Yoshlardagi attraksiya va emosional munosabatlar
O’smirlik va o’spirinlik davrlari nafaqat professonal tanlov va kasb egallash uchun maqbul davr bo’lmay, bu davr yoshlarning o’zligini anglash, o’z qadr-qimmatini bilish va boshqalarga nisbatan munosabatda bo’lish tajribasini egallash davri hamdir.
O’smir ham o’spirin ham qancha ichki ruhiy iztirob, qarama-qarshilik, mas’uliyat onlarini boshidan kechirmasin, uning emosional olami, atrof-muhitda ro’y berayotgan hodisalarni ongida aks ettirishi katta o’rin tutadi. Aynan o’smirlik davri bola qalbida kim bilandir sirlashish, kimnidir o’ziga eng yaqin kishi sifatida tan olish, uni ruhiyatida kechayotgan barcha o’zgarishlardan vofiq etish istagi va ehtiyojini uyg’otadi. Birinchi marta “do’stlik”, “muhabbat”, “sevgi” tushunchalari ham aynan shu davrda paydo bo’ladi. Shuning uchun ham yetuklik va keksalik davridagi kishilar ham o’smirlik va o’spirinlik yillarini eng beg’ubor, jozibali va yoqimli sifatida xotirlaydilar.
Bu taraqqiyot davri attraksiya deb atalmish hissiyotning paydo bo’lishi uchun eng maqbul davrdir. Attraksiya (lotincha attrahere – yoqtirtirish, o’ziga jalb etish) – bu bir insonning boshqa bir insonga ijobiy munosabati asosida yoqishi va yoqtirishi, o’zaro moyillikni tushuntiruvchi emosional hisdir. Bu bir odamda boshqa bir odamga nisbatan shakllanadigan ijtimoiy ustanovkaning bir ko’rinishi bo’lib, simpatiya – yoqtirishdan tortib, to sevgi muhabbat kabi chuqur emosional bog’liqlik ham shu his asosida paydo bo’ladi. Ijtimoiy psixologiyada ushbu hissiyotning asl sabablari ijtimoiy motivlar – sheriklarning bevosita bitta makon va zamonda ekanliklari, ularning tez-tez uchrashib turishlari, uchrashuvlar tezligi, suhbatdoshlar o’rtasidagi masofa, hissiyotlarning tarbiyalanganligi kabi omillar ta’sirida paydo bo’lishi va uning kechish mexanizmlari o’rganiladi. Tadqiqotlar bu kabi emosional munosabatlar aynan balog’at yoshi arafasida rivojlanishini isbot qilgan. Shunisi ahamiyatliki, attraksiyaning namoyon bo’lishi, uning kuchi va mazmuni o’smir-yoshning shaxs sifatida o’zini idrok qilishi, o’z-o’zini hurmat qilishi va o’zgalarga nisbatan munosabatlarda toqatliroq bo’lishiga bevosita ta’sir ko’rsatar ekan. Shuning uchun ham ana shu davrda o’smir va o’spirin atrofida u yoqtirgan va uni yoqtiradigan odamlarning bo’lishi juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lib, uning aksi bola ruhiy azoblanishining sabablaridan hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |