2-maruza. TUPROQ UNUMDORLIGI, MADANIYLIGI VA STRUKTURASI
Tuprcq unumdorligi
Tuproq unumdorligi deganda, o‘simlikni butun vegetatsiya (o‘sish) davri davomida suv va oziq moddalari hamda zaruriy omillar bilan ta’minlash xususiyati tushuniladi. Tuproq unumdorligi yerga oqilona ishlov berilganda yaxshilanib boradi, noto‘g‘ri ishlov berilganda esa, aksincha pasayib boradi.
Tuproq unumdorligi tabiiy va sun’iy turlarga bo‘linadi. Tabiiy unumdorlik tabiiy jarayonlar natijasida paydo bo‘ladi. Ibtidoiy dehqon dastlab tabiiy unumdorlikka duch kelgan. Tabiiy unumdorlik tuproqda oziq moddalarning umumiy zaxirasi bilan belgilanadi. Sun’iy unumdorlik inson tomonidan yaratiladi. Fan-texnika yutuqlaridan foydalanib, inson tuproqning tabiiy xossalarini o‘zgartiradi. Tuproq unumdorligi potensial va samarali unumdorlikka ham bo‘linadi. Potensial unumdorlik tuproqdagi oziq elementlarning umumiy miqdori bilan belgilansa, samarali unumdorlik tuproqdagi o‘simlik o‘zlashtira oladigan oziq moddalar bilan belgilanadi.
Tuproqning tabiiy unumdorligi yuqori bo‘lib, samarali unumdorligi past bo‘lishi mumkin, yoki aksincha, agrotexnik tadbirlarni oqilona qo‘llab, kam unumdor yerda ham yuqori samarali unumdorlikka erishish mumkin.
Tuprcq madaniyligi
Agrokimyoviy va fizikaviy xossalari yaxshi bo‘lgan, o‘simlikning o‘sishi uchun qulay sharoit yaratilgan, zararli organizmlardan toza tuproq madaniylashgan tuproq hisoblanadi. Agrokimyoviy va fizikaviy xususiyatlari yomon, ya’ni yaxshi tekislanmagan sho‘rlangan, botqoqlashgan, begona o‘tlar bosib ketgan yerlarning madaniylashganlik darajasi past bo‘ladi. Tup- roqni madaniylashtirishning asosiy uchta - agrokimyoviy, agrofizikaviy va biologik usullari mavjud.
Tuproq agrofizikaviy usulda madaniylashtirilganda hozirgi zamon texnika vositalari yordamida zovur-kollektorlar qurish yo‘li bilan sho‘rlarni yuvish, zahini qochirish, botqoqliklarni quritish tadbirlari amalga oshiriladi. Yerlarni tekislash orqali ekinlarni parvarish qilishga qulay sharoit yaratiladi, qumloq tuproqlarda loyqa bostirish, og‘ir mexanik tarkibli soz tuproqlarga qum solish orqali tuproqning fizikaviy xossalarini yaxshilash mumkin.
Tuproqni agrokimyoviy usulda madaniylashtirishga kislotali tuproqlarga ohak, ishqoriy tuproqlarga gips solish kabi tadbirlar kiradi. Organik va meneral o‘g‘itlarni qo‘llash tuproqning kimyo- viy tarkibini boyitadi.
Tuproqni biologik usulda madaniylashtirishda ekinlarni nav- batma-navbat ekish, uning fizikaviy va kimyoviy xossalarining yaxshilanishiga olib keladi. Shuningdek tuproqdagi mik- robiologik jarayonlarni faollashtirish maqsadida tuganaklar va erkin yashovchi bakterial o‘g‘itlar solinadi.
Madaniylashgan tuproq tarkibida juda ko‘plab mikroorga- nizmlar bo‘ladi. Uning 1 sm3 ida taxminan 300 mln tagacha tuproq bakteriyalari bo‘lishi mumkin.
Organik moddalar, o‘simlik qoldiqlari, ildizlari, mikroorga- nizmlar va boshqa hayvonlar tanasining chirishi natijasida hosil bo‘ladi. Tuproqqa organik o‘g‘itlar solish ham tuproqni chirindi bilan boyitadi. O‘simlik va hayvon qoldiqlarining yarmidan ko‘prog‘ini mikroorganizmlar parchalaydi, ular chirindi (gumus) va chirindi kislotalarini hosil bo‘lishida ishtirok etadi. O‘zbekistondagi tuproqlar tarkibida gumus nisbatan kam. Chirindi, oziq moddalar tarkibi va miqdorini o‘zgarishi aerob va anaerob bakteriyalar faoliyatiga bog‘liq. Aerob bakteriyalar havo yetarli bo‘lganda chirindini parchalaydi va karbonat kislota, ammiakli suv va nitrat kislota hosil qiladi. Bu chirindi miqdorini kamayishiga olib keladi. Agarda, tuproqda suv ko‘p bo‘lsa va kislorod yetishmasa, chirindi anaerob sharoitda parchalanadi va torf hosil bo‘ladi. Demak, aerob bakteriyalar chirindini parchalasa, anaerob baktariyalar yangi chirindi zaxirasini hosil qiladi.
Issiq iqlimli sug‘oriladigan yerlarda aerob bakteriyalar faoliyati nihoyatda jadal bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday yerlarda tuproq tarkibida organik moddalar kamayib ketadi.
Tuproqning fizikaviy xossalarini va unumdorligini yaxshilash uchun yerga organik va mineral o‘g‘itlar solib turish, shuningdek almashlab ekishni to‘g‘ri joriy etish lozim.
Begona o‘tlar haqida tushuncha, ularning zarari va ularga qarshi kurash choralari Begona o‘tlar haqida tushuncha
Yer yuzidagi o‘simliklar dunyosi nihoyatda turli-tuman. Shuning uchun ularning xususiyati, yashash joyi, o‘sishi, rivojlanishi har xil bo‘ladi. Ma’lumki, yovvoyi o‘simliklar yer yuzida keng tarqalgan bo‘lib, asrlar davomida tabiiy tanlanish asosida o‘sib rivojlangan. Tabiatda o‘zi o‘sadigan, rivojlanadigan, ko‘payadigan va tarqaladigan o‘simliklar tabiiy, yovvoyi o‘t yoki yovvoyi o‘simliklar deb ataladi.
Inson tomonidan ekilmaydigan, ammo ekinlar orasida o‘sib, ularga zarar yetkazadigan o‘simliklar begona o‘tlar deyiladi. Begona o‘tlar haqiqiy va shartli begona o‘tlarga bo‘linadi. Haqiqiy begona o‘tlar bu ekinlar orasida o‘sadigan yovvoyi o‘tlar. Shartli begona o‘tlar yetishtirilayotgan ekinning u yer, bu yerida uchraydigan madaniy o‘simliklardir. Masalan, paxtazorda uchraydigan makkajo‘xori, tarvuz, pomidor shartli begona o‘t hisoblanadi.
Begona o‘tlar qishloq xo‘jaligiga juda katta zarar yetkazadi. Ular hosil miqdori va sifatini pasaytiradi. Begona o‘tlar tufayli dunyoda har yili 20 mlrd. dollar atrofida zarar ko‘riladi. O‘zbekistonda esa, har yili 15-20% paxta, 10-20% sabzavot hosili kam olinmoqda. Yalpi xarajatlarning sezilarli qismi begona o‘tlarni yo‘qotishga sarf qilinmoqda. G‘o‘za qator orasidagi begona o‘tlarni yo‘qotish uchun gektariga 25 ishchi kuni yo‘qotilmoqda. Begona o‘tlarni chopiq qilish paytida nihollarni o‘rnidan ko‘chib ketishi va shikastlanishi tufayli ko‘chat qalinligi kamayib ketadi. Hosilga begona o‘tlar urug‘i, mevalari va barglari qo‘shilib ketishi natijasida uning sifati yomonlashadi. G‘umay, ajriq, qamish kabi begona o‘tlar bilan kuchli ifloslangan yerlardagi ekinlarni parvarish qilish nihoyatda qiyin kechadi. Erta bahorda hali madaniy o‘simliklar unib chiqmaganda zararkunandalar begona o‘tlarda ko‘payadi, keyinchalik madaniy o‘simliklarga o‘tadi. Kampirchopon, kakra, g‘umay kabi o‘tlarning urug‘larida, organlarida zaharli moddalar bo‘lib, odam va hayvonlar uchun zararli hisoblanadi. Kanal, ariq va boshqa sug‘orish shoxobchalarida o‘sadigan begona o‘tlar suvni oqishini susaytirib, suvning befoyda sarflanishiga sabab bo‘ladi.
Begona o‘tlarning biologik xususiyatlari. Begona o‘tlarning biologik xususiyatlaridan biri ularning serurug‘liligidir. Masalan, bir tup yovvoyi gultojixo‘roz - 500000, olabo‘ta - 150000, tuyaqorin - 200000, ituzum - 45000, semizo‘t - 200000 ta, ayrim begona o‘tlar milliondan ortiq urug‘ hosil qiladi, madaniy o‘simliklarning ko‘pchiligining urug‘lari soni esa 200-300 tadan oshmaydi.
Begona o‘tlarning urug‘i unuvchanligini uzoq yillar davomida saqlaydi. Tajriba ma’lumotlari bo‘yicha semizo‘t urug‘i 40 yil, tugmachagul 57 yildan keyin unuvchanlik qobiliyatini 6-18,2% saqlagan, itqo‘noq urug‘i -29°C sovuqda, yantoqniki - 85-95°C issiq suvda unuvchanligini yo‘qotmagan. Buni ularning urug‘i suv, havo o‘tkazmaydigan maxsus qobiqqa o‘ralganligi bilan izohlash mumkin.
Olabo‘ta yetilganlik darajasi har xil bo‘lgan urug‘lar hosil qiladi. Yirik oqish urug‘lar birinchi yili, mayda jigarrangli urug‘lar ikkinchi yili, mayda qalin po‘stli qora yaltiroq urug‘lar uchinchi yili unib chiqadi.
Begona o‘tlarning urug‘i har xil muddatlarda unib chiqaveradi, shuning uchun dalalarda yil davomida begona o‘tlarni uchratish mumkin. Agar ular bir vaqtda unib chiqqanda edi, ularni yo‘qotish ancha oson bo‘lar edi.