Ko’rgazmali-harakat tafakkuri amaliy tafakkurga mohiyatan yaqin bo’lib, uning xususiyati shundaki, u ham odamning real predmetlar xususiyatlarini o’rganish, ko’z bilan ko’rib, bevosita his qilish paytidagi fikrlash jarayonini nazarda tutadi.
Ko’rgazmali-obrazli tafakkur esa ko’rgan-kechirgan narsalar va hodisalarning konkret obrazlari ko’z oldimizda gavdalangan chog’da ularning mohiyatini umumlashtirib, bilvosita aks ettirishimizdir.
Mantiqiy tafakkur – bu mavhum tafakkur bo’lib, so’zlar, so’zda ifodalangan bilim, g’oya va tushunchalarga tayangan holda bevosita idrokimiz doirasida bo’lmagan narsalar yuzasidan chiqargan hukmlarimiz, mulohazalarimiz bu tafakkurga misol bo’la oladi. Masalan, olam, uning noyob va murakkab hodisalarini falsafiy o’rganish faqat mavhum, abstrakt tafakkur yordamida mumkin bo’ladi.
Fikrlashimizning yana bir turi reproduktiv bo’lib, uning mohiyati – ko’rgan-bilgan narsamizni aynan qanday bo’lsa, shundayligicha, o’zgarishsiz qaytarish va shu asosda fikrlashga asoslanadi.
Undan farqli produktiv yoki ijodiy tafakkur – fikrlash elementlariga yangilik, noyoblik, qaytarilmaslik qo’shilgandagi tafakkurni nazarda tutadi. Shunga bog’liq bo’lgan konvergent fikrlash masalaning yechimi faqat bitta bo’lgandagi fikrlashni nazarda tutsa, divergent tafakkur – fikrning shunday turiki, u shaxsga bir muammo yoki masala yuzasidan birdaniga bir nechta yechimlar paydo bo’lishini taqozo etadi. Aynan ana shunday ijodiy tafakkur divergent shaklda bo’lsa, u ijodiy parvoz, yangiliklarni kashf etishga asos bo’ladi. Fikrning kashf etish, yangilik yaratishga qaratilgan faoliyati ba’zan uning kreaktivlik sifati bilan bog’lab tushuntiriladi. Kreaktivlilik yoki tafakkurning kreaktiv turi – shundayki, u go’yoki yo’q joyda bor qiladi, ya’ni oddiygina, jo’ngina narsalarga boshqacha, birovlarnikiga o’xshamagan tarzda fikrlashga imkon beradi. Bunday tafakkur turi “hammaga o’xshab fikrlash” yoki shablonli, zerikarli fikr yuritishdan farq qilib, narsa va hodisalar mohiyatidagi o’ziga xoslik, noyoblik sifatlarini ham anglashga yordam beradi. Masalan, uchta so’z berilgan – “qalam”, “ko’l”, “ayiq”. Uchasini qo’shib, yangi jumlalar tuzish kerak. Har kim o’zidagi kreaktivlik darajasiga ko’ra turli xil jumlalar tuzsa bo’ladi. Masalan, “Bola qalamni olib, ko’lda cho’milayotgan ayiq rasmini chizdi”. Yoki “Terak qalamchalari ekib chiqilgan ko’l yoqasida bir ayiq bolasini cho’miltirardi”. Shunga o’xshash ko’plab jumlalar tuzish mumkin.
Bundan tashqari, predikativ deb nomlanuvchi tafakkur turi ham mavjud. Freyd bunday tafakkur turini mantiqiy tafakkurga qarshi qo’ygan edi. Chunki uning mohiyati quyidagicha: agar ikkita fikrdagi kesim bir xil bo’lsa, ongsiz ravishda shaxs uning egasini bog’lay boshlaydi. Masalan, “Aqlli odamlar yozda ko’k choy ichadilar”.
“Men yozda doimo ko’k choy ichaman”.
“Demak, men aqlli odamman”.
Bunday tafakkur turining borligi ko’pincha reklama bilan shug’ullanuvchilarga o’ng keladi. Demak, yuqorida keltirgan misolimizga o’xshash jumlalarni ishlatib, reklama berish, aslida odamning ongostidagi bilimlariga tayanib, taklif qilinayotgan tovarga ijobiy munosabatni shakllantiradi. Masalan, “Yangi avlod Pepsini tanlaydi” degan reklama ham barcha yoshlarni shu ichimlikni iste’mol qilishga chorlaydi, chunki yoshlar o’zlarini aynan hozirgi yangi avlodga qo’shadilar. Ko’pincha millatlararo biddiyatlar yoki jinslararo ziddiyatlar ham oddiy hayotiy vaziyatlarda xulosa qilingan predikativ fikrlashga tayanadi. Masalan, “Axror meni aldadi. U yigit. Demak, hamma yigitlar aldamchi” va hokazo.
Dostları ilə paylaş: |