Pedagogika metodologiyasi o‘zida pedagogikaning nazariy asoslari va tuzilmasi haqidagi bilimlar tizimini, pedagogik hodisa va jarayonlarni tadqiq qilishga doir yondashuvlarini, pedagogik voqelikni haqqoniy ifoda etadigan axborotlarni olish usullarini, shuningdek, mazkur bilimlar tizimini qo‘lga kiritishga doir faoliyat tizimini o’zida mujassamlashtiradi.
Ko’rinib turibdiki, bu ta’rifda ilmiy bilishning ikki jihati – bilimlar tizimi va ilmiy-tadqiqiy faoliyat qamrab olingan. Yoki ikki faoliyat turi – metodologik tadqiqot va metodologik ta’minot hisobga olinyapti. Agar birinchisining vazifasi pedagogika fanlari rivojining qonuniyatlari va yo’nalishlari, pedagogik tadqiqotlarning sifat va samaradorligini oshirish prinsiplari, ularning tushunchalari tarkibini aniqlashtirsa, ikkinchisi –metodologik bilimlardan tadqiqot dasturlarini asoslashda va sifatini baholashda foydalanishni anglatadi.
Shu bilan birgalikda pedagogik muammolarning umumnazariy muammolar bilan almashtirishga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Chunki, birinchisi «qanday qilib metodologiyani pedagogikaga qo’llash mumkin» degan savolni aniqlashtirsa, ikkinchisi – umumnazariy savollar esa pedagogikaning predmeti, uning boshqa fanlar bilan aloqasi, ta’lim va tarbiya mohiyati kabi umumiy savollar yechimiga qaratiladi.
Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish masalasi respublikamiz va jahon miqyosida tadqiqotchilarning diqqat markazida bo’lib kelmoqda. Mazkur muammo ta’lim mazmunini modernizatsiyalash, ta’lim jarayonini tashkil qilish texnologiyalari va usullarini optimallashtirish bilan chambarchas bog’langan. Ularning to’laqonli hal etilishiga esa pedagogik tadqiqotlarni amalga oshirishda yanada moslashuvchan va taraqqiyparvar yondashuvlarni keng joriy etish orqaligina erishish mumkin. O’z navbatida pedagogika fani boshqa fanlar kabi yangi-yangi faktlar, yuqori natijalarga erishish imkonini beruvchi texnologiyalar asosida rivojlanib boradi. Buning uchun esa ilmiy asoslangan tadqiqot metodlariga tayanish talab etiladi. Ilmiy tadqiqot metodlari esa o’z navbatida metodologiya tushunchasi bilan ataluvchi nazariy prinsiplar majmuasiga bog’liq bo’ladi.
Pedagogik metodologiya sohasida amalga oshirilgan ilmiy ishlar tahlili «metodologiya», shuningdek, «pedagogik metodologiya» tushunchasiga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjudligini ko’rsatadi. Pedagogika fanida metodologiya tushunchasining gnoseologik talqini ko’proq ustuvorlik kasb etadi. Mazkur yondashuvga ko’ra «metodologiya» tushunchasi, mazmunan «gnoseologiya» (bilish to’g’risidagi fan), «nazariy bilish» kabi tushunchalarga yaqin turadi. Ushbu yo’nalish tarafdorlari masalaga bir tomonlama yondashib, metodologiyani faqat «bilish metodlari to’g’risidagi ta’limot» yoki hodisalarni bilish jarayoni sifatida talqin qiladilar. Shu o’rinda, ushbu tushunchaning «borliqni o’zgartirish metodlari to’g’risidagi ta’limot» ekanligini e’tibordan chetda qoldiradilar va metodologiyani gnoseologik qolip bilan cheklab qo’yadilar.
Dostları ilə paylaş: |