O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQAMLI TEXNOLOGIYALARI VAZIRLIGI
MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI
TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI
UNIVERSITETI SAMARQAND FILIALI
"Kompyuter injiniring" fakulteti
“Pedagogika.Psixologiya” fanidan
2-MUSTAQIL ISH
Mavzu: Shaxs faolligi va ijtimoiy borliqni bilish.Bilish mezonlari va uning adekvantligi
Bajardi: Jalilov M
Tekshirdi: Musinov S
SAMARQAND – 2023
Mavzu: Shaxsning ijtimoiy borliqni bilishi. Bilish mezonlari va uning adekvantligi. Idrok, xotira va diqqat jarayonlarini boshqarish.
Reja:
1. Bilish jarayonlari va professional faoliyat.
2. Bilish jarayonlari.
3. Idrok va idrok qilish qonunlari.
4. Xotira va shaxs tajribasining boyligi.
5. Bilish jarayonlarini boshqarish usullari.
Qo‘llaniladigan pedagogik texnologiyalar: aqliy hujum, guruhlarda ishlash, blits-so‘rov.
Tayanch so‘zlar: Persepsiya, idrok, xotira, assosiasiya, konstantlik, diqqat, parishonxotirlik. Bilish jarayonlari. professional faoliyat, idrok va idrok qilish qonunlari. xotira va shaxs tajribasining boyligi.
Bilish jarayonlari va professional faoliyat. Professional faoliyat shaxsdan juda ko‘p bilimlarni hamda malakalarni talab qiladi. Nima uchun u yoki bu kasbni tanlaganini anglab yetgan shaxs(motivlar muammosi), endi o‘z faoliyati va qobiliyatlarini boshqara bilishi va o‘z ustida muttasil ishlab, malakalarini orttirib borishi shart. Professional bilimdonlik shu nuqtai nazardan shaxs umumiy madaniyatining shunday yo‘nalishiki, unga faqat kasbiga taalluqli bo‘lgan bilimlardan tashqari shu bilimlarning hosil bo‘lish yo‘llari va malakalarning takomillashuvini ta’minlovchi psixologik jarayonlar va holatlarni bilishni ham taqozo etadi. Bu psixologiyada bilish jarayonlari va ularning mohiyatini va kechishini bilish demakdir.
Ma’lumki, odamlar bir-birlaridan ko‘p jihatlari bilan farq qiladilar. Masalan, ayrimlar ko‘rgan-kechirganlarini juda yaxshi esda olib qolib, kerak vaqtda aniq esga tushira oladilar. Ba’zilar ko‘zi bilan ko‘rgan har qanday ob’yektni mayda detallarigacha bayon etish qobiliyatiga ega. Yana birlari eshitgan narsalari xususida aniqroq fikrlaydi, kimdir sodda, ravon tilga o‘z his-kechinmalarini ayta olsa, boshqalar-har bir hikoyaga albatta, fantaziya elementlarini qo‘shishga moyil bo‘ladilar. Demak, odamlarning tashqi olamdan oladigan taasurotlari va ularni ongda tartiblashtirish qobiliyatlari har xil bo‘larkan. Ikkinchi tomondan, shunday kasb-korlar borki, u shaxsdagi u yoki bu sifatlarning mukammalashib borishiga imkon beradi. Masalan, yirik avtomatik boshqaruv tizimlarida ishlaydigan operator o‘z diqqatini har qanday mayda o‘zgarishlarga ham qaratishga o‘rgansa, konstruktor mavhum matematik hisob-kitoblarga usta bo‘lib boradi. Iqtisodchi-moliyachi pulning har bir tiyinidan foyda olishga o‘rgansa, shoir tabiatan barcha hodisa va voqealarni badiiy buyoqlarda, o‘ziga xos idrok qilishga moyilligi oshadi. Demak, odamning tashqi olam hossa va xususiyatlarini ongida aks ettirishi uning iqtidori o‘sishi va professional malakalari rivojlanganligiga bog‘liq tarzda kechadi. Shuning uchun har ongning muhim aks ettirish shakllari bo‘lmish bilish jarayonlari-idrok, sezgilar, xotira, diqqat, tafakkur, iroda va hissiyotlarning inson hayoti va professional o‘sishidagi roliga to‘xtab o‘tamiz.
Bu jarayonlar insonga juda yaqin va tanish. Chunki har birimiz ongimiz borligini, atrofdagi narsalar va hodisalarning ayrim alohida hamda yahlit xususiyatlarini bilamiz. Bu narsa va hodisalar bizda har bir alohida sharoitda o‘ziga hos hissiy-kechinmalarni keltirib chiqarishini ham bilamiz. Masalan, qorningiz och qolganda, yemishga bo‘lgan talabingizni xaqiqatan bor yoki yo‘qligini birovlardan so‘ramaysiz-ku? Yoki kitob mutolaa qilayotgan shaxs shu kitobni rost bilan ham o‘zi o‘qiyotganligini boshqalardan so‘ramaydi. Bunday ishlar o‘z-o‘zidan tabiiy jarayonlarday kechaveradi. Faqat imtihon paytida kecha kechasi bilan mutoaala qilib, o‘rganib chiqqan materialni nega hozir domla oldida eslay olmayotganligingiz sizni ko‘proq qiziqtiradi va siz «Xotiram ustida ishlashim kerak” degan xulosaga kelasiz.
Darhaqiqat, bilish jarayonlari ham ma’lum ma’noda boshqariladigan jarayonlar bo‘lib, agar siz o‘z imkoniyatlaringizni kengaytirish yoki iqtidor darajangizni orttirmoqchi bo‘lsangiz, bu jarayonlarga oid ma’lum qoidalar va xususiyatlarni bilib olishingiz kerak.
Bilish jarayonlari. Inson ongi bir qarashda yahlit narsa, aslida u ayrim alohida jarayonlardan iborat. Shuning uchun ham atrof-muhitni, o‘zimizni bilishimizga imkon beruvchi ongni o‘rganish uchun uni alohida psixik jarayonlarga bo‘lib o‘rgana boshlaganlar. Bu jarayonlar-sezgilar, idrok, xotira, diqqat, tafakkur, nutq va boshqalardir. Bu jarayonlar shu qadar bir-birlari bilan bog‘liqqi, birini ikkinchisiz tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Masalan, ko‘rib idrok qilib turgan narsangizni fikrlamay ko‘ringchi, uning mohiyatini bilasizmi? Diqqat bilan ko‘rgan yoki o‘qigan tekstingizni eslab qolasiz. Yoki biror narsa to‘g‘risida fikrlash uchun bizga bir vaqtda ham ilzgarigi idrok obrazlari, ham eslab qolish mahoratimiz, ham ichki nutqimiz, irodamiz va diqqat kerak bo‘ladi. Hattoki, tasodifan qo‘limizga kirib ketgan zirapchaga bergan reaksiyamiz ham emosiyalardan tashqari, o‘sha narsaning bu yerda qanday paydo bo‘lganligi kabi qator tafakkur jarayonlarini keltirib chiqaradi.
Murakkab kompyuter texnikasi chiqqandan keyin odamning o‘z psixik jarayonlariga qiziqishi yanada ortdi. Endi ma’lumotlarni qabul qilish(an’anaviy idrok deb ataluvchi jarayonga o‘xshash), ularni qayta ishlash(tafakko‘rga o‘xshash) va uni saqlash(xotira) haqida ko‘p gapiradigan bo‘lib qoldik. Lekin bu insondagi tabiiy jonli jarayonlar ahamiyati va tarbiyasi masalasini yanada yuqori kutardi.
Psixologiya sohasida eksperimental ishlarning muvaffikiyatli amalga oshirilishi aslida inson psixikasi kompyuterdan ko‘ra murakkabligi va odam anglagan ma’lumotlaridan ko‘proq narsalarni idrok qilib, qabul qilishini isbotladi. Masalan, maxsus asboblar yordamida aslida odam ko‘rmayotgan, his qilmayotgan juda kuchsiz signallar ham fiziologik reaksiyalarni keltirib chiqarayotganligi qayd etildi. Masalan, shu narsa aniqlanganki, odam kino ko‘rayotganda bir sekundda 24 kadrni idrok qiladi va biror tasvir ko‘z o`ngida gavdalanadi. Psixologlar shunday eksperiment qilishdi: kunlarning birida o‘ziga hos tasvir namoyon etildi. 24 ta kadr o‘rniga 25 kadr berib, o‘sha 25-kadrda «Koka-kola iching” degan yozuv berildi. Tabiiy, oddiy idrok bu bitta kadrni ilg‘amaydi. Lekin kinoteatr bufetida ushbu ichimlikni ichish kadrdan keyin 18 foizga oshgan. Demak, aslida ong bu ma’lumotni qabul kilgan, lekin real anglash, oydinlashuv ro‘y bermagan ekan.
Analogik holat xotiramizda ham tez-tez ro‘y beradi. Kimnidir uchratib qolamizda, o`ylanamiz: qayerda ko‘rgan ekanman? Xech eslolmaysiz, lekin yuzi, ko‘zi va boshqa sifatlari tanishday. Buni ham shunday izohlash lozimki, odam ko‘rgankechirganlari aslida miyada saqlanadi, biz ong sohasiga ayrimlarinigina chiqara olamiz. Faqat, kasal bo‘lib yoki biror narsadan qattiq tashvishga tushganimizda kallamizga har xil o`y-fikrlar kelaveradi. o‘shalar aslida bor narsalarning beixtiyor tiklanishi.
Ongdagi ma’lumotlarning aslida miyamizdagilardan kamligining asosiy sababiodam har qanday ma’lumotni saralab, tanlab qabul qiladi, o‘zi uchun «ahamiyasiz” deb baholagan narsaga diqqat ham qilmaydi, esga tushirmaydi ham. U o‘z ongida barcha mavjud ma’lumotni o‘ziga xos tarzda qayta ishlaydi, o‘zgartiradi. Shuning uchun ham har bir inson o‘ziga hos va qaytarilmasdir-individualdir, deyiladi. Bilish jarayonlardagi individuallik sabablarini tushunish uchun eng muhim bilish jarayonlari bilan tanishamiz.
Odamning tegishli sezgi organlariga moddiy olamdagi narsa va xodisalar ta’sir ko‘rsatgan paytida ulardagi ayrim xossalarning miyamizda aks ettirilishidan iborat bo‘lgan eng sodda psixik prosess sezgi deyiladi. Masalan: qarshimizda turgan bironbir narsa, chunonchi stol bilan ish ko‘rar ekanmiz, ko‘rish yordamida biz uning rangini, shaklini, katta-kichikligini aniqlaymiz: tuyish orqali uning qattiqligini, silliqligini ; bilamiz qo‘lda siljitib ko‘rish bilan uning og`irligiga ishonch hosil qilamiz va hokazo. Bularning barchasi mazkur moddiy buyumning alohida sifatlari bo‘lib, ular haqidagi ma`lumotlarni bizga sezgilar beradi.
Sezgilar sodda psixik prosess bo‘lishlariga qaramay, barcha bilimlarimizning asosi hisoblanadi. Chunki narsa va hodisalarni aks ettirishning ko‘pchilik qismi sezishdan boshlanadi. Agar sezgilarimiz bo‘lmaganda, biz tevarak atrofdagi narsa va hodisalarni aks ettirishdan va ularni bilishdan mahrum bo‘lgan bo‘lar edik. Moddiy olamni aks ettirishda sezgilarimizning ahamiyati juda katta. Sezgilarimiz bo‘lmasa, boshqacha yo‘l bilan, biz moddaning xech qanday shaklini, harakatning xech qanday shaklini sezgilardan boshqacha yo‘l bilan bila olmaymiz. Shuning uchun ham idrok, tasavvur, xotira, tafakkur kabi murakkab aks ettirish prosesslari sezgilarimiz asosida hosil bo‘ladi. Amaliy nutqimizda shunday iboralar uchrab turadi. "Men og‘riqni his qilyapman : u totli mazani his qildi, bu odam yaxshi rivojlangan his etish organlariga ega «Tilimizdagi shunga o‘xshash iboralar hali fanda «xissiyot va «sezgi” tushunchalari bir-biridan aniq farq qilinmagan davrlardan saqlanib qolgan. Endilikda biz ularning turli xildagi psixik prosesslar ekanligini yaxshi tushunamiz.Binobarin endi og‘riq , tam-maza hissi , hissiy organlar deb emas, balki, og‘riq sezgisi, tam - maza sezgisi, sezgi organlari deb atash to`g‘ri keladi.
Atrof muxit odamga beqiyos darajada turli-tuman ta’sir ko‘rsatib turadi. Yorug‘lik xamda xavo to‘lqinlari, issiqlik xamda ultra-binafsha nurlari va boshqa qo‘zg‘atuvchilar shular jumlasidandir. Qo‘zg‘atuvchilarning barchasi analiz qilinadi va ularni tegishli apparatlar qabul qiladi. Bu sezgi organlari miya katta yarim sharlari faoliyati bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, nerv sistemasining tashqi olam bilan aloqa bog‘lash sistemasidan iborat. Pavlovning ta`kidlashicha, katta yarim sharlar qo‘zg‘a tuvchilarni analiz qilish organidir. Shu sababli Pavlov sezgilarning paydo bo‘lishini taxmin etuvchi barcha fiziologik apparatni analizatorlar deb atagan.
Analizatorlar uch qismdan iborat:
1. tashqi ta’sirni qabul qiluvchi asbob yoki reseptor (ko‘z, quloq, teri).
2. ta’sirongi reseptordan olib markazga eltuvchi /afferent/ va markazdan tegishli javob reaksiyasini olib qaytuvchi /efferent/ nerv tolalari.
3. analizatorlarni orqa va bosh miyadagi markaziy qismlari. Sezgilarning xosil bo‘lishi mana shu qismlarning ishiga bog‘liqdir. Agar analizatorlarning birorta qismi ishdan chiqsa hech qanday sezish prosessi hosil bo‘lmaydi.
Analizatorlarning asosiy vazifasi organizmga ta’sir etayotgan turli qo‘zg‘atuvchilarni ayrim bo‘laklarga ajratish, ularni bir-biridan farqlash ya’ni analiz qilishdan iboratdir.
Sezgilarning turlari:
Odamda paydo bo‘luvchi sezgilarni uch gruppaga ajratish mumkin.
1.Tanamizning tashqi tomoniga joylashgan sezgi organlari /eksterireseptorlar/. Bu sezgilar bizda tashqaridagi narsalarning xususiyatlarini aks ettiradi./ko‘rish, eshitish, xid bilash, ta’m-maza/.
2.Tanamizning ichki organlariga joylashgan sezgi organlari /interoseptorlar/. Organik sezgilar /ochlik, chanqash/ shular jumlasidandir.
3.Xarakat yoki kanestezik sezgi. Bu sezgilar xarakatlar va gavdaning fazodagi xolati bilan bog‘liq. Xarakat analizatorlarining reseptorlari /proprioseptorlar/ muskullarda va paylarda joylashgan bo‘ladi.
1.Ko‘rish sezgilari. Ko‘rish sezgisi narsalarga urilishi tufayli qaytarilgan yorug‘lik to‘lqinlarining ta’siri natijasida vujudga keladi. Yorug‘lik to‘lqinlari ko‘z qorachig‘i orqali o‘tib, ko‘rish reseptori hisoblanuvchi ko‘z to‘r pardasiga ta’sir etadi. Odam ko‘rish sezgilari orqali narsalarning rangi xaqida ma`lumot oladi, ko‘rish sezgisi, harakat sezgilari bilan birga ko‘shilishi natijasida esa narsalarning shakli, olisyaqinligi, fazoviy holati va harakati to‘g‘risida xabardor bo‘ladi.
