2.1. Tovuq va kurka gelmintlari. Tovuq va kurkalarda parazit chuvalchanglarning 10 turi qayd etildi. Bu turlardan Davainea proglottina, Raillietina echinobothrida, R. tetragona, Prosthogonimus ovatus, P. cuneatus, Ascaridia galli va Syngamus trachea kabilar mazkur parrandalar uchun o‘ta patogen turlardir.
Davainea proglottina, Raillietina echinobothrida, R. tetragona, Ascaridia galli va Syngamus trachea turlari esa spetsifik turlar bo‘lib, g‘ozsimonlar turkumi vakillarida uchramaydi.
Prostogonimlar (Prosthogonimus ovatus, P. cuneatus) yuqori darajadagi spetsifiklikka ega bo‘lib, tovuqlar, o‘rdaklar va g‘ozlar uchun birdek o‘ta patogendir.
Olib borilgan ilmiy kuzatuvlarimiz va ilmiy manbaalarga tayangan xolda tovuq va kurkalar uchun spetsifik bo‘lgan gelmintlarning bio-ekologik xususiyatlarini o‘rgandik va shu asosida ularga qarshi kurashning optimal usullarini ishlab chiqdik.
Davainea proglottina, Raillietina echinobothrida, R. tetragona turlari keltirib chiqaradigan kasalliklarni umumiy nom – davainidozlar yoki tovuq sestodozlari deyiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu gelmintlar bitta oilaga mansub bo‘lib, ular morfologik jihatdan bir-biridan farq qilsada, bio-ekologik xususiyatlari juda o‘xshash. Ularning barchasi tovuqlarning ingichka ichagida parazitlik qiladi.
Qo‘zg‘atuvchilarning morfologiyasi.Davainea proglottina – 2-5 bo‘g‘inli qisqa tanali sestoda. Tanasining uzunligi 0,5-3,0 mm, eni 0,15-0,18 mm keladi. To‘rtburchak shakldagi skoleksining xartumida 60 dan 95 gacha mayda ilmoqlari bor va bu ilmoqlar bilan 4 ta so‘rg‘ichi ham bekitilgan bo‘ladi. Jinsiy teshigi bo‘g‘inning oldingi qismida uning o‘ng yoki chap tomonida joylashgan.
Erkaklik jinsiy bursasi juda uzun va bo‘g‘inning uchdan ikki qismigacha cho‘ziladi. Odatda 12-15 donadan iborat urug‘don bo‘g‘inining orqasida ikki qator bo‘lib joylashgan. Tuxumning diametri 0,35-0,40 mm bo‘lib, yetilgan bo‘g‘inda alohida-alohida joylashadi.
Raillietina echinobothrida strobilasining uzunligi 250 mm, eni 1-4 mm, boshcha, bo‘yin va ko‘pgina bo‘g‘indan tashkil topgan. Skoleksi 8-10 qatordan iborat ilmoq bilan qurollangan 4 ta so‘rg‘ich va ikki qator joylashgan 200 ga yaqin ilmoqli xartumdan iborat.
Hamma jinsiy teshiklari bo‘g‘inlarning bir tomonida joylashgan. Urug‘donlari 20-30 dona bo‘lib, bo‘g‘inlarining o‘rtasida joylashadi. Jinsiy bursa uzunroq – 0,13-0,18 mm keladi. Tuxumdoni ham bo‘g‘inning o‘rta qismida to‘plangan va uning orqasida sariqlik tanachalari joylashgan. Yetilgan bo‘g‘indagi bachadon bir necha kapsulaga bo‘linib, ularning har birida 6-12 dona tuxum bo‘ladi.
Raillietina tetragona – strobilasining uzunligi 10-250 mm, eni esa 1-4 mm keladi. Skoleksining diametri 0,10-0,25 mm, 4 ta so‘rg‘ichida 8-10 qator joylashgan ilmoqlari bilan xartumi, bir qatorda joylashgan 100 ga yaqin ilmog‘i bo‘ladi.
Hamma jinsiy teshiklari bo‘g‘inlarning bir tomonida joylashgan. 20-30 donadan iborat urug‘donlari bo‘g‘inning o‘rtasida joylashadi. Nok shaklidagi jinsiy bursaning uzunligi 0,076-0,1 mm keladi. Bo‘g‘inning o‘rtasida tuxumdon va uning orqasida buyrak shaklidagi sariqlik tanachasi joylashgan. Yetilgan bo‘g‘indagi bachadon kapsulalarga bo‘linib, ularning ichida 6-12 ta tuxum bo‘ladi. Onkosferasining diametri 0,01-0,014 mm.