Millat (tuyg’usi) — milliy ma'naviyatimizga xos Oliy ma'naviy qadriyat, inson ruhining Borliq haqiqati bilan uyg’unlashuvining uchinchi darajasi, har bir insonning muayyan (o’z tili, davlati, ma'naviy, siyosiy va hududiy birligiga ega bo’lgan) insonlar uyushmasiga o’zini aloqador ekanligini anglab yetishi.
Adolat (tuyg’usi) – milliy ma'naviyatimizga xos Oliy ma'naviy qadriyat, inson ruhining Borliq haqiqati bilan uyg’unlashuvining to’rtinchi darajasi, ma'naviyatning siyosat sohasida (ya'ni, insonlararo munosabatlarda) akslanishi (yuzaga chiqishi).
Haqiqat (tuyg’usi) — milliy ma'naviyatimizga xos Oliy ma'naviy qadriyat, inson ruhining Borliq haqiqati bilan uyg’unlashuvining eng yuqori darajasi, inson ma'naviy kamolotining tasavvur qilish mumkin bo’lgan ideal holati.
Milliy ma'naviyat — har bir millatga qaysidir bir tarzda aloqador hisoblanuvchi o’tmish, bugun va kelajakdagi barcha shaxslar ma'naviyati majmuyini muayyan bir tizim sifatida anglanishi. Milliy ma'naviyatimiz ham tarixiy hodisa, ham zamonaviy voqelik bo’lib, millatning o’tmishi, buguni, hamda kelajagini o’zida mujassam etadi. U millatimizning ma'naviy takomil jarayoni bilan bog’liq va nafaqat ajdodlarimiz yaratgan ma'naviy merosda, balki bugungi kun va kelajak avlodlarning hayotga munosabatida, orzu-istaklarida o’z aksini topgandir. Uning teranligi va ko’lami ajdodlarimizning ming yillar davomida to’plagan yaxlit tarixiy-ma'naviy tajribasi bilan belgilanadi, shu bilan birga xalq donishmandligining turli suratlarda zuhur etishi ham u haqdagi nazariy xulosalarning manbayi bo’lib xizmat qiladi.
Madaniyat — inson ma'naviy faoliyatining hosilasi, ma'naviyatning moddiy voqelikdagi izlari. Boshqacha qilib aytganda, ma'naviyat botiniy imkon bo’lsa, madaniyat — ushbu imkondan tug’ilgan voqe mavjudlik. Shaxs va millat ma'naviyatining nazariy masalalarini o’rganish uchun ilojsiz ravishda ayni shu voqe mavjudlik dalillaridan kelib chiqishga to’g’ri keladi "Ma'naviyat sohasiga aloqador barcha fanlarning mavzulari ham aslida ana shu mavjud voqelik dalillariga tayangan holda ishlab chiqilishi tabiiy holdir.