Odam sezadigan ranglar axromatik /oq, qora, kul rang/ va xromatik/ kamalak ranglari: qizil , sariq , ko‘k, binafsha v.x.k/ ranglarga ajraladi. Yorug‘lik nurlari va ranglar ko‘zning asosiy qismi bo‘lmish to‘r pardadagi nervlarga bevosita ta’sir qilib, qo‘zg‘alish prosessini yuzaga keltiradi. Hosil bo‘lgan qo‘zg‘alish markazga intiluvchi nerv tolalari orqali bosh miya yarim sharlarining orqa qismiga olib boriladi va ana shu yerda analizatorlarning markaziy qismida ko‘rish sezgisi xosil bo‘ladi.
Odamning ko‘zi murakkab tuzilishga ega bo‘lib uch qavat parda bilan qoplangan: tashqi parda, tomirli parda, to‘r parda. Ko‘rish sezgisi uchun eng asosiysi ana shu to‘r parda bo‘lib, ko‘zning deyarli butun ichki yuzasini qoplab olgan. U asosan ko‘rish nervlaridan iborat. Ko‘z qorachig‘i va ko‘z gavhari yorug‘lik nurlari va ranglarni ta’sirini to‘r pardaga tushirib beradi. Yuqorida aytganimizdek to‘r pardadagi nerv tolalarining faoliyati tufayli ko‘rish sezgisi xosil bo‘ladi.
Eshitish sezgilari: Eshitish sezgisi orqali odam har xil tovushlarni aks ettiradi. Tovushlar asosan ikki gruppaga bo`linadi.
1. Muzikaviy tovushlar
2. Shovqinli tovushlar
Eshitish sezgilari tovush tarqatuvchi narsalarning tebranishidan hosil bo‘lgan havo to‘lqinlarining quloqqa ta’sir etishi natijasida paydo bo‘ladi. Havo to‘lqinlarining tebranish tezligi va to‘lqin uzunligiga qarab, tovushlar past /baland, ingichka-yo‘g‘on bo‘lishlari mumkin.
Eshitish a’zosi hisoblangan quloq juda murakkab tuzilishga ega bo‘lib, uch qismdan iborat.
a. tashqi quloq ;
b. o‘rta quloq ;
v. ichki quloq.
Havo to‘lqinlaridan xosil bo‘lgan qo‘zg‘alish ichki quloq orqali miyadagi eshitish markaziga olib boriladi va o‘sha yerda eshitish sezgisi xosil bo‘ladi. Quloq chig‘anog‘ining ichida Kortiy organi joylashgan bo‘lib, bu organ quloq chig‘anog‘ini yuqori tomondan berkitib turuvchi tayoqchasimon xujayralardan iborat. Ichki quloqdagi eshitish nervining uchlari ana shu xujayralarga kelib tutashadi. Demak, xar xil tebranishdagi xavo to‘lqinlari ana shu Kortiy organi orqali eshitish nervlariga beriladi. Reseptorlarda xosil bo‘lgan qo‘zg‘alish markazga intiluvchi nerv tolalari orqali bosh miya katta yarim sharlarining chakka qismiga ya’ni eshitish markaziga olib boriladi va o‘sha yerda eshitish sezgisi xosil bo‘ladi.
Xid bilish sezgilari. Bu sezgi nafas olish jarayonida xidli moddalarning gazsimon xolatda xavo bilan birga burun bo‘shlig‘iga kirib xidni sezuvchi nerv tolalariga ta’sir etishi natijasida xosil bo‘ladi. Bu sezgilar bizga xushbo‘y xidlardan xuzurlanish, shuningdek salomatlik uchun zararli narsalardan saqlanish imkonini beradi.
Xid bilish reseptorlarida xosil bo‘lgan qo‘zg‘alish markazga inti-luvchi nerv tolalari orqali bosh miya katta yarim sharlarining xid bilish markaziga yetkaziladi, va u yerda u yoki bu xid sezgisi xosil bo‘ladi.
Ta’m bilish sezgisi. Og‘zimizga olingan moddaning zarrachalari taxm bilish sezgilarining qo‘zg‘atuvchilari hisoblanadi va ular til, tomoq, tanglay, kichik til yuzasida joylashgan nerv uchlariga ta’sir ko‘rsatadi. Ta`m-maza sezgilari asosan to‘rt xil buladi: shirinni, nordonni, sho‘rni va achchiqni sezish. Taxm-maza sezgilari-ning to‘liq sodir bo‘lishida xid bilish sezgilarining axamiyati kattadir. Agar odamning dimog‘i xidni sezmasa, odam ovqat yegan paytida mazasini xam yaxshi bila olmaydi
Teri sezgilari. Teri orqali og‘iz hamda burunning shilliq pardalari yordamida bizda tanamizga narsalarning tekkanligini sezish yoki taktil sezgilari, issiqni sezish, sovuqni sezish, og‘riqni sezish vujudga keladi. Bu sezgilardan xar birining maydonga kelishi uchun terida va shilliq pardalarda maxsus sezuvchi nuqtalar mavjuddir. Gavdaning tashqi yuzasida turli nuqtalarga joylashgan nerv uchlari teri sezgilarining reseptorlari xisoblanadi. Bu sezuvchi nuqtalar teri yuzasida bir tekis taqsimlangan emas, terining ayrim joylarida bu nuqtalar ko‘p miqdorda bo‘lsa, boshqa joylarda kamroqdir.
Organik sezgilar. Qorin ochlikni, chanqashni, to‘qlikni, ko‘ngil ozishini sezish organik sezgilar jumlasiga kiradi. Bu sezgilar ichki organlardan birontasini normal faoliyati buzilganligi to‘g‘risida ogoxlantiriladi. Odatda tanamiz sog‘lom, qornimiz to‘q va xech narsa bizni bezovta qilmagan paytlarda bizda og‘riq sezgilari deyarli sodir bo‘lmaydi.
Xarakat yoki kinestetik sezgi. Bu sezgilar bizga o‘zimiz qilgan harakatlar haqida xabar beradi. Xar bir odam xatto ko‘zlarini yumib olgan bo‘lsa ham o‘z qo‘li oyog‘i, tanasining boshqa qismi qanday holatdaligini sezib turadi. Harakat sezgilarining reseptorlari paylarda, bo‘g‘inlarning ustida asosan bo‘g‘inlarda joylashgan.
Muvozanat sezgilari. Bu sezgilar boshimizning, binobarin butunlay gavdamizning harakati hamda, fazodagi holati haqida darak beradi. Muvozanat sezgilarining reseptorlari ichki quloqqa joylashgan. Bu organ faoliyati izdan chiqsa odam o‘zini noxush xis qiladi.
Narsalarning alohida-alohida sifatlari (rangi, tovushi, qattiq-ligi va hakazo) sezgilar tufayli miya katta yarim sharlarida aks ettiriladi. Ammo odamni qurshab olgan voqealikdagi har bir narsa yoki hodisada turlicha sifatlar va xususiyatlardan yaxlit kompleksi mujassamlashgan bo‘ladi. Analizatorlar orqali hosil bo‘ladigan sezgilar narsa va hodisalarni to‘g‘riroq aks ettirish uchun miyada bir-biri bilan birikadi va odamda narsa va hodisaning yaxlit obrazi yaratiladi. Ayni chog‘da sezgi organlariga ta’sir etib turgan narsa va hodisalardan aks ettirilishdan iborat bo‘lgan psixik proses idrok deyiladi.
