Talaba mustaqil ishini nazorat qilish tartibi Talabalarning mustaqil ishini nazorat qilib borish kafedrada tuzilgan va kafedra mudiri tomonidan tasdiqlangan maslahatlar jadvali asosida amalga oshiriladi.
Talabalar mustaqil ishini nazorat qilish fan bo’yicha o’quv mashg’ulotlarini olib boruvchi professor-o’qituvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Talaba mustaqil ishi uchun o’quv rejada ajratilgan vaqtga mos ravishda har bir fan bo’yicha tegishli kafedralarda mustaqil ishning tashkiliy shakllari, topshiriq variantlari ishlab chiqiladi va kafedra majlisida tasdiqlanadi.
Mustaqil ishni bajarish uchun har bir fan bo’yicha talabalarga ko’rsatma va tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda tarqatma material sifatida fan bo’yicha birinchi mashg’ulotda talabalarga etkaziladi.
Talabalar mustaqil ishlarining shakli va hajmini belgilashda quyidagi jihatlarga e’tibor berish lozim:
• o’qish bosqichi, ya’ni talaba qaysi kursda o’qiydi;
• muayyan fanning o’ziga xos xususiyati va o’zlashtirishdagi qiyinchilik darajasi;
• talabaning qobiliyati hamda nazariy va amaliy tayyorgarlik darajasi;
• fanning axborot manbalari bilan ta’minlanganlik darajasi;
• talabaning axborot manbalari bilan ishlay olish darajasi.
Mustaqil ish uchun beriladigan topshiriqlarning shakli va hajmi, qiyinchilik darajasi oddiydan murakkabga qarab o’zgarib borishi lozim. Ya’ni talabalarning topshiriqlarni bajarishdagi mustaqilligi darajasi asta-sekin oshib borishi lozim.
Ma’naviyatshunoslik fani bo’yicha talabaning mustaqil ishi soati o’quv rejada ko’rsatilgan bo’lib, bu soatlar ishchi o’quv dasturida mavzular bo’yicha taqsimlangan. 2021-yil tasdiqlangan ishchi o’quv rejaga ko’ra mazkur fan to’rtinchi bosqich talabalari uchun sakkizinchi semestrda o’tiladi. Fan umumiy 60 soatdan iborat bo’lib, shundan 30 soati auditoriya, 30 soat esa mustaqil ta’limga ajratilgan. Mustaqil ta’lim auditoriya soatiga proporsional ravishda quyidagicha taqsimlanadi:
Semestr
Yuklama
Auditoriya mashg’ulotlari
Mustaqil
ta’lim
Jami
Ma’ruza
Seminar
Laboratoriya
Kurs ishi
VIII
60
30
14
16
-
-
30
Jami
60
30
14
16
-
-
30
Talaba mustaqil ishining tashkiliy shakllari
Talaba mustaqil ishini tashkil etishda muayyan fan (kurs)ning xususiyatlarini, shuningdek, har bir talabaning akademik o’zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakllardan foydalaniladi:
- ayrim nazariy mavzularni o’quv adabiyotlari yordamida mustaqil o’zlashtirish;
- berilgan mavzu bo’yicha axborot (referat) tayyorlash;
- seminar va amaliy mashg’ulotlarga tayyorgarlik ko’rish;
- laboratoriya ishlariga tayyorgarlik ko’rish;
- hisob-grafik ishlarini bajarish;
- kurs ishi loyihasini bajarish;
- malakaviy bitiruv ishi va magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash;
- nazariy bilimlarni amaliyotda qo’llash;
- amaliyotdagi mavjud muammolarning echimini topish;
- ilmiy maqola, anjumanga ma’ruza tezislarini tayyorlash;
- berilgan mavzu bo’yicha elektron variantlarni tayyorlash;
- uy vazifalarini bajarish va boshqalar.
O’qitilayotgan fanning xususiyatidan kelib chikib, talaba mustaqil ishini tashkil etishda boshqa shakllardan ham foydalanish mumkin.
Ayrim nazariy mavzularni o’quv adabiyotlari yordamida mustaqil o’zlashtirish Fanning xususiyati, talabalarning bilim darajasi va qobiliyatiga qarab ishchi o’quv dasturiga kiritilgan alohida mavzular talabalarga mustaqil ravishda o’zlashtirish uchun topshiriladi. Bunda mavzuning asosiy mazmunini ifodalash va ochib berishga xizmat qiladigan tayanch iboralar, mavzuni tizimli bayon qilishga xizmat qiladigan savollarga e’tibor qaratish, asosiy adabiyotlar va axborot manbalarini ko’rsatish lozim. Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar mustaqil ravishda o’quv adabiyotlaridan, ilmiy adabiyotlardan va internet ma’lumotlaridan foydalanib ushbu mavzuga tayorlanib keladilar, tayanch iboralarning mohiyatini anglagan holda mavzuga taalluqli savollarga javob tayyorlaydilar. Zarur hollarda o’qituvchidan maslahat oladilar. Talabalarning tayyorlab kelgan mavzulari bo’yicha fan o’qituvchisi savol-javob tarzida og’zaki, yozma va boshqa usullardan foydalangan holda talabalarning bilimini baholaydi.
