1.3. Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining obyekti va predmeti
Obyekt lotincha «objectum» so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbekcha narsa, buyum mazmunini bildiradi. Falsafada esa, obyekt so‘zi bizdan tashqarida va bizning ongimizga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan borliq, voqeiylik, moddiy dunyo, mavjudod mazmunida kishi faoliyati, diqqat e’tibori qaratilgan hodisa, predmet yoki shaxs ma’nosida ham ishlatiladi.
Oddiy hayotda obyekt korxona, tashkilot, muassasa yoki biror bir faoliyat o‘tkaziladigan joy ma’nosida ishlatiladi.
Har qanday fanning o‘rganadigan, uning maqsadi qaratilgan obyekti mavjud.
Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining obyekti nima hisoblanadi? Savdo deganda, bozor, do‘kon, laryok, ya’ni savdo bilan shug‘ullanadigan joy, bino ko‘z oldimizga keladi. Lekin binoni, do‘kon yoki laryokning joylashtirilishi, qurilishi, arxitekturasi va boshqa texnikaviy jihatlari obyekt sifatida o‘rganadigan fanlar mavjud.
Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining metodologiyasi, uning maqsadi, diqqat e’tibori savdo faoliyatida sodir bo‘layotgan iqtisodiy jarayonga qaratiladi, ya’ni savdoda ro‘y berayotgan iqtisodiy reallikni o‘rganishga qaratiladi.
Biz yuqorida keltirilgan «obyekt» so‘zini falsafiy mazmunidan kelib chiqsak, savdo tarmoqlar xo‘jalik faoliyati fanining e’tibori unda sodir bo‘layotgan iqtisodiy jarayonlar, ya’ni tovarlarni ishlab chiqarishdan iste’molchilarga yetkazishda ro‘y berayotgan iqtisodiy jarayonlarga qaratiladi.
Bu yerda tovarlarni tashish, saqlash, qadoqlash kabi texnologik jarayonlar emas, ushbu jarayonlarni va oldi – sotdi jarayonida ro‘y berayotgan iqtisodiy jarayonlarni ko‘z oldimizga keltirishimiz zarur.
Predmet so‘zining mazmuni ikki xil, birinchidan, narsa, moddiy vosita, hodisa sifatida, ikkinchidan, xayol, fikr qaratilgan narsa, uning mazmuni yoki faoliyat qaratilgan hodisa, jarayon deb tushuniladi.
Fan predmetini aniqlashda biz so‘zning ikkinchi mazmunidan kelib chiqib aniqlashimiz zarur.
Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fani o‘z obyektida ro‘y berayotgan real iqtisodiy jarayonlar, hodisalarni o‘rganib, ularning ahamiyati, holati va kelajagini yoritib, ma’lumot yoki xulosalar berishni o‘rganishi zarur.
Ushbu fanning obyekti bo‘lmish savdo jarayonida ro‘y berayotgan iqtisodiy reallik qanday, qachon va nimada namoyon bo‘ladi, hozirgi holati va kelajakda qanaqa natija beradi? – degan savollarga javob berish uchun fanning predmetini, unda qo‘llaniladigan usullarni, maqsad va vazifalarni nazariy jihatdan asosli tarzda aniqlab olishimiz zarur.
Buning uchun savdo faoliyatida shakllanadigan iqtisodiy jarayonlar, (reallik), hodisalar qanday vositalar orqali vujudga kelishini aniqlab olishi kerak.Umuman, kengaytirilgan takror ishlab chiqarish (ishlab chiqarish, taqsimot, ayriboshlash va iste’mol) jarayonidagi faoliyatlar, jumladan savdoda ham sodir bo‘ladi.
Jamiyatda takror ishlab chiqarish jarayoni quyidagi omillar orqali xarakatda bo‘ladi:
Birinchiomil – inson omili, uning mehnati;
Ikkinchisiomil – mehnat vositalari, ya’ni kapital;
Uchinchisi omil- tabiiy resurslar, yer;
To‘rtinchi omil - tadbirkorlik.
Bu omillar orqali jamiyatda inson ehtiyojini qondirish uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklar yaratiladi, ishlab chiqarishdan iste’molchilarga yetkaziladi, iste’mol tashkil etiladi.
Bu jarayonda «er – mehnat - kapital» tadbirkorlik orqali birlashtiriladi.
Bu omillarni birlashishi natijasida texnik – texnologik, ilmiy texnik, ijtimoiy – siyosiy, madaniy – ma’naviy va ma’rifiy jarayonlar qatorida iqtisodiy jarayonlar va hodisalar ham ro‘y beradi.
Bu iqtisodiy jarayonlar va hodisalar jarayon ishtirokchilarining (davlat, tarmoq, sohalar, jamiyatlar, boshqarmalar, konsernlar, korporatsiyalar, korxonalar va x.k.) xo‘jalik mexanizmida o‘z aksini topadi. Bundan kelib chiqsak, savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fani o‘z obyektida sodir bo‘layotgan xo‘jalik mexanizmini o‘rganishga qaratilgan deb xulosa qilish mumkin. Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanini o‘rganish to‘g‘risida gapirar ekanmiz albatta uning asosiy vaziflarini aniqlab olishimiz kerak.
Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining vazifalari quyidagi asosiy omillardan kelib chiqadi.
Birinchidan,savdoning iqtisodiyotda tutgan o‘rnidan.
Savdoni ishlab chiqarish, taqsimot, ayriboshlash, iste’mol jarayonining qon-tomirlariga o‘xshatish mumkin. Savdo iste’mol tovarlarini iste’molchilarga yetkazadi, ayriboshlashni ta’minlaydi. Savdoning samarali ishlashidan butun jamiyatning rivojlanishi, xalqning moddiy va ma’naviy farovonligi, ularni erkin vaqti, davlatning tashqi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlanishi;
Ikkinchidan,savdo faoliyatida ro‘y berayotgan iqtisodiy jarayonlar va hodisalarni doimiy o‘zgarib turishi, unga ko‘pgina omillar ta’sir qilish natijasida shakllanadi;
Uchinchidan iqtisodiy kadrlarga qo‘yiladigan talablardan (ularning kasbiy mahorati, bilimdonligi, tadbirkorligi, bashorat qila bilishligi va hokazolar) kelib chiqadigan omillar. Keltirilgan fazilatlar savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanini o‘rganishda shakllanib boradi.
Bu omillardan kelib chiqib, savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining asosiy vazifalarini quyidagicha ifodalash mumkin.
Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining asosiy vazifalari:
- iqtisodiy hodisalar va jarayonlarni o‘lchov birliklari, ko‘rsatkichlari va baholash mezonlari aniqlash usullarini o‘rganish;
- savdo xo‘jalik mexanizmini o‘rganish, baholash, kelajakka bashorat qilish;
- bo‘lajak iqtisodchi mutaxassislarni savdo korxonalari faoliyatini tahlil qilish, rejalashtirish, kelajagini bashorat qilish usullari bilan qurollantirish;
- barcha turdagi savdo korxonalarining rivojlanish tendensiyalari va qonuniyatlarini aniqlash, takliflar berish;
- savdo korxonalarida birlashtirilgan omillardan (er, kapital, mehnat, tadbirkorlik) samarali foydalanish yo‘llarni belgilash.