1. Rossiyada 1917-yil voqealari va uning Turkistonga ta’siri



Yüklə 40,01 Kb.
səhifə1/3
tarix30.09.2023
ölçüsü40,01 Kb.
#151275
  1   2   3
8-mustaqil ish


Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi va unga qarshi qurolli harakat
Reja:


1.Rossiyada 1917-yil voqealari va uning Turkistonga ta’siri.
2.Turkiston Muxtoriyati.
3.Turkistonda Istiqlolchilik harakati.

1.Rossiyada 1917-yil voqealari va uning Turkistonga ta’siri.

XX asr boshlarida Turkistonda uchta ma’muriy birlik: Rossiya imperiyasi O’rta Osiyoni zabt etganidan keyin tuzilgan va uning tarkibiga mustamlaka sifatida qo’shib olingan Turkiston general-gubernatorligi, shuningdek, yuzaki ravishda mustaqil bo’lgan, ammo, Rossiyaga qaram hisoblangan Buxoro amirligi va Xiva Xonligi mavjud edi. Hududining kattaligi va aholisining ko’pligi jihatidan Turkiston general-gubernatorligi eng yirik edi. O’lkadagi 5 mln.dan ko’proq aholi (o’zbeklar, tojiklar, qirg’izlar, qozoqlar va turkmanlar) islom diniga e’tiqod qiluvchi musulmonlar edi. Rossiyadan ko’chirib keltirilgan rusiyzabon aholi o’lkadagi aholining 10/1 qismidan ham kam edi.


1917-yilga kelib Rossiya imperiyasi o’zinig so’nngi kunlarini boshidan kechirayotgan edi. Ma’lumki Possiya imperiyasi Antanta ittifoqi tarafida turib 1914-yildan Birinchi jahon urushiga kirgan edi. Urushdagi harbiy mag’lubiyatlar va xo’jalikdagi vayronagarchilik imperiyani tang ahvolga solib qo’ydi. Bu esa 1917-yilning 23-27-fevralida ro’y bergan pus burjua inqilobiga sabab bo’di.
23-fevralda Petrogradda stixiyali tarzda namoyishlar boshlanib, ularni tarqatish uchun yuborilgan hukumat askarlari ham qo’zg’olonchilar tomoniga o’tib keta boshladilar. 27-fevralda qo’zg’olonchilar shaharning muhim joylarini, hukumat idoralarini egallaydilar. Nikolay II (1894-1917) taxtdan voz kechdi. Ko’p asrlik Romanovlar sulolasi hukmronligi ag’darildi. Natijada Rossiyada tarixda kamdankam uchraydigan hodisa - ikki hokimiyatchilik vujudga keldi. Ularning birinchisi burjuaziya vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat, ikkinchisi Ishchi, askar, dehqon deputlari sovetlari edi.
Agar burjuaziya Muvaqqat hukumati mamlakatni yuqoridan turib boshqaradigan organ sifatida faoliyat yuritib, asta - sekinlik bilan hokimiyat muruvvatlarini o’z qo’liga olib borgan bo’lsa, ishchi, askar, dehqon deputatlari sovetlari esa hokimiyatni quyidan boshqarishda qatnashib bordilar. Ularning hokimiyat organi - Petrograd Soveti huddi shu yo’nalishda faoliyat yuritdi. Podsho Rossiyasining mustamlakachilik asorati ta’sirida bo’lib kelgan Turkiston o’lkasi hayotida ham bu davrga kelib sezilarli tarixiy voqealar sodir bo’ldi. Podsho Rossiyasining mustamlakachilik boshqaruv organi - Turkiston General-gubernatorligi tugatildi. Uning o’rniga Muvaqqat hukumatning 1917-yil 7-apreldagi qaroriga binoan kadet N.N.Shchepkin raisligida 9 kishidan 4 nafari tub yerli aholi iborat Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston Qo’mitasi tashkil etildi. Viloyatlarda harbiy gubernatorlik tizimi barham toptirilib, viloyat komissarlari instituti vujudga keltirildi. Shuningdek, Rossiyada faoliyat yuritayotgan bolsheviklar, mensheviklar va eserlar partiyalarining Turkistondagi mahalliy tashkilotlari yetakchiligida o’lkaning bir qator yirik shaharlarida ishchi, askar deputlari sovetlari tashkil topdi. Tez orada mahalliy aholi vakillaridan iborat musulmon ishchi va askar deputlari sovetlari ham tuzila boshlandi. Muvaqqat hukumatning 1917-yil may oyi boshlarida chiqargan farmoniga binoan
Turkistondan jalb qilingan mardikorlar o’z ona yurtlariga qaytib kela boshladi.
