3.3. Gruntlarning quyqalanishi va namlik
ta‘siridagi deformatsiyalanishi
Namlangan grunt tebranma kuchlar, sizayotgan suv va shunga o’xshash ta‘sirlar natijasida quyqalanishi (suyuqlanishi) va buning oqibatida ustivorligini yo’qotishi mumkin. Quyqalanish asosan gilli va qumli gruntlarga xos xususiyat bo’lib, uning darajasini tashqi ta‘sirning o’ziga xosligi, gruntning donadorlik va mineralogik tarkibi, qattiq zarrachalar, suv va havo orasidagi o’zaro bog’lanish va boshqa tuzilish parametrlari aniqlab beradi.
Plastik va oquvchan holatdagi gruntlarning dinamik ta‘sirlardagi harakatlanuvanligi ularning qovushqoqligiga bog’liq bo’lib, qovushqoqlik koeffitsienti () turli xil konstruktsiyali (sharikli, rotatsion va h. k.) vizkozimetrlar yordamida aniqlanadi. Qovushqoqlik va boshqa reologik xossalarni gruntning tuzilish parametrlariga bog’liq holda o’rganish, hozircha faqat ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida olib borilmoqda.
Grunt tuzilishining dinamik kuchlar ta‘siridagi bo’zilishi va qovushqoqligining kamayishi natijasidagi suyuqlanishiga uning quyqalanishi deyiladi. Bu xodisani zarrachalar orasidagi bog’lanishning bo’zilishi oqibatida (dinamik ta‘sirlarda turli massadagi zarrachalarning har xil amplituda bilan tebranishi sababli), ularning yopiq g’ovaklari orasidagi qamralgan suvning erkin holatga o’tishi (zarrachalar oraligi bo’ylab harakat qila boshlashi) bilan izohlash mumkin. Ta‘sir to’xtatilgandan so’ng, zarrachalar orasidagi bog’lanish qaytadan tiklanadi va grunt o’zining boshlang’ich holatiga ega bo’ladi.
Quyqalanish jarayonida yer yuzasidagi har qanday inshoot cho’kib ketishi mumkin. Ayniqsa bunday hodisalar quyqalanishning katta masofalar bo’ylab tarqalishi (masalan, zilzila yuz berganda) oqibatida sodir bo’ladi.
Namlanish natijasida grunt hajmining oshishiga gruntning bo’rtishi deyiladi. Bo’rtish fizikaviy-kimyoviy xossa bo’lishi bilan bir qatorda, fizikaviy-mexanik xususiyatlarga ham egadir. Chunki bu xodisa grunt tuzilishidagi fizikaviy-kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo’ladigan hajmiy ichki kuchlar ta‘sirida sodir bo’ladi.
Zamin gruntlaridagi bo’rtish, asosan, vertikal yo’nalishdagi hajm o’zgarishi ko’rinishida namayon bo’ladi. Shu sababli, bo’rtish darajasi sinalayotgan grunt namunasi balandligining nisbiy o’zgarishi orqali baholanadi:
s = (hsat - h)/h , (3.3)
bu yerda s - nisbiy bo’rtish koeffitsienti; hsat - grunt namunasining namlanish ta‘sirida to’la bo’rtgandan keyingi balandligi; h - tabiiy namlikdagi namuna balandligi.
Namlikning kamayishi natijasida bo’rtishga teskari hodisa -- grunt hajmining kichrayishi sodir bo’ladi. Bu xodisa gruntning kirishishi deyiladi. Kirishish darajasi ham, bo’rtishdagi singari, grunt namunasi balandligining nisbiy o’zgarishi bilan tavsiflanadi. Bunda nisbiy kirishish koeffitsienti:
sh = (h - hd)/h , (3.4)
bu yerda h - namunanig namlik kamayishigacha bo’lgan balandligi; hd -namunaning namlik kamaygandan keyingi balandligi.
Dostları ilə paylaş: |