Katta yarim sharlar po‘stlog‘ida vujudga keluvchi murakkab shartli refleks bog`lanishlar idrokning fizologik asosi hisoblanadi. Tashqi qo‘zg‘atuvchilar ta’sirida yuzaga keluvchi qo‘zg‘alishlar katta yarim sharlar po‘stlog‘ida sintez qilinadi. Idrok qilishda bir necha analizatorlar ishi bilan organizmning qator qo‘zg‘aluvchilari komplesi ta’siriga javoban reaksiyasi bir-biri bilan uyg‘unlashadi. Masalan: biz atir gulni idrok qilar ekanmiz bir vaqtni o‘zida uni chiroyini ajoyib rangini ko‘ramiz, gulni xushbo‘y hidini hidlab sezamiz, uni mayin-ligini to‘yib sezamiz va x.k. Bundan tashqari biz uni atirgul ekanini taniymiz, ya’ni xotira prosessi ishga tushadi. Gul hidi bizga xuzur bag‘ishlaydi. Nihoyat idrok prosessi tarkibiga tafakkur ham kiradi. Idrok prosessida hayol xam qatnashadi. Masalan: osmondagi bulutlarga qarab ularni shaklini nimagadir o‘xshatish mumkin.
Ma`lumki idrok odatda ixtiyoriy va ixtiyorsiz bo‘ladi. Ixtiyorsiz idrok biror narsaning to‘satdan ta’sir etishi yoki ta’sir etayotgan narsani boshqa narsadan keskin farq qilishi, originalligi, yorqinligi natijasida yuzaga keladi. Ixtiyoriy idrok oldindan belgilangan muayyan bir maqsad asosida amalga oshiriladi. Irodani ishtiroki asosan ixtiyoriy idrokdan namoyon bo‘ladi. Chunki ixtiyoriy idrok ko‘pincha odamda irodaviy zo‘riqishni talab qiladi. Masalan: darsni ixtiyoriy idrok bilan eshitib o‘tirish odamda anchagina iroda kuchini talab etadi. Odatda ikki turli idrok birbiridan farq qilinadi. Ulardan biri sodda idrok bo‘lsa, ikkinchisi murakkab idrokdir. Sodda idrok deganda tevarak atrofdagi turli tuman narsalarni bevosita idrok etishni tushinamiz (stol - stul, shkaf). Murakkab idrok qilish deganda esa, fazo va vaqtni idrok qilishni tushinamiz.
Idrok va idrok qilish qonunlari. Psixologlarning fikricha, inson nimaniki idrok kilsa, uni figura va fonda idrok qiladi. Figura-shunday narsaki, uni aniq anglash, ajratish, ko‘rish, eshitish va tuyish mumkin. Fon esa aksincha, noaniqroq, umumiyroq narsa bo‘lib, aniq ob’yektni ajratishga yordam beradi. Masalan, gavjum bozorda ketayotgan taqdirda ham o‘z ismimizni birov aytib chaqirsa, darrov o‘sha tarafga qaraymiz. Ism-figura bo‘lsa, bozordagi shovqin-fon rolini o‘ynaydi. Boshqacha qilib aytganda, biz biror narsani idrok qilayotgan paytimizda uni albatta biror fondan ajratib olamiz. Masalan, gul bozorida aynan qip-kizil atirgul sizga yoqib qolib, o‘shani harid qilasiz, qolgan gullar fonday ongingiz aktiviga o`tmaydi.
Shunday qilib, idrok-bu bilishimizning shunday shakliki, u borlikdagi ko‘plab, xilma-xil predmet va hodisalar orasida bizga ayni paytda kerak bo‘lgan ob’yektni hossa va xususiyatlari bilan yaxlit tarzda aks etishimizni ta’minlaydi. Ya’ni, idrokning asosida narsa va hodisaning yahlitlashgan obrazi yotadiki, bu obraz boshqalaridan farq qiladi. Idrok o‘ziga nisbatan soddaroq bo‘lgan sezgi jarayonlaridan tashkil topadi. Masalan, olmaning shaklini, xidini, mazasini, rangini sezamiz, ya’ni alohida-alohida hossalar ongimizda aks etadi. Bu-sezgilarimizdir. Sezgilar yahlit tarzda idrok jarayonini ta’minlaydi. Lekin olimlar idrokni sezgilarning oddiygina, mexanik tarzdagi birlashuvi, degan fikrga mutloq qarshilar. Chunki idrok ongli, maqsadga qaratilgan murakkab jarayon bo‘lib, unda shaxsning u yoki bu ob’yektga shaxsiy munosabati va idrokdagi faolligi aks etadi. Masalan, buning isboti uchun ko‘pincha Rubin figurasi tavsiya etiladi. Unda ikkita ko`ra profil oq fonda berilgan. Bir qarashda ayrimlar bu rasmlarga qarab, «Bu-vaza” deb atasa, boshqalar uni bir-biriga qarab turgan ikki kishi yuzining yon tomondan ko‘rinishi, deb ta’riflashi mumkin. Shunisi xarakterliki, birinchi marta shu rasmni ko‘rgan odam uni yaxlit idrok qilib, nima ekanligini tushunishga harakat qiladi, lekin biror figurani ko‘rgach, ma’lum vaqtgacha boshqasini ko‘rmay turadi. Agar shu idrok darajasi qolsa, ya’ni yana nimanidir ko‘rishni hohlamasa, u ikkinchi figurani ko‘rmasligi ham mumkin. Bu bizdagi idrok jarayonlarining faolligimizga, ob’yektga munosabatimizga bevosita bog‘liqligini ko‘rsatib turibdi. Ikkinchidan, idrok bizning kayfiyatimizga ham bog‘liq. Tashvish bilan yo‘lakchadan o‘tib ketayotib, oyog‘ingiz tagidagi narsa tugul, ro‘paradagi odamni ham ko‘rmay qolishingiz mumkin. Yoki san’at muzeyida tomosha qilib yurgan ikki kishi bir rasmda tamoman har xil narsalarni, elementlarni ko‘rishi mumkin. Yaxshi kayfiyatda, yaxshi do‘stlar kompaniyasida iste’mol kilgan taom sizga juda mazaliday tuyuladi. Agar talaba biror fan predmetidan karzdor bo‘lib qolsa, och qoringa yegan shirin taomi ham «tatimaydi”, hatto nima yeganini ham unutib qo‘yadi. Yomon kayfiyat ko‘proq qora, nursiz ranglarni idrok qilishga moyil bo‘lsa, yaxshi ko‘tarinki kayfiyat, aksincha, hamma narsani eng yokimli ranglarda «ko‘radi”. Bu yana bir bor idrokning oddiygina aks ettirish yoki bilish jarayoni emas, balki shaxsdagi faol ustanovkalarga bog‘liq bo‘lgan, mantiqan asoslangan ongli jarayon ekanligini isbotlaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shaxs idrok qilishi jarayonlariga hos bo‘lgan bir nechta qonuniyatlarni belgilaymiz:
A. Figura va fonning ilgarigi harakatga bog‘liqligi qonuni. Bu qonunning ma’nosi: odam ilgarigi tajribasida bo‘lgan, bevosita to‘qnash kelgan narsalarini idrok qilishga moyil bo‘ladi. Agar biror predmetni u ilgari figura sifatida idrok kilgan bo‘lsa, demak, keyingi safar ham uni aynan figuraday idrok qiladi, agar fon bo‘lgan bo‘lsa, tabiiy, fonday qabul qiladi. Bu qonunning hayotdagi o‘rni chet davlatlarda borgan turistlar tajribasiga tayanib tushuntirilishi mumkin. O‘zbekistonliklar Yer kurrasining kaysi burchagida bo‘lmasin, o‘zbek do‘ppisi yoki atlas qo‘ylakni juda tez ilg‘ab oladilar va suyunib ketadilar ham. Yonidagi sheriglari o‘zbek bo‘lsa ham, aynan do‘ppili o‘zbekni ko‘rib, ko‘zlari yashnab ketadi. Boshqa millat vakillari, masalan, nigeriyalik ham milliy qo‘ylagida yurgan bo‘lishi mumkin, lekin o‘zbek turist uchun bu qiyim fon edi, fonligicha qoladi ham.