Yurt istiqboli va istiqloli uchun qayg’uruvchi vatanparvar, hurriyatparvar kuchlar harakat qila boshladi va tashkiliy jihatdan uyusha bordi. Bu jarayonda ozod va mustaqil Turkiston uchun ko’p yillar fidoyilik bilan kurashib kelgan jadidlar harakatining rahnamolari alohida o’rin tutdi. Ular mahalliy aholining siyosiy ongini o’stirish, hal qiluvchi kurashlarga yetaklab borish maqsadida o’lkaning ko’plab shaharlarida vaqtli matbuot nashrlari - gazeta va jurnallar chiqara boshladilar. Masalan, Toshkentda “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, “Turk eli”, “Najot”, “Kengash”, “Sho’roi islom”, Samarqandda “Oyna”, “Hurriyat”, Buxoroda “Turon”, “Buxoroi sharif”, Qo’qonda “Sadoi Farg’ona”, “Tirik so’z” nomli matbuot nashrlari o’z sahifalarida markazdagi siyosiy vaziyatni, joylardagi ahvolni, o’tkir ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishda, mahalliy aholi ommasini siyosiy-g’oyaviy jihatdan tayyorlab borishda muhim rol o’ynadi.
Abdulla Avloniy tomonidan Toshkentda 1917-yil aprelidan chiqarila boshlagan “Turon” gazetasining ilk sonida “Yashasin xalq jumhuriyati” shiori birinchi bor yangragan edi. Unda aniq maqsad-maslak: “Musulmonlar orasida ko’p yillardan buyon davom etgan umumga zo’rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo’ladigan jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq” g’oyasi ilgari surilgan edi.
Xuddi shuningdek, Munavvar Qorining o’sha yili “Najot” gazetasining 26-mart sonida bosilgan «Xurriyat berilmas, olinur”, degan xitob ham jadidlarning xalq ozodligi va istiqloli yo’lida jiddiy kurashga bel bog’laganliklaridan dalolat berardi.
Sho’roi Islom va “Sho’roi Ulamo” tashkilotlari. Turkiston jadidlari faqat targ’ibot-tashviqotchilik ishlari bilangina cheklanib qolmasdan, shu bilan birgalikda siyosiy tashkilotlar, partiyalar tuzish, ularning faoliyatini islohotchilik maqsadlari sari yo’naltirish bilan ham jiddiy shug’ullanib bordilar. Chunonchi, 1917-yil 14-martda Toshkentda “Sho’roi Islom” tashkiloti tuzildi. Hur va demokratik Turkiston uchun kurash uning asosiy g’oyasi va bosh maqsadi edi. 15 kishidan iborat rayosat tarkibidan Munavvar qori Abdurashidxonov (yetakchi), Abduvohid qori, Mirkomilboy Mo’minboyev, Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jayev, Salimxon Tillaxonov singari yurt rahnamolari o’rin olgan edilar.
O’lkaning turli joylarida “Sho’roi Islom”ning quyi shu’balari tuzilib, ular aholi orasida qizg’in faoliyat yuritdilar. Shuningdek, “Sho’roi Islom” ta’sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar tuzildi. Toshkentda “Turon”, “Ittihodi taraqqiy”, Andijonda “Ozod xalq”, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, Samarqandda “Mirvaj-ul Islom”, “Klub Islomiya”, Kattaqo’rg’onda “Ravnaqul Islom”, “Guliston” va boshqalar shular jumlasidandir. M. Behbudiyning “Xaq olinur, berilmas”, Munavvar Qorining “Hurriyat berilmas, olinur” shiorlari ularning chinakam kurash bayrog’iga aylangan edi..
Turkiston istiqloli uchun kurashga bel bog’lagan va “Sho’roi Islom” ta’sirida faoliyat yuritgan jadidlarning bir qismi “Qadimchilar” nomi bilan atalardi. 1917-yil iyuniga kelib “Qadimchilar” “Sho’roi Islom” tarafdorlari bilan uzil - kesil aloqani uzib, “Sho’roi Ulamo” tashkilotini tuzdilar (uning rahbarlari: Sherali Lapin, Abdumalik Hoji Nabiyev va boshqalar).
Bo’linishning asosiy sabablari Turkistonning milliy mustaqilligiga erishish yo’lidagi ikki xil qarama-qarshi taktik kurash masalasi edi.
