O’spirinlik davri
Yuqori sinfga o’tgan o’spirin psixologiyasining o’ziga xosligi shundaki, u hozirgi paytini, buguni va ertasini kelajak nuqtai nazaridan, istiqbolga nazar bilan qabul qiladi. Aynan shu davrga kelib, o’spirin turli kasblarga qiziqa boshlaydi, o’zining kelajakda kim bo’lishini tasavvur qila boshlaydi. Demak, o’z-o’zini professional nuqtai nazardan ajratish, tasavvur qilish – o’spirinlikning eng muhim yangiligidir. Professional taraqqiyotning asosiy bosqichlarini ajratar ekan, Ye.A. Klimov (1996), alohida “optasiya” (lotincha so’z: optatio – xohish, tanlov) bosqichini ajratadi va uning xarakterli tomoni – odam tomonidan professional taraqqiyotning bosqichi tanlanishidir, deb e’tirof etadi. Optasiya bosqichi 11-12 yoshdan 14-18 yoshgacha bo’lgan taraqqiyot davrini o’z ichiga oladi.
Biror aniq kasb-hunarni tanlash va o’z faoliyatini shunga yo’naltirish o’spirin shaxsi uchun juda katta ahamiyatga ega. Ana shunday tanlovning adekvat va to’g’ri bo’lishi o’spirindagi bilish bilan bog’liq qiziqishlar va professional yo’nalishning shakllanganligiga bog’liq bo’ladi. Professional qiziqishlar shakllanishining o’zi olimlar tomonidan to’rt bosqichli jarayon sifatida qaraladi. Uning birinchi bosqichi 12-13 yoshlarga to’g’ri keladi va o’ta o’zgaruvchanligi, shaxsdagi bilish jarayonlari va asl iqtidor bilan bog’lanmaganligi bilan xarakterlanadi. 14-15 yoshlarga to’g’ri keladigan ikkinchi bosqichda qiziqishlar paydo bo’ladi, ular ko’p bo’lib, bevosita bolaning bilish imkoniyatlari va shaxsiy xususiyatlari bilan bog’liq bo’ladi. Uchinchi bosqichda, 16-17 yoshlarda qiziqishlarning shunday integrasiyasi ro’y beradiki, ular avvalo jinsiy xususiyatlar va shaxsdagi individual xususiyatlar bilan bog’liq holda rivojlanadi. Masalan, qizlar va o’g’il bolalar o’zlariga mos, yoqtirgan va yarashadigan kasb-hunarni tanlay boshlaydilar. L.Golovey (1996) fikricha, to’rtinchi – hal qiluvchi bosqichda qiziqishlar doirasi sezilarli darajada torayib, professional yo’nalish shakllanib bo’ladi va u kasb tanlash bilan yakunlanadi.
O’zining yuqori pog’onasiga ko’tarilgan qiziqishlar o’spirinning professional yo’nalishi va to’g’ri kasb-hunarni tanlashiga zamin yaratadi. Ular boladagi individual-psixologik xususiyatlar va jinsiy farqlar bilan bog’liq bo’lgani uchun ham o’g’il bolalar ko’proq – texnik va iqtisodiy yo’nalishlarni, qizlar esa, ijtimoiy-gumanitar va badiiy sohalar bilan bog’liq kasblarni tanlaydilar.
Umuman, inson hayotida professional o’z-o’zini anglash katta o’rin tutadi va u juda yoshlik paytidanoq shakllana boshlaydi. Bu jarayonni bosqichlarda tasavvur qilish mumkin.
37-rasm. Professional o’z-o’zini anglash bosqichlari
Birinchi bosqich: bolalar o’yini, bunda bola ilk yoshlikdanoq u yoki bu kasbga bog’liq professional rollarni qabul qiladi va uning muhim elementlarini o’zicha “o’ynaydi” (“o’qituvchi”, “doktor”, “traktorchi”, “futbolchi”, “artist” va shunga o’xshash).
Ikkinchi bosqich: – bunda o’smir o’ziga juda yoqqan professional rolni xayolan egallaydi.
Uchinchi bosqich: kasb-hunarni dastlabki tanlash – o’smirlik va ilk o’spirinlik davriga to’g’ri keladi. Turli-tuman faoliyat turlari dastlab o’smirning qiziqishlari nuqtai nazaridan (“prokurorlikka qiziqaman, demak, yurist bo’lishim kerak”), keyin uning qobiliyatlari nuqtai nazaridan (“matematikani oson yechaman, matematik yoki muhandis bo’lsammikan?”), va nihoyat, o’smirdagi qadriyatlar tizimidagi ahamiyatiga qarab (“nochor kasallarga yordam bergim keladi, vrach bo’laman”) toifalarga bo’linadi va ajratiladi.
To’rtinchi bosqich: amaliy qaror qabul qilish – kasbni tanlash. Bunda ikkita muhim jihat bor: konkret ixtisoslikni uning kvalifikasiyasi xususiyatlari, ishning hajmi, og’irligi, mas’uliyatliligi va unga yetarli tayyorgarlikning borligi. Lekin oxirgi sosiologik ma’lumotlarga ko’ra, oliy o’quv yurtini tanlash, konkret kasb-hunarni tanlashdan oldinroq yuz bermoqda. Masalan, o’spirin qiz “Men baribir Nizomiy nomli pedagogika universitetiga kiraman”, deydi va so’ngra konkret fakultet tanlanadi. Shuning uchun ham ko’pincha, ixtisoslikdan, keyinchalik professiyadan “sovib qolish”lar ana shunday ustanovkalar bilan tushuntiriladi.
Bundan tashqari, kasb tanlashga ta’sir qiluvchi yana boshqa omillar ham borki, ularning hisobga olinishi ham ba’zan yoshlarning to’g’ri, o’z imkoniyatlari va qobilyaitlariga mos kasb-hunarning tanlanmasligiga sabab bo’ladi. Masalan, bunday omillarga oilaning moddiy shart-sharoiti, o’qish joyining uydan uzoqligi, o’quv tayyorgarligining saviyasi, emosional yetuklik, sog’liqning holati va boshqalar.
O’zbekiston Respublikasida kadrlar tayyorlash Milliy dasturining 1997 yilda qabul qilinishi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, mustaqil fikrlaydigan, yuksak malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Joylarda ochilgan kasb-hunar kollejlari, akademik liseylar, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tashkil etilgan Tashxis markazlari 9-sinfni tamomlagan yoshlarning iqtidori va layoqati, qiziqishlarini o’z vaqtida aniqlash, uni psixologik metodlar yordamida diagnostika qilishni amalga oshiradi. Bu tadbirlar yoshlardagi kasb-hunarga bo’lgan yo’nalishni adekvat qilish, o’z yashash joyidan uzoq bo’lmagan sharoitda zarur, o’z layoqatiga mos hunar egasi bo’lib yetishishga yordam beradi.
Dostları ilə paylaş: |