B. Idrokning konstantliligi qonuni. Bu qonun ma’lum ma’noda oldingisiga bog‘liq. Ya’ni bunda ham ilgarigi tajriba katta rol o‘ynaydi. Ma’nosi: odam o‘ziga tanish bo‘lgan narsalarni o‘sha hossa va xususiyatlar bilan o‘zgarishsiz idrok qilishga moyildir. Masalan, samolyot ichida o‘tirib yerga qaraganmisiz? Avtomobil yo‘llari, ularda harakat qilayotgan mashinalar kichkina ko‘rinadi, lekin biz ularni hozir kichrayib qolgan, deb idrok qilmaymiz-ku? Aslida ko‘z korachig‘imizdagi aks kichkina bo‘lsa-da, ularni o‘zimiz «to‘g‘rilab” alohida predmetlar sifatida idrok qilaveramiz.
Bu o‘rinda bir etnografning Afrikadagi kuzatishi xarakterli. U kunlarning birida pigmeylar deb ataluvchi qabila vakillaridan biri bilan quyuq o`rmondan chiqqan(bu qabilaning umri qalin o‘rmonda o‘tadi). Ro‘parada yaylovda sonsiz mollar podasi o`tlab yurgan bo‘lgan. Etnograf ularni oddiy mollar podasi sifatida idrok qilgan, pigmey esa ularni chumolilarga o‘xshatib, ularning ko‘pligi va kichikligidan xayratlangan. Olimda idrokning konstantligi namoyon bo‘lgan bo‘lsa, uning sherigida uning uzilganligi kuzatilgan.
Demak, idrokimizning konstantligi, ya’ni ilgarigi tajriba asosida narsalarning xossa va xususiyatlarini o‘zgartirmay, turg‘un holda yaxlit tarzda idrok qilish xususiyati bizga tashqi muhitda to‘g‘ri moslashuvimiz, narsalar dunyosida adashmasligimizni ta’minlaydi. Konstantlik-«constanta” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zgarmas, doimiy degan ma’noni bildiradi.
V. Kutishlar va taxminlarning idrokka ta’siri. Ko‘pincha bizning idrokimiz ayni paytda biz nimalarni kutayotganimizga bog‘liq bo‘lib qoladi. Biz o‘zimiz kutgandan ham ko‘p paytlarda o‘zimiz ko‘rgimiz kelgan narsalarni ko‘ramiz, eshitgimiz kelgan narsani eshitamiz. Masalan, sonlar qatorida paydo bo‘lgan V harfi uzoqdan albatta 13 soniday idrok qilinadi, yoki aksincha harflar orasidagi 13 «V” ga juda o‘xshaydi. Kechasi yolg‘iz qolib kimnidir kutayotgan bo‘lsangiz, har qanday juda sekin sharpa ham oyoq tovushlariga o‘xshayveradi. Sog‘ingan do‘stingizga biror jihati bilan o‘xshash bo‘lgan odamni ko‘rsangiz-chi?
Shunday qilib, inson idroki shaxsiy ma’no va ahamiyat kasb etgan ma’lumot vositasida ongdagi bo`shlikni to‘ldirishga harakat qiladi. Birovning orqadan chaqirishini kutayotgan bo‘lsangiz, negadir albatta, bosh harfi to‘g‘ri kelgan ismni aytsa ham tezginada o‘sha tomonga o‘girilib qaraysiz. Aynan shunday hodisalar ba’zan idrokdagi xatoliklarning kelib chiqishiga olib keladi. Amerikalik Dj. Begbi degan olim stereoskop orqali amerikalik va meksikalik bolalarga shakli unchalik aniq bo‘lmagan slaydlarni birin-ketin ko‘rsatgan. Amerikalik bolalar ularni beysbol o‘yini, ok sochli qiz ifodalangan desalar, meksikalik bolalar ularni buqalar jangi, qora sochli qiz, deb ta’riflaganlar. Ko‘pchilik bolalar esa ko‘rsatilgan ikkita rasmdan faqat bittasini ko‘rganini e’tirof etganlar. Demak, bizning idrokimiz, uning mazmuni madaniy va ma’naviy muhitga ham bog‘liq bo‘lib, bu kutishlar tizimidan kelib chiqarkan.
G. O‘zgarmas ma’lumotning idrok qilinmasligi qonuni. Bu qonunning mohiyati shundaki, muntazam ta’sir etuvchi ma’lumot ongda uzoq ushlab turilmaydi. Masalan, o‘tirganingizda soatning tiqqilashini eshitganmisiz? Xa, tovush eshitiladi, lekin ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng go‘yoki u yo‘q bo‘lib qolganday-eshitilmaydi. Yoki eksperiment sharoitida yolg‘iz bitta nuqtadagi yoro‘g‘lik manbai ko‘zga ta’sir etilib, ko‘z ham shu nuqta bilan bir vaqtda harakatga keltirib turilganda, 1—3 sekunddan so‘ng odam yoro‘g‘lik manbaini ko‘rmay qo‘ygandek. Shunga o‘xshash eksperimentlar barcha idrok turlarida ham sinalgan. Past oxangli qo‘y ham ma’lum vaqtdan keyin eshitmaganday hisni keltirib chiqarishini sinab ko‘rishingiz mumkin.
Nutq vositasida hadeb bir xil so‘zlarni qaytaraverish psixoterapevtik praktikada gipnotik holatni keltirib chiqaruvchi omil sifatida ishlatiladi. Chunki bir xil so‘zlar hadeb qaytarilaversa, ular o‘zining ma’no-mohiyatini ham yo‘qotadi. Masalan, ko‘chalarda yuradigan «folbinlar”ni ko‘rganmisiz? Ular avtomatik tarzda aytadigan so‘zlari aslida ularning o‘zlari uchun umuman ma’nosini yo‘qotgan(«baxtingdan ochaymi, taxtingdan ochaymi?» va xokazo shunga o‘xshash so‘zlar). Har qanday harakat hadeb qaytarilaversa, «psixologik to‘yinish” hodisasi ro‘y beradi va harakatlar avtomatlashib, uning ayrim detallari umuman ong nazoratidan chiqadi. Masalan, mahoratli raqqosa har qanday raqsga ham chiroyli, jozibali harakatlar bilan o‘yin tushib ketaveradi.
D. Anglanganlik qonuni. Idrok qilayotgan shaxs uchun figuraning anglanganligi, uning zarurati va ma’nosi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar biz kuzatayotgan predmet, eshitayotgan nutq yoki his qilayotgan narsamiz ma’nosiz, tushunarsiz, noaniq bo‘lsa, biz juda tez charchaymiz va toliqamiz. Masalan, xitoy tilini bilmaydigan odam shu tilda so‘zlashuvchilar orasiga tushib qolsa, psixologik jihatdan juda qiynaladi. Ya’ni, bizga barcha narsalarda biror ma’no va mazmun kerak. Odam odatda tushunadigan narsasinigina idrok qiladi. hattoki, ma’ruzachining bugun tushuntirayotgan ma’ruzasidagi faktlar sizning tushunchalaringiz va bilim doirangizdan uzoq bo‘lsa, professorga qarab o‘tirgan bo‘lsangiz ham uning gaplari qulog‘ingizga kirmaydi. Shunday paytlarda «Nima deyapti o‘zi?» deb qo‘shnimizdan so‘rab qo‘yamiz ham, zero ma’ruzasi o‘sha biz uchun qadrdon bo‘lgan o‘zbek tilida gapirayotgan bo‘lsa ham. Sinab ko‘rish uchun o‘rtog‘ingizga bir nechta so‘zlardan iborat qatorni bering. Ular orasida mazmunan bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar, hattoki ma’nosiz(teskarisiga yozilgan so‘zlar) bo‘lsin. Oraga 2—4 ta tanish o‘zbek tilidagi so‘zlardan aralashtiring. Bir daqiqa mobaynida qarab, eslab qolganini qaytarishni so‘rasangiz, o‘sha 2—4 ta so‘zlardan boshqalarni deyarli «ko‘rmaganining” guvohi bo‘lasiz.
Ye. Taxminlarni tekshirish jarayonida idrok qilish. Biz idrok jarayonida ilgarigi tajribaga tayanganimiz bilan ko‘pincha adashamiz, ba’zan esa o‘zimiz uchun yangiliklar ochib, tajribani yanada boyitamiz. Ilgarigi tajriba va kelajakni bashorat qilish insonga hos xususiyat bo‘lib, bizning sezgi organlarimiz orqali keladigan ma’lumotlarning qo‘lami va imkoniyatlarini yanada oshiradi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, idrok-tashqi muhit to‘g‘risidagi taxminlarimizni isbot qilishga qaratilgan faol jarayondir. Biz bevosita idrokimiz «tagiga yetolmayotgan”, «tushunmayotgan” narsalarni bevosita his kilgimiz, qo‘limiz bilan ushlab ko‘rgimiz, ular bilan ishlagimiz keladi. Ya’ni, idrok qilinayotgan narsada noaniqlik, sir paydo bo‘lsa, biz «Bu nima bo‘ldi?» degan savol asosida taxmin qila boshlaymiz va uni tekshirish uchun harakat qilamiz. Aynan harakatlar, amaliy ishlar idrokimiz imkoniyatlari va chegaralari kengaytiradi va anglashga yordam beradi. Shuning uchun ham har bir ishni boshlashdan avval nimaga egamiz, nima kerak va nima kilsak, tezroq yaxshi natijaga ega bo‘lamiz, degan savol bilan o‘zimizdagi tajribada bo‘lgan bilimlarimiz bilan unchalik aniq bo‘lmagan ma’lumotlarni tarozuga solish va imkon boricha nutqimiz, harakatlarimiz bilan real tajribani kengaytirishga intilishimiz kerak. Shunday qilib, bir qarashda oddiyroq tuyulgan idrok ham inson bilimlari, tushunuvchanligi va faolligi bilan bog‘liq psixologik jarayon bo‘lib, u aslida shaxsiy tajribamizning birlamchi asosi va bazasidir. Anglangan va shaxsning tajribasiga aylangan ma’lumotlar yana bir muhim psixik jarayon-xotirada o‘z aksini topadi.
Xotira va shaxs tajribasining boyligi. Odam ko‘rgan, his kilgan va eshitgan narsalarining juda oz mikdorinigina eslab qola oladi. Ma’lum bo‘lishicha, bir vaqtning o‘zida odam ongida 7 tadan ortiq belgiga ega bo‘lgan ma’lumotning qolishi qiyin ekan. Bu yettita so‘z, son, belgi, narsaning shakli bo‘lishi mumkin. Agar telefon rakamlari 8 ta belgili bo‘lganda, uni yodda saqlash ancha qiyin bo‘larkan. Demak, ongning tanlovchanligi va ma’lumotlarni saralab, terib ishlatishi yana bir psixik jarayonnixotirani bilishimiz lozimligini bildiradi.
Xotira-bu tajribamizga aloqador har qanday ma’lumotni eslab qolish, esda saqlash, esga tushirish va un o‘tish bilan bog‘liq murakkab jarayondir. Xotira har qanday tajribamizga aloqador ma’lumotlarning ongimizdagi aksidir.
Xotiraninng sakkiz qonuni.
Odatda biz biror bir materialni o‘qiydigan bo‘lsak, uni xech bir o‘zgarishsiz eslab qolishga harakat qilamiz. Lekin ajablanarlisi shundaki, borgan sari material ma’lum o‘zgarishlarga yuz tutib, xotirada dastlabki paytdagisidan boshqacharoq bo‘lib saqlanadi. Ba’zi bir material yoki ma’lumot xoxlasak ham xotiradan o`chmaydi, boshqasi esa juda qattiq xoxlasak ham kerak paytda yodimizga tushirolmaymiz, bu kabi savollar, inson bilish jarayonlaridagi eng muhim savollar bo‘lib, ba’zan o‘z taraqqiyotimiz va kamolotimizni ham ana shunday omillarga bog‘lagimiz keladi.
Ma’lum bo‘lishicha, inson miyasi har qanday ma’lumotni saqlab qoladi. Agar shu ma’lumot biror sabab bilan odamga kerak bo‘lmasa, yoki o‘zgarmasa, u ongdan tabiiy tarzda yo‘qoladi. Lekin har doim ham bizning professional faoliyatimiz manfaatlariga mos ma’lumotlarni esda saqlash juda zarur va shuning uchun ham ko‘pchilik ataylab xotira tarbiyasi bilan sho‘g‘ullanadi.
Inson xotirasining yaxshi bo‘lishi, ya’ni his-kechinmalarimiz, ko‘rgankechirganlarimizning mazmuni to‘laroq miyamizda saqlanishi quyidagi omillarga bog‘liq:
esda saqlab qolish bilan bog‘liq harakatlarning yakunlanganlik darajasiga;
shaxsning o‘zi sho‘g‘ullanayotgan ishga nechog‘lik kizikish bildirayotganligi va shu ishga moyilligiga;
shaxsning bevosita faoliyat mazmuni va ahamiyatiga munosabatining qandayligiga;
shaxsning ayni paytdagi kayfiyatiga;
irodaviy kuchi va intilishlariga.
Xotira jarayonlari shaxsning faoliyatdagi yutuqlariga bog‘liq bo‘lgani uchun ham, uning tabiati, qanday kechishiga ko‘plab olimlar ahamiyat berganlar. Masalan, nima uchun odam u yoki bu ma’lumotni xotirada saqlaydi, degan savolga turli olimlar turlicha javob beradilar. Masalan, fiziologlar uning sababini miyada hosil bo‘ladigan nerv bog‘lanishlari-assosiasiyalar bilan bog‘lashsa, bioximiklar-ribonuklein kislota(RNK) va boshqa bioximik o‘zgarishlar okibatidadir, deb tushuntiradilar.
Psixologlar esa xotirani doimo inson faoliyati, uning shaxs uchun ahamiyati va motivlar xarakteri bilan bog‘laydilar. Chunki shaxsning yo‘nalganligi, uning hayotdagi mavqei va qobiliyatlarining rivojlanganlik darajasi aynan xotirasining mazmuniga bog‘liq. Shuning uchun hattoki, shunday gap ham bor: «Nimani eslashingni menga ayt, men sening kimligingni aytaman”.
Amaliy nuqtai nazardan xotiraning samaradorligi va uni o‘quv va mehnat faoliyati jarayonida oshirish katta ahamiyatga ega. Chunki ko‘pincha odamlar orasida ishchanrog‘i, o‘quvchi yoki talabalar orasida bilimlirog‘i ham bir qarashda xotirasining kuchi bilan boshqalardan ajralib turadi. Buyuk bobokalonimiz Amir Temurning xotirasi haqida afsonalar yuradi. Masalan, u o‘z qo‘l ostidagi beklarning nafaqat ismini, balki otasining ismlarini ham yoddan bilarkan, uchrashuvlarda bevosita nomini aytib murojaat qilarkan. Bu fazilat ham uning o‘z qo‘l ostidagilar orasida obro‘ining balandligiga ta’sir ko‘rsatgan. Amerikaning mashxur Prezidentlaridan Avraam Linkoln ham ana shunday fenomenal xotirani o‘z yaqinlari va ish yuzasidan u bilan bog‘liq bo‘lgan hodimlarga nisbatan namoyon etib, lol qoldirgan ekan. Demak, xotira tarbiyasi, uni kerakli yo`sinda rivojlantirish-kerak bo‘lsa, shaxsiy obro‘ hamda ishdagi samara masalasi bilan bevosita bog‘liq ekan.
Umuman, xotiraning samaradorligi eslab qolishning ko‘lami va tezligi, esda saqlashning davomiyligi, esga tushirishning aniqligi bilan bog‘lanadi. Demak, odamlar ham aynan shu sifatlarga ko‘ra ham farqlanadilar:
materialni tezda eslab qoladiganlar;
materialni uzoq vaqt esda saqlaydiganlar;
istagan paytda osonlik bilan esga tushiradiganlar.
Ba’zi odamlarning xotirasiga hos jihatlarni to‘g‘ma deb atashadi. To‘g‘ri, oliy nerv tizimi, uning o‘ziga hos ishlash xususiyatlari xotiraning o‘ziga hos individual uslubini belgilashi mumkin. Lekin hayotda ko‘pincha shaxsning bilish jarayonlari va sezgi organlarining ishlash qobiliyatlariga bog‘liq tarzda ajralib turadigan tiplari haqida gapirishadi. Masalan, ayrim odamlar ko‘rgan narsalarini juda yaxshi eslab qoladi, demak, ularning xotirasi ko‘rgazmali-obrazli bo‘lib, ko‘zi bilan ko‘rmaguncha, narsaning mohiyatini tushunmaydi ham. Boshqalar esa o‘zicha fikrlab, nomini aytib, mavhum tarzda tasavvur qilmaguncha, eslab qolishi qiyin bo‘ladi. Bundaylar so‘zmantiqiy xotira tipi vakillaridar. Yana bir tipli odamlar bevosita his kilgan, «yuragidan” o‘tkazgan, unda biror yorqin emotsional obraz qoldirilgan narsalarni yaxshi eslab qoladilar, bu-emotsional xotiradir. Lekin yana bir xotira egalari borki, ularni fenomenal xotira sohiblari deb atashadi. Psixologiyaga oid kitoblarda ana shunday xotiraga ega bo‘lgan kishilar to‘g‘risida ko‘p yozilgan. Bu shunday kishilarki, ular bir vaqtning o‘zida nisbatan juda katta xajmdagi ma’lumotlarni esda saqlay oladi va esga tushiradi. Masalan, tarixiy shaxslar orasida Yuliy Sezar, Napoleon, Motsart, Gauss, shaxmat ustasi Alyoxin kabi insonlar xotirasi ana shunday noyob bo‘lganligi haqida ma’lumotlar bor. Taniqli, rus psixologi va neyropsixologi A.R.Luriya ham ana shunday xotira sohiblaridan biri-asli kasbi jurnalist bo‘lgan Shereshevskiy degan shaxs xotirasini ataylab uzoq vaqt mobaynida o‘rgangan. Uning xotirasi shunday ediki, Dantening «Iloxiylik komediyasi”dan olingan uzundan-uzoq parchani bir marta qarab olgandan so‘ng, 15 daqiqadan so‘ng so‘zma- so‘z aytib berolgan. Shunisi xarakterli ediki, komediya unga notanish bo‘lgan italyan tilida yozilgan edi. Ko‘pchilikni qanday qilib yaxshi, mustahkam esda saqlab qolish muammosi qiziqtirsa, Shereshevskiy uchun qanday qilib un o‘tish masalasi murakkab edi. Uni xotira obrazlari doimo qiynar, ko‘rgan narsalari ko‘z oldida gavdalanaverar edi. Qanday qilib eslab qolasiz? degan savolga u shunday javob bergan: men «materialni” o‘zimga tanish va sevimli bo‘lgan Moskva ko‘chalariga joylashtiraman. Bir marta bir materialning bir bo‘lagi o‘sha «ko‘chaning” salkin tushgan yeriga tushib qolib, esga tushirishi ancha qiyin bo‘lgan ekan. Shunga o‘xshash har bir fenomenal xotira egalarining o‘ziga hos eslab qolish uslublari bo‘lar ekan.
Shotlandiyalik matematik A.Etkin 1933 yili 25 ta bir-biri bilan bog‘lanmagan so‘zlardan iborat ikki qatorni eslab qolib, xech bir hatosiz uni 27 yildan keyin esga tushira olgan. «Qilich va qalqon” kinofilmidagi rus razvedchigi I. Vaysning nasistlar tomonidan rejalashtirilgan birinchi navbatda batamom yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan ob’yektlar-shifrlari bilan ko‘rsatilgan ro‘yhatini bir karra ko‘rib chiqib, bir necha daqiqadan so‘ng esga tushirganini eslang. U ham go‘yoki, ko‘rib turganday o‘sha ro‘yhatlarni qaytadan o‘qiganday, takrorlaydi. Tarixda bunday kishilar bor va ular bizning oramizda ham yo‘q emas. Muhimi shundaki, ana shu fenomenal xotirani shaxs va jamiyat manfaatiga mos tarzda unumli ishlata bilishdir.
Esda saqlangan ma’lumotni xotiradan chiqarib olib, qayta tiklash ham muhim muammo. Chunki ko‘pincha biz xotiramizda kechagina o‘qigan yoki yaqindagina o‘qituvchimiz aytib bergan ma’lumotning borligini bilamiz-u, lekin kerak vaqtda uni esga tushira olmaymiz. Ma’lumotni xotiradan chaqirib olish omillariga quyidagilar kiradi:
Ma’lumotning anglanganligi. Biz o‘zimiz to‘la anglagan, tushungan narsalarni osonroq esga tushiramiz. Masalan, alfavitni juda oson esga tushiramiz, yoki 1, 2, 3, 4 va xokazo tartibli sonlarni bir ko‘rgandan so‘ng u milliongacha bo‘lsa ham esga tushirishimiz sirayam qiyin emas. Lekin shu sonlardan bor yo‘g‘i 7-8 tasini teskari yoki aralash tartibda yozilgan bo‘lsa, ularni esga tushirish ancha mushqul bo‘ladi. «Psixologiya” yozuvini esga tushirish juda oson, lekin «i p i o x o ya s l g” harflari to‘plami aynan o‘sha harflardan iborat bo‘lsa ham sira esga tushira olmaymiz. Demak, materialni yaxshilab esda saqlash va esga tushirish uchun uni tushunish va anglash kerak. Mazmunini va mohiyatini tushungan holda iloji bo‘lsa, o‘zimizdagi qiziqishlarga bog‘lay olishimiz kerak.
Kutilmagan ma’lumot. Kutilmaganda paydo bo‘lgan yangi va yaxshi ma’lumot ham yaxshi esga tushadi. Masalan, sonlar qatorida berilgan bitta harf, yoki aksincha, harflar orasidagi bitta son, ouzun jumlalar orasida paydo bo‘lgan qisqa jumla esga tezroq va aniqroq tushadi. Buning oddiy sababi-biz kutilmaganda paydo bo‘lgan ma’lumot yoki narsaga xayratlanamiz, jonli emosiyalar bilan javob beramiz, bu esa yaxshi eslab qolishga va kerak bo‘lganda, yorqin tiklashga asosdir.
Ma’lumotning mazmun yoki shakl jihatdan bir-biriga yaqinligi. Masalan, agar ko‘plab bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar orasida «erkak” va «ayol” so‘zlari paydo bo‘lgan bo‘lsa, bittasining esga tushirilishi ikkinchisining ham esda tiklanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘quv rejasiga kiritilgan barcha fanlar shunday birin-ketinlikda beriladiki, birini o‘zlashtirish ikkinchisining ham o‘zlashtirilishi, birbirini to‘ldirishga hizmat kilsin.