Konservativ, mutaassiblik qarashlar nuqtai nazaridan yondashgan “Qadimchilar” o’lka mustaqilligini hukmron mustamlakachilarga qarshi faqat g’azovot, ya’ni qurolli kurash yo’li bilan qo’lga kiritishni yoqlardilar.
Jadidlarning ilg’or namoyandalari esa Rossiyada yuzaga kelgan qulay inqilobiy shart-sharoitlardan foydalanib, yurt mustaqillgini siyosiy vositalar orqali, behuda qon to’kmasdan, bosqichma-bosqich qo’lga kiritishni istardilar. Ularning demokratik Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Turkiston muxtoriyati talabi ham shu maqsadni ko’zda tutardi.
O’lkaning milliy kuchlari o’rtasida yuz bergan bu ajralish va g’oyaviy ixtiloflar, shubhasiz, ularning harakat birligiga jiddiy putur yetkazardi. Ayniqsa “Sho’roi Ulamo”chilarning nashri - “Al-Izoh” jurnali sahifalarida millatning ilg’or kuchlariga, vatanparvar milliy ziyolilarga nisbatan adovat urug’ini yoyishga alohida urg’u berildi. Bu esa aslida shovinistik kuchlar tegirmoniga suv quyish edi. Negaki bundan o’lkada faoliyat yuritayotgan yot begona siyosiy kuchlar o’z maqsadlari yo’lida foydalandilar.
Turkistonda demokratik harakatlarning o’sib borishida, turli ijtimoiy qatlamlar va tabaqalarni istiqlol uchun kurash bayrog’i ostida birlashtirishda 1917-yilda bo’lib o’tgan Umumturkiston musulmonlari qurultoylari va ular ishlab chiqqan dasturiy hujjatlar, tashkiliy tadbirlarning roli katta bo’ldi.
Turkiston o’lka musulmonlar sho’rosi. “Sho’roi Islom” tashkiloti tashabbusi bilan 1917-yil 16-aprelda Umumturkiston musulmonlarining I qurultoyi chaqirildi. Qurultoy ancha vakolatli anjuman bo’lib, uning ishida Turkistonning ko’plab atoqli kishilari qatnashadilar. Ular orasida M. Cho’qayev, M. Abdurashidxonov, M. Behbudiy, U. Asadullaxo’jayev, Sh. Lapin, T. Norbo’tabekov, A. Z. Validiy, S. Yusupov, I. Shoahmedov va boshqalar bor edi. Qurultoy kun tartibiga 16 ta masalaning qo’yilishining o’zi ham uning katta ahamiyatidan darak berardi. Qurultoyda o’lkaning bo’lajak davlat qurilishiga alohida to’xtalinib, Turkistonga keng muxtoriyat huquqini beradigan demokratik Rossiya federatsiyasi tuzilishi g’oyasi ilgari surildi. Qurultoyda - Turkiston o’lka musulmonlari sho’rosini tuzish to’g’risida qaror qabul qilindi. Turkiston o’lka musulmonlar Sho’rosining birinchi yig’ilishida uning markaziy organi - Markaziy sho’ro tuzildi. Mustafo Cho’qayev Markaz raisi, Munavvar Qori rais muovini, Ahmad Zakiy Validiy kotib, M. Behbudiy, U.Assadullaxo’jayev va boshqalar a’zolar etib saylandilar. Markaziy sho’ro zimmasiga o’lkadagi barcha tarqoq, o’z holicha ish yuritayotgan, nizom va dasturlariga ega bo’lmagan uyushma va tashkilotlarni birlashtirish, faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi. Buni uddalashda Markaziy sho’roning joylarda tashkil etilgan shu’ba (bo’lim)lari muhim rol o’ynadi. Jumladan, Toshkent shu’basini M. Abdurashidxonov, Samarqand shu’basini M. Behbudiy, Farg’ona shu’basini esa Nosirxon To’ra Kamolxon To’ra o’g’li boshqardi. Shu tariqa Turkistonda uchta hokimiyat organi vujudga keldi:
1.Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston Qo’mitasi;
2.Ishchi, askar deputatlari soveti;
3.Turkiston o’lka musulmonlari sho’rosi, uning markaziy organi - Markaziy sho’ro.
