e'tiqod - ma'rifiy taraqqiyot omili Milliy g‘urur - shaxs, ijtimoiy guruhning milliy o‘z-o‘zini anglashi asosida shakllanadigan, ajdodlari qoldirgan moddiy, ma'naviy merosdan, o‘z xalqining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, o‘sha, millatlar oldidagi qadr-qimmati, obro‘-e'tiboridan faxrlanish hissini ifodalovchi tushuncha.
Ommaviy axborot vositalarida milliy g‘urur, milliy faxr, milliy iftixor tushunchalari keng qo‘llanilib, ular asosan, bir ma'noda ishlatilmoqda, ya'ni, milliy iftixor (faxr) bu - milliy g‘ururdir.
Umuman, milliy ruhiyatni shakllantirishda: «milliy g‘urur», «milliy iftixor», «milliy his», «milliy xarakter» kabi tushunchalar ham muhim o‘rin tutadi.
1. Milliy g‘urur - shaxs g‘ururi - bu faxrdir. Har bir shaxs o‘z yutuqlaridan mamnuniyat hissini tuyadi, ota-ona farzandlaridan, ustoz iste'dodli shogirdidan, yozuvchi yaxshi asaridan, bog‘bon so‘lim bog‘idan faxrlanadi va hokazo. O‘zligicha qola bilgan odamning g‘ururi - bu butundir.
2. Milliy iftixor - millat ma'naviy kamolotining barcha jihat-larini, merosi va bugungi qadriyatlarini o‘z ichiga oladi. Milliy istiqlol natijasida erishilgan va erishilajak iqtisodiy va ma'naviy yutuqlar ko‘paygan sari O‘zbekiston bilan faxrlanish hissi - milliy his shunchalik ko‘payib boraveradi.
3. Milliy his - bu millat manfaati bilan yashash, o‘zi kimligini tanimoq. O‘zligini tanimagan insonda milliy iftixor so‘nadi. Milliylik, millatga mansublik - bu umumjahon taraqqiyotining Qonuniyatidir, milliy g‘urursiz hyech bir millat millat sifatida shakllanmaydi.
4. Milliy harakter - o‘zbek xarakteri, milliy ruhiyati, milliy o‘ziga xos tomonlari asrlar davomida shakllangan hamda asta-sekin ularning qoniga va joniga joylashib ketgan.
Milliy g‘urur har bir millat hayotidagi mavjud moddiy va ma'naviy asoslarda, ob'ektiv va sub'ektiv omillar ta'sirida, individual va ijtimoiy darajalarda shakllanib, rivojlanib, o‘ziga xos shakl-ko‘rinishlarda namoyon bo‘luvchi ijtimoiy, ruhiy-ma'naviy hodisadir.
Milliy g‘urur quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: millatning yutuqlari, obro‘y-e'tibori bilan faxrlanish, uning muammolariga befarq qarab turmaslik; o‘z eliga, millatiga jonkuyar bo‘lish; o‘z millatining moddiy, ma'naviy merosini asrab - avaylash; xalq odatlari, an'analari, qadriyatlarini hurmat qilish, ularni boyitish va takomillashtirish; o‘z millatiga mehr-muhabbatini amaliy faoliyatda namoyon qilish.
Sog‘lom milliy g‘urur o‘zga millatga mansub kishilarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishni taqozo qiladi. Boshqa millat vakillarining izzat va g‘ururini kamsitmaydi. Mustaqillik kishilar milliy g‘ururini oshirib, uni xalq, Vatan, ajdodlar xotirasi oldidagi mas'uliyatini his qilishdek, mazmun bilan boyitilmoqda.