar, mavjudlik hukmlari va munosabat
hukmlari. Atributiv hukmlarda predikat biror xususiyatning predmetga xosligi
yoki xos emasligi aniq, qat’iy qilib ko‘rsatiladi. SHuning uchun atributiv
hukmlarni qat’iy hukmlar ham deb yuritamiz. Masalan, «mustaqillik davr
talabidir». Mavjudlik hukmlarida predikat biror predmet va hodisaning mavjud
yoki mavjud emasligini bildiradi. Masalan, «TMI da Soliq fakulteti bor».
Munosabat hukmlarida predmetning biror jihatdan munosabati ko‘rsatiladi.
Masalan, «Matematik mantiq klassik mantiqqa qaraganda yoshroqdir».
Sub’ektning miqdoriga qarab hukm turlari quyidagilardir: umumiy, juz’iy,
yakka hukmlar. Bunda sub’ektda ifodalangan predmetning soni, nechtaligi
ahamiyatga ega bo‘ladi. Oddiy hukmlarda diqqatimiz bir turkum
predmetlarning hammasiga, bir qismiga yoki bir donasiga qaratilgan bo‘lishi
mumkin. Masalan, «Hamma darsliklar kitobdir», «Ba’zi darsliklar O‘zbek tilida
chiqarilgan», «Bu darsliklar mantiq faniga oiddir».
Mantiqiy bog‘lamaga qarab hukm turlari quyidagilardir: tasdiq va inkor
hukmlar. Mantiqiy bog‘lama hukmning sifatini belgilaydi. Tasdiq hukmlarda
xususiyatning predmetga xosligi, inkor hukmlarda aksincha, xos emasligi
ko‘rsatiladi. Masalan, «O‘zbekiston fuqarolari tinchlik tarafdoridir»,
«O‘zbekiston fuqarolari qurollanish tarafdori emas».
Oddiy hukmlarning birlashgan klassifikatsiyasi yoki hukmlarning asosiy turlari.
Bunda hukmlarning sifati va sub’ektning miqdori hisobga olinadi. Hukmlarning
asosiy turlari quyidagilardir: 1) Umumiy tasdiq hukmlar. A harfi bilan
belgilanadi, «hamma S R dir» formulalari orqali ifodalanadi. Masalan, «Hamma
O‘zbekiston fuqarolari dam olish huquqiga ega». 2) Juz’iy tasdiq hukmlar J
harfi bilan belgilanadi, «ba’zi S R dir» formulasi orqali ifodalanadi. Masalan,
«Ba’zi talabalar mantiqni chuqur o‘rganganlar». 3) YAkka tasdiq hukmlar. A
harfi bilan belgilanadi, «bu S R dir» formulasi orqali ifodalanadi. Masalan, «Bu
talaba iqtisodchidir» va «Kant nemis filosofidir». 4) Umumiy inkor hukmlar. E
harfi bilan belgilanadi, «hech bir S R emas» formulasi orqali ifodalanadi.
Masalan, «Hech bir kitob mehnatsiz yaratilmaydi». 5) Juz’iy inkor hukmlar. O
harfi bilan belgilanadi, «ba’zi S R emas» formulasi orqali ifodalanadi. Masalan,
«Ba’zi yoshlar mantiqni o‘rganmagan». 6) YAkka inkor hukmlar. E harfi bilan
belgilanadi, «bu S R emas» formulasi orqali ifodalanadi. Masalan, «Xalilov
birinchi kursda o‘qimaydi».
Oddiy hukmlar modalligiga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi: voqelik,
ehtimollik va zarurlik hukmlari. Hukmlarning modalligi deyilganda ularda
fikrni ifodalash shaklini tushinish kerak.
Voqelik (assertorik) hukmlarda biror fakt qayd qilinadi. Masalan, «O‘zbekiston
1991 yil 1 sentyabrda mustaqil deb e’lon qilindi.
Ehtimollik (problematik) hukmlarda biror predmet va hodisa haqida hali
tekshirilmagan, ehtimoliy fikr ifodalanadi. Masalan, «Toshkentda noyabr oyida
qor yog‘ishi mumkin», «ehtimol bu kitob Qohirada nashr etilgan». Zaruriylik
(apodiktik) hukmlarda zaruran ro‘y beradigan voqealar haqida fikr ifodalanadi.
Masalan, «Parallel chiziqlar kesishmaydi».
Oddiy hukmlarda terminlar hajmi. Yuqorida ko‘rsatilgandek, oddiy hukmlar
sub’ekt va predikatdan iborat bo‘ladi. Ular hajmi jihatdan xarakterlanadi. Hukm
terminlari ikki xil hajmda bo‘lishi mumkin: to‘la hajmda olingan va to‘la
hajmda olinmagan. Agar hukm termini bir turkum predmetlarning hammasini
ifodalagan bo‘lsa, to‘la hajmda olingan bo‘ladi, aks holda to‘la hajmda
olinmagan bo‘ladi. Umumiy tasdiq hukmlarda sub’ekti to‘la hajmda olingan,
predikat bir xil hukmlarda to‘la olingan, boshqalarida to‘la hajmida olinmagan
bo‘ladi. Masalan, «Hamma talabalar O‘zbekiston tarixini o‘rganadilar». Bunda
talabalarning hammasi fikr qilingani uchun sub’ekt to‘la hajmda olingan,
O‘zbekiston tarixini o‘rganuvchilar esa faqat talabalar emas, ular bilan birga
yana boshqalar ham bor, shuning uchun predikat to‘la hajmda olinmagan.
«Hamma oddiy hukmlar ikkita termindan iborat» kabi hukmlarda sub’ekt to‘la
olingan, predikat ham to‘la, chunki ikkita termindan iborat faqat oddiy
hukmlarning o‘zlaridir. Juz’iy tasdiq hukmlarning sub’ekti to‘la olinmagan
predikati bir xil hukmlarda to‘la, boshqalarida to‘la olinmagan bo‘ladi. Masalan,
J «Ba’zi spektakllar zamonaviy mavzularga bag‘ishlangan», bunda sub’ekt ham,
predikat ham to‘la hajmda olinmagan. J «Ba’zi odamlar ikkita chet tilini biladi»
kabi hukmlarda sub’ekt to‘la emas, predikat to‘la olingan, chunki chet tilini
biladiganlar hammasi odamlardir. YAkka tasdiq hukmlarning sub’ekti va
predikati to‘la hajmda olingan bo‘ladi. YAkka hukm sub’ektida bir predmet bir
individ sifatida olingani uchun umumiy hukm singari sub’ekti to‘la bo‘ladi.
Predikati umumiy hukmning birinchi xili singari to‘la olingan bo‘ladi. Masalan,
E «hech bir jism tinch turmaydi». Juz’iy inkor hukmlarda sub’ekt to‘la
olinmagan. Masalan, O «Ba’zi talabalar kutubxonalarga a’zo emas». YAkka
inkor hukmlarning sub’ekti ham, predikati ham to‘la hajmda olingan bo‘ladi.
Masalan, «Bu odam oliy ma’lumotli emas» hukmlarda terminlar hajmini
yaxshiroq tushunish uchun doiralardan foydalanamiz.
Murakkab hukmlar. Yuqorida bayon qilinganlardan ma’lumki, hukm terminlari
birdan ortiq bo‘lsa, ularni murakkab hukmlar deb yuritamiz. Murakkab
hukmlarni turlarga, ajiratganda ularning tarkibidagi mantiqiy bog‘lovchining
mazmuniga e’tibor beramiz. Shunga qarab murakkab hukmlarning quyidkgi
asosiy turlarini ko‘rsatish mumkin: birlashtiruvchi, ayiruvchi va shartli hukmlar.
Birlashtiruvchi hukmlarda sub’ekt rki predikat, ba’zan ikkalasi ham birdan ortiq
bo‘ladi. Ularning tarkibida terminlarning teng bog‘lovchi «va» (uning o‘rniga
mos keluvchi boshqa bog‘lovchi) mavjud bo‘ladi. Masalan, «Kant va Feyrbax
nemis filosoflaridir», «Hamza shoir, dramaturg, kompozitor, ma’rifatparvar ».
Ayiruvchi hukmlar tarkibida «yoki» bog‘lovchisi bo‘lib, bir qancha
predikatlarni bir biridan ayirib turadi. Masalan, «Qodirov yo psixologiya, yoki
siyosiy iqtisod, yoki filosofiya bo‘limida o‘qiydi».
SHartli hukmlar tarkibida odatda «...sa, ...bo‘ladi» so‘zlari mavjud bo‘ladi.
Ko‘pincha ikki bog‘liq hodisa haqida fikr bayon qilinadi. SHartli hukmning
sabab va oqibatini ifodalaydigan qismlarida sub’ekt va predikat alohida-alohida
bo‘ladi. Masalan, «Agar jism qizdirilsa, u kengayadi». Birlashtiruvchi hukmlar
kon’yuktiv, ayiruvchi hukmlar diz’yunktiv, shartli hukmlar implikativ hukmlar
deb ham ataladi. Ayiruvchi hukmlar «S yoki R, yoki R1, yoki R2 dir»
formulasi, shartli hukmlar «Agar S R bo‘lsa, S1 Pt dir» formulasi orqali
beriladi.
Dostları ilə paylaş: |