O’lka xalqlarining rahnamolari bo’lgan jadidlar, ruhoniyat arboblari o’z sa’y- harakatlarida mahalliy, hududiy manfaatlar, qiziqishlar bilan cheklanib qolmay, boshqa mintaqalardagi musulmonlar ommasi, ularning ilg’or vakillari bilan ham yaqindan hamjihat bo’lishga intildilar. Shu maqsadda ular 1917-yilning 1-2mayida Moskvada bo’lib o’tgan Butunrossiya musulmonlari I qurultoyida ishtirok etdilar. Unda musulmonlar manfaatini himoya qiluvchi davlat qurilishi shaklan milliy-hududiy, federatsiya asosidagi demokratik respublika bo’lishi ta’kidlandi.
Qurultoyda Butunrossiya Musulmonlari sho’rosi, uning Ijroiya Qo’mitasi ta’sis etildi. Ijroiya Qo’mitaga o’lkamiz vakillaridan U.Asadullaxo’jayev va I.
Shoahmedovlar a’zo etib saylandilar.
Turkiston vakillari ishtirok etgan va 1917-yilning 21 - 31-iyul kunlari Qozon shahrida bo’lib o’tgan Butunrossiya musulmonlarining II qurultoyi ham Rossiya musulmon aholisining ozodlik va mustaqillik sari harakatlanish yo’lini aniqlashtirish va muvofiqlashtirishda muhim qadam bo’ldi. Unda Turkiston, Kavkaz va Qrimda davlat boshqaruvini mehnatkashlarning o’zlari hal etishi, musulmonlar kurashini tashkil etish uchun Butunrossiya Harbiy Sho’rosini ta’sis etish to’g’risida qarorlar qabul qilindi.
1917-yilning 17-20-sentabr kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan Umumturkiston musulmonlari vakillarining II Qurultoyi o’lka xalqlari xayotida muhim rol o’ynadi. Unda 500 nafar vakillar ishtirok etdi. Qurultoyda tarkibi 12 kishilik Turkiston o’lka Qo’mitasi, 24 kishilik “Mahkamai Sharia” (parlament) tashkil etildi. Qurultoyning maxsus qarorida ularning Rossiya davlati konstitutsiyasiga muvofiq keladigan shariat qonunlari asosida faoliyat yuritishi ta’kidlangan edi. Qurultoyda “Sho’roi Islom”, “Sho’roi Ulamo”, “Turon”, “Ittihod” va shu kabi boshqa mahalliy milliy tashkilotlarni birlashtirib, ular negizida yagona “Ittifoqi Muslimin” (“Musulmonlar Ittifoqi”) siyosiy partiyasini tuzish g’oyasi ilgari surildi. Qurultoyda M. Behbudiy otashin nutq so’zlab, hammani birlikka, jipslashishga da’vat etgandi. “Ulug’ Turkiston” gazetasi qurultoy ruhini aks ettirib, Turkistonning o’z ichki ishlarini mustaqil hal etishga qodir bo’lgan o’lkaning mahalliy va milliy muxtoriyatini tuzish g’oyasini asosiy o’ringa qo’ygan edi.
Shunday qilib, Turkistonning ilg’or ziyolilari milliy istiqlolga erishish yo’lida o’lkadagi barcha sog’lom, vatanparvar kuchlarni birlashib, jipslashib harakat qilishga da’vat etgandilar. Biroq, afsuski, Turkistonda ayricha faoliyat yuritgan, o’z nafsoniyatiga berilgan hamda muxolifatchilik ustivor bo’lgan ayrim mahalliy, milliy tashkilotlar mana shu yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalana olmadilar.
Bu esa, shubhasiz, vaziyatni ustamonlik bilan o’z izmiga burib yuborishga intilayotgan bolsheviklarga qo’l keldi.
Muvaqqat hukumatning mamlakatni jahon urushidan olib chiqa olmaganligidan, agrar va milliy masalalarni hal etolmayotganligidan bolsheviklar ustamonlik bilan foydalandilar. Bolsheviklar ilgari surgan “Butun hokimiyat Sovetlarga!”, “Yer dehqonlarga”, “Xalqlarga tinchlik” shiorlari ularning hokimiyatga kelishlarida ayniqsa asqotdi. Rossiya poytaxti Petrogradda 1917-yil 24-25-oktabrda davlat to’ntarilishi sodir bo’ldi. Uni Lenin boshchiligida bolsheviklar partiyasi zo’rlik bilan amalga oshirdi. 1917-yil 25-oktabrda bolsheviklar tomonidan Petrogradda Butunrossiya Sovetlarining II qurultoyi chaqirilib, unda Lenin boshliq Sovet hukumati - Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Sulx va Yer to’g’risida dekretlar qabul qilindi. Sovet hukumati nafaqat Markazda, balki shu bilan birga sobiq chor Rossiyasi tasarrufidagi barcha hududlarda ham o’z hokimiyatini o’rnatish harakatida bo’ldilar.
