3.4. Prognozlash va rejalashtirishga qo‘yiladigan umumiy talablar Chet el savdo korxonalarining tajribasidan ma’lumki, rejalarning ishlab chiqarilishiga qat’iy talablar qo‘yiladi. Rejalarda asosiy muammolar, vazifalar o‘z ifodasini topadi. Masalan: Savdoning tovar oboroti hajmi, assortimentlari bo‘yicha tovar oboroti, tovar zahiralari ko‘rsatkichlari, tovarlarni kelishi (manbaalari bo‘yicha), asosiy, aylanma va moliyaviy mablag‘lari (fondlari), mehnat resurslari va ish haqi, daromadlari, xarajatlari, foydasi kabilar.
Bu bo‘limlarning har biri bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, aniq javobgarlik belgilab qo‘yiladi. Alohida bo‘limlar bo‘yicha taqvim rejalar ishlab chiqilib, kim nima qiladi, qanday bajaradi kabi masalalarni hal qilish yo‘llari aniqlanadi.
Rejalashtirish jarayoniga qo‘yiladigan talablarni quyidagicha ifodalash mumkin:
savdo korxonalarining rivojlanish g‘oyasini, maqsadini aniqlash;
asosiy maqsadga erishishni ta’minlaydigan tijorat g‘oyalarini namoyon qilish;
rejalashtirish – uzluksiz jarayon bo‘lib, barcha jamoaning ijodiy yondoshishini, rag‘batlantirishni taqozo qiladi (jamoa a’zolari rejalashtirish jarayonida faol qatnashishi, pirovard natijalarda ularning ish haqi undan bog‘liqligidadir);
reja barcha funksional bo‘limlarni, mutaxassislarni, boshliq bilan uning qaromog‘idagi xizmatchilarni o‘zaro ta’siri va chambarchas bog‘lanishda, birgalikda optimal aniqlashga erishish asosida to‘zilishi kerak;
bozor konyunkturasi o‘zgarish ehtimollariga mo‘ljallangan alternativ variantlar mavjud bo‘lishi shart;
bozor iqtisodi sharoitida barcha resurslardan (ular chegaralangan) oqilona, ratsional foydalanish, xarajatlarning tejamliligini, natijalarning optimalligini ta’minlash;
savdo faoliyatini chuqur, har tomonlama baholash maqsadida uning samaradorligi me’zonini, ko‘rsatkichlarini aniqlash;
savdo faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash, uning ta’sir qilish darajalarini chuqur tahlil qilish, asoslash imkoniyatlarni, yangi rezervlarini aniqlash;
va nihoyat ishlab chiqarilgan hamda qabul qilingan dasturning bajarilishini ta’minlash va nazorat qilish kabilardir.