Savdoning moliyasi – bu pul daromadlar va pul vositalari fondlarini shakllanishi, taqsimlanishi va ishlatilishi bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy (aniq holda pul) munosabatlaridir.
Savdoda mehnatning xususiyati tovar oldi-sotdi jarayonini (tovarni qiymatini almashtirish) ta’minlash, ayrim ishlab chiqarish funksiyalarini bajarish va aholiga xizmat ko‘rsatish bilan belgilanadi.
Davr xarajatlari deganda bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar va sarflar tushuniladi. Davr xarajatlari quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi: sotish xarajatlari; ma’muriy xarajatlar; boshqa operatsiya xarajatlari; hisobot davrining kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan xarajatlar. Bulardan tashqari baho elementiga moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar hamda favqulotda zararlar kiradi.
Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar– bu korxonaning moliyaviy faoliyatiga ta’luqli xarajatlar, ya’ni: qarzlar va kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari; valyuta operatsiyalari bo‘yicha salbiy kurs tafovvutlari va zararlar; qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va tarqatish bilan bog‘liq xarajatlar va boshqa elementalrdan tashkil topadi.
Favqulotda zararlar – bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning odatdagi faoilyatidan chetga chiquvchi hodisalar yoki operatsiyalar natijasida vujudga keladigan va ro‘y berishi kutilmagan odatdan tashqari xarajatalr moddalaridir.
Inflyatsiya – lotincha infiatio so‘zidan kelib chiqib bo‘rtmoq, bo‘rttirilish ma’nosini bildiradi. Iqtisodiyotda inflyatsiya pul birligini qadrsizlanishini, uning sotib olish qobiliyatini kamayishini, muomalaga pul massasini real taklifiga nisbatan ko‘p miqdorda ortib ketganligini anglatadi. Inflyatsiya baholarni ko‘tarilishiga, qimmatchilikga olib keladi.
Chakana tovar oboroti bir tomondan sotilgan tovarlar massasi miqdoridir (puldagi ifodasi), ikkinchi tomondan aholining tovar sotib olish uchun pul xarajatlarining miqdoridir.
Chakana tovar oboroti ko‘rsatkichi miqdor – son jihatdan va sifat tavsifiga egadir. Chakana tovar oboroti miqdori, ya’ni son jihati – sotilgan tovarlarni puldagi miqdori bo‘lsa, sifat jihati uning assortiment tarkibidir, ya’ni uning umumiy hajmida alohida tovar guruhlarining hissasi (foizlarda) bilan belgilanadi.
Ulgurji savdo keng ma’noda iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish vositalari harakatining turli shakllarini, shuningdek, ular harakati jarayonida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlarni ifodalaydi. U ishlab chiqarish vositalarining bir ishlab chiqarish korxonasidan boshqasiga, tovarlarning ishlab chiqarishdan muomala sohasiga, shuningdek tovarlarning bir savdo korxonasidan boshqasiga va nihoyat qishloq xo‘jalik mahsulotlari xamda xom-ashyolarining qishloq xo‘jalik korxonasidan iste’molchilar (sanoat va savdo korxonalari)ga harakati bilan bog‘lik.