Turkistonda sovet hokimiyatining o’matilish. Bolsheviklar Markazda siyosiy hokimiyatni qo’lga kiritgach, Turkistonda ham sovet hokimiyatini qaror toptirishga intildilar. Turkistonda sho’rolar hokimiyatini o’rnatish g’oyatda murakkab jarayonda kechdi. Buning boisi, avvalo, oktabr g’oyalarining mahalliy tub joy aholining dili va shuuriga botmaganligidadir. Negaki, bu zamin aholisi bolsheviklar partiyasi dasturida nazarda tutilgan sotsialistik o’zgarishlar orqali hamma narsani umumlashtirish va milliylashtirishni yoqtirmasdi. Mahalliy xalq o’zining tarixan tarkib topgan, asrlar davomida shakllangan o’ziga xos turmush tarzini, yashash sharoitini, xo’jalik yuritish, idora qilish tartib-qoidalarini bir lahzada tubdan o’zgartirishni xohlamasdi. Bu narsa uning ongi, tafakkuriga, milliy o’zligi va ma’naviy qiyofasiga mos kelmasdi. Ayniqsa bolsheviklarning ateistik ruhdagi mafkurasi, uning hujumkor yo’nalishi islom qadriyatlari doimo e’zozlanib kelingan bu yurt odamlarining ruhiyati va dunyo qarashi bilan singisha olmasdi.
Bir so’z bilan aytganda, mahalliy tub yerli aholi tabiiy ravishda oktabr g’oyalarini qabul qilmadi va unga moyillik ko’rsatmadi. Biroq begona maslak va g’oyalar bolsheviklar partiyasi va uning Turkistondagi yalovbardorlari tomonidan kuch va zo’rlik bilan o’lka xalqlariga majburan tiqishtirildi.
Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan, asosiy tarkibi yevropalik aholi vakillaridan iborat harbiy qismlar, ishchi otryadlari mahalliy bolshevistik tashkilotlar boshchiligida qurolli qo’zg’olon yo’li bilan sovet hokimiyatini qaror toptirishga kirishdilar. Bolshevik V.S.Lyapin boshchiligida inqilobiy qo’mita tuzildi va qo’zg’olon boshlandi. 1917-yil 27-oktabr oqshomida Toshkentda boshlangan qo’zg’olon natijasida 1-noyabrga kelib Muvaqqat hukumatning Turkiston
Qo’mitasi ag’darildi. General Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi a’zolari qamoqqa olindi. Toshkentda Sovet hokimiyati o’rnatildi. Turkiston o’lkasida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayoni qonli, fojiali voqealar bilan bog’liq holda kechdi. Jumladan, Farg’ona viloyatida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayonida, Marg’ilonda 7 ming, Andijonda 6 ming, Namanganda 2 ming begunoh kishilar qirg’in qilindi. Samarqand, Kattaqo’rg’on, Yangi Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda ham sovet hokimiyati o’rnatildi.
Turkistonda sovet hokimiyati organlarini tuzish vaqtida ham bolshevik yo’lboshchilarning ulug’davlatchilik va shovinistik siyosati to’la kuch bilan namoyon bo’ldi. 1917-yil 15-22-noyabr kunlari Toshkentda Turkiston ishchi, askar va dehqon deputatlari sovetlarining Sh O’lka qurultoyi hokimiyat masalasini o’zboshimchalik va biryoqlamalik bilan hal etdi. Unda bolshevik Kolesov boshchiligida Turkiston Xalq Komissarlari Soveti tuziladi. Uning tarkibiga 7 bolshevik va 8 ta so’l eser vakillar kiritildi. Uning tarkibiga butun o’lka aholisining 95 foyizini tashkil etuvchi yerli millat aholisidan esa birorta ham vakil kiritilmadi.
Vaholanki, oktabr o’zgarishi rahnamosi Lenin imzo chekkan “Rossiya xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi”, “Ezilgan va ekspluatatsiya qilinuvchi xalq huquqlari Deklaratsiyasi”, “Rossiya va Sharq musulmonlariga” xitobnomasi hamda boshqa hujjatlarda millatlarning ozodligi, erki, huquqlari rasman e’tirof etilgan edi.
Amalda esa ulug’ davlatchilik siyosati yuritildi.

Yüklə 40,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin