Mavzuning maqsadi – moliyaviy vositachilarning iqtisodiyotdagi o’rnini hamda ular faoliyatini optimallashtirish yo’nalishlarini o’rganish, amaldagi holatini tadqiq etish hamda bular yuzasidan xulosalarni shakllantirish.
Kurs ishi mavzusining vazifalari. Qo’yilgan maqsadga erishish yo’lida quyidagi vazifalar belgilab olindi:
˗ Moliyaviy vositachilarning iqtisodiy mazmuni va ahamiyatini oʻrganish;
˗ Moliyaviy vositachilarning mamlakat iqtisodiy tizimidagi o’rnini hamda ahamiyatini oʻrganish;
˗ Moliyaviy vositachilarning turlarini va ularning tasniflanishini, ijtimoiy–iqtisodiy ahamiyatini yoritib berish hamda ular faoliyatini optimallashtirish yo’nalishlarini ochib berish;
˗ Mamlakatimizda moliyaviy vositachilarning amaldagi holatini tahlil qilish;
Mavzuning predmeti bo’lib, moliyaviy vositachilarning iqtisodiyotdagi o’rnini va uni optimallashtirish yo’nalishlarini o’rganish hisoblanadi.
ASOSIY QISM. BANKLAR VA SUG’URTA TASHKILOTLARI O’RTASIDAGI MUNOSABATLAR.
Iqtisodiyotda takror ishlab chiqarish uzluksizligini taʼminlash asosida barqaror iqtisodiy taraqqiyotni qoʼllab-quvvatlash uchun mukammal moliyaviy vositachilik tizimi talab etiladi. Moliyaviy vositachilik tizimining muhim elementlaridan biri – bu investitsion banklardir.
Nazariy-uslubiy jihatdan, investitsion bank faoliyati deganda odatda quyidagilar koʼzda tutiladi: qimmatli qogʼozlarni muomalaga chiqarishni tashkil etish, qimmatli qogʼozlarni joylashtirishni tashkil etish (anderrayting), qimmatli qogʼozlar likvidliligini saqlab turish (market-maykerlik), qoʼshilish/birikish bitimlariga xizmat koʼrsatish, sekyuritizatsiya bitimlariga xizmat koʼrsatish, investitsion-moliyaviy konsalting xizmatini koʼrsatish, analitik taʼminot, yangi moliyaviy mahsulotlarni shakllantirish.
Investitsion bankning asosiy maqsadi – bu kompaniya qiymati va joylashtirishning optimal bahosini aniqlash, shuningdek, aktsiyalarni inevstorlarga sotishni taʼminlashdan iborat boʼlishi lozim. Qimmatli qogʼozlarni joylashtirgandan soʼng investitsion bank market-maykerga aylanadi, yaʼni aksiyalarning kotirovkasini ushlab turadi va emitent haqida analitik hisobotlarni chiqaradi. Shunday qilib, emitent kompaniya va investitsion bank oʼrtasida uzoq muddatli va oʼzaro manfaatli hamkorlik oʼrnatiladi.
Аyni paytda, investitsion bankning asosiy vazifasi uning qimmatli qogʼozlarni joylashtirishni tashkil etish(anderrayterlik) faoliyatida namoyon boʼladi. Аnderrayter emitentga muayyan summani toʼlashni kafolatlagan holda, oʼz zimmasiga qimmatli qogʼozni joylashtirish bilan bogʼliq barcha tavakkalchiliklarni oladi. Taʼkidlash lozimki, emitentdan qimmatli qogʼozni xarid qilish va uni keyinchalik invsetorlarga sotish orasida muayyan vaqt oraligʼi mavjud boʼladi. Natijada anderrayter baho tavakkalchiliki bilan toʼqnash keladi. Chunki qimmatli qogʼozni sotish bahosi uning emitentdan sotib olingan bahosidan past boʼlish ehtimoli mavjud. Bundan tashqari, bozor tavakkalchiliki ham mavjud boʼlib, u bozordagi umumiy vaziyatning oʼzgarishi natijasida baholarning salbiy oʼzgarishini koʼzda tutadi.
Investitsion banklar guruhiga faoliyati quyidagilar bilan bogʼliq boʼlgan istalgan tijorat bankini kiritish mumkin:
– qimmatli qogʼozni oldi-sotdi qilishda agentlik xizmatini koʼrsatish;
– korporativ qayta tuzish jarayonlarini (qoʼshib olishlar va birikishlar) amalga oshirish;
– qimmatli qogʼozlar bozorida brokerlik operatsiyalarini amalga oshirish;
– qimmatli qogʼozlar bozorida dilerlik operatsiyalarini amalga oshirish;
– anderrayter xizmatini koʼrsatish.
Bundan koʼrish mumkinki, koʼpchilik tadqiqotchilar banklarning investitsion faoliyatini investitsion banking sifatida emas, balki bank operatsiyalarining alohida turi sifatida eʼtirof etishadi. Biroq bu holatni aksariyat holatlarda milliy sharoitlarda tijorat banklarining qimmatli qogʼozlar bilan operatsiyalarining moliyaviy resurslar va fond bozorining yetarlicha rivojlanmaganligi hisobiga cheklanishi bilan izohlash mumkin.
Investitsion bankning muhim funksiyalaridan biri – bu vositachilik funksiyasidir. Mohiyatan investitsion banklar aksiya, obligatsiya va barcha ekzotik qimmatli qogʼozlarining xaridorlari va sotuvchilarini bogʼlovchi vositachilar hisoblanadi. Shu jihatdan qaraganda, investitsion banklar moliyaviy vositachi sifatida quyidagi funktsiyalarni bajaradi:
– pul mablagʼlarini jamlash: alohida iqtisodiy subʼektlarning chakana jamgʼarmalari ulgurji jamgʼarmalarga tranformatsiya qilinadi va kreditorlarga yetkaziladi. Bu oʼrinda investitsion bankning tijorat bankidan farqli jihati jamgʼarilgan mablagʼni oʼzi mustaqil tasarruf eta olmasligidadir. Chunki mablagʼlar bank mijozi ixtiyorida qoladi va uning istagi boʼyicha foydalaniladi;
– pul mablagʼlarini qayta taqsimlash:
a) investitsion banklar qimmatli qogʼozlarni emissiya qilish orqali ortiqcha pul mablagʼlariga ega boʼlgan iqtisodiy subʼektlarning (kreditor) resurslarini mablagʼga ehtiyojmand boʼlgan emitentga oʼtishini taʼminlaydi;
b) investitsion banklarning oʼzi ham bozorga qimmatli qogʼozlarni chiqarishi mumkin, olingan mablagʼlarni esa yana boshqa emitentlarning qimmatli qogʼozlariga investitsiya qiladilar va bu orqali “majburiyatlarning ayirboshlanishi”ni taʼminlaydilar;
– diversifikatsiya yordamida tavakkalchilikni kamaytirish: mijozlarning mablagʼlari evaziga xarid qilingan moliyaviy instrumentlarning yirik portfelini boshqarish orqali kichik investor cheklangan moliyaviy instrument portfeli bilan erisha olmaydigan natijaga, yaʼni qator tizimsiz tavakkalchiliklarni kamaytirishga muvaffaq boʼladi;
– muomala xarajatlarini kamaytirish: investitsion banklar alohida moliyaviy operatsiyalarga ixtisoslashuv, faoliyat koʼlamining kengligi, tarkibida konsalting va tahliliy boʼlinmalarning mavjudligi evaziga oʼzining va mijozlarining muomala xarajatlarini kamaytiradilar.
Bundan tashqari, investitsion banklar moliyaviy bozor segmentini tartibga solish kabi muhim makroiqtisodiy funksiyani ham bajaradilar. Chunonchi:
– market-meyker sifatida u yoki bu moliyaviy instrumentning likvidliligini taʼminlaydi va ularga nisbatan haqqoniy baho oʼrnatilishiga koʼmaklashadi;
– moliya bozorining professional ishtirokchisi sifatida moliya bozorining faoliyat yuritishini ham taʼminlaydi, chunki xaridor va sotuvchisiz bozorning oʼzi ham mavjud boʼlmaydi;
– anderrayter sifatida investitsion banklar fond bozorida savdo obʼekti sanalgan va muayyan likvidlilikka ega boʼlgan moliyaviy mahsulotlarni yaratadilar. Boshqacha aytganda, ular moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqaradi.
Umuman olganda, investitsion banklarning iqtisodiyotdagi ahamiyati pul resurslarini jamgʼarish va qayta taqsimlash va maʼlum maʼnoda moliya bozorining muayyan segmentlarini tartibga solishda namoyon boʼladi.