Talabalar mustaqil ishini baholash Talaba mustaqil ish natijalari 2020-2021 o’quv yilida 4 kurs talabalari “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to’g’risidagi Nizom” va 2020-2021 o’quv yilida 2-3-kurs talabalari uchun Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 29 sentyabrdagi 820- sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to’g’risidagi Nizom”ga asosan baholab boriladi.
Talabalarning mustaqil ishi har bir fakultet va kafedra oynasida yoritib boriladi. Talabalarning mustaqil ishi har bir kafedrada 6 oy mobaynida saqlanadi.
Yuqori darajada baholangan talabalarning mustaqil ishlari institut Web sahifalarida e’lon qilinib boriladi.
Mustaqil ta’limni amalga oshirish bo’yicha fan o’qituvchisining vazifalari Talaba tomonidan mustaqil ta’limni belgilangan reja asosida bajarilishi ustidan nazorat olib borish;
Darsliklar, o’quv qo’llanmalar, ilmiy risolalar, ilmiy maqolalar bilan tanishib chiqish bo’yicha topshiriqlar berish;
Asosiy adabiyotlar, ma’lumotlar va arxiv materiallarini hamda mavzu bo’yicha boshqa manbalarni tavsiya etish;
Mustaqil ishiga o’zi rahbarlik qilayotgan talabalar bilan jadval asosida maslahatlar o’tkazish;
Mustaqil ta’limning bajarilish jarayoni natijalari to’g’risida kafedra
yig’ilishlarida muntazam axborot berib borish;
Seminar va amaliy mashg’ulotlarga tayyorgarlik ko’rish Talabaga qiyinchilik darajasi uning shaxsiy imkoniyatlari, qobiliyati va bilim darajasiga muvofiq bo’lgan biror mavzu bo’yicha amaliy yoki seminar mashg’ulotlariga tayyorlash topshiriladi. Bunda talaba asosiy adabiyotlardan tashqari qo’shimcha adabiyotlardan va internet ma’lumotlaridan foydalanib materiallar yig’adi, tahlil qiladi.
Hisob-grafik ishlarini bajarish Talabaga shaxsiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda hisob-grafik ishlari beriladi. Bunda talaba shu mavzu bo’yicha mustaqil ravishda mavzuni chuqur o’rganadi, material yig’adi, tahlil qiladi, kerak bo’lganda internet ma’lumotlaridan foydalanadi va bu hisoblash, so’ngra grafik ishlarini bajaradi. Bunda talab imkoniyatidan kelib chiqib hisob-grafik ishlarini elektron varianti ham qilinishi mumkin. Zarur hollarda o’qituvchidan maslahat oladi.
Ko’rgazmali vositalar tayyorlash Talabaga muayyan mavzuni bayon qilish va yaxshiroq o’zlashtirishi uchun yordam beradigan ko’rgazmali materiallar (jadvallar, chizmalar, rasmlar, xaritalar, maketlar, modellar, grafiklar, namunalar va h.k) tayyorlash topshiriladi. Mavzu o’qituvchi tomonidan aniqlanib, talabaga ma’lum ko’rsatmalar, yo’l- yo’riqlar beriladi. Ko’rgazmali vositalarning mikdori, shakli va mazmuni talaba tomonidan mustaqil tanlanadi. Bunday vazifani bir mavzu bo’yicha bir necha talabaga topshirish mumkin.
Mavzu buyicha testlar, munozarali savollar va topshiriklar tayyorlash Talabaga muayyan mavzu bo’yicha testlar, qiyinchilik darajasi har xil bo’lgan masalalar va topshiriqlar, munozaraga asos bo’ladigan savollar tuzish topshiriladi.
Bunda o’qituvchi tomonidan talabaga testga qo’yiladigan talablar va uni tuzish qonun- qoidalari, qanday maqsad kuzda tutilayotganligi, muammoli savollar tuzishda mavzuning munozarali momentlarini qanday ajratish lozimligi, topshiriqlarni tuzish usullari bo’yicha yo’l-yo’riqlar beriladi. Maslahat paytida bajarilgan ishlarni talabga javob berish darajasi nazorat qilib boriladi.
Ilmiy maqola, anjumanga ma’ruza tezislarini tayyorlash Talabaga biron mavzu bo’yicha ilmiy (referativ) xarakterdagi maqola, tezis yoki ma’ruza tayyorlash topshiriladi. Bunda talaba o’quv adabiyotlari, ilmiy-tatqiqot ishlari, maqola va monografiyalar hamda boshqa axborot manbalaridan mavzuga tegishli materiallar to’playdi, tahlil qiladi va o’z fikrlarini bayon qiladi. Bunda talaba o’qituvchi bilan hamkorlikda ishlaydi.