Esda saqlash vaqti bilan esga tushirish vaqti o‘rtasidagi farq. Odamda berilgan ma’lumotni idrok qilish va shu orqali esda saqlash vaqti qanchalik ko‘p bo‘lsa, esga tushirish ham osonroq bo‘ladi. Shuning uchun ham uzoq muddatli xotirada saqlanadigan informasiya uzoq vaqt mobaynida, ko‘pincha bir necha marta qaytarib beriladi, qisqa muddatlida esa bir marta, qisqa fursatda beriladi va shu narsa esga tushirish kerak bo‘lganda, tiklanmaydi. Masalan, biror tekstni kompyuterga kiritish uchun o‘rtog‘ingizga berib, keyin nimalarni kiritganini so‘rang. Javob aniq: «Esimda yo‘q”. Ya’ni ma’lumotning umumiy mazmuni yodda qolsa ham, asosiy tushunchalar va mohiyat esda qolmaydi.
Shunday qilib, xotira faol jarayon bo‘lib, u shaxsning u yoki bu turli ma’lumotlar bilan ishlash malakasiga, unga munosabatiga, materialning kimmatini tasavvur qilishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Eng xarakterli narsa o‘qi, inson faqat eshitgan ma’lumotining 10 foizini, eshitgan va ko‘rgan narsasining 50 foizgachasini, o‘zi faol bajargan ishlarining deyarli 90 foizini yodda saqlaydi. Bu ko‘plab psixologik eksperimentlarda isbot qilingan. Shaxsning o‘zi o`ylab topib, o‘zi bevosita bajargan ishlari juda oson esga tushadi. Bu hodisa psixologiyada generatsiya effekti deb ataladi. Agar talaba yoki o‘quvchi ham o‘zi biror teoremani mustaqil ravishda isbot qilgan bo‘lsa, yoki biror xulosaga mustaqil ravishda kelolgan bo‘lsa, o‘qituvchi tushuntirgan hodisaga yaqin narsa to‘g‘risida o‘rtoqlariga so‘zlab bergan bo‘lsa, albatta uni hohlagan paytda osongina esga tushiradi. Shuning uchun ham ohirgi paytlarda o‘yin metodlari, munozara metodlaridan o‘quv jarayonida ham keng foydalanilmoqda. Hattoki, kattalarni qisqa fursatda o‘qitish va malakalarini oshirishda ham turli xil amaliy o‘yinlardan, ijtimoiy psixologik treninglardan foydalanishning ma’nosi ham shunda-yaxshi va tez eslab qolish hamda samarali esga tushirish. Iqtisodiy o‘quvlarda turli xil «keys stadi”larni tahlil qilish va o‘z nuqtai nazaricha maqbul harakat shakllari qarorlar qabul qilish ham mutahassislar malakasini oshirishga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda xotiraning sakkiz qonunini eslab qo‘yishni taqlif etamiz:
Anglanganlik qonuni. Oddiy, lekin murakkab qonun, ya’ni berilgan materialni qanchalik chuqur anglasak, shunchalik uni mustahkam xotirada muhrlagan bo‘lamiz.
Qizikish qonuni. Anatol Frans: «Bilimlarni yaxshi xazm qilish uchun uni ishtaxa bilan yutish kerak” deganda, albatta, materialga jonli kizikish bilan munosabatda bo‘lishimiz, va uni yaxshi ko‘rishimiz kerakligini nazarda tutgan.
Ilgarigi bilimlar qonuni. Ma’lum mavzu yuzasidan bilimlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, yangisini esda saqlab qolish shunchalik oson bo‘ladi. Masalan, ilgari o‘qigan biror kitobni qaytadan o‘qib, uni yangidan o‘qiyotganday his kilsangiz, demak, siz ilgarigi tajribangiz yetishmaganligidan uni yaxshi o‘zlashtira olmaganligingizni his qilishingiz mumkin. Demak, eski bilimlar ham tajribaga aylangandagina, yangilariga zamin bo‘la oladi.
Eslab qolishga tayyorlik qonuni. Biror materialni eslab qolishdan avval, bo‘lg‘usi aqliy ishga qanday hozirlik ko‘rgan bo‘lsangiz, shunga mos tarzda eslab qolasiz. Masalan, fizika o‘qituvchisining barcha darslari sizga doimo ma’qul bo‘lgan bo‘lsa, Siz: «Bugun ham yangi narsa o‘rganib chiqaman”, deb o‘zingizni ishontirasiz va okibatda natija ham yaxshi bo‘ladi. Yoki vaqtga nisbatan tayyorlik ham shunday. «Bir amallab imtixon topshirsam, keyin qutulaman”, deb darsga tayyorlangan bo‘lsangiz, imtixon tugagach, go‘yoki miyangizni birov «yuvib qo‘yganday” tasavvur hosil bo‘ladi. Agar materialni mutaxassis bo‘lishim uchun juda kerak, deb umringiz ohirigacha muhimligini anglasangiz, u narsa xotirada muqim saqlanadi.
Assosiasiyalar qonuni. Bu qonun xakida eramizdan avval Arastu ham yozgan edi. Qonunning mohiyati shundaki, bir vaqtda shakllangan tasavvurlar xotirada ham yonma-yon bo‘ladi. Masalan, ayni konkret xona o‘sha yerda ro‘y bergan hodisalarni ham eslatadi.
Birin-ketinlik qonuni. Harflarni alfavitdagi tartibida yoddan aytish oson, uni teskarisiga aytish qiyin bo‘lganidek, xotirada ham ma’lumotlarni ma’lum tartibda joylashtirishga va kerak bo‘lganda, tartib bilan birin-ketin tiklash maqsadga muvofiqdir.
Kuchli taassurotlar qonuni. Eslab qolinadigan narsa to‘g‘risidagi birinchi taassurot qanchalik kuchli bo‘lsa, unga aloqador obraz ham shunchalik yorqin bo‘ladi. Bundan tashqari, siz uchun ahamiyatli va jozibali ma’lumotlar oqimida eslanayotgan material ham yaxshi esga tushiriladi.
Tormozlanish qonuni. Har qanday muayyan ma’lumot o‘zidan oldingi ma’lumotni tormozlaydi. Shuning uchun uning uchib ketmasligi uchun yangini esda saqlashdan avval mustahkamlash choralarini ko‘rishingiz kerak.
Demak, yaxshi kuchli bilimlarga ega bo‘lish uchun har bir predmet yoki fanning mavzularini o‘ziga hos tarzda yoqtira olish va xotirada saqlash uslublarini ishlab chiqishingiz kerak ekan. Lekin albatta, matematika fanidan keyin fizikani, tarixdan keyin adabiyot fanini, shehr yodlashni uyku oldidan amalga oshirmaslikni maslahat beramiz. Idrok va xotira jarayonlarining samaradorligi yana bir muhim psixik jarayonga bog‘liqki, u ongni u yoki bu idrok qilinadigan va eslab qolinadigan ob’yekt yoxud predmetga yo‘naltirib turadi. Bu psixik jarayonni psixologiyada diqqat deb atashadi. Diqqat-shunday psixik jarayonki, u shaxs ongining narsa va hodisalarga yo‘nalganligini aks ettiradi. Diqqat ham ta’lim-tarbiya tizimida boshqariladigan jarayondir. Talabalar o‘z faoliyatlarida uning salbiy jihatlarini ham bilishlari kerak.
Bu birinchi navbatda-parishonxotirlik bilan bog‘liqdir. Bu sifat ish va o‘qish faoliyatida samaradorlikni pasaytiradi, diqqatning uzoq vaqt davomida jadal bir narsaga qaratishda layoqasizlikda, tez-tez va oson bo‘linib turishida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, diqqatning xaddan tashqari harakatchanligi(ko‘chuvchanligi) va aksincha, harakatsizligi(barqarorligi) kabi xususiyatlari ham kuzatiladi. Yuqorida biz alohida ta’kidlagan psixik jarayonlar-idrok, sezgilar, diqqat va xotira ob’yektiv olamning odam tomonidan aks ettirilishini ta’minlaydi, ushbu mazmunning tahliliy o‘zlashtirilishi esa tafakkur jarayoni vositasida amalga oshadi.
Dostları ilə paylaş: |