1.4. Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati fanining usullari Har qanday ilmiy fan o‘rganadigan predmetdan kelib chiqib, o‘z usullarini (metodlarini) yaratgan. Metod grekcha «methodos» so‘zidan olingan bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri «Biron narsaga yo‘l topish» ma’nosini bildiradi. O‘zbek tilida metod so‘zi usul ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Fan usuli (metodi) deganda tabiat va jamiyatda sodir bo‘layotgan hodisalar va jarayonlarni bilish, o‘rganish va tadqiq qilish uchun fanda qo‘llaniladigan vositalar majmuasi tushuniladi.
Usul – bizning fikrimizcha, jamiyat sirlarini obyektiv fikrlash, nazariy mushohada qilish va amaliyotga joriy etish vositalari sifatida qaralishi mumkun.
Usul, falsafiy ma’noda qaralsa, fan o‘rganadigan predmetni inson fikrida nusxalanishi yoki shakllanishini bildirib, ularni o‘rganish quroli sifatida qaraladi.
Ongli ravishda, ilmiy asoslangan fan usularini qo‘llash, har bir fan uchun yangiliklar yaratish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
Qadimgi islom dunyosida olimlar tabiat va jamiyatni rivojlanishini, tafakkurni takomillashtirishni o‘rganishda «Rivojlanish-shakllanish» nazaryasini ishlatishgan. Ushbu nazariya asosida fikr yuritishni «Olloh-inson-modda-vaqt-iqtisodiy ravnaq» usuli ishlatilgan. Shu bilan birga, bilish jarayonining rivojlanishi asosida ilmiy fikr yuritishning umumiy usullari ham yaratilgan. Ular qatoriga dialektika, induksiya, deduksiya, tahlil va sintez kabilar kiradi.
Bobolarimiz ishlatgan «Rivojlanish - shakllanish» nazariyasi, Ollohning yaratuvchanligi, uning birlamchiligini asoslab, keyin inson – modda – vaqt – iqtisodiy ravnaqqa qarab rivojlanish amalga oshishini asoslaydigan fikr yuritish usulidir.
Dialektika-grekcha «diaiektike» so‘zidan kelib chiqib, tabiat, jamiyat va tafakkurning umumiy qonunlarini o‘rganish usuli sifatida vujudga kelgan.
Qadimiy falsafa tabiatda va jamiyatda butun borliq o‘zgaruvchanligini asoslagan, hodisalar, jarayonlarning bir holatdan ikkinchi qarama-qarshi holatga o‘tishini isbotlagan. Aristotel dialektikani ehtimol fikrlarni isbotlash to‘g‘risidagi fan deb qaragan. Butun borliq, mavjudodni har biri ham bor, ham yo‘q; o‘zi o‘ziga teng va teng emas; o‘ziga o‘xshaydi va o‘zidan qarama qarshi holatga o‘tadi. Shuning uchun ham borliq to‘la qarama-qarshilikdan iborat, yagona va ko‘p; mangu va o‘tuvchan; o‘zgarmas va o‘rgaruvchan; tinch holatda va harakatda; o‘ziga o‘xshaydi va o‘zidan qarama – qarshi holatga o‘tadi. Bu jarayonlarni o‘rganish usuli sifatida dialektika vujudga kelgan.
Dialektika – oddiy mushohadadan abstrakt fikrlash, undan amaliyotga o‘tishni bildiradi.
Aslida, tarixda dialektika – tortishuv o‘tkazish qobiliyati, ya’ni savol – javob orqali tortishuv o‘tkazish qobiliyati hamda narsalar, tushunchalarni shakllar va turlarga tasniflash mahorati deb tushunilgan.
Induksiya lotincha «induktio» so‘zidan olingan bo‘lib, xabar olish ma’nosini bildiradi. Fikr yuritishning bir turi bo‘lib, tadqiq qilish usulidir. Umuman, induksiya tadqiqot qilishda, xulosalarni asoslashda xususiy miqdordan, ayrim voqelikdan umumiylikka o‘tish usulidir. Iqtisodiy jarayonlarning tahlil qilishda umumiy nazorat bilimga ega bo‘lish uchun uning alohida tomonlari, empirik asoslari o‘rganilib, xulosa qilinadi.
Deduksiya lotincha «dedukctio» so‘zidan olinib so‘zma – so‘z «chiqarish» ma’nosini bildiradi. Deduksiya ham induksiya kabi fikr yuritishni bir turi va tadqiq qilish usuli bo‘lib, induksiya usulining teskarisini anglatadi. Deduksiya usuli ishlatilganda umumiylikdan xususiylikka qarab fikr yuritiladi va tadqiqot olib boriladi.
Induksiya va deduksiya mantiqiy fikr yuritishga asoslangan. Iqtisodiy tadqiqotlar o‘tkazilishidan ayrim belgilarni tahlil qilib, uning asosida umumiy jarayonga baho berish yoki uning teskari hollari yuz berishiga ko‘p to‘qnashamiz.
Tahlil va sintez grekcha «analysis» va «syntesis» so‘zidan olingan bo‘lib tahlil – bo‘lish va ajratish, sintez – muvofiqlik, munosiblik ma’nosini bildiradi. Tahlil va sintez tadqiqot usuli bo‘lib, umumiy mazmuni yaxlitlikni alohida tarkibiy bo‘limlarga (xususiylikka) ajratish va yaxlitlikni alohida tarkibiy bo‘limlardan umumiylikni yaratish jarayoni tushuniladi. Savdo tarmoqlari xo‘jalik faoliyati ilmiy fan sifatida yuqorida keltirilgan falsafaning usullaridan va boshqa fanlarda ishlatiladigan ko‘p arsenalli usul va uslublarni o‘z predmetini o‘rganishda ishlatadi. Ular qatoriga solishtirish, guruxlash, indeks, zanjirli bog‘lash, balansli bog‘lash, grafiklar, iqtisodiy matetmatik va boshqalarini kiritish mumkin. Tabiiy yo‘naltirilishi bo‘yicha bu usul va uslublar iqtisodiy jarayon va xodisalarni tahlil qilish, ilmiy tadqiqot o‘tkazish, prognozlash rejalashtirish qurollari sifatida ishlatiladi. Bir qator alomatlari bo‘yicha bu usullar son va sifat tahlili, solishtirish, kuzatish, eksprement o‘tkazish, tizimli tahlil, modellashtirish, ekstropolyatsiya, interpolyatsiya kabilarga bo‘linadi. Shular bilan bir qatorda statistik, matematik, bashorat (gipoteza), monografik, ekspert usullari keng ishlatiladi.