11.6. “Men” – obrazi va o’z-o’ziga baho
“Men” – obrazi asosida ham bir shaxsda o’z-o’ziga nisbatan baholar tizimi shakllanadiki, bu tizim ham obrazga mos tarzda har xil bo’lishi mumkin. O’z-o’ziga nisbatan baho turli sifatlar va shaxsning orttirilgan tajribasi, shu tajriba asosida yotgan yutuqlariga bog’liq holda turlicha bo’lishi mumkin. Ya’ni, ayni biror ish, yutuq yuzasidan ortib ketsa, boshqasi ta’sirida – aksincha, pastlab ketishi mumkin. Bu baho aslida shaxsga boshqalarning real munosabatlariga bog’liq bo’lsa-da, aslida u shaxs ongi tizimidagi mezonlarga, ya’ni, uning o’zi subyektiv tarzda shu munosabatlarni qanchalik qadrlashiga bog’liq tarzda shakllanadi. Masalan, maktabda bir fan o’qituvchisining bolaga nisbatan ijobiy munosabati, doimiy maqtovlari uning o’z-o’ziga bahosini oshirsa, boshqa bir o’qituvchining salbiy munosabati ham bu bahoni pastlatmasligi mumkin. Ya’ni, bu baho ko’proq shaxsning o’ziga bog’liq bo’lib, u subyektiv xarakterga egadir.
O’z-o’ziga baho nafaqat haqiqatga yaqin (adekvat), to’g’ri bo’lishi, balki u o’ta past yoki yuqori ham bo’lishi mumkin.
O’z-o’ziga bahoning past bo’lishi ko’pincha atrofdagilarning shaxsga nisbatan qo’yayotgan talablarining o’ta ortiqligi, ularni uddalay olmaslik, turli xil e’tirozlarning doimiy tarzda bildirilishi, ishda, o’qishda va muomala jarayonidagi muvaffaqiyatsizliklar oqibatida xosil bo’lishi mumkin. Bunday o’smir yoki katta odam ham, doimo tushkunlik holatiga tushib qolishi, atrofdagilardan chetroqda yurishga harakat qilishi, o’zining kuchi va qobiliyatlariga ishonchsizlik kayfiyatida bo’lishi bilan ajralib turadi va bora-bora shaxsda qator salbiy sifatlar va xatti-harakatlarning paydo bo’lishiga olib keladi. Hattoki, bunday holat suisidal harakatlar, ya’ni o’z joniga qasd qilish, real borligidan “qochishga” intilish psixologiyasini ham keltirib chiqarishi mumkin.
O’zi-o’ziga baho o’ta yuqori ham shaxs xulq-atvoriga yaxshi ta’sir ko’rsatmaydi. Chunki, u ham shaxs yutuqlari yoki undagi sifatlarning boshqalar tomonidan sun’iy tarzda bo’rttirilishi, noo’rin maqtovlar, turli qiyinchiliklarni chetlab o’tishga intilish tufayli shakllanadi. Ana shunday sharoitda paydo bo’ladigan psixologik holat “noadekvatlilik effekti” deb atalib, uning oqibatida shaxs hattoki, mag’lubiyatga uchraganda yoki o’zida nochorlik, uquvsizliklarni sezganda ham buning sababini o’zgalarda deb biladi va shunga o’zini ishontiradi ham (masalan, “xalaqit berdi-da”, “falonchi bo’lmaganida” kabi bahonalar ko’payadi). Ya’ni, nimaiki bo’lmasin, aybdor o’zi emas, atrofdagilar, sharoit, taqdir aybdor. Bundaylar haqida bora-bora odamlar “oyog’i yerdan uzilgan”, “manmansiragan”, “dimog’dor” kabi sifatlar bilan gapira boshlaydilar. Demak, o’z-o’ziga baho realistik, adekvat, to’g’ri bo’lishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |