Mualliflik huquqi masalalari Qonun talablariga rioya etilishida mavjud muammolarni kompleks hal etish, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mualliflar va huquq egalarining munosib haq olish huquqlarini ta'minlash, yuksak badiiy saviyadagi asarlar yaratilishini rag'batlantirish, ushbu jarayonlar va munosabatlarda davlat nazorati amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida Intellektual mulk agentligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida"gi qarori loyihasi tayyorlandi. Ushbu Qaror loyihasi mualliflik huquqini samarali himoya qilish, mualliflar va huquq egalariga mutanosib haq to'lash mexanizmlarini yaratish va mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishni amalga oshiruvchi "O'zbekiston mualliflari jamiyati" nodavlat-notijorat tashkilotini tuzishni nazarda tutadi.
Hozirda loyiha mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishish bosqichida.
Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan saylovoldi dasturlarida ham, madaniyat, san'at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarni moddiy va ma'naviy jihatdan rag'batlantirish, ularni har tomonlama qo'llab quvvatlash maqsadida ko'rilayotgan chora tadbirlarning biri sifatida adabiy, badiiy va san'at asarlar uchun to'lanadigan qalam haqi miqdorini qayta ko'rib chiqish, ijodiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini himoya qilish masalalari diqqat markazida bo'lishi ta'kidlangan edi. Hozirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 8 yanvardagi "Mualliflik haqi va boshqa haq to'lash stavkalarini tasdiqlash to'g'risida"gi 8-son Qaroriga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish jumladan, unga muvofiq, mualliflarga to'lanadigan qalam haqi (gonorarlar) stavkalarini oshirish va ijodkorlarni moliyaviy rag'batlantirishni nazarda tutuvchi tegishli normativ huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu Qaror loyihasi mutasaddi vazirliklar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va tegishli vazirlik va tashkilotlarga imzolash uchun kiritilgan.